Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etish toʻgʻrisida (454-son)
21.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Xalqaro Mehnat Tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti toʻgʻrisidagi 155-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1981-yil 22-iyun) normalarini milliy qonunchilikka joriy (implementatsiya) qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini rejalashtirish, faoliyat koʻrsatishini tashkil etish, ichki auditdan oʻtkazish va takomillashtirish tartibi;
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablarini samarali bajarish, xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish.
2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-iyul,
454-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi 454-son qaroriga ILOVA
Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 359-moddasi hamda Xalqaro Mehnat Tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti toʻgʻrisidagi 155-sonli Konvensiyasiga (Jeneva, 1981-yil 22-iyun) muvofiq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini rejalashtirish, uning faoliyat koʻrsatishini tashkil etish, ichki auditdan oʻtkazish va takomillashtirish tartibini belgilaydi.
Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining maqsadi mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablarini samarali bajarish, xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarishdan iborat.
2. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
ichki audit — tashkilotda MMQB tizimining mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash jarayoni;
kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar — zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillarining taʼsiri natijasida xodimning sogʻligʻi shikastlanishi yoki mehnat qobiliyati yoʻqotilishi yoki vafot etishi ehtimoli;
mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi (keyingi oʻrinlarda — MMQB tizimi) — maʼlum bir ish beruvchining mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi siyosati va maqsadlarini belgilovchi, oʻzaro bogʻliq va bir-biriga taʼsir koʻrsatuvchi elementlar kompleksi hamda ushbu maqsadlarga erishish tartibi;
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi — xodimlar uchun xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsiri istisno qilinadigan mehnat sharoitlari holati hamda ularning inson salomatligi va funksional holatiga taʼsirining profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi;
mehnat sharoitlari — mehnat faoliyatini amalga oshirish chogʻidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish omillari yigʻindisi.
3. Tashkilotlar ushbu Namunaviy nizom asosida MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Kasbiy tavakkalchiligi oʻninchi darajasigacha boʻlgan tashkilotlar mehnatni muhofaza qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq MMQB tizimini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishi mumkin.
4. Tashkilotning MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
5. Tashkilot MMQB tizimini tashkil etish va faoliyat yuritishni shartnoma asosida mehnatni muhofaza qilish sohasida xizmatlar bozorining professional ishtirokchilarini jalb qilgan holda amalga oshirishi mumkin.
2-bob. MMQB tizimini rejalashtirish, uning faoliyat koʻrsatishini tashkil etish, ichki auditdan oʻtkazish hamda MMQB tizimini takomillashtirish tartibi
1-§. MMQB tizimini rejalashtirish
6. MMQB tizimini rejalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
funksiya va vakolatlarni tashkilotning masʼul mansabdor shaxslari oʻrtasida taqsimlash;
tashkilotning mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida siyosatini ishlab chiqish;
MMQB tizimini tashkil etish uchun mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xarajatlarni moliyalashtirish;
xodimlarni ish joyida kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar va mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida xabardor qilishni belgilash;
MMQB tizimi faoliyati samaradorligini nazorat qilish;
MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizom va tashkilotning mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi siyosatini takomillashtirib borish.
7. Tashkilot oʻzining maqsad, vazifalari va yoʻnalishlari asosida mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi siyosatini ishlab chiqishi, bunda kasbiy tavakkalchiliklarning mavjudligini hisobga olishi lozim.
2-§. MMQB tizimining faoliyat koʻrsatishini tashkil etish
8. MMQB tizimining faoliyat koʻrsatishi quyidagilardan iborat:
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha xodimlarni tayyorlash;
ishlarni xavfsiz olib borish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish;
ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish;
xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish;
xodimlar salomatligi holatini nazorat qilish;
xodimlarni shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlash;
noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berish;
ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish;
baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish;
kasb kasalliklarining oldini olish;
pudratchi tashkilotlar tomonidan ishlarning bexatar bajarilishi ustidan nazorat qilish.
9. MMQB tizimi doirasida ish beruvchi xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarishni tashkil etadi.
Bunda ish beruvchi ushbu Namunaviy nizomga ilovaga muvofiq xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish tartibi asosida amalga oshiradi.
10. Tashkilotning MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomda pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish va taʼmirlash ishlarini mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga muvofiq bexatar bajarilishini taʼminlash maqsadida tomonlarning huquq va majburiyatlari belgilanadi.
3-§. MMQB tizimining ichki auditdan oʻtkazish
11. MMQB tizimining ichki auditdan oʻtkazish ish beruvchining qaroriga binoan mehnatni muhofaza qilish xizmati (muhandis) tomonidan amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tashkilotda MMQB tizimining mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini oʻrganish;
MMQB tizimining ishlashi sifatini, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olishga, darajasini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olish boʻyicha takliflar hamda xulosalar ishlab chiqish.
12. Tashkilotda ichki audit bir yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
4-§. MMQB tizimini takomillashtirish
13. Tashkilotda MMQB tizimi ichki audit natijasida aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar asosida takomillashtiriladi.
Aniqlangan nomuvofiqliklar yuzasidan ogohlantirish xabarnomasi rasmiylashtiriladi va tashkilotning tarkibiy boʻlinmalariga tarqatiladi.
Aniqlangan nomuvofiqliklarning sabablarini bartaraf etish uchun ularning qayta yuzaga kelishi oldini olish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
14. Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi qoidalariga va (yoki) MMQB tizimi talablariga rioya etilmaslik sabablarini aniqlash va tahlil qilish;
ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar tashabbusi bilan chiqish, rejalashtirish, amalga oshirish, samaradorligini tekshirish va hujjatlashtirish;
MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish.
15. Nomuvofiqlik aniqlanganda uning sabablari va ahamiyatiga qarab quyidagi ogohlantirish va chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
ishlab chiqarish jarayonini toʻxtatish;
uskunalardan foydalanishni taqiqlash;
xodimlarni ishdan chetlashtirish hamda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish hamda bilimlarini tekshirish;
tegishli malakaga va ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlarni ishga qabul qilish;
xodimlarga mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish, bilimlarini tekshirish, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tartibini qayta koʻrib chiqish;
nomuvofiqlikni bartaraf etish boʻyicha texnik harakatlar (taʼmirlash, texnik xizmat koʻrsatish);
mavjud texnologik jarayonlarni oʻzgartirish;
manfaatdor tomonlarni xabardor qilish (favqulodda va avariya holatida);
favqulodda va avariya holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrish;
yetkazib beruvchilar va pudratchi tashkilotlarga nisbatan faoliyatni qayta koʻrib chiqish;
MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomni hamda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha tashkilotning siyosatini qayta koʻrib chiqish.
16. MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomda aniqlangan nomuvofiqliklarning sabablarini bartaraf etish boʻyicha ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish tartibi koʻrsatiladi.
Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarini amalga oshirish, shuningdek, nomuvofiqliklarning yuzaga kelish sabablarini aniqlash mehnat xavfsizligi va gigiyenasini taʼminlashga masʼul boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlar rejalarining natijadorligi va samaradorligi MMQB tizimi ichki auditi jarayonida samaradorlikni baholash natijalariga koʻra aniqlanadi.
17. Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda va avariya holatlari, baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklari va zaharlanishlarning oldini olish usullari MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomda aks ettiriladi.
Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda va avariya holatlari, baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklari va zaharlanishlarning oldini olish usullarini ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni, foydalanilayotgan xomashyo hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xususiyatlarini, iqlim, seysmik va boshqa tabiiy jarayonlarni tahlil qilish hamda kasbiy xavflarni baholash natijalari, ilgari sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar, favqulodda hamda avariya holatlarida aniqlangan nomuvofiqliklar asosida ishlab chiqiladi.
18. Tashkilot rahbariyati mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha tashkilotning siyosati va maqsadlari MMQB tizimiga muvofiqligining doimiy ravishda tahlilini amalga oshiradi.
Tahlil quyidagi harakatlarni oʻz ichiga oladi:
ichki audit natijalari boʻyicha xulosalar va nazorat qiluvchi organlarning koʻrsatmalarini koʻrib chiqish;
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bilan bogʻliq dolzarb masalalarni tashkilotning yigʻilishlarida muhokama qilish.
Tahlilni amalga oshirish tartibi tashkilotning MMQB tizimi toʻgʻrisidagi nizomida belgilanadi.
19. Tashkilotda mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holatini sifatli tahlil qilish, kasbiy xavflarni identifikatsiyalash, baholash va boshqarish, shuningdek, ogohlantirish xabarnomasi va chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha hujjatlar mehnatni muhofaza qilish xizmati (muhandis) tomonidan yuritiladi.
Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha hujjatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tashkiliy-farmoyish beruvchi va belgilovchi tusdagi hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar, tartiblar, reglamentlar, dasturlar, rejalar, roʻyxatlar, qoidalar, normalar, standartlar);
tashkilotning iqtisodiy faoliyat turiga muvofiq mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar;
qayd etish xususiyatiga ega hujjatlar (dalolatnomalar va bayonnomalar, ruxsat berish naryadlari, farmoyishlar, baxtsiz hodisalarni tekshirish boʻyicha materiallar, ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish va kasbiy tavakkalchiliklarni baholash hujjatlari);
axborot tusidagi hujjatlar (statistik hisobotlar, mansabdor shaxslar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv dalolatnomalari, yozma koʻrsatmalar, taqdimnomalar, xulosalar);
hisobot hujjatlari (xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish dalolatnomalari, xodimlar salomatligi holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobi, ishlab chiqarish uskunalarini sinovdan oʻtkazish dalolatnomalari, MMQB tizimi faoliyatini joriy nazorat qilish va tahlil qilish natijalari, rasmiy statistika hisoboti shakllari).
MMQB tizimi hujjatlari doimiy ravishda yangilab boriladi va besh yil davomida saqlanadi hamda ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi hujjatlari qabul qilingandan keyin oʻn ish kuni mobaynida tegishli xodimlarga tanishtiriladi.
20. MMQB tizimining samarali faoliyat yuritishi tashkilotda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holati toʻgʻrisidagi ishonchli statistik hisobotlarni sifatli yuritish va oʻz vaqtida taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Statistik hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlar soni toʻgʻrisidagi yillik hisobot;
mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari toʻgʻrisidagi hisobot.
Ish beruvchi davlat organlariga ularning yozma soʻroviga asosan, tashkilotning mehnat sharoitlari, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi holati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Namunaviy nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga ILOVA
Xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish tartibi
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Tartib tashkilotlarda xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarishni belgilaydi.
2-bob. Xavfni identifikatsiya qilish
2. Xavfni identifikatsiya qilish bosqichining asosiy vazifalari — barcha xavflarning manbalarini aniqlash va ularni amalga oshirish yoʻllarini aniq tavsiflashdan iborat.
3. Xavfni identifikatsiyalashda texnologik tizimdagi qaysi elementlar, texnik qurilmalar, texnologik birikmalar yoki jarayonlar jiddiy tahlil qilishni talab qiladigan va xavfsizlik nuqtai nazaridan ahamiyatli boʻlmagan holatlar aniqlanadi.
4. Quyidagilar xavflarni identifikatsiyalash natijalari hisoblanadi:
xavf mavjud boʻlgan holatlarning roʻyxati;
xavf mavjud boʻlgan holatlarning xavf manbalarini tavsiflash;
xavf mavjud boʻlgan holatlarning paydo boʻlishi va rivojlanishi, xavf-xatarlar omillari;
kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni oldindan baholash.
5. Ushbu Tartibning 1-ilovasiga muvofiq, tashkilotning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari tomonidan “Xavflar matritsasi” shaklini toʻldirish orqali kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar identifikatsiya qilinadi.
3-bob. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash
6. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1-qadam: Ehtimoliylik darajasini aniqlash:
ehtimoliylik darajasini aniqlash quyidagi 1-jadvalda keltirilgan omillarni baholash orqali amalga oshiriladi:
Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar paydo boʻlishi ehtimoliyligining qiymati 1 dan 5 ballgacha boʻlishi mumkin.
Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar taʼsir qilishining paydo boʻlishi ehtimoliyligi quyidagi 2-jadvalda keltirilgan shkalalar orqali baholanadi:
2-qadam: Ahamiyatlilikni baholash:
ahamiyatlilikni baholash uchun sodir boʻlishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisaning oqibati ahamiyatliligini aniqlash kerak.
Sodir boʻlishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisaning oqibati ahamiyatliligini baholash quyidagi 3-jadvalda keltirilgan shkalalar orqali aniqlanadi:
3-qadam: Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar darajasini baholash:
kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar darajasi “Xavflar matritsasi”ning asosiy ustunlari toʻldirilganidan soʻng aniqlanadi.
Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar darajasini aniqlash jadvalidan foydalangan holda ehtimoliylik darajasini ahamiyatlilik darajasi bilan solishtiriladi va quyidagi 4-jadvalga asosan ikkita darajalarning kesishuv nuqtasida kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasi aniqlanadi.
Izoh:
* nazorat qilib boʻlmaydigan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar;
** nazorat qilinadigan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar.
4-qadam: Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasini qayd etish:
ahamiyatlilik darajasi 5 ball hamda ehtimoliylik darajasi 1 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 4 ball hamda ehtimoliylik darajasi 1 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 3 ball hamda ehtimoliylik darajasi 1 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 2 ball hamda ehtimoliylik darajasi 2 yoki 1 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 1 ball hamda ehtimoliylik darajasi 2 yoki 1 ball boʻlsa — xavf-xatarlar nazorat qilinadigan xavf-xatarlar darajasiga kiradi.
Ahamiyatlilik darajasi 5 ball hamda ehtimoliylik darajasi 5, 4,3, yoki 2 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 4 ball hamda ehtimoliylik darajasi 5, 4, 3, yoki 2 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 3 ball hamda ehtimoliylik darajasi 5, 4, 3, yoki 2 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 2 ball hamda ehtimoliylik darajasi 5, 4 yoki 3 ball boʻlsa;
ahamiyatlilik darajasi 1 ball hamda ehtimoliylik darajasi 5, 4 yoki 3 ball boʻlsa — kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar nazorat qilib boʻlmaydigan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlar darajasiga kiradi va mazkur kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar ishlab chiqishni talab qiladi.
Olingan natijalar ushbu Tartibga 1-ilovaga asosan “Xavflar matritsasi” shaklidagi “Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasi” ustunida qayd etiladi.
Bunda baholashni amalga oshirish uchun maʼlumotlar yetarli boʻlmasa, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar aniqlanmagan deb tavsiflanadi va qoʻshimcha maʼlumotlarni yigʻish talab etiladi.
Belgilangan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasini tasdiqlash uchun tashkilot tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari 4-jadvalda koʻrsatilgan “Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasi” ustuniga belgi qoʻygan holda kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasini aniqlaydi.
Ushbu 4-jadval keyingi kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar tahlili amalga oshirilishiga qadar saqlanadi.
Misol uchun:
7. Xavflar matritsasining “Nazorat usuli” ustunida nazorat usullari (yoʻriqnoma, nizom, chora-tadbirlarga havola) koʻrsatiladi.
8. Agar aniqlangan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarni boshqarishni nazorat usullari mavjud boʻlmasa, xavflar matritsasining “Xulosa” ustunida “Nazorat qilinmaydigan” deb koʻrsatiladi.
9. Mazkur “Xavflar matritsasi” mehnatni muhofaza qilish xizmatiga (muhandisi) topshiriladi, mehnatni muhofaza qilish xizmati (muhandisi) tomonidan tashkilotning kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan birgalikda ushbu matritsa toʻgʻri toʻldirilganligi tekshiriladi.
10. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatar darajasi tasdiqlanganidan soʻng tashkilotning mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi maqsadiga kiritish uchun eng muhim xavflar aniqlanadi va ushbu Tartibga 2-ilovaga asosan tashkilotda nazorat qilib boʻlmaydigan xavf-xatar darajasini kamaytirish boʻyicha tadbirlar belgilanadi.
4-bob. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni boshqarish
11. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni boshqarish quyidagi asosiy vazifalardan iborat:
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan ehtimoliy hodisalarning tezligini aniqlash;
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan ehtimoliy hodisalarning oqibatlarini baholash;
kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash natijalarini umumlashtirish.
12. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni kamaytirish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish xavflarni tahlil qilishning yakuniy bosqichidir. Tavsiyalarda kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash natijalariga asoslangan xavflarni boshqarish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanadi.
13. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni boshqarish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, resurslarning cheklanganligini hisobga olib, birinchi navbatda eng sodda va kam xarajat talab etadigan tavsiya va chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
14. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni kamaytirish boʻyicha taklif qilinayotgan tavsiya va chora-tadbirlarning samaradorligini asoslash zarur boʻlsa, quyidagilar tavsiya etiladi:
mavjud resurslar bilan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni maksimal darajada kamaytirishni taʼminlash;
minimal xarajat bilan kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni maqbul darajagacha kamaytirish.
15. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarning tahlilini oʻtkazish usullarini tanlashda tashkilot faoliyati turlarining xavfliligi darajasi, resurslarning mavjudligi, mutaxassislarning tajribasi va zarur boʻlgan maʼlumotlarning mavjudligi inobatga olinishi kerak.
16. Kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni tahlil qilish usullarini tanlash va qoʻllashda quyidagi talablarga rioya qilish tavsiya etiladi:
birinchi usul — xavflarni identifikatsiya qilish va kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni kamaytirish yoʻllarini samarali tushuntirish imkonini yaratadigan natijalarni berishi kerak;
ikkinchi usul — takrorlanadigan va tekshiriladigan boʻlishi kerak.
Xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish tartibiga 1-ILOVA
Xavflar matritsasi shakli
(Izoh: agar matritsa pudratchi tashkilot tomonidan toʻldirshsa, tarkibiy boʻlinma boshligʻi va mehnatni muhofaza qilish mutaxassisi sifatida tarkibiy boʻlinma boshligʻi va pudratchi tashkilotning mehnatni muhofaza qilish vaqti imzo qoʻyadi.
Xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish tartibiga 2-ILOVA
