Yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (457-son)
22.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Togʻ-kon sanoati va geologiya sanoati vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PQ-187-son qaroriga muvofiq yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarning ragʻbatlantirilishini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yer qaʼridan foydalanish sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash;
yer qaʼridan foydalanishda videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish;
yer qaʼridan foydalanish sohasida huquqbuzarliklar qayd etilgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi.
2. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi 2025-yil 1-avgustdan boshlab yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish, ularni yuborgan shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining “Geomonitoring” axborot tizimi orqali amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi Ichki ishlar vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholi oʻrtasida ushbu qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirish, targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-iyul,
457-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-iyuldagi 457-son qaroriga ILOVA
Yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom jismoniy shaxslarning foto-videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar (keyingi oʻrinlarda — videotexnika vositalari) orqali qayd etilgan yer qaʼrini geologik oʻrganishda undan foydalanish va uni muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yerosti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlashda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda yer qaʼridan foydalanish shartlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar (keyingi oʻrinlarda — huquqbuzarlik) aks ettirilgan fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni (keyingi oʻrinlarda — foto va video materiallar) qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Huquqbuzarliklarni videotexnika vositalari orqali qabul qilish
3. Jismoniy shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etishi hamda foto va video materiallarni yer qaʼrini geologik oʻrganishda undan foydalanish va uni muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yerosti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlashda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda yer qaʼridan foydalanish shartlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik boʻyicha — “Geomonitoring” axborot tizimi orqali Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) koʻrib chiqish uchun yuboradi.
4. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:
sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.
5. Huquqbuzarliklar aks ettirilgan foto va video materiallarga har qanday tarzda oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Oʻzgartirish kiritilgan foto va video materiallar koʻrib chiqilmaydi, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno (qoida tariqasida, videoyozuvning davomiyligi 120 soniyadan oshmasligi lozim).
6. Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan foto va video materiallarni “Geomonitoring” axborot tizimiga yuborishda quyidagilar toʻliq koʻrsatilishi lozim:
fuqaroning ismi, familiyasi, otasining ismi, yashash manzili;
uyali telefon raqami, bank plastik kartasi raqami va elektron manzili;
huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqt;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa).
3-bob. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish
7. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali huquqbuzarliklar qayd etilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
8. “Geomonitoring” axborot tizimiga kelib tushgan huquqbuzarlik qayd etilgan foto va video materiallar tegishliligi boʻyicha Inspeksiyaning masʼul xodimi tomonidan oʻn besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi, huquqbuzarlik holatlari oʻrganiladi va huquqbuzarning shaxsini aniqlash maqsadida foto va video materiallar Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.
9. Huquqbuzarlik haqidagi foto va video materiallar Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi, foto va video materiallar sifati va materiallarda aks etgan shaxsning tashqi yuz qiyofasi shaxsni aniqlashga yaroqliligi tekshiriladi, shundan soʻng huquqbuzarning shaxsi aniqlanadi va tegishliligi boʻyicha oʻn ish kuni ichida Inspeksiyaga yuboriladi.
Foto va video materiallarni qabul qilish va huquqbuzarning shaxsi aniqlanganligi natijalarini tegishliligi boʻyicha yuborish avtomatik va elektron tarzda amalga oshiriladi.
10. Inspeksiyaning masʼul xodimi besh ish kunida:
maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma va jazo choralarini qoʻllash yuzasidan hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtiradi hamda Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish” tizimiga kiritadi;
jarima solish toʻgʻrisidagi tegishli qaror va tayinlangan jarimani toʻlash uchun toʻlov varaqasi (kvitansiya)ni huquqbuzarning elektron pochta manziliga elektron shaklda, uyali telefon raqamiga “SMS” xabarnoma shaklida yoki yashash manziliga pochta orqali yuboradi. Bunda tegishli qaror va toʻlov varaqasi (kvitansiya) huquqbuzarga bevosita taqdim etilishi ham mumkin.
Sodir etilgan huquqbuzarlik boʻyicha koʻrib chiqish vakolati mavjud boʻlmasa, hujjatlar bir ish kunida qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli sudga yoki boshqa vakolatli organga yuboriladi.
11. Inspeksiyaning masʼul xodimi besh ish kunida Ichki ishlar vazirligining idoralararo maʼlumotlarni uzatish “E-maʼmuriy ish” tarmogʻi orqali huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan toʻplangan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
12. Agar sodir etilgan huquqbuzarlikda jinoyat alomatlari aniqlansa, foto va video materiallar ikki ish kunida vakolatli huquqni muhofaza qilish organiga yuboriladi.
13. Quyidagi hollarda videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallar asosida ish yuritish tugatiladi hamda bu haqida tegishli qaror qabul qilinadi:
foto va video materiallar mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan talablarga javob bermaganda;
foto va video materiallar “Geomonitoring” axborot tizimiga mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda yuklanganda;
foto va video materiallarga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa, mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
ichki ishlar organlari tomonidan foto va video materiallarda aks ettirilgan huquqbuzarning shaxsini aniqlash imkoni boʻlmaganda;
foto va video materiallarda qayd etilgan huquqbuzarlik boʻyicha qaror qabul qilingan yoki maʼmuriy ish (jinoyat ishi) yuritilayotgan taqdirda.
14. Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga huquqbuzarlik (jinoyat) boʻyicha jarima undirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun muddatda elektron shaklda javob yuboriladi.
4-bob. Huquqbuzarliklar qayd etilgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslarni ragʻbatlantirish
15. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar:
keng tarqalgan noruda foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish yoki boshqa joyga tashish boʻyicha — huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yerosti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlash sohasidagi boshqa huquqbuzarlik boʻyicha — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining besh foizi miqdorida pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Huquqbuzarlik boʻyicha sud tomonidan jarima, shu jumladan, maʼmuriy jarima bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo chorasi qoʻllangan hollarda, foto va video materiallarni yuborgan shaxs Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 8-yanvardagi 15-son qaroriga muvofiq ragʻbatlantiriladi.
16. Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan shaxslar uyali telefon raqamini yoki bank plastik kartasi raqamini koʻrsatish orqali ragʻbatlantirish puli qanday usulda qabul qilib olinishini koʻrsatib oʻtadi.
17. Ragʻbatlantirish:
huquqbuzarlik boʻyicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qoʻllanadi;
huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan soʻng kelib tushgan xabarlar boʻyicha amalga oshirilmaydi;
jarima undirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun muddatda uning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan amalga oshiriladi.
18. Ragʻbatlantirish huquqbuzardan jarima undirilgandan soʻng fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga tegishliligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobvaragʻiga xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolardan yer qaʼridan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun undiriladigan jarimalar hisobidan avtomatik tarzda pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni taqdim etgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni taqdim etgan shaxslarga ragʻbatlantirish berilmagani holatlari boʻyicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Inspeksiya mansabdor shaxslarining xatti-harakati (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.
21. Ushbu Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi haqidagi nizomga ILOVA
Videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi foto va video materiallarni qabul qilish, koʻrib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni ragʻbatlantirish
SXEMASI
