Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3643-son)
07.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3643]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2025-yil 25-iyun,
14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2025-yil 25-iyundagi 14-son buyrugʻiga ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar (bundan buyon matnda Internet tarmogʻidagi oʻyinlar deb yuritiladi), lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarimalar qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Agentlik quyidagi jarimalarni (bundan buyon matnda jarimalar deb yuritiladi) qoʻllashga haqli:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi tomonidan lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar toʻgʻrisidagi qonunchilik, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi uchun Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav fondi (ustav kapitali) eng kam miqdorining 1 foizidan oshmagan miqdorda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq undiriladigan jarima;
lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan miqdorlarda qoʻllaniladigan jarima.
2. Jarimalar Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisoblab chiqiladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
jarima summasining 50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga;
jarima summasining 50 foizi — Agentlikning tijorat bankidagi shaxsiy hisobvaraqlariga.
3. Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga xizmatlarni noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar (bundan buyon matnda xorijiy yuridik shaxslar deb yuritiladi) tomonidan jarima summasini toʻlash mazkur sohadagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
2-bob. Jarimalarni qoʻllash asoslari
4. Agentlik jarimalarni qoʻllashda quyidagi manbalardan foydalanadi:
Agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq oʻz vakolatlari doirasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari va tekshiruvlar natijasida olingan maʼlumotlar hamda rasmiylashtirilgan hujjatlar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq Agentlikka taqdim etilishi lozim boʻlgan hisobotlar va maʼlumotlar;
auditorlik tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari va tekshiruvlar natijalari boʻyicha xulosalar;
oʻyinchilar yoki ularning qonuniy vakillarining murojaatlarini oʻrganish natijasida olingan maʼlumotlar;
Stavkalar va oʻyinchilarning yagona davlat registri operatori tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
5. Agentlik jarimalarni qoʻllashda quyidagilarni inobatga oladi:
qoidabuzarliklarning tizimliligi (ikki yoki undan ortiq marta sodir etilishi) va davomiyligi;
yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning oʻyinchilarning moliyaviy ahvoliga taʼsiri;
jarimalarni qoʻllash natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyati;
aniqlangan qoidabuzarliklar va (yoki) kamchiliklarning yuzaga kelishi bilan bogʻliq boʻlgan sabablar;
ilgari qoʻllanilgan jarimalarning samaradorligi (natijadorligi);
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslar tomonidan aniqlangan kamchiliklar yoki qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil choralarning koʻrilganligi.
3-bob. Jarimalarni qoʻllash tartibi
6. Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror Agentlik direktori yoki uning vazifasini bajaruvchi oʻrinbosari tomonidan qabul qilinadi.
Bunda, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan jarimalarni qoʻllash boʻyicha Ishchi komissiyaning (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) xulosasi jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun asos hisoblanadi.
7. Komissiya tarkibi Agentlik direktorining qarori bilan toq sonda Agentlik xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
8. Komissiya faoliyatini tashkil etish, yigʻilishlarni oʻtkazish va ularga rahbarlik qilish komissiya raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya yigʻilishi uchun tashkiliy tayyorgarlikni taʼminlash komissiya kotibi zimmasiga yuklanadi.
Komissiya yigʻilishlari zaruratga koʻra oʻtkaziladi. Yigʻilishlarda kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan kollegial tarzda qarorlar qabul qilinadi.
Komissiya yigʻilishi komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatli hisoblanadi.
Komissiya qarorlari yigʻilishda ishtirok etgan aʼzolarning koʻpchiligi tomonidan maʼqullangan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlganda komissiya raisi ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
9. Agentlik tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarimalarni qoʻllash muddati mazkur qoidabuzarliklar aniqlangan kundan eʼtiboran olti oydan va ular sodir etilgan kundan boshlab uch yildan oshmasligi lozim. Qoidabuzarliklar aniqlangan kun komissiya tomonidan xulosa rasmiylashtirilgan kun hisoblanadi.
10. Komissiya kotibi komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kun haqida:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini — yigʻilishdan bir ish kuni avval;
xorijiy yuridik shaxsni — yigʻilishdan besh ish kuni avval xabardor qiladi.
Bunda, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslar yoki ularning vakillari komissiya yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega.
11. Agentlik jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarordan koʻchirmani jarima miqdori, toʻlov muddati va tegishli hisobvaraq rekvizitlarini koʻrsatgan holda Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslarga uch ish kuni ichida yozma ravishda yuboradi.
Bunda, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari yoki xorijiy yuridik shaxslar jarima summasini yozma ravishda berilgan xabar olingan kundan boshlab oʻn besh kun ichida toʻlashi lozim.
12. Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslar yozma ravishda berilgan xabarda koʻrsatilgan muddatda jarimani toʻlamagan taqdirda, Agentlik jarimani undirish uchun sudga murojaat qiladi.
13. Agentlik Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar hamda ularga nisbatan qoʻllanilgan jarimalar toʻgʻrisidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishga haqli.
4-bob. Agentlik qarori ustidan shikoyat qilish tartibi
14. Agentlikning jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslar qarordan koʻchirmani olgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida Agentlikning apellyatsiya kengashiga (bundan buyon matnda Apellyatsiya kengashi deb yuritiladi) yozma ravishda shikoyat berish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslar tomonidan shikoyat Apellyatsiya kengashiga apellyatsiyani berish muddati buzilgan holda taqdim etilganda, Apellyatsiya kengashi tomonidan shikoyat koʻrib chiqilmaydi.
Jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilingan taqdirda, jarimani toʻlash muddati toʻxtatib turiladi.
15. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya berilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari va xorijiy yuridik shaxslarning shikoyatini koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya kengashi shikoyatni koʻrib chiqish sanasi toʻgʻrisida:
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini — koʻrib chiqishdan bir ish kuni avval;
xorijiy yuridik shaxsni — koʻrib chiqishdan besh ish kuni avval xabardor qiladi.
Bunda, Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslar yoki ularning vakillari shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida ishtirok etish huquqiga ega.
16. Apellyatsiya kengashi shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatda keltirilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmaganda, shikoyatni qanoatlantirishni rad etish va Agentlik qarorini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida;
shikoyatdagi vajlar oʻz tasdigʻini topganda, shikoyatni qanoatlantirish va Agentlik qarorini bekor qilish toʻgʻrisida.
17. Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari hamda xorijiy yuridik shaxslar qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch kun ichida xabardor qilinadi.
5-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi tomonidan lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar toʻgʻrisidagi qonunchilik, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi uchun Internet tarmogʻidagi oʻyinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav fondi (ustav kapitali) eng kam miqdorining 1 foizidan oshmagan undiriladigan
JARIMALAR
Internet butunjahon axborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga noqonuniy xizmatlar koʻrsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga qoʻllaniladigan
JARIMALAR
