18-modda. Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash choralari toʻgʻrisidagi hisobot tizimi
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-1073-son) · Sana: 07.07.2025 · Amalda
Tartibga solinadigan tashkilot issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimi asosida tayyorlaydi hamda uni hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi. Mazkur hisobot belgilangan tartibda jamoatchilikka oshkor qilinadi, bundan tijorat sirini tashkil etuvchi axborot mustasno.
Tartibga solinadigan tashkilot tayyorlagan hisobotini milliy yoki xalqaro muvofiqlikni baholash organida akkreditatsiya qilingan ixtisoslashtirilgan tashkilotda verifikatsiya qiladi.
Issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobot tartibga solinadigan tashkilotlarning xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyati natijasida kalendar yil davomida hosil boʻlgan issiqxona gazlarining chiqarilishi massasi, qisqartirilgan va oldi olingan massasi, shuningdek ushbu massani aniqlashda foydalanilgan dastlabki maʼlumotlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oladi.
Issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoki unda bila turib yolgʻon maʼlumotlarni taqdim etish qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
Tartibga solinadigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilmagan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻzining xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyati natijasida hosil boʻlgan issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni ushbu moddada belgilangan tartibda taqdim etishga haqli.
