Davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (F-43-son)
18.07.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMOYISHI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, kadrlar tayyorlashni tarmoq, hududiy va maqsadli investitsiya loyihalariga yoʻnaltirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Ushbu farmoyish tarmoq va sohalarda ehtiyoj yuqori boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida 4 yillik davr uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini joylashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
II. Davlat buyurtmasi
2. 2025/2026 oʻquv yili va kelgusi uch oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari:
(a) bakalavriat bosqichiga kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 1-ilovaga muvofiq;
(b) magistratura bosqichiga kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojidan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifiga muvofiq mazkur farmoyishga 1-2-ilovalar bilan tasdiqlangan davlat buyurtmasiga davlat granti asosidagi umumiy qabul kvotalari doirasida oʻzgartirish kiritish vakolati berilsin.
III. Oliy taʼlim tashkilotlariga qabul jarayonlarini tashkil etish
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni Davlat komissiyasiga taqdim etsin:
(a) respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan 1 320 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni. Bunda davlat oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan yoʻlga qoʻyilgan qoʻshma taʼlim dasturlari uchun ham kvota ajratilishi nazarda tutilsin;
(b) davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat grantining taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi taqsimoti boʻyicha takliflarni;
(v) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatini;
(g) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi oliy taʼlim tashkilotlarining takliflariga asosan 2025/2026 oʻquv yili uchun oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va taʼlim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari boʻyicha takliflarni;
(d) Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni.
5. Davlat komissiyasi bir hafta muddatda yangi oʻquv yili uchun:
(a) bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qabul boʻyicha:
(i) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim shakllari va taʼlim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;
(ii) imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini;
(iii) tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oldingi oʻquv yilidagi oʻrtacha oʻtish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishning minimal oʻtish balini;
(iv) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyoji asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
(v) har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat grantining ulushini;
(b) ayrim bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining (tillar, maxsus pedagogika, sport, sanʼat va boshqa) oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, ularning soha ixtisoslashuviga koʻra taqsimlangan qabul parametrlarini;
(v) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlarini davlat granti va toʻlov-kontraktga ajratgan holda davlat oliy taʼlim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlasin.
6. Belgilansinki, 2025/2026 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirishda toʻplagan baliga nisbatan maʼlum miqdordagi qoʻshimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, toʻplagan baliga mos ravishda qoʻshimcha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) oliy taʼlim tashkilotlariga qabul natijalari boʻyicha taʼlim sifatini oshirish, xususan, taʼlim dasturlarini takomillashtirib borish, taʼlim jarayoniga malakali professor-oʻqituvchilarni jalb qilish va oliygohlarda taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish choralarini koʻrsin;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda davlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirishda mavjud imtiyozlarning maqsadli va samarali qoʻllanilishini oʻrganib, ularni maqbullashtirish boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
IV. Farmoyish ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Mazkur farmoyishning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
9. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-iyul,
F-43-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyuldagi F-43-son farmoyishiga 1-ILOVA
2025/2026 oʻquv yili va kelgusi uch oʻquv yilida davlat oliy taʼlim tashkilotlariga bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-iyuldagi F-43-son farmoyishiga 2-ILOVA
2025/2026 oʻquv yili va kelgusi uch oʻquv yilida davlat oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari
