Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (421-son)
08.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, import qilingan yangi qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar xizmatlari uchun talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestriga kiritish uchun ariza bilan murojaat qilish tartibi;
import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi;
rasmiy dilerlik xizmatlari uchun talablar.
2. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish uchun masʼul organ hisoblanadi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-iyul,
421-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-iyuldagi 421-son qaroriga ILOVA
Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi qishloq xoʻjaligi texnikalarini chetdan import qilgan holda sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
ariza beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestriga kirish uchun murojaat qiluvchi yuridik shaxs;
rasmiy diler — Oʻzbekiston Respublikasi hududida import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish boʻyicha xorijiy ishlab chiqaruvchi bilan tegishli dilerlik kelishuviga ega boʻlgan yuridik shaxs;
reyestr — Oʻzbekiston Respublikasi hududida import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar roʻyxati;
qishloq xoʻjaligi texnikalari — qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan barcha turdagi traktorlar (gʻildirakli, zanjirli va yarim zanjirli), oʻziyurar mashinalar (oʻrish va paxta terish kombaynlari, oziqa yigʻish va bogʻdorchilik mashinalari), traktor tirkamalari, qishloq xoʻjaligi maqsadlariga moʻljallangan tuproqqa va ekinlarga ishlov berish mashinalari;
“Uzagroin.uz” axborot tizimi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzagroinspeksiya”) reyestrga kiritish boʻyicha arizani yuborish, qabul qilish va koʻrib chiqish jarayonlarining barcha bosqichlarini oʻz ichiga olgan elektron axborot tizimi.
3. Reyestrni shakllantirish va yuritishning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
rasmiy dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini yetkazib berishda amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻllaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari hamda moliyaviy yordamlar)dan foydalanish;
rasmiy dilerlar holati va salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamlash va tahlil qilib borish;
rasmiy dilerlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish.
4. Reyestr quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
import qilinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning nomi va belgisi;
rasmiy dilerning nomi, pochta va elektron manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, telefon raqami;
import qilinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasining nomi va rusumi;
import qilinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasining Oʻzbekiston Respublikasi TIF TN boʻyicha tasnif kodi;
rasmiy dilerning reyestrga kiritilgan sanasi;
rasmiy dilerga qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona tomonidan berilgan rasmiy dilerlik vakolatining amal qilish muddati.
5. Reyestr davlat tilida elektron holda shakllantiriladi va yuritiladi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi
6. Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestri ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha shakllantiriladi va yuritiladi.
7. Ariza beruvchi reyestrga kiritish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan “Oʻzagroinspeksiya”ga “Uzagroin.uz” axborot tizimi orqali elektron shaklda murojaat qiladi.
8. Ariza beruvchi ushbu Nizomning 9-bandida keltirilgan hujjatlarni toʻliq taqdim qilishi va 19-banddagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
9. Ariza beruvchi arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning vakolatli vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar (rasmiy dilerlik shartnomasi va sertifikati);
qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish, saqlash uchun maydon hamda servis xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan bino/xona (mulk yoki ijara huquqlarini tasdiqlovchi shartnoma asosida) va uskunalarning mavjudligi boʻyicha hujjatlar;
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning rasmiy veb-saytida rasmiy diler toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning kiritilganligi haqida foto rasm (ishlab chiqaruvchi korxonaning rasmiy veb-saytida rasmiy diler toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritgan holda);
qishloq xoʻjaligi texnikalari konstruksiyasining xavfsizligi toʻgʻrisidagi texnik reglament talablariga muvofiqligi boʻyicha sertifikat.
10. “Oʻzagroinspeksiya” ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni mobaynida arizani koʻrib chiqadi.
“Oʻzagroinspeksiya” ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlarni ushbu Nizom talablariga muvofiqligini rasmiy, ishonchli, foydalanish mumkin boʻlgan manbalar orqali oʻrganadi hamda tekshiradi.
11. Taqdim etilgan hujjatlar haqqoniy, asosli va yetarli deb topilgan taqdirda, “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan ariza beruvchi reyestrga kiritiladi.
12. Rasmiy diler reyestrga bir yil muddatga kiritiladi va ushbu muddat reyestrda koʻrsatiladi.
13. Reyestrga kiritilgan rasmiy dilerning vakolati qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona tomonidan muddatidan oldin tugatilganda, ushbu rasmiy diler reyestrdan chiqariladi hamda beriladigan barcha imtiyozlar toʻxtatiladi.
Bunda rasmiy dilerga oldin berilgan imtiyozlar qaytarib olinmaydi.
Rasmiy diler vakolati tugagan kundan eʼtiboran besh ish kuni mobaynida bu toʻgʻrisida “Oʻzagroinspeksiya”ni xabardor qilishi lozim.
“Oʻzagroinspeksiya” reyestrga kiritilgan rasmiy dilerning vakolati muddatidan oldin tugaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot kelib tushgan sanadan eʼtiboran bir ish kuni mobaynida rasmiy dilerni reyestrdan chiqaradi.
Rasmiy diler oʻz vakolati tugaganligi haqidagi maʼlumotni belgilangan muddatda taqdim etmaganligi “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan aniqlanganda, rasmiy dilerlik vakolati tugagan kundan eʼtiboran foydalangan barcha imtiyozlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
14. Ariza beruvchini reyestrga kiritishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 9-bandida keltirilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda yoki ushbu hujjatlarni soxtalashtirish va nomutanosiblik holatlari aniqlanganda;
ushbu Nizomning 19-bandida keltirilgan rasmiy dilerlik xizmatlari talablariga muvofiq boʻlmaganda;
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona tomonidan berilgan rasmiy dilerlik vakolati muddati tugagan boʻlsa.
15. “Oʻzagroinspeksiya” reyestrga kiritish rad etilgan ariza beruvchini besh ish kuni mobaynida rad etishning aniq sabablarini koʻrsatgan holda “Uzagroin.uz” axborot tizimi orqali xabardor qiladi.
16. Reyestrga kiritish rad etilgan ariza beruvchi xabarnomani olgan kundan eʼtiboran unda keltirilgan kamchiliklarni besh ish kuni mobaynida bartaraf etgan holda hujjatlarni qayta taqdim etadi.
Agar ariza beruvchi belgilangan muddatda xabarnomada keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etmasa, umumiy asoslarda qayta ariza bilan murojaat qiladi.
17. Quyidagilar rasmiy dilerni reyestrdan chiqarishga asos boʻladi:
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning rasmiy dilerni reyestrdan chiqarish toʻgʻrisidagi murojaati;
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning rasmiy dilerga bergan vakolatli vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat (rasmiy dilerlik shartnomasi va sertifikati)ning amal qilish muddati tugaganda;
yuridik shaxs qayta tashkil etilganda.
Yuridik shaxs qayta tashkil etilgan taqdirda, reyestrga kiritish masalasini koʻrib chiqish dastlabki murojaat kabi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Reyestrga kiritish rad etilganda yoki reyestrdan chiqarilganda ariza beruvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
3-bob. Rasmiy dilerlik xizmatlari talablari
19. Rasmiy dilerlik xizmatlari talablari:
rasmiy diler Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlishi;
rasmiy diler qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish, saqlash va servis xizmatlari koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻziga tegishli (yoki ijara huquqi asosida egalik qiluvchi) chakana savdo shoxobchasiga yoki shoxobchalarga ega boʻlishi;
rasmiy diler bilan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona oʻrtasida rasmiy dilerlik shartnomasi tuzilganligi hamda ushbu ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona tomonidan unga rasmiy dilerlik maqomi berilganligini tasdiqlovchi sertifikatga ega boʻlishi;
rasmiy diler yoki ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona tomonidan rasmiy dilerlik xizmatlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar, jumladan, shartnoma shartlariga muvofiq tarzda sotilgan qishloq xoʻjaligi texnikalariga kafolatli xizmatlar koʻrsatish davrida texnikadan foydalanish jarayonida kelib chiqishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf qilishi, shartnomada belgilangan shartlarda isteʼmolchilarning ehtimoliy iqtisodiy zararlarini qoplash xavflarini sugʻurtalashi;
rasmiy dilerning xodimlari tarkibida texnik va taʼmirlash xizmatlari koʻrsatish boʻyicha doimiy ishga qabul qilingan malakali texnik mutaxassislarning mavjudligi;
qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaning rasmiy veb-saytida rasmiy diler toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritilgan boʻlishi (ishlab chiqaruvchi korxonaning rasmiy veb-saytida rasmiy diler toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritgan holda).
20. Rasmiy diler yangi qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotishni va sotish jarayonini jadallashtirish uchun quyidagi vazifalarni oʻz zimmasiga oladi va bajarilishini taʼminlaydi:
a) isteʼmolchiga sotgan qishloq xoʻjaligi texnikalariga kafolatli xizmatlar koʻrsatish davrida ushbu texnikalarning toʻxtovsiz ishlashini taʼminlash uchun yetarli ehtiyot qismlarga, shu jumladan, davriy ravishda almashtirish kerak boʻlgan ehtiyot qismlar (filtr, moy, tasmalar) zaxirasiga ega boʻlishi;
b) isteʼmolchiga sotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarining kafolatli davrida — isteʼmolchi murojaat qilgan vaqtdan eʼtiboran 48 soat ichida toʻlovsiz (isteʼmolchi aybdor boʻlgan hollar bundan mustasno), kafolatdan keyingi davrda esa — murojaat qilingan vaqtdan eʼtiboran 72 soat davomida toʻlov asosida sifatli servis xizmatlari koʻrsatilishi;
v) isteʼmolchiga sotgan qishloq xoʻjaligi texnikalariga kamida bir yillik yoki 1 000 moto-soat, shuningdek, sotilgan kundan eʼtiboran 10 yil muddatda shartnoma asosida ehtiyot qismlar taʼminoti, texnik va taʼmirlash xizmatlari uchun kamida 6 oylik yoki 500 moto-soat xizmatlar koʻrsatish kafolatini berilishi;
g) doimiy ravishda mobil va statsionar — montaj, texnik qoʻllab-quvvatlash, tezkor texnik va taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati boʻlishi;
d) isteʼmolchiga sotgan qishloq xoʻjaligi texnikasini boshqaruvchi traktorchi-mashinistni, shuningdek, ushbu texnikaga xizmat koʻrsatuvchi texnik xodimlarning kasb mahoratini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etilishi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestriga kiritish ixtiyoriy ravishda ariza beruvchining arizasiga asosan bepul amalga oshiriladi.
22. “Oʻzagroinspeksiya” oʻzining rasmiy veb-saytida reyestrga kiritilgan rasmiy dilerlarning elektron roʻyxatini hamda maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi.
23. Reyestrga kiritish uchun taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi va ishonchliligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
24. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar “Oʻzagroinspeksiya”da uch yil davomida saqlanadi.
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi boʻyicha
SXEMA
Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotish bilan shugʻullanuvchi rasmiy dilerlar reyestriga kiritish uchun
ARIZA
Izoh. Rasmiy dilerlik faoliyatini yuritish uchun zarur hujjatlar ilova qilinadi.
