Dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (1386-son)
16.07.2004
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HuZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 16-iyulda 1386-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisida”gi nizomga va Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1996-yil 10-iyul, roʻyxat raqami 261)ga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining raisi M. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2004-yil 24-iyun,
106/4-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2004-yil 24-iyundagi 106/4-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisida”gi Nizom va Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (1996-yil 10-iyul, roʻyxat raqami 261) asosida ishlab chiqilgan.
I. Dissertatsiya va avtoreferatlar uchun qoʻyiladigan mezonlar
1. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya muallif oʻtkazgan tadqiqotlar va u yaratgan ishlanmalar asosida muhim xalq xoʻjaligi, ijtimoiy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik ilmiy muammo hal qilingan yoki tegishli fan sohasining istiqbolli yoʻnalishini rivojlantirishda ulkan yutuq deb baholash mumkin boʻlgan nazariy qoidalar majmui ishlab chiqilgan yoxud joriy etilishi texnikani rivojlantirishga katta hissa qoʻshadigan ilmiy asoslangan texnikaviy, iqtisodiy yoki texnologik yechimlar oʻz ifodasini topgan ilmiy asar boʻlishi kerak.
2. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya fanning tegishli sohasi uchun katta ahamiyatga molik masala yangicha hal qilingan yoki muallifning muhim amaliy masalalarni hal etishni taʼminlovchi ilmiy jihatdan asoslangan texnikaviy, iqtisodiy yoki texnologik tavsiyalari oʻz ifodasini topgan ilmiy asar boʻlishi kerak.
3. Dissertatsiya shaxsan yozilgan boʻlishi, muallif oshkora himoya uchun jamoat muhokamasiga taqdim etayotgan yangi ilmiy natijalar va holatlarning majmuini oʻz ichiga olishi, mohiyat jihatidan ichki birlikka ega boʻlishi va muallifning shaxsan fanga qoʻshgan hissasini aks ettirishi lozim.
4. Amaliy ahamiyatga molik dissertatsiyada aniq muammoning yechimi va muallif erishgan ilmiy natijalardan amaliyotda foydalanilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar, nazariy ahamiyatga molik dissertatsiyada esa ilmiy xulosalardan foydalanishga doir tavsiyalar berilishi lozim.
5. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan ilmiy maʼruza shaklidagi dissertatsiya talabgor tomonidan avval chop etilgan va ushbu fan sohasining mutaxassislariga keng maʼlum boʻlgan, fan va amaliyot uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy va tajribaviy-konstruktorlik ishlarining majmui asosida tayyorlangan, muallif oʻtkazgan tadqiqot va ishlanmalar natijalarining qisqacha umumlashtirilgan bayonidan iborat boʻladi. Ilmiy ishning ahamiyati hamda ilmiy maʼruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosani talabgorning asosiy tadqiqotlari oʻtkazilgan va ishlanmalari bajarilgan tashkilot beradi.
Ilmiy maʼruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsatni ixtisoslashgan kengash murojaatnomasi asosida Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan keyin — OAK) beradi.
6. Ilmiy maʼruza shaklidagi dissertatsiya muqova (1-ilova) va matn qismini oʻz ichiga oladi.
7. “OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiyaning himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berilganidan soʻng, ixtisoslashgan kengashning ruxsati bilan dissertatsiyaning qoʻlyozma huquqidagi avtoreferati nashr qilinadi. Ilmiy maʼruza shaklidagi doktorlik dissertatsiyasi avtoreferat sifatida tarqatiladi.
8. Avtoreferatda dissertatsiyaning asosiy gʻoya va xulosalari bayon etilishi, oʻtkazilgan tadqiqotlardagi muallifning qoʻshgan hissasi, tadqiqot natijalarining yangilik darajasi va amaliy ahamiyati koʻrsatilishi shart.
Doktorlik dissertatsiyasining titul varagʻi va avtoreferat muqovasida faqat bitta ilmiy maslahatchi koʻrsatiladi.
Nomzodlik dissertatsiyasining titul varagʻi va avtoreferat muqovasining orqa tomonida faqat bitta ilmiy rahbar koʻrsatiladi. Zarur hollarda OAK ruxsati bilan nomzodlik dissertatsiyasining titul varagʻida ikkinchi ilmiy rahbar yoki ilmiy maslahatchini koʻrsatish mumkin. Ixtisosliklar tutashligida bajarilgan nomzodlik dissertatsiyalari bundan mustasno.
9. Dissertatsiya va avtoreferat oʻzbek, rus yoki ingliz tillaridan birida yozilishi mumkin. Avtoreferat oxirida oʻzbek, rus va ingliz tillarida qisqacha rezyume boʻlishi tavsiya etiladi.
Rezyumening hajmi doktorlik dissertatsiyasi uchun bir betdan va nomzodlik dissertatsiyasi uchun yarim betdan oshmasligi lozim.
10. Dissertatsiya avtoreferati bosmaxonada yoki koʻpaytirish apparatlarida ixtisoslashgan kengash tomonidan belgilangan nusxada bosiladi.
Dissertatsiyada yoʻl qoʻyilgan noaniqliklar va xatolarni dissertatsiya himoyasidan keyin tuzatishga ruxsat berilmaydi.
II. Dissertatsiyani rasmiylashtirish qoidalari
11. Dissertatsiya ishi kirish qismi, kamida uchta boʻlim, asosiy xulosalar va foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidan iborat boʻlib, oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Titul varagʻi OAK tomonidan tasdiqlangan namuna (2-ilova) boʻyicha rasmiylashtiriladi.
Dissertatsiya nomi aniq va qisqa boʻlishi tavsiya etiladi.
12. Dissertatsiya ishining mavzusi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlanganidan soʻng “OAK Byulleteni” jurnalida nashr qilinishi shart.
13. Dissertatsiya davomida har bir parametrning oʻlchami hamma vaqt bir xil boʻlishi zarur.
14. Kirish (soʻzboshi) dissertatsiya ishi davomida nimalar kelishi haqidagi oʻquvchining tushunchasini yengillashtirishi lozim. Shuning uchun bu oʻrinda ilmiy tadqiqotning obyekti aniq va loʻnda yoritib berilishi, mazkur tadqiqotni oʻtkazishning dolzarbligini asoslab berish kerak.
Dissertatsiya ishi yangiligi bilan ajralib turishi kerak. Shuning uchun soʻzboshida qisqa annotatsiya koʻrinishida muammoning yechilishida (nomzodlik dissertatsiyasi uchun) yoki fan sohasida (doktorlik dissertatsiyasi uchun) muallif tomonidan qilingan yangilik bayon etilgan boʻlishi kerak. Soʻzboshini muallif himoyaga olib chiqayotgan asosiy holatlarni sanab oʻtish bilan tugatishi lozim.
15. Dissertatsiyaning boʻlimlari uchtadan kam boʻlmasligi kerak. Boʻlimlarda ishning asosiy mazmuni bayon etiladi.Dissertatsiyaning birinchi boʻlimida talabgor oʻrganilayotgan masalaning bugungi holatiga qisqa baho (nomzodlik ishlari uchun) va fan sohasining holatiga tasnif (doktorlik dissertatsiyalari uchun) berib oʻtishi kerak. Bu baho va tasnif dissertatsiyaning kirish qismida ham berilishi mumkin.
16. Talabgor har qanday ilmiy ishga qoʻyiladigan quyidagi talablarni bajarishi lozim:
a) materialni bayon qilishda oʻquvchiga dissertatsiya boʻlimlarining bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqligi, boʻlimlar ichida qismlar va bandlar aloqadorligi haqida aniq tushuncha bera oladigan mantiqiy izchillik;
b) maʼlumotlarning ishonchliligi;
v) bayon qilingan fikrning aniq va qisqa boʻlishi;
g) tadqiqotning har bir boʻlimidagi ayrim masalalarni yechishda natijalarni aniq bayon qilish.
Soʻnggi talabni bajarish uchun talabgor, odatda, dissertatsiya boʻlimlarining oxirida qism tarzida boʻlim boʻyicha xulosalar berishi kerak.
17. Xulosa butun dissertatsiya tadqiqoti boʻyicha qisqa umumlashtirilgan natijalardan iborat boʻlishi kerak.
18. Dissertatsiya yuzasidan foydalanilgan adabiyotlar 3-ilovaga muvofiq tarzda rasmiylashtirilishi tavsiya etiladi.
19. Dissertatsiya mavzusi boʻyicha asosan soʻnggi 10 — 15 yil ichida nashr qilingan adabiyotlardan foydalanish tavsiya etiladi.
20. Ilovalar dissertatsiyaning asosiy matni bilan birga bitta kitobga jamlangan boʻlishi yoki alohida kitob holida chiqarilgan boʻlishi mumkin. Ilovalarga dissertatsiya matnini toʻldiruvchi va tasvirlovchi turli yordamchi materiallar kiritiladi:
a) oraliq matematik isbotlar, formulalar, hisob-kitoblar;
b) statistik maʼlumotlar va ularni qayta ishlash metodlari;
v) aniq tajribalar natijalari;
g) dastlabki materiallar;
d) yordamchi nomogrammalar va jadvallar;
e) tajribalarda, oʻlchash va sinovlarda qoʻllanilgan apparatlar va uskunalar taʼrifi;
j) dissertatsiya tadqiqoti jarayonida ishlab chiqilgan EHMda yechilgan masalalar yordamchi algoritmlari va dasturlari, metodlari;
z) yordamchi xarakterdagi illyustratsiyalar (tasvirlar);
i) mukammal izohlar;
k) dissertatsiya ishining natijalarini tatbiq etish boʻyicha dalolatnomalar va boshqalar.
k) dissertatsiya ishining natijalarini tatbiq etish boʻyicha dalolatnomalar va boshqalar.
Ilovalar ketma-ketligi tartibi dissertatsiyada ularga murojaat qilish tartibiga mos kelishi va foydalanish qulayligini taʼminlashi kerak.
21. Dissertatsiya matnini kompyuterda WORDning 14 shriftida 1,5 intervalda A4 formatli standart oq qogʻozning bir tomonida yozish tavsiya etiladi.
Doktorlik dissertatsiyasining matni 250 betdan, nomzodlik dissertatsiyasi esa 120 betdan oshmasligi kerak. Ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya hajmi koʻpi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin. Ilovalar koʻrsatilgan hajmga kirmaydi.
22. Dissertatsiya betlarining chap tomoni 30 mm, yuqori tomoni 25 mm, oʻng tomoni 15 mm, quyi tomoni 25 mm boʻlishi tavsiya etiladi. Matndagi formulalar puxta va aniq yozilgan boʻlishi shart. Katta va kichik harflar, yuqori va pastki indekslari formulada aniq berilishi kerak. Formula uchun belgilarning oʻlchami quyidagicha belgilanadi: katta harflar va raqamlar 5-6 mm, kichik harflar 3 mm, daraja koʻrsatkichlari va indekslari 2 mm dan kam boʻlmasligi tavsiya etiladi.
23. Dissertatsiya matni va ilovadagi jadvallar, chizmalar, sxemalar, diagrammalar, grafiklar, fotosuratlar oʻlchami A4 formatli standart varaqda bajarilishi kerak yoki standart oʻlchamdagi oq qogʻozga yopishtirilgan boʻlishi tavsiya etiladi. Foto va rasmlarga izohlar hamda yozuvlar oʻqish uchun qulay holda joylashtirilishi zarur.
Dissertatsiyada tuzatishlarga ruxsat etilmaydi.
24. Dissertatsiyaning barcha betlari titul betidan oxirgi betgacha tartib bilan raqamlanadi. Birinchi bet titul varagʻi hisoblanib, unga raqam qoʻyilmaydi, keyingi betga “2” raqami qoʻyiladi va hokazo. Tartib raqami betning yuqori tomonining oʻrtasiga qoʻyiladi. Talabgor tomonidan dissertatsiyaning har bir nusxasi titul varagʻiga imzo chekiladi.
25. Boʻlimlarning nomlanishi bosh harflar bilan yoziladi. Boʻlim ichidagi nomlanishlar xatboshidan kichik harflar bilan yoziladi. Sarlavhalarni yozishda boʻgʻin koʻchirishga ruxsat berilmaydi. Sarlavha oxirida nuqta qoʻyilmaydi. Sarlavha va matn orasi 3-4 interval boʻlishi tavsiya etiladi. Sarlavhani tagiga chizib yozishga ruxsat etilmaydi. Dissertatsiyaning har bir boʻlimi yangi betdan boshlanadi.
26. Dissertatsiya boʻlimlari butun dissertatsiya boʻyicha arab raqamlari bilan belgilanib, raqamdan soʻng nuqta qoʻyiladi. Kirish va xulosa qismlari raqamlanmaydi. Boʻlim ichida paragraflar arab raqamlari bilan belgilanadi. Paragraf raqami nuqta bilan ajratilgan boʻlim va paragraf raqamidan iborat boʻladi. Paragraf raqami oxirida nuqta qoʻyiladi, masalan, “2.3.”.
Har bir paragraf ichida bandlar arab raqamlari bilan belgilanadi. Band raqami nuqtalar bilan ajratilgan boʻlim, paragraf va band raqamidan iborat boʻladi. Raqam oxirida nuqta qoʻyiladi, masalan, “1.1.2.”.
27. Illyustratsiya (surat)lar koʻrish uchun qulay tarzda joylashtirilishi kerak. Agar dissertatsiyani burish lozim boʻlsa, uni soat stryelkasi boʻylab burish kerak. Barcha surat (grafik, chizma, diagramma, fotosurat)lar “rasm” soʻzi va boʻlim boʻyicha ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Ilovalarda keltirilgan suratlar bundan mustasno. Surat raqami boʻlim va surat raqamidan iborat boʻlib, nuqta bilan ajratiladi, masalan “1.2-rasm” va izoh beruvchi yozuvdan pastga yoziladi.
28. Raqamli materiallar jadval koʻrinishida rasmiylashtirilishi lozim. Jadvalni rasmiylashtirish namunasi 4-ilovada koʻrsatilgan.
Har bir jadval sarlavhaga ega boʻlishi kerak. Sarlavha bosh harf bilan boshlanadi. Sarlavhaning ostiga chizilmaydi.
Jadval grafalarining sarlavhalari bosh harflar bilan, sarlavhachalari esa, agar ular sarlavha bilan bitta gapni tashkil etsa, kichik harflar bilan, agar ular mustaqil boʻlsa, katta harflar bilan boshlanishi kerak. Jadval bosh qismini diagonal boʻyicha boʻlish mumkin emas. Satrlar balandligi 8 mm dan kam boʻlmasligi tavsiya etiladi.
Koʻplab grafalarga ega boʻlgan jadvalni qismlarga boʻlish va bir qismni ikkinchi qismdan keyin joylashtirishga ruxsat etiladi.
Boʻlimlar doirasidagi jadvallar izchil, ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Jadval raqami boʻlim raqami bilan jadvalning tartib raqamidan tashkil topadi va ular oʻzaro nuqta bilan ajratiladi. Masalan: “1.2-jadval”.
Agar dissertatsiyada bitta jadval boʻlsa, u raqamlanmaydi va “jadval” soʻzi yozilmaydi.
Jadvalning biror qismi boshqa betga oʻtganda, “jadval” soʻzi va uning tartib raqami bir marta jadvalning birinchi qismi ustida koʻrsatilib, qolgan qismlar ustiga “davomi” degan soʻz yoziladi.
29. Simvollarning maʼnolari bevosita formula ostida ularning formuladagi ketma-ketligi boʻyicha beriladi. Har bir simvolning maʼnosini yangi qatordan berish lozim.
Tenglama va formulalar matndan alohida boʻsh qatorlar bilan ajratib yoziladi. Har bir formulaning yuqori va pastki tomonlarida kamida bir satrdan joy qoldirish tavsiya etiladi. Agar tenglama bitta qatorga sigʻmasa, sigʻmagan qism tenglik belgisi (=)dan yoki qoʻshish (+), ayirish ( ), koʻpaytirish (x), boʻlish (:) belgilaridan keyin koʻchirilishi kerak.
Dissertatsiyadagi formulalar (agar ular bittadan koʻp boʻlsa) boʻlim doirasida arab raqamlari bilan belgilanadi. Formula raqami boʻlim raqami va formulaning boʻlimdagi tartib raqamidan tashkil topib, oʻzaro nuqta bilan ajratiladi. Bu narsa betning oʻng tomonida formula bilan bir qatorda qavslar bilan koʻrsatiladi (5-ilova).
30. Matndagi manbalarga havolalarni satr osti eslatmalarida keltirish yoki manbaning “Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati” boʻyicha tartib raqamini kvadrat qavslarda koʻrsatish lozim.
Illyustratsiyalarga qilingan havolalar suratning tartib raqami bilan koʻrsatiladi, masalan, “1.2-rasm”. formulalarga qilingan havolalar formulaning qavs ichidagi tartib raqami bilan koʻrsatiladi, masalan, “(2.2) formulada”. Matnda barcha jadvallarga havola berilishi kerak.
31. Har bir ilova yangi betning oʻng yuqori burchagida “Ilova” soʻzi bilan boshlanadi. Agar dissertatsiyada bittadan koʻp ilova boʻlsa, ular ketma-ket arab raqamlari bilan belgilanadi. Masalan, “1-ilova”, “2-ilova” va h.
Ilovalarni alohida rasmiylashtirganda, titul varagʻida dissertatsiya mavzusining nomi ostida katta harflar bilan “ILOVALAR” soʻzi yoziladi.
III. Dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari
32. Dissertatsiya boʻyicha qoʻlyozma huquqidagi avtoreferat chop etilishi va koʻpaytirilishi kerak. Avtoreferatni WORDning 14 shriftida 1 intervalda yozish tavsiya etiladi.
Doktorlik dissertatsiyasi boʻyicha dissertatsiyaning qoʻlyozma huquqidagi avtoreferati hajmi 32 betdan, nomzodlik dissertatsiyasi boʻyicha esa 16 betdan oshmasligi tavsiya etiladi. Ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya avtoreferatining hajmi koʻpi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin.
Dissertatsiya avtoreferati belgilangan shakldagi muqova (6-ilova) hamda matn qismidan iborat. Avtoreferat muqovasi, avtoreferat oxirida beriladigan eʼlon qilingan ishlar roʻyxati, rezyume va illyustratsiyalar umumiy hajmga kirmaydi.
33. Avtoreferat matni quyidagi boʻlimlarga boʻlinadi:
1. Dissertatsiyaning umumiy tavsifi. Ushbu boʻlim quyidagi qismlardan iborat boʻladi:
a) Mavzuning dolzarbligi;
b) Muammoning oʻrganilganlik darajasi;
v) Dissertatsiya ishining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bogʻliqligi;
g) Tadqiqot maqsadi;
d) Tadqiqot vazifalari;
e) Ilmiy yangiligi;
j) Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati;
z) Natijalarning joriy qilinishi;
i) Ishning sinovdan oʻtishi;
k) Natijalarning eʼlon qilinganligi;
l) Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi.
2. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni. Ushbu boʻlimda bajarilgan tadqiqotning qisqacha tavsifi bayon qilinishi kerak.
3. Xulosa. Ushbu boʻlim asosiy xulosalarni hamda tavsiyalarni qamrab olishi kerak.
4. Eʼlon qilingan ishlar roʻyxati. Bunda muallifning faqat dissertatsiya mavzusi boʻyicha eʼlon qilingan ishlarining roʻyxati beriladi.
5. Rezyume quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tayanch (eng muhim) soʻzlar;
tadqiqot obyektlari;
ishning maqsadi;
tadqiqot usuli;
olingan natijalar va ularning yangiligi;
amaliy ahamiyati;
tadbiq etish darajasi va iqtisodiy samaradorligi;
qoʻllanish (foydalanish) sohasi.
Rezyume oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozilishi kerak. Rezyume namunasi 7-ilovada keltirilgan.
1-ILOVA
Ilmiy maʼruza shaklidagi dissertatsiya muqovasi
2-ILOVA
Dissertatsiyaning titul varagʻi
3-ILOVA
Foydalanilgan adabiyotlarning yozilish namunalari
I. Kitob va turkum nashrlari
1.1. Bir tomlik kitoblar, monografiyalar, darsliklar, maqolalar toʻplami.
a) bir muallifning: Marchuk G.I. Hisoblash matematikasining usullari. — Novosibirsk: Nauka. 1983. — 196 b.
b) butun manbaga havola: Godunov S.K., Ryabenkiy V.S. Raznostnie sxemi (vvedeniye v teoriyu). Ucheb. posobiye dlya VUZov. — M.: Nauka, 1992. — 399 b.
v) ikki muallifning: Godunov S.K., Ryabenkiy V.S. Vvedeniye v teoriyu raznostnix sxem. — M.: Fizmatgiz, 1982. — 168 b.
g) uch muallifning: Koshlyakov N.S., Gliner E.B., Smirnov M.M. Matematik fizikaning differensial tenglamalari. — M.: Fizmatgiz, 1962. — 67 b.
d) toʻrt muallifning: Estestvennie sostavlyayuщiye meteorologicheskix poley / Meщerskaya A.V., Ruxovets L.V., Yudin M.I., Yakovleva N.I. — L.: Gidrometeoizdat, 1970. — 199 b.
e) mualliflar jamoasi uchun: Planirovaniye, organizatsiya i upravleniye transportnim stroitelstvom /A.M. Koroteyev, T.A. Belyayev va b.; A.M. Koroteyev tahriri ostida — M.: Transport, 1989. — 286 b.
1.2. Koʻp tomlik kitoblar
a) butun manbaga havola: Fletcher K. Vichislitelnie metodi v dinamike jidkostey. V 2-x t. — M.: Mir, 1991. — 504 b.
b) alohida tomning tavsifi: Sedov L.I. Mexanika sploshnoy sredi. V 2-x t. — M.: Nauka, 1983. T.1. B. 114—125.
2. Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferati
2.1. Kuznetsov Y.I. Postroyeniye informativnogo bazisa v zadachax obщey sirkulatsii otmosferi: Dis… kand. fiz.—mat. nauk. — Novosibirsk: VS SO RAN, 1997. — 134 b.
2.2. Frolov V.V. Teoreticheskiye problemi pravovogo regulirovaniya spetsialnix ekonomicheskix zon: Avtoref. dis... kand. yur. nauk — M.: MGU, 1997. — 22 b.
3. Jurnallardagi maqolalarga havolalar
3.1. Baxvalov N.S. K optimizatsii metodov resheniya krayevix zadach pri nalichii pogranichnogo sloya // J. vichisl. matem. i matem. fiz. — 1969. — № 4 (9). — B. 841—859.
4. Ilmiy ishlar toʻplamlariga havolalar
4.1. Intellektualnoye obщeniye s EVM: Sb. nauch. tr. TashGU. — Tashkent, 1986. — 270 b.
5. Simpozium va konferensiya ishlariga havolalar
5.1. Petrov S.M. Vliyaniye konechnoy skorosti rasprostraneniya poperechnoy volni na dinamicheskoye povedeniye visokogo soorujeniya //IV Rossiyskaya konf. po seysmostoykomu stroitelstvu: Tez. dokl. — M., 2001. 55 b.
5.2. Ivanov P.K. Algoritm issledovaniya kolebaniy osesimmetrichnix soorujeniy s dinamicheskimi gasitelyami //Perspektivnie informatsionnie texnologii: Tez. dokl. resp. nauch. konf. 21-22 maya 2002. — Tashkent, 2002. 132-133 b.
6. Deponentlashtirilgan ilmiy ishlarga havolalar
6.1. Soatov U.A. Neobxodimoye i dostatochnoye usloviye suщestvovaniya resheniya chastichno integralnogo uravneniya s virojdennimi yadrami. — T.: 1997. 29 b. — Dep. v GFNTI GKNT RUz 01.10.97. № 2677-97.
4-ILOVA
5-ILOVA
6-ILOVA
Avtoreferat muqovasi
7-ILOVA
REZYuME
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 28-son, 328-modda)
