Diplomatik va rasmiy pasport egalari uchun viza talablarini bekor qilish toʻgʻrisida
23.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Serbiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2024-yil 3-oktabrda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4576-CS-2024-H]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Serbiya Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish hamda amaldagi diplomatik va rasmiy pasport egalari boʻlgan oʻz fuqarolarining sayohat qilishlarini osonlashtirishni istagida,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Bitimning maqsadi
Mazkur Bitim qoidalari quyidagi har qanday pasportlar egalariga nisbatan qoʻllaniladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan diplomatik pasportlar;
2. Serbiya Respublikasi Hukumati tomonidan beriladigan diplomatik va rasmiy pasportlar.
2-modda Vizadan ozod etish
1. Tomonlardan biri davlatining amaldagi diplomatik va rasmiy pasportlari egalari (keyingi oʻrinlarda “pasport egalari” deb ataluvchilar) boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab, 180 (bir yuz sakson) kun ichida 90 (toʻqson) kundan oshmagan muddatga, basharti ular boshqa Tomon davlati hududida daromad keltiradigan faoliyat, shu jumladan, oʻz-oʻzini band qilish yoki xususiy haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanmasa, ushbu Tomon davlati hududiga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtinchalik boʻlishda viza talablaridan ozod etiladilar.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan muddatdan uzoqroq muddatga boshqa Tomon davlatining hududiga kirishni istagan bir Tomon davlatining pasport egalari ushbu Tomon davlatining hududiga kirish uchun viza olishlari talab etiladi.
3-modda Tayinlovlar uchun vizalar
1. Tomonlardan biri davlatining pasport egalari boʻlgan boshqa Tomon davlati hududida joylashgan diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari xodimlari hamda amaldagi diplomatik va rasmiy pasportga ega boʻlgan ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolari ushbu hududga vizasiz kirishlari va yashashlari mumkin, basharti ularning birinchi kirishi diplomatik kanallar orqali 30 (oʻttiz) kun oldin xabardor qilingan boʻlsa.
2. Boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xalqaro tashkilotlarga tayinlangan har bir Tomon davlatining pasport egalari hamda amaldagi diplomatik va rasmiy pasportga ega boʻlgan ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolari ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan huquqlarga ega hisoblanadilar.
3. Har bir Tomon davlatining pasport egalari chegarani faqat xalqaro sayohatlar uchun moʻljallangan chegara oʻtkazish punktlarida kesib oʻtadilar.
4-modda Milliy qonunchilik qoʻllanilishi
Har bir Tomon davlatining pasport egalari boshqa Tomon hududida boʻlishlari davomida ushbu Tomon davlatining milliy qonunlari va qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5-modda Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Bitimdagi hech narsa 1961-yil 18-apreldagi Diplomatik aloqalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va 1963-yil 24-apreldagi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasida belgilangan huquq va majburiyatlarga daxl qiladigan tarzda talqin qilinishi mumkin emas.
6-modda Persona non grata
Basharti shaxs istalmagan (persona non grata) deb hisoblansa, mazkur Bitim Tomonlardan birining oʻz davlati hududiga boshqa Tomon davlati pasporti egalarining kirishni rad etish yoki boʻlish muddatini chegaralash huquqini cheklamaydi.
7-modda Bitimning vaqtinchalik toʻxtatilishi
1. Har bir Tomon jamoat tartibi, milliy xavfsizlik yoki aholi salomatligini muhofaza qilish sabablari tufayli ushbu Bitimning bajarilishini vaqtincha, toʻliq yoki qisman, toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Toʻxtatib turish boshqa Tomon davlati hududiga allaqachon kirib kelgan pasport egalarining huquqlariga daxl qilmaydi.
2. Tomonlar ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan chora-tadbirlar amalga oshirilganligi toʻgʻrisida 72 soatdan kechiktirmay diplomatik kanallar orqali bir-birlarini xabardor qiladilar.
8-modda Namunalarni almashish
1. Tomonlar diplomatik kanallar orqali oʻzlarining amaldagi diplomatik va rasmiy pasportlari namunalarini hamda ulardan foydalanishga oid barcha maʼlumotlarni ushbu Bitim imzolangandan keyin, lekin u kuchga kirishidan kamida 30 kun oldin almashadilar.
2. Basharti yangi pasportlar joriy etilsa yoki amaldagilariga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa, har qaysi Tomon boshqa Tomonni zudlik bilan xabardor qiladi va ularning namunalarini rasmiy joriy etishdan oldin diplomatik kanallar orqali almashadi.
9-modda Pasportlar yoʻqolishi
1. Har qaysi Tomon davlatining pasport egalari boshqa Tomon davlati hududida sayohat hujjatlari yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda, bu haqda oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini darhol xabardor qiladi, bu haqda qabul qiluvchi davlatning tashqi siyosat idorasiga xabar beradi.
2. Pasportlar yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda, tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yoʻqolgan pasportni vaqtincha almashtirib, yangi pasport yoki boshqa yoʻl hujjatini beradi.
10-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki amalga oshirishdan kelib chiqadigan har qanday nizolar yoki kelishmovchiliklar hech qanday uchinchi tomon yoki xalqaro tribunalga murojaat qilmasdan, diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
11-modda Koʻrib chiqish va oʻzgartirishlar kiritish
Mazkur Bitim Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan yozma ravishda oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin. Har qanday tuzatish ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va Bitimning 12-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
12-modda Kuchga kirishi, muddati va tugatilishi
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va uning kuchga kirishi uchun milliy qonunchilikda belgilangan talablar Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab 30 (oʻttizinchi) kunda kuchga kiradi.
2. Har bir Tomon istalgan vaqtda boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qilish orqali ushbu Bitimni tugatishi mumkin. Ushbu Bitimning amal qilish muddati bunday xabarnoma olingan kundan boshlab 90 (toʻqsoninchi) kunda tugaydi.
Nyu-York shahrida 2024-yil 23-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, serb va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
