Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-109-son)
07.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholashda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibni joriy etish, sohaga xalqaro tajribalarni keng tatbiq etish orqali eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholashda raqamli QR kodli yorliqlash, shuningdek, urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritishga asoslangan yangi tizimni (keyingi oʻrinlarda — yangi tizim) joriy etish;
(b) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholovchi yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilash.
2. Belgilab qoʻyilsinki, yangi tizim doirasida:
(a) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash ikki bosqichda amalga oshiriladi:
(i) birinchi bosqichda — Markaz xodimlari tuman aprobatsiya komissiyalari tarkibida urugʻlik ekin maydonlarida oʻtkaziladigan aprobatsiya jarayonida qatnashadi va oʻsimlikning morfologik belgilariga asosan urugʻliklarning navdorligini baholashdan (nizoli hollarda laboratoriya genetik (nav) sinovi) oʻtkazadi, navdorlik guvohnomasini rasmiylashtiradi va axborot tizimiga joylashtiradi;
(ii) ikkinchi bosqichda — Markaz tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklari akkreditatsiyalangan laboratoriyalarda sinovdan oʻtkaziladi va natijalari boʻyicha urugʻliklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui asosida ekinboplik xulosasi beriladi;
(b) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklariga raqamli QR kodli yorliq urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining arizalari asosida Markaz tomonidan uch ish kuni davomida beriladi. Bunda Markaz tomonidan quyidagilar oʻrganiladi:
(i) mahalliy yetishtirilgan urugʻliklarga raqamli QR kodli yorliqni berishda navdorlik guvohnomasi va urugʻlik qabul qilinganligi boʻyicha yuk xati;
(ii) import qilinadigan urugʻliklarga raqamli QR kodli yorliqni berishda fitosanitar sertifikat, karantin ruxsatnomasi, sifati boʻyicha xorijiy sertifikat, nav tavsifnomasi va uchinchi (xolis) tomonning xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarining sinov natijalari (mavjud boʻlganda);
(v) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining navdorlik guvohnomasi, nav tavsifnomasi va ekinboplik xulosasi raqamli QR kodli yorliqqa Markaz tomonidan joylashtirib boriladi;
(g) tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tezkor hal etish maqsadida Markaz tomonidan tunu kun ishlaydigan “Call markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
3. 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlansin:
(a) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlari tomonidan raqamli QR kodli yorliqlanmagan hamda ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini realizatsiya qilish;
(b) Bojxona qoʻmitasi tomonidan raqamli QR kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan import qilinayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish.
4. Qishloq xoʻjaligi yerlarida sifatli urugʻliklar ekilishini taʼminlash va hosildorlikni monitoring qilish maqsadida belgilansinki, 2026-yildan boshlab:
(a) qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari, shuningdek, boshqa barcha yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — qishloq xoʻjaligi korxonalari) oʻzlariga tegishli qishloq xoʻjaligi yerlariga ekilgan urugʻliklar hamda yetishtirilgan hosil boʻyicha maʼlumotlarni konturlar boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligining axborot tizimiga kiritib boradi;
(b) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan ekilgan urugʻliklar va yetishtirilgan hosil boʻyicha maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish holatini monitoring qilib boradi;
(v) ekilgan urugʻlik va yetishtirilgan hosil boʻyicha maʼlumotlarning ular ekilganidan hamda yigʻib olinganidan keyin bir oygacha muddatda axborot tizimiga kiritilmaganligi yoki notoʻgʻri kiritilganligi qishloq xoʻjaligi mahsulotini va urugʻliklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va ulardan foydalanish tartibini buzish deb baholanadi.
5. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:
(a) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash tizimini Xalqaro urugʻchilik federatsiyasi (ISF)ning qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining savdosi boʻyicha talablari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning urugʻliklarning sifatini baholash hamda markirovkalash boʻyicha qoidalariga muvofiqlashtirish;
(b) Markazning urugʻchilik laboratoriyalari faoliyatini urugʻlik sinovining xalqaro qoidalariga muvofiqlashtirish va ularni Xalqaro urugʻlarni sinash assotsiatsiyasi (ISTA) talablariga asosan akkreditatsiyadan oʻtkazish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki, yangi tizim doirasida javobgarlik choralarini nazarda tutish maqsadida 2026-yildan boshlab raqamli QR kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini realizatsiya qilgan tadbirkorlik subyektlariga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda maʼmuriy jarima qoʻllanadi.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va tajriba-sinov tadqiqotlarini oʻtkazish uchun import qilgan hamda ilmiy tajriba uchastkasida tayyorlagan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini raqamli QR kodli yorliqlash va ekinboplik xulosasini berish Markaz tomonidan bepul amalga oshiriladi;
(b) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini import qilishda ular boʻyicha uchinchi (xolis) tomonning xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarining sinov natijalari amaldagi milliy qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelgan hollarda Markaz tomonidan beriladigan ijobiy ekinboplik xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida tan olinadi;
(v) qishloq xoʻjaligi yerlariga 1-ilovada belgilangan genetik (nav) va ekinboplik sifat koʻrsatkichlaridan past boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini ekish taqiqlanadi.
8. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2025-yil yakuniga qadar qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining navdorligi va ekinbopligi boʻyicha reytingni hamda urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini shakllantirsin.
9. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda raqamli QR kodli yorliq shakllarining belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
10. Quyidagilar:
(a) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlariga integratsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
(b) yangi tizim doirasida “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi amalga oshiradigan faoliyat turlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
(a) raqamli QR kodli yorliqlanmagan urugʻliklardan ekish uchun foydalanganlik va ularni realizatsiya qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini;
(b) “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonunga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha takliflarni;
(v) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholashda raqamli QR kodli yorliqlash, shuningdek, urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritishga asoslangan yangi tizimni joriy qilish tartibini tasdiqlash boʻyicha Hukumat qarori loyihasini;
(g) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining navdorligi va ekinbopligi boʻyicha reytingni hamda urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagi hujjatlarning namunaviy shaklini tasdiqlasin:
(a) genetik (nav) va ekinboplik sifat koʻrsatkichlariga mos boʻlgan urugʻlik yetkazib berish boʻyicha shartnoma;
(b) sifatsiz urugʻ yetkazilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha urugʻni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektining majburiyati.
13. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tizim doirasida qishloq xoʻjaligi korxonalari vakillari hamda urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun oʻquv seminar treninglar tashkil qilsin.
14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev, Qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi A.D. Vaxabov belgilansin.
16. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 7-iyul,
PF-109-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi PF-109-son Farmoniga 1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi yerlarida ekish uchun foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining
ROʻYXATI
Izoh: * TIF TN kodlari bilan belgilangan mahalliy tayyorlangan va import qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklariga ekinboplik sifat koʻrsatkichlari boʻyicha muvofiqlikni baholash ishlari amalga oshiriladi hamda baholash natijalariga koʻra urugʻliklar belgilangan sifat meʼyorlariga javob berganda ekinboplik xulosasi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi PF-109-son Farmoniga 2-ILOVA
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlariga integratsiya qilish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh. Axborot tizimlari integratsiyasi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali amalga oshiriladi va maʼlumotlar almashinuvi jarayonida haq undirilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi PF-109-son Farmoniga 3-ILOVA
Yangi tizim doirasida “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi amalga oshiradigan faoliyat turlari
ROʻYXATI
Yangi tizim doirasida “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi quyidagi faoliyat turlarini amalga oshiradi:
(a) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini identifikatsiya qilish uchun raqamli QR kodli yorliqlash tizimini joriy etish;
(b) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholashni amalga oshirish;
(v) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari tarkibida geni oʻzgartirilgan organizmlar (GMO)ning mavjudligini aniqlash;
(g) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini baholash tizimiga ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy sinov usullarini joriy qilish hamda doimiy ravishda takomillashtirib borish;
(d) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini import qilishda zarur boʻlgan hollarda tomonlar kelishuvi asosida xorijiy tadbirkorlik subyektlari hududiga mutaxassislarni yuborish;
(e) qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari haqidagi davriy maʼlumotlarni jamlash, kuzatish va yangilash imkonini beruvchi elektron maʼlumotlar bazasini yaratish hamda amaliyotga joriy qilish;
(j) qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini import va eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini, shuningdek, urugʻliklar raqamli QR kodli yorliqlanganligi, ularni baholash va laboratoriyada sinovdan oʻtkazish natijalari haqidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda Markazning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib borish.
