Respublikada piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish, chuqur qayta ishlash va ularning eksport hajmlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (437-son)
14.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika aholisini piyoz va sabzi mahsulotlari bilan yil davomida uzluksiz taʼminlash uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil, ertapishar piyoz va sabzi navlarini ekish, yetishtirilgan mahsulotni saqlash, qayta ishlash va eksport hajmlarini koʻpaytirish hamda mahsulot yetishtiruvchilar daromadlarini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining hududlarda piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish, ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda saqlash, chuqur qayta ishlash hamda ularning eksport hajmlarini oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi barcha toifa xoʻjaliklarida 2025 — 2027-yillarda piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlar tomonidan mahsulotlarni saqlash uchun sovitkichli omborxona, saralash, quritish, qadoqlash va qayta ishlash infratuzilmalarini tashkil etishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda mahsulotlarni saqlash uchun sovitkichli omborxona, saralash, quritish, qadoqlash va qayta ishlash infratuzilmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda dala chetlarida (muhofaza zonasidan tashqari) 20 sotixdan koʻp boʻlmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida tashkil etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorga 2-ilovadagi maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash maqsadida sovitkichli omborxona, quritish, saralash, qadoqlash, shok usulida muzlatish va qayta ishlash infratuzilmalarini tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshiruvchi tashabbuskorlarning nomma-nom roʻyxatini shakllantirsin hamda maqsadli koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2025 — 2027-yillarda aholi daromadlarini oshirish maqsadida ikki oy muddatda Savdo-sanoat palatasi mutaxassislarini jalb qilgan holda, tumanlarda piyoz va sabzini saralash, saqlash, chuqur qayta ishlash va eksportga chiqarish bilan shugʻullanuvchi kooperatsiyalarning tashkil etilishi boʻyicha oʻrganish ishlarini olib borsin hamda oʻrganish natijalariga koʻra istiqbolli va natijaga erishish imkoniyati boʻlgan tumanlarga 2025-yil yakuniga qadar ushbu yoʻnalishlarda kooperatsiyalar tashkil etishga koʻmaklashsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi ichki bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash, mahsulot yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida piyoz va sabzining tayyor boʻlish davrida ushbu mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
Bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan holda eksportga yoʻnaltiriladigan tez buziluvchi mahsulotlarning (asosan hoʻl meva-sabzavot mahsulotlari) bojxona postlarida harakatini tezlashtirish tizimini yoʻlga qoʻysin;
“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan birgalikda “Agro.uzex.uz” elektron savdo platformasi faoliyatiga oid videoroliklar va targʻibot-tashviqot materiallarini tayyorlab, mahallalarda, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi piyoz va sabzi ekilgan maydonlarda zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashishda qoʻllanadigan kimyoviy vositalar roʻyxatini shakllantirsin hamda oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda Zomin tajribasi asosida kamida 100 gektar yer maydonida piyoz va sabzining hosildor navlarini ekish, resurs tejaydigan texnologiyalar, jumladan, yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllagan holda yetishtirish, kasallik va zararkunandalarga ishlov berish hamda boshqa agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish orqali yuqori hosildorlikka erishishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda ushbu tajribani keng joriy etish maqsadida ikki hafta muddatda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir hafta muddatda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil, isteʼmol sifati yuqori, kasallik va zararkunandalarga chidamli boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlari, jumladan, piyoz va sabzining mahalliy navlarini yaratish hamda birlamchi urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish muammolarini hal etishga qaratilgan maqsadli amaliy tadqiqot hamda innovatsiya loyihalari tanlovini eʼlon qilsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-iyul,
437-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 437-son qaroriga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi barcha toifa xoʻjaliklarida 2025 — 2027-yillarda piyoz va sabzi mahsulotlarini yetishtirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 14-iyuldagi 437-son qaroriga 2-ILOVA
Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlar tomonidan mahsulotlarni saqlash uchun sovitkichli omborxona, saralash, quritish, qadoqlash va qayta ishlash infratuzilmalarini tashkil etishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2025-y., 09/25/437/0616-son)
