Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-226-son)
18.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
2025-yil 11-iyun kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tizimli amalga oshirish
1. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi Oʻzbekiston tomonining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(i) Bunda Xorijiy investorlar kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash)ga uning huzurida yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi berilsin.
II. Kengash kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyatini takomillashtirish
2. Kengash aʼzolari va xalqaro moliya institutlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Kengash kotibiyatini nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etish hamda uning aʼzoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilish;
(b) Kengash kotibiyati tomonidan xorijiy investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablagʻlarini jalb qilishga koʻmaklashish;
(v) Kengashning davlat organlari va tashkilotlari bilan bogʻliq faoliyatini Kengash kotibiyati tomonidan muvofiqlashtirish, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish;
(g) Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.
3. Quyidagilar Ishchi guruhlarning vazifalari etib belgilansin:
(a) har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar oʻtkazib borish;
(b) investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.
III. “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimini joriy qilish
4. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlar rahbarlari:
(a) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadigan axborot tizimlari roʻyxatiga asosan integratsiya qilish ishlarini grafikka muvofiq yakunlashga;
(b) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimiga manzilli va istiqbolli loyihalarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq kiritishga shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.
5. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev bir hafta muddatda aniq muddat va masʼullarni belgilagan holda davlat xizmatlari koʻrsatiladigan axborot tizimlarini “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish mexanizmlari va grafigini tasdiqlasin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari mazkur qarorga 1-ilovadagi harakatlar rejasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning belgilangan muddatlarda samarali, soʻzsiz, sifatli va toʻliq hajmda amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A.Yu. Magrupov, Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev, J.A. Qoʻchqorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
(a) Kengashning uchinchi yalpi majlisi davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan muntazam va tizimli monitoring hamda qatʼiy nazorat olib borsin;
(b) ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejasining soʻzsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorak yakunida hisobotlarini tanqidiy muhokama qilib borsin, shuningdek, chora-tadbirlarning ijrosiga toʻsqinlik qiluvchi salbiy omillarni bartaraf etish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-iyul,
PQ-226-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyuldagi PQ-226-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha
HARAKATLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyuldagi PQ-226-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi Oʻzbekiston tomonining
TARKIBI
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyuldagi PQ-226-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4519-son qarorida:
(a) 3-bandning beshinchi xatboshisi va 5-banddagi “Investitsiyalar va tashqi savdo” soʻzlari “Investitsiyalar, sanoat va savdo” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 4-banddan uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(v) 1-ilovada:
4-banddagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamkorligida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari “xalqaro moliya institutlari hamkorligida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
13-banddagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki” soʻzlari “xalqaro moliya institutlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
20-banddagi “investitsiyalar va tashqi savdo” soʻzlari “investitsiyalar, sanoat va savdo” soʻzlari bilan almashtirilsin;
25-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “investitsiyalar va tashqi savdo” soʻzlari “investitsiyalar, sanoat va savdo” soʻzlari bilan almashtirilsin”;
uchinchi xatboshidagi “Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining” soʻzlari “xalqaro moliya institutlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
29 — 31-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Kengash Kotibiyati xalqaro moliya institutlari va investorlar ishtirokidagi yuridik shaxs — nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etiladi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan nizomga muvofiq faoliyat yuritadi. Kengash Kotibiyatining shtatlar jadvali Kengash ijroiya qoʻmitasi bilan kelishilgan holda shakllantiriladi.
30. Kengash Kotibiyati rahbari Kengash ijroiya qoʻmitasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi.
31. Kengash Kotibiyatining faoliyati aʼzolik badallari, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlardan tushadigan homiylik va moliyaviy yordam mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi”;
32-banddagi “investitsiyalar va tashqi savdo” soʻzlari “investitsiyalar, sanoat va savdo” soʻzlari bilan almashtirilsin;
33-bandda:
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Kengashning Oʻzbekiston Respublikasining tegishli davlat organlari va tashkilotlari bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtiradi, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlar tashkil etadi”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Kengashning nufuzini oshirish maqsadida keng ishbilarmon doiralar, mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan Kengashning oʻzaro hamkorligiga koʻmaklashadi”;
oʻninchi xatboshi “har oyda” soʻzlaridan oldin “Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
1-ilovaning “12-bosqich” pozitsiyasi “Subyektlar” ustunidagi “Kengash Kotibiyati” soʻzlari “Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Kengash Kotibiyati” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(g) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-maydagi “Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-179-son qaroriga 3-ilovaning 3-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qaroriga 3-ilovaning 1- va 2-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
