11-modda. Issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-1073-son) · Sana: 07.07.2025 · Amalda
Issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi tartibga solinadigan tashkilotlarning xoʻjalik faoliyati yoki boshqa faoliyati natijasida hosil boʻladigan issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi ishonchli axborotni yigʻish, shuningdek davlat organlarini, yuridik shaxslarni, yakka tartibdagi tadbirkorlarni va fuqarolarni bunday axborot bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi maʼlumotlari issiqxona gazlari kadastrini tayyorlashda inobatga olinadi. Issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi va issiqxona gazlari kadastrini yuritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Issiqxona gazlari chiqarilishining davlat hisobi issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestrini yuritish shaklida amalga oshiriladi.
Issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestriga tartibga solinadigan tashkilotlar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning toʻliq nomi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik raqami va sanasi;
soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsning yoxud yakka tartibdagi tadbirkorning identifikatsiya raqami;
yuridik shaxs joylashgan yer yoki yakka tartibdagi tadbirkorning yashash joyi;
amalga oshirilayotgan iqtisodiy faoliyat turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarga muvofiq issiqxona gazlarining chiqarilishi haqidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan boshqa maʼlumotlar.
Issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestriga tartibga solinadigan tashkilotlar roʻyxatiga kirmaydigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ular tomonidan taqdim etilgan issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarga asosan kiritilishi mumkin.
Issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestriga kiritilguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda verifikatsiyadan oʻtkaziladi.
Mamlakat mudofaasi va davlat xavfsizligi manfaatlari koʻzlangan faoliyat natijasida hosil boʻlgan issiqxona gazlarining chiqarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar issiqxona gazlarining chiqarilishi reyestriga kiritilmaydi.
