Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3638-son)
07.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3638]
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 25-iyun,
11-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 25-iyundagi 11-son buyrugʻiga ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bukmekerlik faoliyati — bukmekerlik garovlarini tuzish va oʻtkazish faoliyati;
bukmekerlik garovi — bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi va oʻyinchi oʻrtasida maʼlum bir hodisa (sport musobaqasi, tanlov, tabiat hodisasi va boshqalar) sodir boʻlishi toʻgʻrisida kelishuvni oʻz ichiga olgan tavakkalchilikka asoslangan oʻyin turi boʻlib, unda yutuqning hajmi (miqdori) oʻyinchining oldindan tuzilgan koʻrsatkich boʻyicha aniq bir voqeaning haqiqiy natijasiga mos keladigan bashorati natijasida aniqlanadi;
oʻyin uskunalari — Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar hamda lotereyalarni tashkil etish, oʻtkazish, hisobga olish va nazorat qilish uchun moʻljallangan dasturiy taʼminot, apparat va texnik vositalar majmui;
Internet butunjahon axborot tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar (bundan buyon matnda Internet tarmogʻidagi oʻyinlar deb yuritiladi) — Internet butunjahon axborot tarmogʻida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etiladigan va oʻtkaziladigan tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar turi, shu jumladan shu turdagi kontentlarni tashkil qilish va translyatsiya qilish;
axborot tizimi — litsenziyalovchi organning Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyatini litsenziyalashni masofaviy shaklda amalga oshirish uchun moʻljallangan axborot tizimi;
oxirgi benefitsiar mulkdor — Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchisini bevosita yoki bilvosita taʼsis etuvchi yoxud uning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) 25 foiz va undan ortiq miqdordagi ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
litsenziyalovchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
lotereya — oʻyin chiptalarini tarqatish yoʻli bilan jismoniy shaxslardan ixtiyoriy ravishda pul mablagʻlarini jalb qilishni nazarda tutuvchi tavakkalchilikka asoslangan oʻyin turi;
asoslantirilgan mulohaza — qonunchilikda belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan qoʻllaniladigan, koʻrib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash;
bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi — bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar tashkilotchisi — Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
lotereyalar tashkil etish boʻyicha faoliyat tashkilotchisi — lotereyalar tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs.
2. Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash litsenziyalovchi organ tomonidan ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarga 5 yil muddatga namunaviy (oddiy) litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) beriladi.
4. Litsenziyalanadigan faoliyat turlari quyidagilardan iborat:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni tashkil etish faoliyati;
lotereyalarni tashkil etish faoliyati;
bukmekerlik faoliyati.
5. Litsenziya har bir litsenziyalanadigan faoliyat turi uchun alohida beriladi.
6. Yuridik shaxs bir vaqtning oʻzida mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun bir nechta litsenziyalarga ega boʻlish va ular asosida faoliyat yuritish huquqiga ega.
7. Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziya berilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
8. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga oʻtkazish, shu jumladan faoliyatni amalga oshirish huquqini berish, litsenziyaga boʻlgan huquqlarni shartnoma orqali berish va (yoki) ulardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish taqiqlanadi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
9. Quyidagilar Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) faoliyatning faqat Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma mavjudligi;
v) Internet tarmogʻida oʻyinlarni va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari faqat mazkur faoliyat turlari bilan shugʻullanishga haqli. Bunda bir paytning oʻzida Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish uchun har bir faoliyat turi uchun alohida litsenziya olish mumkin;
g) ariza berilgan sanada mablagʻ shaklida shakllantirilgan quyidagi ustav kapitali mavjudligi:
Internet tarmogʻida oʻyinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir yuz ellik ming baravari miqdorida;
lotereya tashkilotchisi — bazaviy hisoblash miqdorining kamida ellik besh ming baravari miqdorida.
Ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablagʻlardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa mablagʻlardan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan mablagʻlardan foydalanish taqiqlanadi;
d) yutuqlar boʻyicha qarzdorlikni toʻlash, stavkalarni qaytarib berish, soliq majburiyatlar va boshqa qarzdorliklarni qoplash maqsadida:
Internet tarmogʻida oʻyinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida yetmish besh ming baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisi — bazaviy hisoblash miqdorining kamida qirq ming baravari miqdorida mablagʻ shaklida rezerv fondini litsenziyalovchi organning Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyish;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan tegishli summaga bank kafolati yoki sugʻurta tashkilotining sugʻurta polisini taqdim qilish;
e) Internet tarmogʻida oʻyinlar va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish, shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish hamda reklama sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
j) litsenziat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq maʼlumotlarni vakolatli organning soʻroviga binoan bepul taqdim etish;
z) Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentidagi faqat bitta domen nomidan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirish;
i) Internet tarmogʻida oʻyinlar va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini boshqarishi:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun gumonlanayotgan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud sudlanganlik holati tugallanmagan shaxslar tomonidan;
yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, Internet tarmogʻida oʻyinlarni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatni amalga oshirgan yuridik shaxslarning, ushbu shaxslarning aybi bilan yoʻl qoʻyilgan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi uchun koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxslarda faoliyatning tegishli turini amalga oshirishga berilgan litsenziyalarning amal qilishi toʻxtatilgan paytda, agar bunday toʻxtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, muassislari yoki bosh hisobchilari boʻlgan shaxslar tomonidan;
yuridik shaxs bankrot deb eʼtirof etilgan paytda va eʼtirof etilgan paytdan boshlab ikki yil oʻtmagan boʻlsa, yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan yoki kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan shaxslar tomonidan yoʻl qoʻymaslik;
k) Internet tarmogʻida oʻyinlar, lotereyalar tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining ustav kapitalida quyidagilarning mulkdori va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdori:
mazkur bandning “i” kichik bandida koʻrsatilgan shaxslarning;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar hamda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslarning boʻlishiga (ishtirok etishiga) yoʻl qoʻymaslik;
l) mazkur bandning “i” va “k” kichik bandlarida koʻrsatilgan shaxslarning Internet tarmogʻida oʻyinlar va lotereyalar tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini bosh hisobchi sifatida ishga qabul qilmaslik;
m) taʼsischilari boʻlgan yuridik shaxslarning haddan tashqari (oxirgi benefitsiar mulkdorgacha uchta pogʻonadan koʻp) darajalarga tabaqalashtirilgan Internet tarmogʻida oʻyinlarni va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;
n) Internet tarmogʻida oʻyinlar, bukmekerlik garovlarida ishtirok etish uchun mablagʻlarni qabul qilish, lotereya chiptalarini sotib olish va yutuqlarni toʻlashni faqat Stavkalar va oʻyinchilarning yagona davlat registri orqali amalga oshirish;
o) Internet tarmogʻida oʻyinlar, bukmekerlik garovlari va lotereya chiptalarini sotib olish uchun mablagʻlarni kiritish boʻyicha belgilangan limitlar hamda Internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereyalar tashkil etish hamda oʻtkazish va bukmekerlik faoliyatidagi taqiqlarga rioya qilish;
p) Internet tarmogʻida oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilish masalalarini litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
r) Internet tarmogʻida oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining rahbariyati (direktori va uning oʻrinbosarlari), bosh hisobchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha tarkibiy boʻlinma rahbarini oʻzgartirish masalalarini litsenziyalovchi organ bilan kelishish.
10. Lotereyalar tashkilotchilariga qoʻyiladigan qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari quyidagilar hisoblanadi:
a) chiqarilayotgan va muomaladagi oʻyin chiptalari hajmi faoliyatning birinchi yili mobaynida — litsenziat oʻz sarmoyasining besh baravaridan, faoliyatning ikkinchi yili mobaynida — oʻn baravaridan va faoliyatning keyingi yillarida — yigirma besh baravaridan ortiq boʻlmasligi kerak. Litsenziatning oʻz sarmoyasi miqdori yetarli boʻlmagan taqdirda, lotereyalar moʻljallanayotgan hajmda faqat moliya tashkilotlarining zarur miqdorlarda taʼminlash kafolati mavjud boʻlganda oʻtkazilishi mumkin;
b) oʻyinlarni faqat mazkur Nizomning 2-ilovasida belgilangan tegishli muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega yutuqli chiptalarni tasodifiy tanlab olish jarayoniga inson omilining biron-bir taʼsirini toʻliq istisno qiluvchi texnologiyalar va jihozlarni, shu jumladan, tasodifiy raqamlar generatorini qoʻllagan holda oʻtkazish;
v) yutuqli lotereya chiptalari ishlab chiqarish davomida aniqlanadigan yoxud bir yoki bir necha chiptalar uchun qisman oʻyinlar oʻtkaziladigan tirajsiz lotereyalarni oʻtkazmaslik.
11. Xizmatlarni koʻrsatish uchun foydalanayotgan oʻyinlarning dasturiy taʼminoti mazkur Nizomning 2-ilovasida belgilangan tegishli muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega boʻlishi Internet tarmogʻidagi oʻyinlar tashkilotchisining qoʻshimcha litsenziya talabi va sharti hisoblanadi.
12. Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “davlat tomonidan taʼminlangan”, “davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan”, “Oʻzbekiston”, “milliy” hamda respublika shaharlarining nomlarini toʻliq yoki qisqartirilgan shaklda, ularning birliklaridan foydalangan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatish taqiqlanadi.
3-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
13. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni axborot tizimi orqali taqdim etadi:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), Internet butunjahon axborot tarmogʻidagi domen nomi, elektron pochta manzili, bankning nomi va bankdagi hisobvaragʻi, litsenziyalanadigan faoliyatning turi, ariza toʻldirish sababi (yangi litsenziya olish, oʻzgartirish yoki qayta rasmiylashtirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishi toʻgʻrisidagi roziligi aks ettirilgan ariza;
b) litsenziya talabgorining mulki, boshqaruv va shaxsiy tarkibi tuzilmasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischi haqidagi mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorgacha — jismoniy shaxsga koʻrsatiladi;
g) litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 9-bandi “i” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlagan tarjimasi;
d) tijorat bankining quyidagi maʼlumotnomasi:
ustav fondi (kapitali) shakllantirilganligi;
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida yetmish besh ming baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida qirq ming baravari miqdoridagi mablagʻlar shaklida rezerv fondi zaxiraga qoʻyilganligi;
e) ushbu Nizomga muvofiq bank kafolati yoki sugʻurta tashkilotining sugʻurta polisi;
j) Internet butunjahon axborot tarmogʻidagi domen nomiga egalik qilish va undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
i) oʻyin uskunalarini yetkazib beruvchilar toʻgʻrisidagi hujjatlar va maʼlumotlar, ularning litsenziyalari (agar mavjud boʻlsa);
k) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar va lotereyalarni tashkilotchilari tomonidan foydalaniladigan oʻyin uskunalarining sertifikatlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
14. Litsenziya talabgorining rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlganda, litsenziyalovchi organ mazkur Nizomning 9-bandi “i” kichik bandida nazarda tutilgan holatlarni oʻzi mustaqil tarzda tekshiradi.
15. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar litsenziya talabgorining rahbari tomonidan tasdiqlanishi (imzolanishi) shart.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar va maʼlumotlar oʻqish mumkin boʻlgan yuqori sifatda “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarda boʻlishi lozim.
16. Qabul qilingan arizalar toʻgʻrisidagi maʼlumot litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
17. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
18. Litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi qabul qilingan kundan eʼtiboran qirq ish kuni ichida qabul qilinadi.
19. Litsenziyalovchi organ quyidagi muddatlarda:
oʻttiz ish kunidan oshmaydigan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda litsenziya berish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi;
toʻqqiz ish kunidan oshmaydigan muddatda litsenziya berish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
20. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga bank hisobraqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yuboriladi.
21. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlangan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida rasmiylashtiriladi.
22. Litsenziya QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi hamda litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Elektron shaklda berilgan litsenziya manfaatdor shaxslar tomonidan qogʻozda chop etilishi mumkin. Bunda, qogʻozda chop etilgan litsenziyalar elektron shaklda berilgan litsenziyalarga tenglashtiriladi.
23. Agar litsenziat litsenziya berilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma olgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida davlat boji toʻlamagan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish haqida qaror qabul qilishga haqlidir.
24. Litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning litsenziya talabgori tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;
talabgorning mansabdor shaxslari va (yoki) taʼsischilarning mazkur Nizomning 9-bandi “i” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumonlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjudligi;
litsenziyalovchi organning asoslantirilgan mulohazasi.
Litsenziyani berishni boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Litsenziya berish rad etilgan taqdirda, litsenziya talabgori litsenziya olish uchun takroran ushbu Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda ariza va hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Bunda, litsenziyalovchi organ arizani umumiy asoslarda koʻrib chiqadi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish
26. Litsenziat — yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin bir ish kuni ichida litsenziyalovchi organga, koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
27. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida ayni bir faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani mazkur Nizomning 36-bandida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
28. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan tartibda beriladi.
29. Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi asosida unda koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshiradi.
30. Litsenziya qayta rasmiylashtirilayotganda, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalar elektron reyestriga (bundan buyon matnda litsenziyalar reyestri deb yuritiladi) tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
31. Litsenziyani qayta rasmiylashtirganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda yigʻim undiriladi.
32. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda berish litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilib olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
6-bob. Litsenziyani oʻzgartirish
33. Litsenziyada koʻrsatilgan domen nomi oʻzgargan taqdirda, litsenziya oʻzgartirilishi lozim.
34. Domen nomi oʻzgargan taqdirda, litsenziat uch ish kuni ichida litsenziyani oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizani tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyalovchi organga taqdim etishi kerak.
35. Litsenziyani oʻzgartirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziat tomonidan ushbu Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
36. Litsenziya oʻzgarguniga qadar, litsenziat litsenziyani oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasi asosida unda koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshiradi.
37. Litsenziya oʻzgartirgan taqdirda, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalar reyestri tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
38. Litsenziyani oʻzgartirganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji toʻlanadi.
39. Litsenziyani oʻzgartirish va berish litsenziyani oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga tegishli hujjatlar ilova qilingan holda kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
7-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va litsenziyani bekor qilish
40. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining buzilganligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini uning zimmasiga yuklovchi qarori bajarilmaganda.
41. Litsenziyaning amal qilishini oʻn kungacha muddatga toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ tomonidan, oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga esa sud tomonidan amalga oshiriladi.
42. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilishi muddatini belgilashi shart. Bunda, koʻrsatilgan muddat litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
43. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
44. Belgilangan muddat ichida litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan sabab va kamchiliklar bartaraf qilinmasa, litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddatini uzaytirish boʻyicha yoki litsenziyani bekor qilish haqida sudga daʼvo ariza kiritadi.
45. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziat bu haqda litsenziyalovchi organga tasdiqnoma yuboradi.
Litsenziyalovchi organ tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
46. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng, bir ish kunidan oshmagan muddatda litsenziyalar reyestrida litsenziyaning amal qilishi qayta tiklanganligi haqidagi maʼlumotni joylashtiradi.
47. Agar litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash haqida yoki qayta tiklashni rad etish toʻgʻrisida uch ish kuni ichida qaror qabul qilmasa, litsenziat mazkur muddat oʻtgandan soʻng litsenziyalovchi organni xabardor qilgan holda oʻz faoliyatini davom ettirishi mumkin.
48. Litsenziat oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish haqida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Agar litsenziat litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganidan keyin olti oy ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat etmagan boʻlsa, litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
49. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi axborot tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga joylashtirilishi kerak.
50. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziyalash tartibi bekor qilinganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilishini olti oygacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida ariza bilan ilgari murojaat etilgan boʻlib, mazkur muddat ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilinmagan taqdirda.
Litsenziyaning amal qilishi tugatilgan hollarda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyaning amal qilishi tugatilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish talab etilmaydi.
51. Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinadi:
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziya berilganligi uchun davlat boji belgilangan muddatda toʻlanmaganda;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziyani berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 55-bandida belgilangan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda;
litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Ushbu bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab litsenziatning muassasasi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
52. Litsenziyani bekor qilish mazkur Nizomning 51-bandi ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda litsenziyalovchi organning qarori asosida amalga oshiriladi.
Litsenziya mazkur Nizomning 51-bandi beshinchi — sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda xabar yuboradi.
53. Litsenziya ushbu Nizomning 51-bandi sakkizinchi xatboshisida koʻrsatilgan asosga koʻra bekor qilingan taqdirda, u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
54. Litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish asoslarini, qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda yetkazadi.
Litsenziyalovchi organ bekor qilingan litsenziyalar toʻgʻrisidagi axborotni bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga kiritadi.
55. Litsenziya talablari va shartlarini bir marotaba qoʻpol ravishda buzilishlariga quyidagilar kiradi:
a) ushbu Nizomning 9-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilmagan faoliyatni amalga oshirish;
b) litsenziatni:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki oʻtalmagan shaxslar;
yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, Internet tarmogʻida oʻyinlarni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatni amalga oshirgan yuridik shaxslarning, ushbu shaxslarning aybi bilan yoʻl qoʻyilgan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi uchun koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxslarda faoliyatning tegishli turini amalga oshirishga berilgan litsenziyalarning amal qilishi toʻxtatilgan paytda, agar bunday toʻxtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, muassislari yoki bosh hisobchilari boʻlgan shaxslar;
yuridik shaxs bankrot deb eʼtirof etilgan paytda va eʼtirof etilgan paytdan boshlab ikki yil oʻtmagan boʻlsa, yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan yoki kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan shaxslar tomonidan boshqarilishi;
v) ustav jamgʻarmasida (kapitalida):
ushbu bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan shaxslarning;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar hamda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslarning ishtirok etishi;
g) kredit yoki garovga olingan mablagʻlar va boshqa mablagʻlardan Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining ustav fondini (kapitalini) shakllantirish uchun foydalanish;
d) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari ustav fondi (kapitali) miqdorini litsenziya talablari va shartlarida belgilangan miqdordan kamaytirish;
e) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi serverlarda elektron platformani joylashtirish;
j) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan norezidentlarga realizatsiya qilish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organ bilan kelishmaslik;
z) oʻyinlarni faqat litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan tegishli muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega yutuqli chiptalarni tasodifiy tanlab olish jarayoniga inson omilining biron-bir taʼsirini toʻliq istisno qiluvchi texnologiyalar va jihozlarni, shu jumladan, tasodifiy raqamlar generatorini qoʻllamagan holda oʻtkazish;
i) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar tashkilotchisi tomonidan xizmatlarni koʻrsatish uchun foydalanayotgan oʻyinlarning dasturiy taʼminoti litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan tegishli muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega boʻlmasligi.
Mazkur bandning “a” — “i” kichik bandlarida koʻrsatilmagan litsenziya talablari va shartlarining bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba buzilishlari muntazam ravishda buzilishlar deb hisoblanadi.
8-bob. Ayrim litsenziya talablari va shartlarini amalga oshirishning maxsus tartibi
56. Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari litsenziyalovchi organ bilan quyidagilarni kelishishlari lozim:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkilotchisining ustav kapitalidagi oʻz ulushlarini jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan norezidentlarga realizatsiya qilishni;
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining rahbariyati (direktori va uning oʻrinbosarlari), bosh hisobchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha tarkibiy boʻlinma rahbarini oʻzgartirishni.
57. Mazkur Nizomning 56-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlarda Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), elektron pochta manzili, bankning nomi va bankdagi hisobvaragʻi, arizani toʻldirish sababi (ustav kapitalidagi ulushni sotish, rahbariyatni (direktor va uning oʻrinbosari), bosh hisobchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha tarkibiy boʻlinma rahbarini almashtirishga ruxsat berish);
b) jismoniy shaxs, shu jumladan Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini sotib olish niyatida boʻlgan potensial oluvchi haqidagi maʼlumotlar (F.I.O., shaxsni tasdiqlovchi hujjat raqami, JSHSHIR). Shuningdek, chet el fuqarolari uchun ushbu bandning “g” kichik bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar qoʻshimcha ravishda taqdim etilishi kerak;
v) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini sotib olish niyatida boʻlgan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi potensial oluvchi — yuridik shaxsning rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorga qadar koʻrsatilishi kerak;
g) Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi yuridik shaxsning ustav kapitali ulushini potensial oluvchi — yuridik shaxsning rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 9-bandi “i” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlagan tarjimasi.
58. Litsenziyalovchi organ arizani qabul qilgan kundan boshlab oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda kelishish yoki kelishishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Bunda, mazkur Nizomning 56-moddasi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslar litsenziya talablari va shartlariga muvofiq boʻlgan taqdirda, litsenziyalovchi organ tomonidan ularni kelishish haqida qaror qabul qilinadi. Agar ular litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emas deb topilganda, ularni kelishish rad etiladi.
59. Arizani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun yigʻim undirilmaydi.
9-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
60. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
61. Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisidan Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini talab qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida yuzaga keladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish muddatlarini belgilash;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki litsenziyani bekor qilish masalasi boʻyicha qaror chiqarish va (yoki) sudga murojaat qilish.
10-bob. Litsenziyalar reyestri
62. Litsenziyalovchi organ litsenziyalanadigan faoliyat turlari boʻyicha litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
yuridik shaxs — litsenziat nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), telefoni;
axborot resursining (tizimning, platformaning) domen nomi;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, oʻzgartirish, amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, amal qilishini tugatish hamda bekor qilish asoslari va sanasi.
63. Litsenziyalar reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
11-bob. Yakuniy qoidalar
64. Litsenziyalovchi organning litsenziyani berishni rad etish, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqidagi qarorlari, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
65. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Internet jahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻyin uskunalarini (dasturiy taʼminotlarni) sertifikatlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida tan olinadigan muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarning va sinov laboratoriyalari
ROʻYXATI
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining rahbariyati (rahbar va oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOTLAR
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Internet tarmogʻidagi oʻyinlarni, lotereyalarni tashkil etish hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining ustav kapitalidagi ulushini potensial sotib oluvchi yuridik shaxsning rahbariyati (rahbar, uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOTLAR
