14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yangi yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganda;
turar joy mulkdorining arizasiga koʻra — turar joyga boʻlgan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga (bundan mazkur shaxslarning turar joydan foydalanish huquqi sud tomonidan belgilanganligi yoki taraflar oʻrtasida kelishuv mavjudligi hollari mustasno) yoxud ushbu Qonunning 20-moddasida belgilangan uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya qilingan holda yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xorijga doimiy yashashga ketayotganda;
ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnomasi yoki roziligi asosida;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish toʻgʻrisidagi shaxsiy murojaati yoki boshqa shaxsning notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosidagi murojaati boʻyicha.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish sud tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qoʻllanilmagan holda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxsning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini bekor qilish toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan;
shaxsni turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi, shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi, shaxsni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi yoki shaxsni turar joydan koʻchirish haqidagi sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan;
shaxsning qalbaki hujjatlar yoki haqiqatga mos kelmaydigan hujjatlar asosida yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazgan mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari aniqlanganda — sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmiga asosan;
