Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti va dam olish vaqti rejimlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3650-son)
17.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3650]
Oʻzbekiston Respublikasi “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti va dam olish vaqti rejimlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-iyun,
11-son
Kelishildi:
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2025-yil 28-may
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2025-yil 28-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 24-may
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 23-may
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 21-may
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) F. ESHMATOVA
2025-yil 19-may
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 2-iyundagi 11-son buyrugʻiga ILOVA
Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti va dam olish vaqti rejimlari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarda ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti va dam olish vaqti rejimlarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlar — poyezdlar harakati, yoʻl xoʻjaligi, maxsus harakatdagi tarkib, lokomotiv, xizmat, xizmat-texnik hamda yoʻlovchi vagonlar, tiklash poyezdlariga xizmat koʻrsatuvchi mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan xodimlar;
temir yoʻl transporti infratuzilmasi — texnologik majmua boʻlib, u ushbu majmua faoliyatini taʼminlovchi temir yoʻllarni, temir yoʻl stansiyalarini, elektr taʼminoti qurilmalarini, aloqa tarmoqlarini, signalizatsiya, markazlashtirish va bloklash tizimlarini, axborot majmualarini, harakatni boshqarish tizimini, binolar, inshootlar, qurilmalar, jihozlar va uskunalarni oʻz ichiga oladi;
harakatdagi temir yoʻl tarkibi (bundan buyon matnda harakatdagi tarkib deb yuritiladi) — lokomotivlar, tortish lokomotivining yuk, bagaj, yoʻlovchi tashish vagonlari va motorvagonli harakatdagi tarkib, shuningdek tashishlarning amalga oshirilishini va temir yoʻl transportining faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun moʻljallangan boshqa transport vositalari;
lokomotiv brigadasi — lokomotivlarga (elektrovoz, teplovoz, gaz turbinali lokomotiv, parovoz va motovozlar), motorvagonli harakatdagi tarkibga xizmat koʻrsatish va ularni xavfsiz boshqarish uchun tayinlanadigan temir yoʻl transporti xodimlaridan (brigadani boshqaruvchi mashinist va uning yordamchisi) iborat guruh;
smenalarga boʻlinib ishlash jadvali — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlar vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlangan dam olish kunlari, kunduzgi, kechki va tungi smenalarning almashinishini va bir oyda ishlab berilgan ish soatlariga rioya etilishini nazarda tutadigan ish va dam olish jadvali;
safar — ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining aylanma punktida boʻlgan vaqtni hisobga olgan holda mehnat vazifalarini bajarish uchun sarflagan vaqti.
2. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ichki mehnat tartibi qoidalariga, smenalarga boʻlinib ishlash jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak boʻlsa, oʻsha vaqt ish vaqti hisoblanadi.
3. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish (smena, safar) vaqti asosiy ish joyiga kelgan vaqtdan boshlanadi, ish vaqtining (smenaning, safarning) tugashi esa mehnat majburiyatlarini bajarilganidan soʻng yakunlanadi.
Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xodimlar va yoʻl xoʻjaligi xodimlarining ish vaqtining (smenaning, safarning) tugashi harakatdagi tarkib yoki temir yoʻl transporti infratuzilmasini diagnostika va monitoring qiluvchi koʻchma vositalarni doimiy ish joyiga hisobga olish hujjatlari va poyezd hujjatlari asosida xodim va ish beruvchi yoki uning vakili tomonidan rasmiylashtirilib topshirilgach yakunlanadi.
4. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlari uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqtining rejimi ichki mehnat tartibi qoidalari, smenalarga boʻlinib ishlash jadvallari va boshqa ichki hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi.
5. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining mehnat qilish sharoitlariga koʻra ish beruvchida ushbu toifadagi xodimlar uchun belgilangan ish vaqtining kunlik yoki haftalik davomiyligiga rioya etish imkoni boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 199-moddasiga muvofiq ish vaqtini jamlab hisobga olishni joriy etishga yoʻl qoʻyiladi.
6. Ishlarni bajarish joyi xizmat koʻrsatilayotgan asosiy ish joyidan tashqarida boʻlsa, ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining 24 soatda bosib oʻtgan yoʻlini 8 soati bevosita ularning ish vaqtiga qoʻshiladi.
2-bob. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarining ish vaqti rejimi
7. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarining ish vaqtiga quyidagilar kiradi:
ishga (smenaga, safarga) tayyorgarlik koʻrish vaqti, shu jumladan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtish vaqti;
ishdan (smenadan, safardan) oldingi tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti;
asosiy mehnat vazifalarini bajarishga bevosita sarflanadigan vaqti;
asosiy ish joyidan xizmat koʻrsatilayotgan ish joyiga yoʻlovchi sifatida borish va undan qaytish hamda kutish vaqti;
xodimga bevosita bogʻliq boʻlmagan holatlarda uning boʻsh turib qolgan vaqti.
8. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarining asosiy ish joyiga borish uchun sarflanadigan haqiqiy vaqti 36 daqiqadan kam boʻlsa (yashash joyidan doimiy ish joyiga borish masofasi koʻpi bilan 3 km uchun) ushbu vaqt ish vaqti hisobiga kiritilmaydi.
Agarda, asosiy ish joyiga borish uchun sarflanadigan haqiqiy vaqt 36 daqiqadan ortsa (yashash joyidan doimiy ish joyiga borish masofasi 3 km ortgan taqdirda) mazkur vaqt ish vaqti hisobiga kiritiladi.
9. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarining ishini boshlanish va tugash vaqti asosiy ish joyidan tashqarida belgilanishi mumkin, bu haqda xodimlar oldingi ish kunining oxirida kechiktirmay ish beruvchi, smena dispetcheri yoki javobgar shaxs tomonidan xabardor qilinishi kerak.
10. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarining uzluksiz smena vaqti dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga 12 soatdan oshmasligi kerak.
11. Bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyatlari sababli zarur boʻlgan ishlarda, shuningdek ish kuni (smena, safar) davomida jadalligi bir xil boʻlmagan ishlar amalga oshirilganda ish kuni qismlarga boʻlinishi mumkin. Agar ish kuni davomida poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlar uchun ikki soatdan oshadigan tanaffus nazarda tutilgan boʻlsa, ish kuni qismlarga boʻlingan deb eʼtirof etiladi.
Ish kuni (smena, safar) qismlarga boʻlinganda ish vaqtining umumiy davomiyligi har kunlik ishning belgilangan davomiyligidan oshmasligi kerak.
Ish kunining qismlarga boʻlinganligi munosabati bilan beriladigan ish kuni davomidagi tanaffuslar vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi.
Ish kunini qismlarga boʻlish, ushbu ish vaqtining rejimi joriy etilayotgan ishlar roʻyxati, ish kuni qismlarga boʻlingan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarga beriladigan ustama haqning miqdori toʻgʻrisidagi qaror jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlar vakillik organi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanadi.
12. Uzluksiz smenali ishlarda smena almashayotgan poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimi kelmay qolgan taqdirda smenadagi xodimga ish joyini tashlab ketishga ruxsat etilmaydi. Bunday hollarda ish beruvchi darhol boshqa xodim bilan almashtirish choralarini koʻrishi shart. Bunda, uzluksiz smenadagi xodimning oʻrniga almashtirilayotgan xodim kamida 12 soat dam olgan boʻlishi kerak.
13. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarini smenalarning normal davomiyligini taʼminlash maqsadida smenaning belgilangan vaqtidan oshgan hollarda boshqa temir yoʻl stansiyalariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlarini ishda (smenada) boʻlishi mumkin boʻlgan cheklangan vaqtdan keyin uni safarga joʻnatish taqiqlanadi.
15. Yuk, yoʻlovchi, shahar atrofida qatnovchi, tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarda mashinist mashinist yordamchisisiz ishlaganda uning ish vaqtini (smenasini, safarni) davomiyligi 7 soatdan oshmasligi kerak.
Agarda, yuk, yoʻlovchi, shahar atrofida qatnovchi, tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar avtomatik boshqarish tizimi bilan jihozlanganda mashinist mashinist yordamchisisiz ishlaganda uning ish vaqtini (smenasini, safarni) davomiyligi 8 soatdan oshmasligi kerak.
16. Lokomotiv brigadasiga (shu jumladan, yoʻlovchi sifatida ketganda) mahalliy vaqt bilan tungi soat 22:00 dan soat 6:00 gacha boʻlgan davrda ketma-ket ikki kalendar kundan ortiq davom etadigan safarni amalga oshirish taqiqlanadi.
17. Refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlari brigadasi safarining davomiyligi 45 kundan oshmasligi kerak.
Shuningdek, ushbu xodimlarning roziligi bilan safarining davomiyligi 15 kungacha yoki undan ortiq muddatgacha uzaytirilishi mumkin.
Bunda, refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlari brigadasining safar davomidagi ish vaqtining kunlik normal davomiyligi smenalarga boʻlinib ishlash jadvalida keltirilgan vaqtdan oshmasligi kerak.
18. Refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlarini topshirish, qabul qilish va kuzatib borish jarayonlarida refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlari brigadasining sarflangan vaqtlari ularning ish vaqtiga kiritiladi.
Shuningdek, refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlarini taʼmirlash jarayonlarini refrijerator seksiyasi va avtonom refrijerator vagonlari brigadasi tomonidan nazorat qilish uchun sarflangan vaqtlarining yarmi ularning ish vaqtiga kiritiladi.
19. Turistik poyezdlar tarkibidagi vagonlarga xizmat koʻrsatuvchi poyezd brigadir xodimlarining safari davomiyligi 30 kundan oshmasligi kerak.
Shuningdek, ushbu xodimlarning roziligi bilan safarining davomiyligi 15 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Bunda, turistik poyezdlar tarkibidagi vagonlarga xizmat koʻrsatuvchi poyezd brigadir xodimlarining safar davomidagi ish vaqtining kunlik normal davomiyligi smenalarga boʻlinib ishlash jadvalida keltirilgan vaqtdan oshmasligi lozim.
3-bob. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarining ish vaqti rejimi
20. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarining ish vaqtiga quyidagilar kiradi:
ishga (smenaga, safarga) tayyorgarlik koʻrish vaqti (shu jumladan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtish vaqti);
ishdan (smenadan, safardan) oldingi tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti;
asosiy mehnat vazifalarini bajarishga bevosita sarflanadigan vaqti;
xopper-dozatorlar va dumpkarlarga texnik xizmat koʻrsatish vaqti;
xopper-dozatorlar va dumpkarlarni transport holatiga tayyorlash;
xopper-dozatorlar va dumpkarlarni ortish va tushirish holatiga keltirish;
yoʻl mashina stansiyalari va (yoki) temir yoʻl-qurilish mashinalarini lokomotivlarga ulash va undan uzilishni kutish vaqti;
asosiy ish joyidan xizmat koʻrsatilayotgan ish joyiga joʻnashni kutish vaqti;
peregonda harakatlanish vaqti;
temir yoʻl stansiyasida manyovr vaqti;
xodimga bevosita bogʻliq boʻlmagan holatlarda boʻsh turib qolgan vaqti;
yoʻl mashina stansiyalari yoki temir yoʻl-qurilish mashinalarini toʻxtab turish joyiga qoʻyish vaqti.
21. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarining ishini boshlanish va tugash vaqti asosiy ish joyidan tashqarida belgilanishi mumkin, bu haqda xodimlar oldingi ish kunining oxirida kechiktirmay ish beruvchi, smena dispetcheri yoki javobgar shaxs tomonidan xabardor qilinishi kerak.
22. Temir yoʻl transporti infratuzilmasini diagnostika va monitoring qiluvchi koʻchma vositalarida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlar safarining davomiyligi 15 sutkadan oshmasligi kerak.
Bunda, temir yoʻl transporti infratuzilmasini diagnostika va monitoring qiluvchi koʻchma vositalarida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarning safar davomidagi ish vaqtining kunlik normal davomiyligi smenalarga boʻlinib ishlash jadvalida keltirilgan vaqtdan oshmasligi zarur.
23. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarining asosiy ish joyiga borish uchun sarflanadigan haqiqiy vaqti 36 daqiqadan kam boʻlsa (yashash joyidan doimiy ish joyiga borish masofasi koʻpi bilan 3 km uchun) ushbu vaqt ish vaqti hisobiga kiritilmaydi.
Agarda, asosiy ish joyiga borish uchun sarflanadigan haqiqiy vaqt 36 daqiqadan ortsa (yashash joyidan doimiy ish joyiga borish masofasi 3 km ortgan taqdirda) mazkur vaqt ish vaqti hisobiga kiritiladi.
24. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarining uzluksiz smena vaqti dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga 12 soatdan oshmasligi kerak.
25. Bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyatlari sababli zarur boʻlgan ishlarda, shuningdek ish kuni (smena, safar) davomida jadalligi bir xil boʻlmagan ishlar amalga oshirilganda ish kuni qismlarga boʻlinishi mumkin. Agar ish kuni davomida yoʻl xoʻjaligi xodimlari uchun ikki soatdan oshadigan tanaffus nazarda tutilgan boʻlsa, ish kuni qismlarga boʻlingan deb eʼtirof etiladi.
Ish kuni (smena, safar) qismlarga boʻlinganda ish vaqtining umumiy davomiyligi har kunlik ishning belgilangan davomiyligidan oshmasligi kerak.
Ish kunining qismlarga boʻlinganligi munosabati bilan beriladigan ish kuni davomidagi tanaffuslar vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi.
Ish kunini qismlarga boʻlish, ushbu ish vaqtining rejimi joriy etilayotgan ishlar roʻyxati, ish kuni qismlarga boʻlingan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoʻl xoʻjaligi xodimlariga beriladigan ustama haqning miqdori toʻgʻrisidagi qaror jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlar vakillik organi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanadi.
26. Yoʻl xoʻjaligi xodimlarini ishda (smenada) boʻlishi mumkin boʻlgan cheklangan vaqtdan keyin uni safarga joʻnatish taqiqlanadi.
4-bob. Maxsus harakatdagi tarkib, lokomotiv, xizmat, xizmat-texnika hamda yoʻlovchi vagonlarga xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlarning ish vaqti rejimi
27. Maxsus harakatdagi tarkib, lokomotiv, xizmat, xizmat-texnika hamda yoʻlovchi vagonlarga xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlarning (bundan buyon matnda xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlar deb yuritiladi) ish vaqtiga quyidagilar kiradi:
ishga (smenaga, safarga) tayyorgarlik koʻrish vaqti, shu jumladan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtish vaqti;
ishdan (smenadan, safardan) oldingi tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti;
asosiy mehnat vazifalarini bajarishga bevosita sarflanadigan vaqti;
maxsus harakatdagi tarkib hamda lokomotivlarga va yoʻlovchi vagonlarni joʻnashini kutish vaqti;
xodimga bevosita bogʻliq boʻlmagan holatlarda boʻsh turib qolgan vaqti;
maxsus harakatdagi tarkib hamda lokomotivlarga va yoʻlovchi vagonlarni toʻxtab turish joyiga qoʻyish vaqti.
28. Xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlarining uzluksiz smena vaqti dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga 12 soatdan oshmasligi kerak.
29. Bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyatlari sababli zarur boʻlgan ishlarda, shuningdek ish kuni (smena, safar) davomida jadalligi bir xil boʻlmagan ishlar amalga oshirilganda ish kuni qismlarga boʻlinishi mumkin. Agar ish kuni davomida xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlar uchun ikki soatdan oshadigan tanaffus nazarda tutilgan boʻlsa, ish kuni qismlarga boʻlingan deb eʼtirof etiladi.
Ish kuni (smena, safar) qismlarga boʻlinganda ish vaqtining umumiy davomiyligi har kunlik ishning belgilangan davomiyligidan oshmasligi kerak.
Ish kunining qismlarga boʻlinganligi munosabati bilan beriladigan ish kuni davomidagi tanaffuslar vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi.
Ish kunini qismlarga boʻlish, ushbu ish vaqtining rejimi joriy etilayotgan ishlar roʻyxati, ish kuni qismlarga boʻlingan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlarga beriladigan ustama haqning miqdori toʻgʻrisidagi qaror jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlar vakillik organi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanadi.
30. Xizmat koʻrsatuvchi (kuzatib boruvchi) xodimlarning ish vaqtiga maxsus harakatdagi tarkib, lokomotivlar va yoʻlovchi vagonlarni taʼmirlash uchun korxonalarga yuborish, ortga qaytarish hamda taʼmirlash jarayonlarini nazorat qilish uchun sarflangan vaqtlarini yarmi kiritiladi.
5-bob. Tiklash poyezdlari xodimlarining ish vaqti rejimi
31. Tiklash poyezdlari xodimlari uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish usuli qoʻllaniladi (oʻquv-mashgʻulotlarida ishtirok etish va shartnomalar boʻyicha ishlarni bajarish holatlari bundan mustasno). Bunda hisobga olish davri oʻn ikki oydan, kunlik ishning davomiyligi esa oʻn ikki soatdan oshmasligi kerak.
32. Tiklash poyezdi xodimlarining ish kuniga tabiiy ofatlar, avariyalar va halokatlar sodir boʻlgan joylarga ushbu oqibatlarini bartaraf etish uchun joʻnab ketgan paytdan to oʻzining asosiy ish joyiga qaytib kelgungacha boʻlgan barcha soatlar kiritiladi.
33. Tiklash poyezdi xodimlari oʻquv-mashgʻulotlarga yoki shartnomalar boʻyicha ishlarni bajarishga jalb qilingan taqdirda, ularning ish vaqtlari smenalarga boʻlinib ishlash jadvallariga asosan belgilanadi.
6-bob. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining dam olish vaqti rejimi
34. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining dam olish vaqtini turlari quyidagilardan iborat:
ish kuni (smena, safar) davomidagi tanaffuslar;
har kungi (smenalar va safarlar oraligʻidagi) dam olish;
dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish);
ishlanmaydigan bayram kunlari;
har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari;
xodimning istagiga koʻra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan boʻsh boʻlgan qoʻshimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni.
35. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi.
36. Ish kunidan (smenadan, safardan) keyin poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlari uchun uzluksiz dam olish vaqti 12 soatdan kam boʻlishi mumkin emas.
Bunda, poyezdlar harakati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan lokomotiv brigadasi uchun dam olish vaqti kamida 16 soat etib belgilashga ruxsat beriladi.
37. Bir haftadan ortiq davomiylikdagi safarlarda band boʻlgan ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlariga, safar davrida har haftalik dam olish kunidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ushbu xodimlarga doimiy ish joyiga qaytib kelganidan soʻng ishlangan vaqt uchun dam olish kuni berilishi lozim.
38. Ish vaqtini umumlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilish ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlariga, har kunlik dam olish kunlari smenalarga boʻlinib ishlash jadvaliga asosan haftaning turli kunlarida belgilanishi mumkin.
39. Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlari uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni boʻlmagan taqdirda ortiqcha ishlagan ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlari uchun qoʻshimcha dam olish vaqtini berish yoki ularning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 263-moddasiga muvofiq haq toʻlash orqali kompensatsiya qilinadi.
40. Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlariga mehnat taʼtillarini berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi tashkiloti yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.
7-bob. Yakuniy qoida
41. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti va dam olish vaqti rejimlari toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining
ROʻYXATI
