13-modda. “Yashil” loyihalar
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-1073-son) · Sana: 07.07.2025 · Amalda
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar “yashil” loyihalarni amalga oshirish huquqiga ega.
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni “yashil” loyihalar jumlasiga kiritish mezonlari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
“Yashil” loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uglerod birliklari reyestriga kiritiladi.
“Yashil” loyihani amalga oshirish natijasida muomalaga chiqarilgan uglerod birliklari ushbu “yashil” loyihani bajaruvchining uglerod birliklari reyestridagi hisobiga kiritiladi.
Muomalaga chiqarilgan uglerod birliklari Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlari uchun issiqxona gazlarining chiqarilishini qisqartirish maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishini baholashda hisobga olinadi.
“Yashil” loyihalarni roʻyobga chiqarishga doir faoliyatni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “yashil” loyihalarni amalga oshiruvchilarga nisbatan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash asoslarini, shuningdek amalga oshirilayotgan “yashil” loyihalarga mos kelishi kerak boʻlgan shartlarni belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining tasarrufidagi uglerod birliklari savdosi natijasida hosil boʻladigan mablagʻlar iqlim oʻzgarishiga moslashishga va uning oqibatlarini yumshatishga, ekologiya sohasidagi dasturlarni, tadbirlarni amalga oshirishga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish, sirkulyar va yashil iqtisodiyot, chiqindilarni boshqarish bilan bogʻliq sohalarga belgilangan tartibda yoʻnaltiriladi.
