3-modda. Asosiy tushunchalar
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-1073-son) · Sana: 07.07.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
issiqxona gazlari — infraqizil nurlarni tutib qoluvchi va qayta chiqaruvchi, kelib chiqishi tabiiy yoki antropogen boʻlgan hamda Parij bitimiga muvofiq nazorat qilinadigan gazsimon moddalar: karbonat angidrid (CO2), metan (CH4), azot oksidi (N2O), ozon (O3), xlorftoruglerodlar (XFU), perftoruglerodlar (PFU) va oltingugurt geksaftoridi (SF6);
issiqxona gazlarining kadastri — rasmiy statistika maʼlumotlariga asoslangan, issiqxona gazlarining chiqarilishi va tutib qolinishini tavsiflaydigan, tizimlashtirilgan maʼlumotlar jamlanmasi;
issiqxona gazlarining tutib qolinishi — tabiiy jarayon yoki xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatning turi boʻlib, uning natijasida atmosfera havosidan issiqxona gazlari ajralib chiqadi hamda ular tabiiy muhitning boshqa tarkibiy qismlarida, tabiiy, tabiiy-antropogen va antropogen obyektlarda toʻplanadi;
issiqxona gazlarining chiqarilishi — muayyan vaqt oraligʻida tabiiy jarayon yoki xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyat natijasida hosil boʻladigan issiqxona gazlarining atmosfera havosiga chiqarilishi;
issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestri — issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni oʻz ichiga olgan axborot tizimi;
operator — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi — uglerod birliklari reyestrini yurituvchi yuridik shaxs;
tartibga solinadigan tashkilotlar — tartibga solinadigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilgan, faoliyati issiqxona gazlarini chiqarish bilan birga olib boriladigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
uglerod birligi — issiqxona gazlarining “yashil” loyihani amalga oshirish natijasida qisqartirilgan (bartaraf etilgan) va (yoki) tutib qolingan, bir tonna karbonat angidrid gazi ekvivalentidagi ogʻirlikda ifodalangan miqdori;
uglerod birliklari bilan operatsiyalar — uglerod birliklari reyestrida roʻyxatdan oʻtkaziladigan uglerod birliklari bilan bogʻliq harakatlar;
uglerod birliklarining muomalasi — uglerod birliklarining uzatilishi jarayonida amalga oshiriladigan operatsiyalar majmui;
uglerod birliklarining muomalasi ishtirokchisi — “yashil” loyihaning ijrochisi va (yoki) uglerod birliklarining egasi va (yoki) uglerod birliklari reyestrida hisobga ega boʻlgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki jismoniy shaxs;
