Amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida turgan birinchi darajali vazifalar toʻgʻrisida (SQ-139-V-son)
25.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Joriy yil 16-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan mavjud holat, amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy ustuvor vazifalar va yoʻnalishlar belgilab berildi.
Soʻnggi yillardagi keng qamrovli islohotlar, koʻrilayotgan qatʼiy choralar natijasida mamlakatimizda barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlandi.
Shu bilan birga, islohotlarni jadal rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi qator kamchiliklar ham mavjudligi Davlat Rahbari tomonidan qayd etildi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Birinchi navbatda aholi kayfiyatiga taʼsir qiluvchi muhim yoʻnalishlarga eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Jumladan, energiya isteʼmoli va taʼminoti masalasi dolzarbligi oshmoqda. Shundan kelib chiqib, energiya samaradorligini oshirish, ilgʻor texnologiyalarga oʻtish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Kambagʻallikdan chiqarish, aholi bandligini taʼminlash maqsadida 2 mln 600 ming aholini band qilish, 722 ming kishini kambagʻallikdan chiqarish rejasi ijrosini taʼminlash masalasi qoʻyildi.
Qishloq xoʻjaligida yer resurslaridan oqilona foydalanish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mahallalardagi tomorqalarga suv yetkazish hisobiga qoʻshimcha mahsulotlar olish boʻyicha koʻlamli topshiriqlar belgilandi.
Bundan tashqari, hududlarni rivojlantirishda muhim boʻlgan masalalar — joylarda drayver loyihalarni oʻz vaqtida bajarish, mahalliy budjet tushumlarini oshirish, yoʻl qurish va taʼmirlash, avtohalokatlarning sonini qisqartirish, jamoat transporti sifatini koʻtarish, shaharsozlikdagi muammolarni hal qilish, “Yashil makon” loyihasini samarali amalga oshirish boʻyicha qator topshiriqlar berildi.
Ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizimni yaratish, Xalq qabulxonalari tizimini takomillashtirish qayd etildi.
Tuman boʻgʻinining samarali ishlashini yoʻlga qoʻyish maqsadida yangi boshqaruv tizimini yil yakunigacha Surxondaryo viloyatida toʻliq tatbiq etish, qolgan hududlarda jadal rivojlantirish belgilangan 15 ta tuman va shaharda joriy qilish lozimligi belgilandi.
Mazkur vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish, joylarda nazorat-tahlil tadbirlarini olib borish, shuningdek bu borada vakillik organlarining faol ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan Senat qoʻmitalari raislarining axborotlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Chora-tadbirlar rejasi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari:
Chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini taʼminlasin;
har chorakda bir marotaba Davlat Rahbari boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalarning tegishli vazirlik, idoralar tomonidan bajarilishini joyiga chiqqan holda oʻrganib borsin;
joyiga chiqib oʻrganish davomida hududlarda aniqlangan va aholini tashvishga solayotgan muammolarning yechimi boʻyicha takliflarni Senat Kengashiga kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari (komissiyasi) belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda tegishli choralarni amalga oshirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga har tomonlama koʻmaklashib borsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar, shaharlar Kengashlariga:
har bir sessiyada qonunchilik hujjatlari, hududni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va loyihalarning bajarilishi boʻyicha ijro holati yuzasidan axborotning eshitilishini yoʻlga qoʻyish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitishda sohani rivojlantirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga jiddiy eʼtibor qaratish, xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyayotgan mansabdor shaxslar faoliyatiga tanqidiy baho berish;
aholining birlamchi ehtiyojlari (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi kabi) bilan bogʻliq muammolar aniqlanganda ularni zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni amalga oshirish;
xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan hududda amalga oshirilayotgan loyihalar (yoʻl, suv, elektr, ijtimoiy soha obyektlari kabi) ijrosini sessiyalarda tanqidiy koʻrib chiqish, oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlgan rahbarlarga nisbatan egallab turgan lavozimiga loyiqligi boʻyicha yuqori idorasiga takliflar kiritish;
Xalq qabulxonasi rahbarining aholi murojaatlari tahlili va ijrosi boʻyicha hisobotlarini eshitish, bunda murojaatlar natijasidan aholining rozi boʻlayotganligiga eʼtibor qaratish;
hududni rivojlantirish boʻyicha dastur loyihasi tasdiqlash uchun kiritilganda har bir loyihaning puxta ishlab chiqilganligiga, kelgusida samara keltirishiga, aholi uchun qulayliklar yaratishiga eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi Chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida ijro etilishini nazoratga olsin hamda yil yakuni bilan Qaror ijrosi yuzasidan Senat Kengashiga axborot kiritsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent shahri,
2025-yil 25-iyun,
SQ-139-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 25-iyundagi SQ-139-V-sonli qaroriga ILOVA
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
