19-modda. Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish:
ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida (shaxsan murojaat qilinganda);
joylashtirish vositalarida yoki davolash muassasalarida “E-mehmon” tizimi orqali (xabardor qilish tartibida) amalga oshiriladi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni taklif qilgan (qabul qilayotgan) jismoniy va yuridik shaxslar ularni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish uchun ichki ishlar organlarining hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) uy-joy maydonini berish toʻgʻrisidagi arizasini (roziligini), shaxsan borish imkoni mavjud boʻlmaganda esa uning (ularning) notarial tartibda tasdiqlangan arizasini (roziligini);
turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) pasportini (yashash guvohnomasini) yoki identifikatsiyalovchi kartasini;
roʻyxatdan oʻtayotgan shaxsning harakatlanish hujjatini;
oʻn olti yoshga toʻlmagan bola arizada koʻrsatilgan taqdirda, uning harakatlanish hujjatini;
agar chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirsa — qabul qilayotgan yuridik shaxsning belgilangan shakldagi talabnomasini.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan, Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz kirish rejimi belgilangan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar fuqarolari turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) arizasida koʻrsatilgan, ammo olti oydan ortiq boʻlmagan muddatga turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) arizasida koʻrsatilgan, ammo vizasiz rejim oʻrnatilgan muddatdan yoxud berilgan kirish yoki kirish-chiqish vizasining amal qilish muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkaziladi.
