SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (01/2-35-son)
18.06.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI VAZIRINING
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 22-iyulda hisobga olindi, hisob raqami 360]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-apreldagi 231-son “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Markaziy banki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-iyun,
01/2-35-son
Kelishildi:
Prezident huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M. OLLOYOROV
2025-yil 13-iyun
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 9-iyun
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
2025-yil 13-may
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2025-yil 13-may
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2025-yil 2-may
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2025-yil 2-may
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2025-yil 30-aprel
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2025-yil 30-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2025-yil 18-iyundagi 01/2-35-son buyrugʻiga ILOVA
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda SHNQ deb yuritiladi) bank muassasalarining binolarini loyihalashga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda qurilish reglamentiga havolalar
1. Mazkur SHNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda qurilish reglamentiga havolalar keltirilgan:
SHNQ 1.03.02-23 “Hududlarni rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va mazmuni”;
SHNQ 2.01.01-22 “Loyihalash uchun iqlimiy va fizikaviy-geologik maʼlumotlar”;
SHNQ 2.01.02-04 “Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi”;
SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish”;
SHNQ 2.01.07-96 “Yuklar va taʼsirlar”;
SHNQ 2.01.08-24 “Shovqindan himoya”;
SHNQ 2.03.01-24 “Beton va temir-beton konstruksiyalar”;
SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish”;
SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash”;
SHNQ 2.04.09-21 “Bino va inshootlarning yongʻin avtomatikasi tizimi. Loyihalash talablari”;
SHNQ 2.04.17-24 “Turar joy va jamoat binolarining elektr jihozlari”;
SHNQ 2.05.07-24 “Avtoturargohlar”;
SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish”;
SHNQ 2.07.02-24 “Qurilish obyektlarini nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar ehtiyojini inobatga olgan holda loyihalashtirish”;
SHNQ 2.08.02-23 “Jamoat binolari va inshootlari”;
GOST 12.1.004-91 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” (rasmiy manba: “Sistema standartov bezopasnosti truda. Pojarnaya bezopasnost. Obshiye trebovaniya”);
GOST 32144-2013 “Elektr energiyasi. Texnik vositalarning elektromagnit mosligi. Umumiy maqsaddagi elektr taʼminoti tizimlarida elektr energiyasining sifati normalari” (rasmiy manba: Elektricheskaya energiya. Sovmestimost texnicheskix sredstv elektromagnitnaya. Normi kachestva elektricheskoy energii v sistemax elektrosnabjeniya obshego naznacheniya”);
GOST 22011-95 “Yoʻlovchi va yuk liftlari” (rasmiy manba “Lifti passajirskiye i gruzovie. Texnicheskiye usloviya”);
GOST 30494-2011 “Turar joy va jamoat binolari. Xonalar mikroiqlimining parametrlari” (rasmiy manba: “Zdaniya jilie i obshestvennie. Parametri mikroklimata v pomesheniyax”);
GOST 12.1.005-88 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Ish joyining havosiga umumiy sanitariya-gigiyena talablari” (rasmiy manba: “Sistema standartov bezopasnosti truda. Obshiye sanitarno-gigiyenicheskiye trebovaniya k vozduxu rabochey zoni”);
SanQvaN 0350-17 “Oʻzbekiston Respublikasi aholi yashash joylarining atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0339-16 “Oʻzbekiston aholi punktlarini rejalashtirish va rivojlantirish boʻyicha sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0008-20 “Turar joylarda, jamoat binolarida, aholi yashash hududlarida va dam olish joylari (zonalari)da ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya qoidalari va meʼyorlari”;
SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitar-gigiyenik normativlari”;
SanQvaN 0060-23 “Radiochastotalarning elektromagnit maydonlari manbalari bilan ishlashning sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0224-07 “Shaxsiy kompyuterlar, video displey terminallari va orgtexnika vositalarida ishlashda sanitariya qoidalari va normalari”;
SanQvaN 0027-22 “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari”;
QR 03.01-23 “Yuk koʻtaruvchi va toʻsuvchi konstruksiyalar”;
QR 05.06-23 “Elektrotexnik qurilmalar”.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu SHNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
bank muassasalari — Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat banklari;
amaliyot zali — mijozlar va inkassatsiya xodimlari tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirishga moʻljallangan xona;
hisob-kitob amaliyot bloki — amaliyot zallari va hisoblash-amaliyot xodimlari uchun moʻljallangan xonalar guruhi;
texnologik lift — texnologik jihozlar va qimmatliklarni tashish uchun moʻljallangan lift;
texnik xonalar — bank muassasalari binolarining muhandislik jihozlariga xizmat koʻrsatuvchi xonalar.
3. Ushbu SHNQda quyidagi qisqartmalar qoʻllanilgan:
HKKM — hisob-kitob kassa markazi;
ZAUQ — zaxirani avtomatik ulash qurilmalari;
UETT — uzluksiz elektr taʼminoti tizimi;
DES — dizel elektr stansiyasi;
GOʻOʻM — gazli oʻt oʻchirish moddalari;
EHM — elektron hisoblash mashinalari;
PEHM — personal elektron hisoblash mashinalari;
EUTQ — elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari;
KETT — kafolatlangan elektr taʼminoti tizimi;
HOʻQ — himoya oʻchirish qurilmasi.
3-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Asosiy talablar
4. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari hamda ularning HKKMni bitta yoki alohida turuvchi binolarga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
5. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari hamda ularning HKKM binolarining muhimlik darajasi SHNQ 2.01.07-21 ga muvofiq belgilanishi lozim.
6. Bank muassasalari boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bitta binoga joylashtirilganda, ularning oʻzaro izolyatsiyasi va mustaqil (avtonom) faoliyat yuritishi taʼminlangan boʻlishi kerak.
7. Bank muassasalari xodimlariga xizmat qiluvchi ijtimoiy-maishiy xonalar xizmat xonalari bilan bitta binoga joylashtirilganda, ijtimoiy-maishiy xonalar funksional-rejaviy jihatdan mustaqil (avtonom) bloklar koʻrinishida loyihalanishi zarur.
8. Bank muassasalarining alohida turuvchi binolari va ulardagi xonalarning oʻlchamlari ushbu SHNQ talablariga muvofiq boʻlishi, bunda ularni moslashtiriladigan binolarga joylashtirganda xonalar balandligini 2,5 m oʻlchamda loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
9. Bank muassasasi xodimlarining sonini hisoblashda umumiy ovqatlanish xizmati xodimlari, haydovchilar, garderobchilar, farroshlar va boshqalar hisobga olinmasligi lozim.
10. Bank muassasalari binolarini loyihalash va qurishda quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga (elektr, suv va oqova suv) ulash;
tamburlarning eni 1,8 m dan, uzunligini esa 2,2 m dan kam boʻlmasligini taʼminlash;
metall panjaralar oʻrnatiladigan xonalar binoning old fasad (koʻchaga qaratilgan) tomoniga joylashtirilganda, panjaralarni xonaning ichki tomonidan joylashtirish.
11. Bank muassasalarining binolarini loyihalashda SanQvaN 0224-07, SanQvaN 0008-20, SanQvaN 0060-23 hamda SanQvaN 0324-16 talablariga rioya qilinishi lozim.
12. Fuqaro muhofazasining himoya (muhandislik) inshootlari va favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berish tizimi loyihalash topshirigʻida belgilanishi kerak.
13. Bank muassasalari binolarini loyihalashda SHNQ 1.03.02-23 va SHNQ 2.07.02-24 talablari inobatga olinishi zarur.
14. Kirish joylari (zonalari)dagi qoplamalar yuzasi SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq boʻlishi kerak.
15. Asosiy kirish joylariga, hojatxona va evakuatsiya yoʻllarining eshiklari SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq boʻlishi lozim.
2-§. Yongʻin xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
16. Bank muassasalari binolarini loyihalashda yongʻin xavfsizligi chora-tadbirlari SHNQ 2.01.02-04, SHNQ 2.08.02-23, SHNQ 2.04.09-21 va ushbu SHNQga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
17. Bank muassasalari binolarining olovbardoshlilik darajasi SHNQ 2.01.02-04 ga muvofiq II dan past boʻlmasligi zarur.
18. Bank muassasalari binolari va qoʻshni obyektlar orasidagi yongʻinga qarshi oraliq masofa SHNQ 2.07.01-23 va SHNQ 2.01.02-04 ga muvofiq boʻlishi lozim.
19. Bank muassasalari boshqa muassasalar bilan birgalikda bitta binoda joylashganda, ularni SHNQ 2.01.02-04 ga muvofiq kamida yongʻinga qarshi 2-turdagi devorlar va 3-turdagi orayopmalar bilan ajratish zarur.
20. Bank muassasalari xonalarining quyidagi guruhlari yongʻinga qarshi 2-turdagi devorlar, 1-turdagi toʻsiqlar va 3-turdagi orayopmalar bilan mustaqil yongʻinga qarshi boʻlmalarga ajratilishi kerak:
serverlar, aloqa va kriptohimoya jihozlari uchun moʻljallangan xonalar;
arxiv xonalari;
elektroshchit, shamollatish kameralari;
yonuvchi materiallarni saqlash omborxonalari;
taʼmirlash ustaxonalari.
21. Bank muassasalari binolari qavatlarining yongʻinga qarshi devorlari orasidagi yoʻl qoʻyiladigan maydon SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq boʻlishi lozim.
22. Bank muassasalari binolari uchun yer osti qavatlari yongʻin boʻlmasining maksimal maydoni SHNQ 2.08.02-23 ga, yer osti avtoturargohlar uchun yongʻinga qarshi boʻlma chegaralari ichidagi maydoni esa SHNQ 2.05.07-24 ga muvofiq boʻlishi zarur.
23. Bank muassasalari binolari ichida pnevmopochta tizimidan foydalanilganda, uning quvurlari yongʻinga qarshi devorlar va toʻsiqlar bilan kesishadigan joylarda yongʻin vaqtida ushbu devor hamda toʻsiqlarning olovbardoshligini kamaytirmaydigan olovni toʻxtatuvchi klapanlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
24. Pnevmopochta tizimi va yongʻin toʻsuvchi klapanlarning olovbardoshlilik chegarasi EI 30 dan kam boʻlmasligi zarur.
Yongʻin toʻsuvchi klapanlarning tutun oʻtkazmaslikka boʻlgan chidamliligi kamida 1 kv.m kesim yuzasiga 8000 kg/m dan kam boʻlmasligi lozim.
25. Yongʻin tarqalishiga toʻsqinlik qiluvchi klapanlarning konstruksiyasi mazkur klapanlarni mexanik, avtomatik va masofadan boshqarish imkonini taʼminlashi zarur.
26. Bank muassasasi binolaridagi axborot-hisoblash majmualarining xonalari, EHM lokalli tarmoqlari serverlari xonalari, yagona telekommunikatsiya bank tarmogʻi uzellari, kriptohimoya jihozlari xonalari, moliyaviy hujjatlarning arxivlari, dizel elektrostansiyalari avtomatik gazli yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
27. Avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmasining turi (sprinklerli, drencherli), uning oʻchirish turi (hajmli, maydoni boʻyicha, lokal) va yongʻinni oʻchirish vositalarini (suv, koʻpik, gaz) tanlash SHNQ 2.04.09-21 talablarini hisobga olgan holda texnologik talablar orqali belgilanishi lozim.
Olovbardoshlilik chegarasi EI 45 boʻlgan toʻsuvchi konstruksiyalarga ega va maydoni 15 m2 gacha boʻlgan alohida xonalarda lokal oʻt oʻchirish qurilmalarini oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
28. Qimmatliklar saqlanadigan xonalarda, arxivlarda, EHMlarning markaziy qurilmalari joylashgan xonalarda, shuningdek elektron hisoblash texnikasi saqlanadigan xonalarda yongʻinni oʻchirish uchun gaz-aerozolli yongʻin oʻchirish moddalarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. EHM markaziy qurilmalari xonalari, qogʻoz va elektron-hisoblash texnikasi saqlanadigan xonalarda, shuningdek qogʻoz hujjatlar va magnit hamda optik tashigichlardagi hujjatlarni saqlash arxivlarida kukun va gaz turidagi yongʻin oʻchirish qurilmalarini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
30. Arxiv hujjatlari faqat temir konteyner yoki javon (shkaf)larda saqlanganda, avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmasini loyihalamaslikka yoʻl qoʻyiladi.
31. Xonada moʻljal olish uchun zarur boʻlgan koʻrinuvchanlikni taʼminlash uchun xonalardan tutunni ventilyatsiya qilish vaqti ushbu SHNQning 6-ilovasiga muvofiq aniqlanishi kerak.
32. Personal EHM, abonent punktlari hamda boshqa elektron-hisoblash texnikasi bilan jihozlangan (avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanmaydigan) xonalar yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalari (olib yuriladigan yoki koʻchma harakatlanuvchi gazli yoki kukunli oʻt oʻchirgichlar) bilan jihozlanishi lozim.
Bunda, xonaning 100 m2 yuzasiga 1 ta oʻt oʻchirgich toʻgʻri kelishi, biroq 2 tadan kam boʻlmagan oʻt oʻchirgich boʻlishi hisobga olinishi kerak.
33. Bank muassasalari binolarida yongʻin signalizatsiyasi tizimlari, yongʻin haqida xabar berish tizimlari GOST 12.1.004-91 va SHNQ 2.04.09-21 ga, yongʻin paytida odamlarni ogohlantirish va evakuatsiyani boshqarish tizimlari GOST 12.1.004 va SHNQ 2.04.09-21 ga muvofiq loyihalanishi lozim.
34. Bir-ikki qavatli binolarda yongʻin haqida xabarlar uzatish uchun tovushli, sirenali va boshqa signallardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, mazkur signallar tonalligi boʻyicha boshqa signallardan farq qilishi zarur.
35. Bank muassasalari binolarining tutunga qarshi himoya tizimi SHNQ 2.04.05-22 talablariga muvofiq loyihalanishi lozim.
36. Evakuatsiya yoʻllari va chiqish joylari SHNQ 2.01.02-04 va SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq loyihalanishi zarur.
37. Bank muassasalari binolarida shift, devor va pol qoplamalarini pardozlashda qoʻllaniladigan materiallar SHNQ 2.01.02-04 va SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq boʻlishi kerak.
38. Bank muassasalari binolarida ikkita yer osti qavatlari mavjud boʻlganda, pastki qavatda joylashgan xonalardan evakuatsiya chiqish joylarining soni ikkitadan kam boʻlmasligi lozim.
Zinapoya kataklari bir-biridan alohida ajratilgan holda loyihalanishi kerak.
39. Zinapoya kataklaridan chiqishni bevosita tashqariga olib chiquvchi bitta chiqish joyiga ega boʻlgan amaliyot zalining umumiy yoʻlagi (koridori)dan amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, mazkur yoʻlak (koridor)da boshqa xonalardan chiqish joylari boʻlmasligi kerak.
40. Lift shaxtalarida SHNQ 2.04.05-22 ga muvofiq yongʻin vaqtida tutunga qarshi himoya (ortiqcha bosim hosil qilish) tizimi loyihalanishi kerak.
41. Mijozlar va xizmat joylari (zonalari)ga ajratilgan amaliyot zalidan evakuatsiya qilish har bir joy (zona) uchun mustaqil ravishda amalga oshirilishi lozim.
42. Bank muassasalari binolarining quyidagi xonalarining eshiklari yongʻinga qarshi 2-turga mansub boʻlishi kerak:
server xonalari;
arxiv xonalari;
blankalarni saqlash xonalari;
xoʻjalik xonalari;
ventilyatsiya kameralari;
elektr shit;
liftlarning mashina boʻlimlari xonalari.
43. Elektr isitish uskunalari SHNQ 2.04.17-24, QR 05.06-23 talablarini inobatga olgan holda, yonmaydigan materiallardan tayyorlangan asos ustiga oʻrnatilishi zarur.
44. Bank muassasalari binolari xonalarini akustik pardozlashda yonmaydigan yoki qiyin yonadigan materiallardan foydalanish kerak.
45. Bank muassasalari binolarining odamlar boʻladigan barcha xonalarini yongʻin xabarlagichlar bilan loyihalash zarur.
4-bob. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalarining binolari qurilishini rejalashtirishning konstruktiv yechimlari
1-§. Umumiy talablar
46. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarining xonalarida poldan shiftgacha boʻlgan balandlik 3,3 m, osma shiftlar boʻlganda esa 2,8 m dan kam boʻlmasligi kerak.
47. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolaridagi yoʻlak (koridor)larining balandligi 2,5 m oʻlchamda boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
Yoʻlaklar (koridor) qarama-qarshi yoʻnalishli yoʻllarda oʻrindiqli aravachadagi nogironligi boʻlgan shaxs harakatlanishi uchun yoʻlning kengligi hamda koʻrishda nuqsoni boʻlgan shaxslarning navigatsiyasi SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq loyihalanishi lozim.
48. Inkassatsiya avtomashinalarini yuklash va boʻshatish uchun moʻljallangan bokslarning balandligi foydalaniladigan avtomashinalarning gabaritlarini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
49. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalarining xizmat binolarida qimmatliklar, texnologik jihozlar hamda materiallarni tashish uchun liftlar oʻrnatilishi talab etilganda, yuk-yoʻlovchi liftlar mazkur binolarning qavatlar soniga bogʻliq boʻlmagan holda GOST 22011-95 talablariga muvofiq oʻrnatilishi zarur.
50. Liftlarning yuk koʻtaruvchanligi va kabinalarining oʻlchamlari loyiha topshirigʻiga muvofiq aniqlanishi hamda liftlar soni ularning vazifasi va yuklanishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
Oʻrindiqli aravachadagi nogironligi boʻlgan va hayot faoliyati cheklangan shaxslar hamda keksalar va koʻrishda nuqsoni boʻlgan shaxslar foydalanishi uchun liftlar SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq loyihalanishi lozim.
51. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarini loyihalashda yoʻlaklarning kengligi yangi qurilayotgan obyektlar uchun 1,5 m dan va rekonstruksiya sharoitlarida 1,2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
52. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarining xizmat xonalarini shovqindan himoya qilish chora-tadbirlari SHNQ 2.01.08-24 talablariga muvofiq belgilanishi zarur.
53. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarining xonalaridagi havoni yozda konditsionerlash yuklamalarini kamaytirish uchun moʻljal olinadigan (gorizontga nisbatan 40 va shimolroq joylashgan) derazalarga quyoshdan himoya qiladigan rostlanuvchi qurilmalar oʻrnatilishi kerak.
2-§. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarining xonalariga qoʻyiladigan talablar
54. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarining xonalari quyidagi funksional toifalarga boʻlinishi kerak:
maʼmuriy xonalar (rahbarlar uchun xonalar va tuzilmaviy boʻlinmalarning umumiy xizmat xonalari);
elektron-hisoblash texnikasi va aloqa jihozlari uchun xonalar;
ish yuritish va arxiv xonalari;
yordamchi va xizmat koʻrsatish xonalari;
muhandislik-texnik vazifalarga moʻljallangan xonalar.
55. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarida mustaqil funksional-rejaviy joy (zona)lar sifatida amaliyot blokini ham joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
56. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari xonalarining tarkibi, shuningdek ularga qoʻyiladigan talablar alohida loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi zarur.
3-§. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalarining maʼmuriy xonalariga qoʻyiladigan talablar
57. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari uchun moʻljallangan xonalar, shuningdek mazkur xonalar oldidagi qabulxonalarning maydoni ushbu SHNQning 1-ilovasi 1-jadvaliga muvofiq belgilanishi kerak.
58. Rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari xonalari umumiy qabulxonaga ega boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
59. Birlashtirilgan qabulxona maydoni rahbar qabulxonasini 8 m2 ga kengaytirish yoʻli bilan aniqlanishi lozim.
60. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari rahbarlarining xonalari oldida loyiha topshirigʻi boʻyicha maydoni 9 — 12 m2 boʻlgan dam olish xonasi hamda 4 — 5 m2 maydonga ega boʻlgan yordamchi xona boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
61. Boshqarma va boʻlim boshliqlari xonalarining maydoni boshqarma hamda boʻlimlardagi xodimlar soniga bogʻliq holda quyidagicha loyihalanishi kerak:
5 dan 10 nafargacha boʻlganda — 12 m2;
10 dan 15 nafargacha boʻlganda — 16 m2;
15 dan 20 nafargacha boʻlganda — 18 m2;
20 dan 45 nafargacha boʻlganda — 20 m2;
45 dan 75 nafargacha boʻlganda — 24 m2;
75 dan koʻp boʻlganda — 30 m2.
62. Xodimlar soni 5 nafargacha boʻlganda, rahbar ish joyini umumiy ish xonasiga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
63. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari XKKM boʻlimlari umumiy ish joylarining maydoni ushbu SHNQning 1-ilovasi 2-jadvalida keltirilgan koʻrsatkichlarni hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
4-§. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalarining elektron-hisoblash texnikasi va aloqa vositalari uchun moʻljallangan maxsus xonalariga qoʻyiladigan talablar
64. Elektron-hisoblash texnikasi vositalari va aloqa vositalari uchun moʻljallangan maxsus xonalarning tarkibi va maydonlari, shuningdek ularga qoʻyiladigan talablar loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
65. Maxsus aloqa boʻlinmalari uchun moʻljallangan xonalar bloki ichiga kamida uchta xona kiritilishi va ularning maydoni joylashtiriladigan jihozlarga bogʻliq holda quyidagicha belgilanishi kerak:
ijrochilar (telefonist) uchun kamida — 10 m2;
ish yurituvchi uchun kamida — 15 m2;
aloqa vositalari uchun kamida — 20 m2.
66. Maxsus aloqa boʻlinmalari uchun moʻljallangan xonalar guruhini boshqa xonalardan, shuningdek ijrochilar uchun xonalarni xizmat xonalaridan ajratuvchi devor va pardadevorlar 40 dB dan kam boʻlmagan tovush izolyatsiyasiga ega boʻlishi lozim.
67. Ventilyatsiya kanallarini tovush yutuvchi qurilmalar bilan jihozlash zarur.
5-§. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalarining ish yuritish va arxiv xonalariga qoʻyiladigan talablar
68. Nazorat oldi joyi (zonasi)ga chiquvchi deraza himoyalangan boʻlishi kerak.
69. Yozishmalarni qabul qilish va joʻnatish boʻyicha xonalarning maydonlari ushbu SHNQning 1-ilovasi 2-jadvalida keltirilgan koʻrsatkichlarga muvofiq belgilanishi lozim.
70. Hujjatlardan nusxa olish (kserokopiya) uchun joylar maydoni jihozlarga qoʻyiladigan texnik talablardan kelib chiqqan holda belgilanishi, biroq bitta ish joyiga kamida 6 m2 toʻgʻri kelishi kerak.
71. Operativ poligrafiya xizmati xonalarining tarkibi va maydonlari hamda ularga qoʻyiladigan talablar loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
72. Arxiv xonasining talab etiladigan maydonini hisoblash quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak:
arxiv saqlash hajmi toʻliq toʻlishining hisobiy davrini;
mavjud fondlar hajmlarini (xatlovdan chiqariladigan hujjatlarni hisobga olmasdan);
hujjatlarni saqlash usuli va qoʻllaniladigan jihozlar turlarining tarkibini.
73. Arxiv xonalarining talab etilgan maydonlarini aniqlashda quyidagi koʻrsatkichlardan foydalanish lozim:
arxivariusning bitta ish joyiga — 8,0 m2;
bitta yordamchi ish joyiga — 4,5 m2;
tashrif buyuruvchilar bilan ishlash uchun bitta ish joyiga — 3,0 m2;
ikki tomonlama oʻrnatilgan stellajning bir pogon metriga — 1,9 m2;
ikki tomonlama oʻrnatilgan koʻchma stellajning bir pogon metriga — 1,2 m2;
eni 1 m boʻlgan 1 ta javon (shkaf)ga — 1,5 m2.
74. Arxiv xonalarini binoning pastki qavatlariga joylashtirish kerak. Bunda, arxiv xonalari namlikdan himoyalangan boʻlishi zarur.
6-§. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolaridagi yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalarga qoʻyiladigan talablar
75. Yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalarga quyidagilar kiritilishi kerak:
majlis va muzokaralar oʻtkazish xonalari;
umumiy ovqatlanish xonalari;
taʼmirlash ustaxonalari;
materiallar va xoʻjalik anjomlarini saqlash xonalari;
maishiy, shaxsiy gigiyena va sanitariya xonalari;
kirish joyi xonalari.
76. Majlis va muzokaralar oʻtkazish xonalaridagi joylar soni loyihalash topshirigʻiga muvofiq belgilanishi va 15 ta joy (oʻrindiq) qoʻshilishini inobatga olib xodimlar sonining 10 foizidan oshmasligi lozim.
77. Majlis va muzokaralar oʻtkazish xonalari maydoni audiovizual axborot vositalaridan foydalanilganda, 1 ta joyga 2,7 m2 va audiovizual axborot vositalari boʻlmaganda, 1 ta joyga kamida 2 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
78. Majlis va muzokaralar oʻtkazish xonalarida qoʻshiladigan har bir joyga (stol qoʻyilmaydigan) kamida 1 m2 toʻgʻri kelishi inobatga olinishi lozim.
79. Yigʻilish zalining sigʻimi xodimlar sonining 50 — 70 foizini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
80. Yigʻilish zalining maydoni prezidiumga ajratilgan joyni kiritgan holda pyupitr mavjud boʻlmaganda, bitta joyga kamida 1,2 m2 va pyupitr mavjud boʻlganda bitta joyga kamida 1,4 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi zarur.
81. Yigʻilish zallari oldidagi kuluarlarning maydonini belgilashda zaldagi bitta joyga 0,45 m2 toʻgʻri kelishi inobatga olinishi lozim.
82. Umumiy ovqatlanish xonalarining sigʻimi xizmat koʻrsatiladigan kontingent sonining 25 foizini hisobga olgan holda belgilanishi kerak. Bunda, xonalarning tarkibi va maydonlari SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq boʻlishi zarur.
83. Ishlab chiqarish vazifasidagi materiallar (orgtexnika, butlovchi qismlar, oʻrash materiallari) saqlanadigan xonalarning tarkibi va maydoni, ularni jihozlashga qoʻyiladigan talablar loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
84. Kanselyariya tovarlari saqlanadigan xona maydoni bir nafar xodimga kamida 0,1 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi, bunda mazkur xona maydoniga materiallarni qabul qilish va berish joyi (zonasi) uchun 6 m2 maydon qoʻshilishi kerak.
85. Tozalash anjomlarini saqlash uchun har bir qavatda kamida 1,5 m2 maydonga ega boʻlgan xona boʻlishi, bu xonalarni sanitariya uzellari oldida joylashtirish zarur.
86. Sanitariya uzellari har bir qavatga joylashtirilishi kerak.
87. Sanitariya uzellarini loyihalashda SHNQ 2.07.02-24 talablari inobatga olinishi lozim.
88. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolarini rekonstruksiya qilishda qavatda ishlaydiganlar sonidan qatʼi nazar, erkak va ayollar uchun sanitariya uzellarini har bir qavatda joylashtirish lozim.
89. Sanitariya uzellaridagi santexnika jihozlari soni 50 nafar erkak kishiga kamida bitta unitaz va bitta pissuar, 20 nafar ayolga kamida bitta unitaz, 3 ta jihozga 1 ta qoʻl yuvish moslamasi toʻgʻri kelishi lozim.
90. Shaxsiy gigiyena xonalari 50 nafar ayolga kamida bitta xona toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda, ayollarning sanitariya uzellari oldida joylashtirilishi hamda ushbu xonalarning maydoni 4 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
91. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning garderoblari quyidagilarni hisobga olgan holda loyihalanishi lozim:
muhandislik tizimlariga xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni;
xonalarni hamda hududni tozalovchi xodimlar soni.
92. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning garderoblari individual javon (shkaf)lar bilan jihozlanishi va ularning maydoni bitta javon (shkaf)ga 1,5 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
93. Garderob xonasini erkaklar va ayollar uchun ajratmasdan joylashtirishga toʻgʻri kelgan hollarda, 10 ta joyga bitta kiyim almashtirish kabinasi boʻlishi va ushbu kabinaning maydoni 1 m2 ni boʻlishi zarur.
94. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun dushlar garderobdagi 10 ta joyga bitta dush kabinasi toʻgʻri kelishini hisobga olib loyihalanishi lozim.
95. Ish vaqtida yuqori darajadagi diqqat va eʼtiborni talab qiladigan xodim (amaliyot kassalarining kassirlari, naqd pul kassalari kassirlari va EHM operatorlari)ning qisqa vaqtli va psixologik dam olishi uchun loyiha topshirigʻiga muvofiq, maxsus xona loyihalanishi kerak.
Bunda, uning maydoni bir kishiga 0,7 m2 toʻgʻri kelishi, biroq 12 m2 dan kam boʻlmasligi zarur.
96. Qisqa vaqtli va psixologik dam olish uchun maxsus xonalar kichik oshxona bilan jihozlanganda, uning hisobiy maydoni jihozlarning vazifasi va oʻlchamlariga bogʻliq holda 4 — 6 m2 ga oshirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
97. Xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya xodimlari (haydovchilar, garderobchilar, binoga texnik xizmat koʻrsatuvchi xodimlar) uchun dam olish xonasining maydoni har bir xodimga 0,5 m2 toʻgʻri kelishi, biroq umumiy maydoni 9 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
98. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolariga kirish joyi guruhining xonalari tarkibiga quyidagilar kiritilishi kerak:
vestibyulning nazorat joyi (zonasi) oldidagi joy — avanvestibyul;
vestibyul;
tashrif buyuruvchilar uchun garderob;
kirish uchun ruxsatnoma berish byurosi.
99. Avanvestibyul quyidagilar uchun moʻljallangan boʻlishi kerak:
ruxsatnoma rasmiylashtirilishini kutayotgan tashrif buyuruvchilar;
ichki aloqa telefon kabinalarini joylashtirish;
zarur hollarda Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlarining tashrif buyuruvchilar bilan muloqot qilishi.
100. Avanvestibyul maydoni xodimlarning hisoblangan soniga asoslanib, har bir xodimga 0,06 m2 toʻgʻri kelishi va qoʻshimcha 10 m2 qoʻshilishini hisobga olgan holda belgilanishiga yoʻl qoʻyiladi.
101. Vestibyul maydoni xodimlarning hisobiy soniga bogʻliq holda har bir xodimga 0,15 m2 toʻgʻri kelishi va 30 m2 qoʻshilishini hisobga olib belgilashga yoʻl qoʻyiladi.
102. Tashrif buyuruvchilar uchun garderob vestibyulda boʻlishi lozim.
Garderobning maydoni binoda bir vaqtda boʻladiganlarning maksimal sonidan kelib chiqqan holda bitta ilgakka 0,1 m2 yoki bitta kiyim ilgichga 0,14 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi kerak.
103. Qoʻl yuklari uchun saqlash kameralariga boʻlgan ehtiyoj tegishlicha asoslanganda, kameralarni asosiy bino hajmidan tashqarida yordamchi vazifadagi binoga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
104. Ruxsatnoma beradigan byuro xonalarining tarkibi va maydoni xodimlarning shtat soni hamda foydalaniladigan texnik vositalarga bogʻliq holda loyiha topshiriq boʻyicha belgilanishi lozim.
105. Ruxsatnoma berish uchun xona maydoni bir ish joyiga kamida 4,5 m2, ruxsatnoma beradigan byuro oldidagi kutish joyi (zonasi)ning maydoni bitta tuynukka 6 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi lozim.
106. Tibbiy va ijtimoiy-maishiy vazifadagi xonalarning tarkibi va maydonlari loyiha topshirigʻi boʻyicha belgilanishi kerak.
107. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolaridagi taʼmirlash ustaxonalari va xoʻjalik xonalarining maydoni ushbu SHNQning 1-ilovasi 3-jadvalida belgilangan koʻrsatkichlardan kam boʻlmasligi zarur.
5-bob. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolari qurilishini rejalashtirishning konstruktiv yechimlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
108. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolarining xonalari quyidagi funksional guruhlarga boʻlinishi kerak:
kassa tarmogʻi;
hisoblash-amaliyot tarmogʻi (buxgalteriya, amaliyot zali, texnologik taʼminlash xonalari, shu jumladan elektron-hisoblash texnikasi, aloqa apparaturasi va kriptohimoya va boshqalar uchun xonalar guruhlari);
maʼmuriyat va boshqa boʻlimlarning ish xonalari;
yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalar;
muhandislik-texnik vazifadagi xonalar.
109. Amaliyot zali ishchi joylari (zonalari)ning oʻzaro joylashishi hujjatlar almashinuvi uchun qulay rejalashtirilishi lozim.
2-§. Hisob-kitob amaliyot zali
110. Hisob-kitob amaliyot zali quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
mijozlar uchun moʻljallangan joy (zona) va bank operatsionistlarining (kassir-operatsionist) xizmat joyi (zonasi) tarkibidagi amaliyot zali;
hisoblash bank amaliyotlarini oʻtkazuvchi boʻlimlar uchun xonalar;
elektron-hisoblash texnikasi, aloqa apparaturasi va kriptohimoya uchun xonalar guruhi.
111. Mijozlarga xizmat koʻrsatuvchi operatorlar joylashgan amaliyot zalining xizmat koʻrsatish zonasi mijozlar zonasidan toʻsiq bilan ajratilishi kerak.
112. Toʻsiq 0,4-0,5 m kenglikda gorizontal holatda oʻrnatiladigan taxtadan tayyorlanishi va poldan 1,15 m balandlikda joylashishi, bunda toʻsiq ustiga hujjatlarni uzatish uchun tuynukka ega boʻlgan oyna oʻrnatilishi zarur.
113. Mijozlarning bank maʼlumotlarini himoya qilish maqsadida, toʻsiq boʻylab joylashgan mijozlarga xizmat koʻrsatish joylarini bir-biridan tovush yutuvchi qoplamali 1,8 m balandlikdagi ekranlar bilan ajratishga yoʻl qoʻyiladi.
114. Amaliyot zalidagi xizmat joyi (zonasi)ning maydoni har bir xodimga kamida 6 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi lozim.
115. Kutish zali maydoni hamda amaliyot zalidagi mijozlarga ajratilgan hudud (zona) maydonini mijozlarga bevosita xizmat koʻrsatadigan har bir xodim uchun 6 m2 hisobidan belgilashga yoʻl qoʻyiladi.
116. Kutish zaliga yoki uning oldidagi maxsus xonaga xat-hujjatlarga moʻljallangan abonent kataklariga ega boʻlgan boʻlmalarni joylashtirish uchun qoʻshimcha maydon boʻlmalarning soniga bogʻliq holda belgilanishi kerak.
117. Hisob-kitob amaliyotlari xodimlari uchun moʻljallangan umumiy ish xonalarining maydoni individual ish joylarini PEHM bilan jihozlagan holda bitta ish joyiga 6 m2 dan kam boʻlmagan maydon toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilash zarur.
118. Aloqa vositalari, kriptohimoya qurilmasi va EHM lokalli tarmoqlarining markaziy qurilmalari uchun xonalar tarkibi va maydoni loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi kerak.
Xonalarning talab etiladigan maydonlarini hisoblashda jihozlarni montaj va ulardan foydalanishga qoʻyiladigan texnik talablar hamda xonadagi bitta individual ish joyi uchun quyidagi hisobiy koʻrsatkichlarga rioya qilinishi lozim:
operator uchun — 6 m2;
dasturchi uchun — 6 m2;
texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha xodim uchun — 8 m2.
3-§. Maʼmuriy xonalar
119. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolaridagi maʼmuriy xonalar tarkibiga rahbarlar uchun xonalar (kabinetlar) va qabulxonalar, shuningdek boʻlinmalar xodimlarining umumiy ish xonalari kiritilishi zarur.
120. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM rahbarlari uchun xonalar va qabulxonalarning maydoni ulardagi xodimlar soni 300 nafardan kam boʻlganda ushbu SHNQning 1-ilovasi 4-jadvaliga muvofiq belgilanishi lozim.
121. Rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari xonalari umumiy qabulxonaga ega boʻlishi, mazkur qabulxona maydoni rahbar qabulxonasi maydonini 6 m2 ga oshirish (kengaytirish) yoʻli bilan aniqlanishi kerak.
122. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM tuzilmaviy boʻlinmalari rahbarlari xonalarining maydoni boʻlinmadagi xodimlar soniga bogʻliq holda quyidagicha belgilanishi zarur:
7 dan koʻp 12 nafargacha boʻlganda — 9 — 12 m2;
12 dan koʻp 20 nafargacha boʻlganda — 16 m2;
20 dan koʻp 30 nafargacha boʻlganda — 18 m2;
30 nafar boʻlganda — 24 m2.
123. Boʻlinma xodimlari soni 7 nafargacha boʻlganda, rahbarning ish joyi umumiy ish xonasiga joylashtirilishi lozim.
124. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM boʻlimlari umumiy ish xonalarining maydoni ushbu SHNQning 1-ilovasi 2-jadvaliga muvofiq belgilanishi zarur.
125. Boshliq, uning oʻrinbosari, bosh buxgalter xonalari, shuningdek tashrif buyuruvchilarni qabul qilish bilan bogʻliq boʻlgan boʻlimlar xonalarining joylashishi mazkur xonalarning vestibyul va amaliyot zali bilan qulay bogʻlanishini taʼminlashi lozim.
4-§. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolaridagi yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalarga qoʻyiladigan talablar
126. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolarida arxiv xonalarini loyihalashda ushbu SHNQning 72-bandidagi talablarga rioya qilinishi lozim.
127. Orgtexnika, butlovchi va ehtiyot qismlar, oʻrash materiallari saqlanadigan xonalarning tarkibi, maydonlari hamda ularni jihozlashga qoʻyiladigan talablar loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
128. Kanselyariya tovarlarini saqlash xonasining maydoni bir nafar xodimga 0,1 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi hamda materiallarni qabul qilish va tarqatish joyi (zonasi) uchun 4,5 — 6 m2 qoʻshilishi kerak.
129. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolarida oshxonalarni loyihalashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
xodimlarning hisobiy soni 50 kishidan kam boʻlganda, ovqatlanish xonasini;
xodimlar soni 50 — 100 kishi boʻlganda, bufetni;
xodimlar soni 100 dan 200 kishigacha boʻlganda, loyiha topshirigʻi boʻyicha umumiy ovqatlanish maydonini;
xodimlar soni 200 va undan koʻp boʻlganda SanQvaN 0350-17, SanQvaN 0339-16ga muvofiq.
130. Ovqatlanish xonasining maydoni xizmat koʻrsatiladigan har bir kishiga 0,8 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi lozim.
131. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolarida bufet yoki oshxonadagi xonalar tarkibi hamda maydonlari SHNQ 2.08.02-23 talablariga muvofiq belgilanishi, bunda SanQvaN 0350-17, SanQvaN 0339-16, SanQvaN 0027-22 talablari hisobga olinishi zarur.
132. Ish vaqtida yuqori darajadagi diqqat va eʼtiborni talab qiladigan xodimlar uchun dam olish xonalari ushbu SHNQ 95-bandining talablari inobatga olinishi lozim.
133. Maxsus dam olish xonalari ushbu SHNQning 96-bandiga muvofiq loyihalanishi kerak.
134. Majlislar va muzokaralar uchun moʻljallangan xonalardagi joylar soni ushbu SHNQning 79-bandiga muvofiq boʻlishi lozim.
135. Majlislar va muzokaralar oʻtkaziladigan xonalarning maydoni ushbu SHNQ ning 77-bandiga va stolsiz har bir qoʻshimcha joy uchun maydon ushbu SHNQning 78-bandiga muvofiq belgilanishi zarur.
136. Xodimlar soni 100 va undan koʻp boʻlganda, qoʻshimcha ravishda yigʻilish zalini loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, mazkur zalning sigʻimi xodimlar sonining 70 — 80 foiziga moʻljallangan boʻlishi kerak.
137. Yigʻilish zalining maydoni (prezidium joyini kiritgan holda) ushbu SHNQning 80-bandiga muvofiq belgilanishi lozim.
138. Asosiy kirish joyi uzelining xonalarini ushbu SHNQning 98 — 105-bandlarida keltirilgan talablarga muvofiq loyihalash zarur.
139. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolarida sanitariya uzellarining soni xodimlar soni hamda erkak va ayollar nisbatiga bogʻliq holda belgilanishi, biroq ikkitadan kam boʻlmasligi zarur.
140. Sanitariya uzellaridagi santexnika jihozlari soni ushbu SHNQning 89-bandiga muvofiq belgilanishi kerak.
141. Ayollarning shaxsiy gigiyena xonasi ushbu SHNQning 90-bandiga muvofiq loyihalanishi lozim.
142. Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolaridagi yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalarning maydonlari ushbu SHNQning 1-ilovasi 5-jadvalida keltirilgan koʻrsatkichlardan kam boʻlmasligi lozim.
6-bob. Tijorat banklari binolarini loyihalashga qoʻyiladigan talablar
1-§. Tijorat banklari binolarining hajmiy-rejaviy va konstruktiv yechimlariga qoʻyiladigan talablar
143. Tijorat banklari binolarining yer usti qavatlari soni loyiha topshirigʻiga muvofiq aniqlanishi lozim.
144. Tijorat banklari binolarining yer osti qavatlari soni (sokol qavatni kiritgan holda) uchtadan oshmasligi zarur.
145. Yangi qurilishi rejalashtirilgan tijorat banklari binolaridagi xonalarning balandligi ushbu SHNQning 46-bandiga muvofiq boʻlishi kerak.
146. Mavjud binolardan tijorat banki sifatida foydalanilganda, xonalarning balandligi ularning haqiqiy (mavjud) balandligidan kelib chiqqan holda belgilanishi, biroq xonalarning sof balandligi 2,5 m dan kam boʻlmasligi lozim.
147. Tijorat banklari turar joy binosining oldiga qurilgan blokka joylashtirilganda, xonalar balandligini yashash xonalarining balandligiga teng qilib belgilash (amaliyot zali hamda inkassatsiya avtomashinalari uchun bokslar bundan mustasno) zarur.
148. Amaliyot zalining balandligi loyiha topshirigʻi va inkassatsiya avtomashinalari uchun bokslarning balandligi ushbu SHNQning 48-bandiga muvofiq belgilanishi kerak.
149. Tijorat banklari binolarida yoʻlak (koridor)larning balandligi ushbu SHNQning 47-bandiga muvofiq belgilanishi lozim.
Yangi qurilishi rejalashtirilgan tijorat banklari binolaridagi yoʻlak (koridor)larning eni SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq belgilanishi, rekonstruksiya qilinayotgan tijorat binolarida esa 1,2 m dan kam boʻlmasligi kerak.
150. Evakuatsiya yoʻllaridagi eshik oʻrinlarining balandligi pol sathidan 2,15 m dan kam boʻlmasligi zarur.
151. Tijorat banki binolaridagi texnik yertoʻla balandligi SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq boʻlishi lozim.
152. Tijorat banklari binolarida liftlar ushbu SHNQning 50-bandiga muvofiq loyihalanishi lozim.
153. Tijorat banklari binolarida atriumlarni loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
154. Tijorat banklari binolariga kirish hamda ulardan chiqish joylarining soni SHNQ 2.01.02-04 talablariga muvofiq belgilanishi zarur.
155. Qurilish konstruksiyalari, eshiklar, derazalar va deraza panjaralarining buzilishga qarshi mustahkamligini taʼminlashga qoʻyiladigan talablar loyiha topshirigʻiga asosan belgilanishi kerak.
Panjarali himoya eshiklari va deraza panjaralariga qoʻyiladigan texnik talablar ushbu SHNQning 5-ilovasida keltirilgan koʻrsatkichlarga muvofiq boʻlishi zarur.
156. Tijorat banklari binolari (xonalari)ni loyihalashda SHNQ 2.07.02-24 talablari inobatga olinishi lozim.
157. Tijorat banklari binolarining xonalari quyidagi funksional guruhlarga boʻlinishi kerak:
kassa bloki (kassa zali, kassa tarmogʻi va depozitariylar);
hisob-kitob va amaliyot bloki (amaliyot zallari va buxgalteriya);
tijorat banki ishini avtomatizatsiyalash boʻlinmalarining xonalari (axborot-hisoblash markazi va plastik kartalar boʻyicha protsessing markazi);
xonalar va umumiy ish xonalari;
yordamchi va xizmat koʻrsatish xonalari.
158. Qimmatliklar saqlanadigan xonalarning himoya qobigʻi quyma poʻlat-fibrobetondan yoki yigʻma metall yoxud koʻp qatlamli konstruksiyalardan tayyorlanishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bunda, SHNQ 2.01.07-96, SHNQ 2.03.01-24 va QR 03.01-23 talablari inobatga olinishi, poʻlat-fibrobetondan ishlangan himoya toʻsuvchi konstruksiyalarning parametrlari ushbu SHNQning 4-ilovasiga muvofiq aniqlanishi lozim.
159. Depozitariy mijozlarning qimmatliklarini saqlash uchun omborxonani (individual seyflar bilan birgalikda) va oldxonani oʻz ichiga olishi kerak.
100 dan ortiq seyf katakchalari boʻlgan depozitariylarda qoʻshimcha ravishda quyidagi xonalar tashkil etilishiga yoʻl qoʻyiladi:
asosiy kartoteka bilan taʼminlangan xodimning ish joyi bilan shlyuz xonasi;
mijozlarning yakka tartibda ishlashi uchun kabinalar;
mijozlar uchun kutish xonasi.
160. Depozitariylarga kirish nazorat shlyuzi orqali indvidual ravishda amalga oshirilishi kerak.
161. Mijozlar uchun kutish joyi (xonasi) nazorat shlyuzi oldida joylashishi lozim.
162. Tijorat banki xodimlarining mijozlar bilan individual ishlash uchun bitta kabinaning maydoni 3 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
2-§. Tijorat banklarining hisob-kitob amaliyot bloki
163. Tijorat banklarining hisob-kitob amaliyot bloki oʻz tarkibiga amaliyot zallari va hisoblash-amaliyot (buxgalteriya) xodimlari uchun moʻljallangan xonalar kiritilishi kerak.
164. Tijorat banklarida va ularning filiallarida amaliyot-kassa zallari loyihalanishi lozim.
Bunda, jihozlar balandligi SHNQ 2.07.02-24 ga muvofiq belgilanishi lozim.
165. Amaliyot zalida bank operatsionistlari (kassir-operanist) tomonidan mijozlarga koʻrsatiladigan xizmat toʻsiq (baryer) orqali yoki mustaqil (avtonom) ish joylarida amalga oshirilishi, amaliyot zallarida ular uchun ish joylari boʻlishi zarur.
166. Amaliyot zalida mijozlarga xizmat koʻrsatish joyi (zonasi) va xizmat joyi (zonasi)ning maydoni ushbu SHNQning 114 va 115-bandlariga muvofiq belgilanishi zarur.
167. Amaliyot xodimlari uchun moʻljallangan joy (zona) maydoni har bir operatsionist uchun ushbu SHNQning 117-bandiga muvofiq belgilanishi lozim.
168. Tashrif buyuruvchilar uchun amaliyot zalini birinchi qavatga joylashtirish lozim.
Amaliyot zaliga tashrif buyuruvchilar uchun tashqaridan kirish joylari boʻlishi kerak.
Tijorat banki xodimlari hamda qimmatliklarni yetkazish uchun amaliyot zaliga oʻtish bankning xizmat xonalari orqali amalga oshirilishi kerak.
169. Tashrif buyuruvchilar uchun amaliyot zaliga tashqaridan (koʻchadan) alohida kirish joyi mavjud boʻlmagan hollarda, asosiy kirish joyidagi tambur orqali kirish joyi loyihalanishi va uni binodagi nazorat shlyuzigacha boʻlgan maydonchaga joylashtirish lozim.
170. Jismoniy shaxslar uchun amaliyot zalining maydoni ushbu SHNQning 117-bandi boʻyicha belgilanishi kerak. Bunda, amaliyot zalining maydoni unda bankomatlar, valyuta ayirboshlash avtomatlari oʻrnatilganda, zal maydoni bitta apparatga 3 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda kengaytirish zarur.
171. Hisoblash amaliyoti (buxgalteriya) xodimlari uchun xonalar maydoni har bir ish joyiga 6 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda loyihalanishi lozim. Bunda, bosh buxgalter xonasining maydoni 12 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
172. Pullarni kirim-chiqim qilish hujjatlarini kodli himoya qilish xonasining maydoni bitta ish joyiga kamida 4,5 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi, biroq 12 m2 dan kam boʻlmasligi lozim.
3-§. Bank ishini avtomatlashtirish boʻlinmalarining xonalari hamda Axborot-hisoblash markazi va plastik kartalar boʻyicha protsessing markaziga qoʻyiladigan talablar
173. Axborot-hisoblash markazi xonalarining tarkibi va maydonlari har bir muayyan (konkret) holda bank ishining texnologik hamda foydalanishning oʻziga xos jihatlariga asoslangan holda loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi zarur.
174. Axborot-hisoblash markaziga quyidagi xonalar kiritilishi kerak:
maʼlumotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash markazi (tizim markaziy bloki (server) xonalari;
elektron-hisoblash texnikasi operatorlari xonalari;
banklararo elektron hisob-kitob xizmati xonalari;
tez ishlaydigan alifbo-raqamli bosma qurilmalar uchun xonalar;
kirish-kabelli jihozlar va kanalli telekommunikatsiya jihozlari uchun xonalar;
dastur taʼminoti boʻlinmalari (dasturchilar xonasi, magnitli axborot tashigichlar uchun arxiv xonasi);
hisoblash texnikasi va texnik vositalarga xizmat koʻrsatuvchi servis xizmati xonasi;
moliya xavfsizligi xizmati xonalari (personalizatsiya xonalari, indentifikatsiya kartalari tayyorlanadigan xonalar, laminatsiyalangan kartalarga ishlov berish va saqlash xonalari);
elektron maʼlumotni kriptografik himoya qilish xizmati, kriptohimoya apparaturasi xonasi;
aloqa vositalari xonalari guruhi (telekommunikatsiya texnikasi vositalari xonasi (pochta serverlari), sunʼiy yoʻldosh (sputnik) aloqasi, maxsus aloqa xonasi, operatorlar xonasi);
plastik kartalar boʻyicha protsessing markazi xonalari (plastik kartalar emissiyasi markazi xonalari, avtorizatsiya xonalari, imprinterlar tayyorlash boʻyicha ustaxona, qogʻoz va magnitli axborot tashigichlarni saqlash arxiv xonasi).
175. Hisob-kitob-kassa markazining barcha xonalari ixcham (bir-biriga qulay bogʻlangan holda) joylashtirilishi lozim.
176. Server va kriptohimoya qurilmalari xonalari binoning tashqi devorlariga birikmagan ichki qismiga joylashtirilishi lozim.
177. Tijorat bankida diling zallari boʻlganda, telekommunikatsiya texnikasi vositalari xonalari ushbu zallar yoniga joylashtirilishi kerak.
178. Tijorat banki filialining avtomatlashtirish boʻlimi xonalariga quyidagi xonalarni kiritish zarur:
bankning bosh EHM (server) xonasi;
operatorlar xonasi;
dasturchilar xonasi;
muhandis-elektronchi xodimlar xonasi (taʼmirlash joyi (zonasi)ga ega boʻlgan) yoki mashinalarni taʼmirlash xonasi;
magnitli axborot tashigichlar arxivi;
ish-xizmat jarayonida ishlatiladigan materiallarni saqlash xonasi.
179. Tijorat banki ishini avtomatlashtirish xizmati xonalarining maydoni bitta ish joyiga quyidagi maydon koʻrsatkichlari toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi lozim:
EHM operatori uchun — 5 m2;
dasturchi uchun — 6 m2;
texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha xodim uchun — 6 m2.
180. Kompyuter-server xonasi maydoni qoʻllaniladigan kompyuter jihozlarining texnik va foydalanish tavsiflaridan kelib chiqqan holda server joylari (zonalari)ni hisobga olib belgilanishi kerak.
Kompyuter-server xonasi maydoni yangi tijorat banki binolarini qurishda 12 m2 va mavjudlarini rekonstruksiya qilish sharoitlarida 6 m2 dan kam boʻlmasligi zarur.
181. Magnitli axborot tashigichlar arxivining maydoni 3 m2 ni tashkil etishi, ish-xizmat jarayonida ishlatiladigan materiallarni saqlash xonasining maydoni esa 8 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
4-§. Tijorat banklarining maʼmuriy va xizmat xonalari
182. Tijorat banklarining markaziy binolarida rahbarlar uchun moʻljallangan xonalar va qabulxonalar maydoni ushbu SHNQning 2-ilovasi 2-jadvaliga, filiallari binolaridagi rahbarlar uchun moʻljallangan xonalar va qabulxonalar maydoni ushbu SHNQning 2-ilovasi 1-jadvaliga asosan belgilanishi kerak.
183. Tijorat banklari rahbarlarining xonasi oldida dam olish xonasi ushbu SHNQning 60-bandiga muvofiq loyihalanishi kerak.
184. Boʻlim rahbarlari uchun xonalarning maydoni quyidagicha boʻlishi kerak:
boʻlim xodimlari soni 5 dan 10 nafargacha boʻlganda — 12 m2;
boʻlim xodimlari soni 10 dan 15 nafargacha boʻlganda — 16 — 18 m2;
boʻlim xodimlari soni 15 dan 25 nafargacha boʻlganda — 18 — 20 m2.
185. Boʻlim xodimlari soni 5 nafargacha boʻlganda boʻlim rahbarining ish joyi ushbu SHNQning 62-bandiga muvofiq joylashtirilishi lozim.
186. Boʻlimlar xonalaridagi umumiy ish joylarining maydoni bitta ish joyiga kamida 6 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
187. Boʻlim rahbarining ish joyi umumiy ish xonasiga joylashtirilganda ushbu ish joyining maydoni 8 m2 dan kam boʻlmasligi zarur.
188. Xodimlar soni 8 nafardan ortiq boʻlgan umumiy ish xonalarini tovush yutuvchi materiallar bilan pardozlash lozim.
189. Inkassatsiya boʻlimiga tegishli xonalarning oʻlchamlari quyidagilarni hisobga olgan holda belgilanishi kerak:
inkassatsiya xizmatini samarali tarzda tashkil etish uchun qulay sharoitlarni yaratib berish;
ishlar hajmi va xodimlar soni.
5-§. Tijorat banklarining yordamchi va xoʻjalik xonalariga qoʻyiladigan talablar
190. Tijorat banklarining yordamchi va xoʻjalik xonalariga quyidagilarni kiritish zarur:
majlis va muzokaralar oʻtkaziladigan xonalar;
hujjatlarni saqlash, qayta ishlash va koʻpaytirish uchun xonalar (arxiv, ekspeditsiya (devonxona), mashina byurosi, nusxa olish va koʻpaytirish xonalari);
kirish guruhi (garderob, kutish joyi va vestibyul) xonalari;
umumiy ovqatlanish xonalari;
taʼmirlash ustaxonalari va xoʻjalik xonalari;
sanitariya-maishiy xonalar.
191. Majlislar va muzokaralar uchun xonalar guruhiga quyidagilar kiritilishi kerak:
tijorat banki boshqaruvi majlislari zali (server va yordamchi xona bilan birgalikda);
rahbariyat xonalari oldida joylashgan majlislar zali;
mijozlar bilan muloqot qilish xonalari (tashrif buyuruvchilar koʻp boʻladigan xonalar yaqiniga yoki alohida blokka joylashtiriladigan);
yigʻilish zali.
192. Majlislar va muzokaralar uchun xonalar guruhiga kiradigan xonalarning maydonlari hamda ulardagi oʻrin-joylar soni loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi kerak.
193. Rahbariyat xonalari oldida joylashgan majlislar zalida doimiy ishtirok etuvchilar uchun joylar stol atrofida, taklif etilganlar uchun kursilar (stullar) qatori nazarda tutilishi, bunda mazkur zal maydoni stol atrofida bitta joyga 2 m2, kursilar (stullar) qatorida bitta joyga 1 m2 toʻgʻri kelishi lozim.
194. Tijorat banklari binolarida moliyaviy hujjatlarni saqlash va ish yuritish arxivi uchun alohida xonalar loyihalanishi zarur.
195. Tijorat banki binolarida favqulodda vaziyatlarda hujjatlarni evakuatsiya qilish qulay boʻlishi uchun moliyaviy hujjatlar saqlanadigan arxiv xonalarini birinchi qavatga joylashtirish kerak.
196. Arxiv xonalarining maydonlari hujjatlar hajmi va ularni saqlash usuliga bogʻliq holda loyiha topshirigʻiga asosan belgilanishi lozim.
197. Arxiv xonalaridagi devorlar va eshiklarning buzilishga qarshi mustahkamlik sinfi loyiha topshirigʻiga asosan aniqlanishi kerak.
198. Ekspeditsiya xonasi (devonxona)ning maydoni bitta ish joyiga 8 m2 va mashina byurosi xonalari, shuningdek PEHM joylashtiriladigan xonalar maydoni bitta ish joyiga 4,5 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olib belgilanishi lozim.
199. Nusxa olish va koʻpaytirish xizmati tarkibiga quyidagilar kirishi kerak:
ksero-nusxalash joyi (uchastkasi);
operativ poligrafiya xizmati.
200. Hujjatlarni ksero-nusxalash joyining maydoni ushbu SHNQning 70-bandiga muvofiq belgilanishi zarur.
201. Operativ poligrafiya xizmati xonalari ushbu SHNQning 71-bandiga muvofiq loyihalanishi lozim.
202. Kirish xonalari guruhiga quyidagilar kiritilishi lozim:
vestibyul;
avanvestibyul (garderob va qoʻlda olib yuriladigan buyumlarni saqlash kameralariga ega boʻlgan);
oʻtkazish joyi (byurosi).
203. Vestibyul maydoni loyiha topshirigʻiga muvofiq belgilanishi lozim.
204. Garderob va qoʻlda olib yuriladigan buyumlarni saqlash kameralarining maydoni ushbu SHNQning 102 va 103-bandlari talablari boʻyicha belgilanishi zarur.
205. Oʻtkazish joyidagi xizmat xonasining maydoni bitta ish joyiga 4 m2, oʻtkazish joyi oldidagi kutish joyi (zonasi)ning maydoni bitta oʻtkazish tuynugi (darchasi)ga 6 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak (agar kutish joyi (zonasi) avanzalning bir qismi deb hisoblansa).
206. Oʻtkazish joyini tashqaridan kiriladigan alohida kirish joyiga ega boʻlgan holda loyihalashga yoʻl qoʻyiladi.
207. Tijorat banklarida bufet, umumiy ovqatlanish maydoni, oshxona ushbu SHNQning 129-bandiga muvofiq loyihalanishi lozim.
208. Ovqatlanish xonasining maydoni ushbu SHNQning 130-bandiga muvofiq belgilanishi kerak.
209. Tijorat banklaridagi oshxonaning oʻrin-joylar soni xodimlar sonining 25 foizini qamrab olishi zarur.
210. Buxgalteriya hamda amaliyot zallari yaqinida qatʼiy hisobot blankalarini saqlash xonasi nazarda tutilishi va uning maydoni 6 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
211. Kanselyariya tovarlarini saqlash xonasining maydoni ushbu SHNQ ning 128-bandiga muvofiq belgilanishi zarur.
212. Kanselyariya tovarlarini saqlash xonasini ishlab chiqarish vazifasida ishlatiladigan materiallarni saqlash xonasi bilan birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
213. Sarflanadigan materiallarni saqlash maydoni ularning operativ zaxira hisob-kitob qilingan hajmlaridan kelib chiqqan holda, loyiha topshirigʻi orqali aniqlanishi kerak.
214. Tijorat banki binosining taʼmirlash ustaxonalari va xoʻjalik xonalarining maydonlari ushbu SHNQning 2-ilovasi 3-jadvalida keltirilgan maydonlardan kam boʻlmasligi kerak.
215. Tozalash anjomlari (inventari)ni saqlash uchun xonalar har bir qavatda kamida 1,5 m2 maydon bilan loyihalanishi zarur.
216. Tozalash anjomlari (inventari)ni saqlash uchun xonalar sanitariya uzellari yaqinida joylashishi kerak.
217. Tijorat banklari binolarida qavatdagi ishlovchilar sonidan qatʼi nazar, erkaklar va ayollar uchun sanitariya uzellari ushbu SHNQning 88-bandiga muvofiq joylashtirilishi lozim.
218. Sanitariya uzellarining ish xonalaridan uzoqligi 75 m dan oshmasligi, ulardagi jihozlar soni ushbu SHNQning 89-bandiga muvofiq boʻlishi lozim.
219. Alohida sanitariya uzellari mustaqil (avtonom) funksiya yuritadigan boʻlinmalar, inkassatsiya joylari va mijozlar kirishi taqiqlangan amaliyot xodimlarining texnik xonalari uchun loyihalanishi lozim.
220. Mijozlar uchun vestibyul oldida erkaklar va ayollar uchun bittadan sanitariya uzeli loyihalanishi zarur.
221. Tijorat banki muassasasidagi haydovchilar, garderobchilar, binoga texnik xizmat koʻrsatuvchi ishchi-xodimlarning dam olishiga moʻljallangan xona maydoni ushbu SHNQning 97-bandiga muvofiq belgilanishi kerak.
222. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun garderob xonalari muhandislik tizimlariga xizmat koʻrsatuvchi ishchi-xodimlar va xonalarni tozalovchi xodimlarning jami soniga moʻljallanishi, bunda ularning maydoni bir kishiga 1,2 m2 toʻgʻri kelishini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
223. Tijorat banklarining tuman filiallari binolarida yordamchi va xizmat koʻrsatish vazifasidagi xonalar maydoni ushbu SHNQning 2-ilovasi 4-jadvalida keltirilgan koʻrsatkichlardan kam boʻlmasligi zarur.
7-bob. Muhandislik taʼminoti tizimlari
1-§. Suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga qoʻyiladigan talablar
224. Bank muassasalari binolarining sovuq hamda issiq suv taʼminoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa muhandislik tizimlari SHNQ 2.04.01-22, SHNQ 2.04.05-22, shuningdek ushbu SHNQ talablariga muvofiq loyihalanishi lozim.
225. Loyiha topshirigʻi boʻyicha bank muassasalarining alohida isteʼmolchilari uchun issiq suv taʼminotining mustaqil (avtonom) manbalarini koʻzda tutishga yoʻl qoʻyiladi.
226. Server va moliyaviy hujjatlar saqlanadigan arxiv xonalaridan sovuq hamda issiq suv taʼminoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlarini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
227. Inkassatsiya avtomashinalari uchun bokslarda muz erishi va avtomobillar ustidagi qor erishidan hosil boʻladigan suvni oqizish tarmoqlari loyihalanishi lozim.
2-§. Issiqlik taʼminoti, isitish, ventilyatsiya va havoni konditsonerlash tizimlari
228. Bank muassasalari binolarining issiqlik taʼminoti, isitish, ventilyatsiya va havoni konditsonerlash tizimlari SHNQ 2.04.05-22 hamda ushbu SHNQ talablariga muvofiq loyihalanishi lozim.
229. Axborotlashtirish boʻlinmalarining xonalarida havoni texnologik konditsionerlash tizimi loyihalanishi kerak.
230. Bank muassasalari binolarini issiqlik taʼminotining tashqi tarmoqlari yoki mustaqil (avtonom) issiqlik manbalari orqali issiqlik bilan taʼminlashga yoʻl qoʻyiladi.
231. Bank muassasalari jihozlarining ishlashiga xalal beradigan alohida xonalarning isitilishini toʻxtatish mumkin boʻlmagan hollarda, bunday xonalar zaxira issiqlik manbaidan isitilishi zarur.
232. Uzluksiz isitishni talab etuvchi xonalar roʻyxati loyiha topshirigʻida koʻrsatilishi kerak.
233. Bank muassasalari binolarida suv bilan isitish tizimi, panjaralar oʻrnatiladigan xonalarda tortuvchi ventilyatsiyaga qoʻshilgan havoli isitish tizimi loyihalanishi lozim.
234. Isitish tizimi ishdan tashqari vaqtda issiqlik quvvati kamaytirilishini inobatga olgan holda loyihalanishi kerak. Bunda, havo haroratining pasayishi texnologik jihozlar ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi zarur.
235. Qimmatliklar saqlanadigan xonalarda, ularning kirish joylarida va kuzatuv yoʻlaklarida suv toʻldirilgan quvurlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Majburiy qayta qurish yoki mukammal taʼmirlash holatlarida, faqatgina berkitish va rostlash fitinglarsiz payvandlangan poʻlat quvurlardan foydalanish sharti bilan tranzit (tashuvchi) quvurlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
236. Amaliyot zallarini, shuningdek ichki qurilgan oshxonalarni isitish alohida tarmoqlar va haroratni avtomatik rostlaydigan tarmoqlar orqali amalga oshirilishi lozim.
237. Bank muassasalari binolari xonalaridagi havo harorati va havoni almashtirish karraligi ushbu SHNQning 3-ilovasi jadvaliga muvofiq belgilanishi zarur.
238. Bank muassasalari binolarida havoni konditsionerlash tizimlarini tanlash texnik-iqtisodiy baholash asosida amalga oshirilishi lozim.
239. Hisoblash texnikasi vositalari xonalarida, shuningdek amaliyot zallarida havoni sunʼiy haydash qurilmalari mavjud boʻlganda, mustaqil havoni tortuvchi tizimlar loyihalanishi zarur.
240. Surguchni qizdirishga moʻljallangan qurilmalar oʻrnatilgan joylarda va zararli gazlar ajralib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hollarda mustaqil (muayyan, mahalliy) havo tortuvchi tizimlar loyihalanishi kerak.
241. Xonalarga yoʻlak (koridor)lar, xollar yoki eshiklar bilan ajratilgan xonalar orqali havo berishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
havo almashinuvining normativ karraligi 1 h da 1,5 dan oshmaganda;
mazkur xonalarda birlashtiruvchi maxsus ventilyatsiya teshiklari qurilganda.
242. Havoni chiqarish uchun ventilyatsiya ulash detallari (utkalar)ni havo tortuvchi teshiklarga qarama-qarshi joylashgan devorga birikkan shift ostiga va pol atrofida joylashtirish kerak.
243. Ventilyatsiya ulash detallari (utkalar) 76 × 3,5 dan 100 × 4,5 mm oʻlchamda poʻlat quvurlardan tayyorlanishi hamda panjaralar oʻrnatiladigan xonalarga qarama-qarshi boʻlgan tomonga qiya holatda oʻrnatilishi zarur.
244. Avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari bilan jihozlangan xonalarning ventilyatsiya tizimlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
yongʻin signalizatsiyasi tizimining kamida ikkita yongʻin xabarlagichi ishlab ketganda ventilyatsiyaning oʻchirilishi;
havo haydash quvurlariga yongʻin tarqalishiga toʻsqinlik qiluvchi hamda germetiklashtiruvchi qopqoq hamda klapanlar oʻrnatilishi va yongʻin roʻy berganda ularning avtomatik yopilishi;
gazli oʻt oʻchirish moddalari berilgan vaqtda va berilgandan keyin qoʻshni xonalarga tutun hamda gazlarning siqib chiqarilmasligi;
odamlar qisqa vaqt davomida boʻladigan xonalarni ventilyatsiya qilishda ushbu SHNQ ning 6-ilovasi 2-jadvali boʻyicha aniqlanadigan oʻt oʻchiruvchi gazning xavfsiz konsentratsiyalariga (uglerod ikki oksidi uchun 5 foiz va azot uchun 83 foiz) erishilishini taʼminlovchi ventilyatsiya vaqti;
yongʻindan keyin himoya qilinuvchi xonalardan tutun va gazlar soatiga kamida 3 karrali havo almashtirish hajmida chiqarilishi.
Yongʻindan keyin himoya qilinuvchi xonalardan tutun va gazlar soatiga kamida 3 karrali havo almashtirish hajmida chiqarilishi uchun avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmasi ishlab ketganda yonish mahsullari va gazni bevosita himoya qilinuvchi xonadan chiqarish uchun moʻljallangan umumiy almashtirish yoki sunʼiy qoʻzgʻatgichli mustaqil ventilyatsiya tizimini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
245. Bank muassasalari binolarida yilning sovuq davri uchun havoning hisobiy harorati va havoni almashtirish karraligi SHNQ 2.08.02-23 ga muvofiq belgilanishi kerak.
3-§. Tabiiy va sunʼiy yoritish tizimlari
246. Bank muassasalari binolarini tabiiy va sunʼiy yoritish tizimlarini loyihalashda SHNQ 2.01.05-24, SHNQ 2.08.02-23, SHNQ 2.01.01-22 va ushbu SHNQ talablariga rioya qilish zarur.
247. Bank muassasalari binolarining xonalarini yoritish tizimlarini SHNQ 2.01.05-24 ga muvofiq loyihalash kerak.
248. Bank muassasalari binolarining yer usti qavatlaridagi yoʻlak (koridor)lar yorugʻlik karmonlari orqali tabiiy yorugʻlik bilan yoritilishi lozim.
249. Eni 6 m dan va maydoni 36 m2 dan katta boʻlgan amaliyot zali qoʻshma yoritish usulida yoritilishi kerak.
250. Hisoblash texnikasi va issiqlik manbai hisoblangan boshqa jihozlar joylashgan xonalarni quyoshdan himoyalovchi rostlanuvchi qurilmalar bilan himoya qilish zarur.
4-§. Elektr taʼminoti va elektr qurilmalari
251. Bank muassasalari binolari hamda hududlarining elektr taʼminoti tizimlari hamda elektr jihozlari, shuningdek axborotlashtirish tizimlarining elektr taʼminoti va elektr-texnik qurilmalarini SHNQ 2.04.17-24 va GOST 32144-2013 talablariga muvofiq loyihalash lozim.
252. Bank muassasalari binolarini loyihalashda elektr energiyasini isteʼmol qiluvchi elektr qurilmalari SHNQ 2.04.17-24, EUTQ ga muvofiq I ishonchlilik toifasiga tegishli boʻlishi lozim.
253. Ishonchlilik boʻyicha I toifadagi elektr qabul qilgichlarga quyidagilar kiritilishi lozim:
texnologik jihozlar va kassa tarmoqlarining ishchi yoritkichlari;
havo tortuvchi qurilmalar va yongʻin roʻy berganda tutun chiqaruvchi ventilyatsiya oʻrnatmalari;
ikkinchi qavatga chiqadigan texnologik liftlar;
xabar berish vositalari;
qimmatliklarni tashish yoʻllarining ishchi yoritkichlari;
bank muassasasi binosining muhandislik tizimlari va texnik vositalarini boshqarish boʻyicha dispetcherlik xonasining ishchi yoritkichlari.
254. Ishonchlilik boʻyicha I toifadagi elektr qabul qilgichlarning alohida guruhiga quyidagilar kiritilishi kerak:
yongʻin oʻchirish nasoslari;
elektron-hisoblash va kompyuter texnikasi vositalari, maʼlumotlarni uzatish (berish) apparaturasi;
telekommunikatsiya va sunʼiy yoʻldosh (sputnik) aloqasi tizimlarining jihozlari;
yongʻin signalizatsiyasi tizimi;
avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari;
uzluksiz ishlaydigan (energiya bilan taʼminlanadigan) manbalarga ega boʻlgan xonalardagi sovitish va ventilyatsiya tizimlari;
aloqa vositalari, pnevmopochta jihozlari;
avariya holatlarida kassa tarmogʻi, amaliyot va kassa zallarini yoritish tizimi (qurilmasi);
qimmatliklarni tashish yoʻllarining ishchi yoritkichlari;
avariya holatlarida muhandislik tizimlari va texnik vositalarni boshqarish boʻyicha dispetcherlik xonalarining yoritkichlari;
bank muassasalari boshliqlari xonalarining avariyaviy yoritkichlari;
barcha qavatlarga chiquvchi texnologik liftlar.
255. Ishonchlilik boʻyicha I toifaning ushbu SHNK 253 va 254-bandlarida keltirilganlarni elektr energiyasi bilan taʼminlashda UETT amalga oshiruvchi sxema asosida loyihalanishi zarur.
256. UETT isteʼmolchilarni ZAUQga ega boʻlgan tashqi elektr taʼminotining ikkita mustaqil manbalaridan elektr energiyasi bilan taʼminlashi, tashqi kirish joylarida kuchlanish boʻlmagan hollarda isteʼmolchilar mustaqil (avtonom) avtomatlashtirilgan DESdan elektr bilan taʼminlanishi lozim.
257. Uzluksiz elektr taʼminoti tizimi isteʼmolchilar (yoritkichlar, kompyuter texnikasi, nasoslar va boshqalarni)ni normal sharoitda KETTdan UETT orqali elektr energiyasi bilan taʼminlashi, kirish qismlarida kuchlanish yoʻqligida UETT tarkibiga kiruvchi akkumulyator batareyalari energiyasi hisobiga elektr taʼminotini amalga oshirishi kerak.
258. Uzluksiz taʼminlash manbalarining mustaqil (avtonom) rejimda ishlash vaqti DESdan elektr bilan taʼminlashga oʻtgunga qadar isteʼmolchilarni uzluksiz elektr bilan taʼminlashi zarur.
259. Elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash tizimlari markaziy, lokalli va aralash usullar boʻyicha qurilishi, bunda zaxiraviy uzluksiz taʼminlash manbalari boʻlishi lozim.
260. Uzluksiz taʼminlash manbalarining soni va quvvati elektr qabul qilgichlarning quvvatiga bogʻliq holda aniqlanishi kerak.
261. Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari hamda ularning HKKM binolarini elektr energiyasi bilan taʼminlash tashqi elektr taʼminotining ikkitadan kam boʻlmagan mustaqil manbalari orqali amalga oshirilishi lozim.
262. Transformator podstansiyalarini bank muassasasining qoʻriqlanadigan hududiga joylashtirish zarur.
263. Bank muassasalari binolarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, ularning ishlashini taʼminlash uchun elektr taʼminotining zaxira (rezerv) manbai sifatida DES qurilmasidan foydalanish lozim.
264. DES qurilmalari alohida turuvchi binolarning yer usti va yer osti qavatlariga hamda qoʻriqlanadigan hududdagi maxsus konteynerlarga joylashtirilishi kerak.
265. Bank muassasalari binolarini loyihalashda DES avtomatik ulanish rejimida UETT isteʼmolchilarini va qoʻl yordamida (mexanik) ulanish rejimida esa boshqa isteʼmolchilarni favqulodda vaziyatlarda 3-mustaqil elektr taʼminoti manbai sifatida elektr energiyasi bilan taʼminlashi lozim.
266. Bank muassasalari binolarida qarshiligi 4 Ω dan katta boʻlmagan yerga ulovchi qurilma boʻlishi zarur.
267. Bank muassasalari binolarning yangi elektr taʼminoti tizimlarini loyihalashda va mavjud elektr taʼminoti tizimlarini rekonstruksiya qilishda elektr tarmoqlarini yerga ulashning TN-S va TN-C-S turdagi tizimlari qoʻllanilishi kerak.
268. Har bir elektr qurilmasida kabellarni yerga ulovchi qisqich yoki shina boʻlishi, bunda qisqich yoki shinaga yerga ulanuvchi oʻtkazgichlar, elektr energiyasi, kuchlanishni tenglashtirish tizimlarining kabellari (oʻtkazgichlari) biriktirilishi zarur.
269. Bank muassasalari binolaridagi elektr taʼminoti tizimlarining ishonchliligi hamda xavfsizligini oshirish uchun ikkita izolyatsiya qobigʻiga ega (oʻtkazgichlarning koʻndalang kesimi yuzasi loyiha asosida aniqlanadi) boʻlgan kabellar va simlar qoʻllanilishi kerak.
270. Personal kompyuterlar, hisoblash-sanash mashinalari, yoritish va boshqa elektr jihozlarini ulash uchun elektr rozetkalari yerga ulanuvchi moslama bilan oʻrnatilishi zarur.
271. Mexanizatsiya, yoritish, avtomatizatsiya, signalizatsiya va aloqa vositalarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi kabellarning kirish joylarini loyihalashda panjaralar oʻrnatiladigan xonalarning devorlariga diametri 76 mm boʻlgan metall quvurlar oʻrnatilishi lozim.
272. Kichik amperli tarmoqlar uchun alohida kirish joylari loyihalanishi kerak.
273. Panjaralar oʻrnatiladigan xonalardagi elektr tarmogʻini uzish tugmalarini old xonalarga oʻrnatish, bunda old xonalarning elektr simlari (kabellari) quvurlar yoki metall shlanglar ichidan oʻtkazilishi zarur.
274. Elektr oʻrnatmalarini loyihalashda differensial tokni sezadigan HOʻQ inobatga olinishi lozim.
275. HOʻQ tashqi oʻrnatmalarni elektr energiyasi bilan taʼminlovchi guruhli tarmoqlar, yuqori xavfli deb hisoblanuvchi alohida xonalar, tashqi yoritish tarmoqlari, yuqori xavfga ega boʻlmagan xonalardagi guruhli tarmoqlarga oʻrnatilishi (qoʻllanilishi) zarur.
276. Bank muassasalari binolarining loyiha topshirigʻida elektr qabul qilgichlarni monitoring qilish tizimi inobatga olinishi kerak.
277. Elektr qabul qilgichlarni monitoring qilish tizimi quyidagilarni nazorat qilinishini taʼminlashi zarur:
elektr tarmoqlarining kirish joylarida elektr taʼminotining tashqi manbalaridan kuchlanish borligi yoki yoʻqligini;
seksiyali uzish tugmalarining holatini;
UETT holatini;
DES holatini;
DES dagi yoqilgʻining chegaraviy sathlarini;
isteʼmolchilarga mustaqil (avtonom) manbalarga ulanganligi (oʻtganligi) toʻgʻrisida xabar berilishini;
avariya holatlarida alohida turdagi jihozlarning masofadan boshqarilishini.
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 1-ILOVA
Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari uchun moʻljallangan xonalar, shuningdek mazkur xonalar oldidagi qabulxonalarning maydoni
Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM boʻlimlari umumiy ish joylarining maydoni
Izoh. Operativ arxivlar, mijozlar bilan ishlash uchun joylar va umumiy foydalanishdagi orgtexnikani oʻrnatish joylari bevosita xizmat (ish) xonalariga joylashtirilganda xonalarning hisobiy maydoni eni 1 m boʻlgan javonga 1,4 m2, tashrif buyuruvchilar uchun bitta ish joyiga 3 m2 va umumiy foydalanishdagi orgtexnikani joylashtirish uchun 1 ta stol toʻgʻri kelishini hisobga olib oshirilishi kerak.
Markaziy bank va uning hududiy bosh boshqarmalari binolaridagi taʼmirlash ustaxonalari va xoʻjalik xonalari maydoni
Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM rahbarlari uchun xonalar va qabulxonalarning maydoni
Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari HKKM binolaridagi yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xonalarning maydonlari
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 2-ILOVA
Tijorat banklari filiallarining binolaridagi rahbarlar uchun moʻljallangan xonalar va qabulxonalar maydoni
Tijorat banklarining markaziy binolarida rahbarlar uchun moʻljallangan xonalar va qabulxonalarning maydoni
Tijorat banki binosining taʼmirlash ustaxonalari va xoʻjalik xonalarining maydonlari
Tijorat banklarining tuman filiallari binolarida yordamchi va xizmat koʻrsatish vazifasidagi xonalar maydoni
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 3-ILOVA
Bank muassasalari binolarining xonalaridagi havo harorati va havoni almashtirish karraligi
Izoh:
1) Tarkibida (hajmida) hisoblash-amaliyot xodimlari va mijozlar uchun joylar (zonalar) boʻlgan amaliyot zalida havo almashinuvini hisoblashda har bir xodim tomonidan 3 nafar mijozga xizmat koʻrsatilishi hisobga olinishi lozim.
2) Derazalarini ochish taqiqlangan xonalarga tashqi havonining kiritilishi tabiiy ravishda shamollatilmaydigan xonalarga qoʻyiladigan talablar SHNQ 2.04.05-22 boʻyicha amalga oshirilishi zarur.
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 4-ILOVA
Poʻlat-fibrobetondan ishlangan himoya toʻsuvchi konstruksiyalarning parametrlari
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 5-ILOVA
Panjarali himoya eshiklari va deraza panjaralariga qoʻyiladigan texnik talablar
1. Qoʻshimcha panjarali eshiklar ichki tomondan oʻrnatilishi va ikki tomonga ochiladigan yoki ikki tomonga suriladigan boʻlishi kerak.
Eshik kesaki (rama)si poʻlat profildan tayyorlanishi zarur.
56 × 36 ×5 mm li metall burchaklik bilan kuchaytirilgan yogʻoch eshik kesakilarini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi, bunda mazkur kesakilar diametri 12 mm dan kam boʻlmagan poʻlat qoziqlar bilan devorga mahkamlanishi lozim.
2. Derazalardagi panjaralar ikki tomonga ochilishi yoki ikki tomonga surilishi va ichki tomondan oʻrnatilishi kerak.
Panjaralar diametri 16 mm dan kichik boʻlmagan poʻlat armaturadan tayyorlanishi va ular kataklarining oʻlchami 150 × 150 mm dan kam boʻlmasligi, armaturalarning kesishgan tugunlari payvandlanishi zarur.
Panjaraning kesakisi (ramasi) 75 × 75 × 6 mm li metall burchaklikdan tayyorlanishi lozim.
Deraza oʻrinlarining perimetri boʻylab 75 × 75 × 6 mm li metall burchaklikdan tayyorlangan quti oʻrnatilishi, mazkur quti devorga har 500 mm da devorga kiritib mahkamlangan poʻlat ankerlarga payvandlanishi, poʻlat ankerning diametri 12 mm dan kichik boʻlmasligi zarur.
Panjaraning bitta tomonidagi ankerlar soni ikkitadan kam boʻlmasligi, qutiga panjara mahkamlanishi lozim.
Dekorativ panjaralarni qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi, bunda ularning mustahkamligi yuqorida koʻrsatilgan panjaralarnikidan kam boʻlmasligi zarur.
SHNQ 2.08.16-24 “Bank muassasalari” shaharsozlik normalari va qoidalariga 6-ILOVA
Xonada moʻljal olish uchun zarur boʻlgan koʻrinuvchanlikni taʼminlash uchun xonalardan tutunni ventilyatsiya qilish vaqti
