“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3636-son)
01.07.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3636]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son “Oʻquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiya bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri Sh. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-iyun,
28-son
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X. UMAROVA
Toshkent sh.,
2025-yil 30-iyun,
7-mh-son
Kelishildi:
Milliy gvardiya qoʻmondoni R. JURAYEV
2025-yil 30-iyun
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2025-yil 30-iyun
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 28-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2025-yil 30-iyundagi 28-son, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 30-iyundagi 7-mh-son qaroriga ILOVA
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Jasorat maktablari”ga (bundan buyon matnda Jasorat sinflari deb yuritiladi) oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Jasorat sinflarida taʼlim jarayonlari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan oʻquv rejasi va oʻquv dasturlari asosida tashkil etiladi.
2. Jasorat sinflariga oʻquvchilar belgilangan yillik qabul kvotasi (bitta sinfga 26 nafar oʻquvchidan iborat) doirasida 5-sinfdan boshlab qabul qilinadi.
3. Belgilangan kvotaga asosan kirish imtihonlari natijalari boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar oʻqishga qabul qilinadi.
4. Jasorat sinflariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
2-bob. Jasorat sinflarining maqsadi va asosiy vazifalari
5. Jasorat sinflarining maqsadi oʻquvchilarni harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularda harbiy xizmatni ado etishda zarur boʻladigan dastlabki harbiy va ijodiy koʻnikmalarni shakllantirish, oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun maqsadli tayyorlashdan iborat.
6. Jasorat sinflarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
harbiy-sport musobaqalari, intellektual viktorinalar va koʻrik-tanlovlarni tashkil etish;
robototexnika, kelajak oʻyinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport oʻyinlari kabi toʻgarak mashgʻulotlariga oʻquvchilarni jalb qilish;
oʻquvchilarda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga, uning madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari sifatlarni, shuningdek, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantirish;
mamlakatimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo, sohibqiron Amir Temurning bebaho merosi, Vatanimiz ozodligi va el-yurt tinchligi yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan vatandoshlarimizning qahramonligi asosida Oʻzbekiston xalqiga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlarni tarbiyalash.
3-bob. Jasorat sinflariga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi
7. Jasorat sinflariga oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalariga koʻra qabul qilinadi.
Jasorat sinflariga oʻquvchilarni tanlab olish va oʻqishga qabul qilish mazkur Nizom talablariga muvofiq qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Jasorat sinflarida oʻqish muddati yetti yilni tashkil qiladi.
8. Jasorat sinflari tashkil etilgan maktablarda hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish, jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlar oʻtkazish, test sinovini oʻtkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash hamda ota-onalarning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) va uning tizimidagi tashkilotlar hamda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning (bundan buyon matnda Hamkor tashkilotlar deb yuritiladi) masʼul vakillaridan iborat qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — qabul komissiyasi) shakllantiriladi.
9. Qabul komissiyasining tarkibi Agentlik direktori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Qabul komissiyasi tarkibi 7 kishidan kam boʻlmagan toq miqdorda komissiya raisi, komissiya raisi oʻrinbosari, komissiya kotibi hamda uning aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
10. Qabul komissiyasi:
kirish imtihonlari materiallarini Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tayyorlaydi;
har bir Jasorat sinflari boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
hujjatlari qabul qilingan oʻquvchilarning roʻyxatini shakllantiradi, ularni kirish imtihonlari shartlariga mos ravishda guruhlarga taqsimlaydi;
kirish imtihonlar uchun apellyatsiya komissiyalariga malakali mutaxassislarni jalb etadi hamda ularning tarkibini tasdiqlaydi;
kirish imtihonlarini tashkil etadi, natijalarini eʼlon qiladi.
11. Qabul komissiyasi tomonidan har bir Jasorat sinfi boʻyicha alohida ishchi guruh shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
12. Ishchi guruh:
oʻquvchilarning hujjatlari mazkur Nizom talablari asosida taqdim etilganini koʻrib chiqadi;
koʻrib chiqish natijasida oʻquvchining hujjatlarini qabul qilish, tahrirlashga yuborish yoki qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
hujjatlari tahrirlashga yuborilgan yoki qabul qilinishi rad etilgan hollarda tahrirlashga yuborish yoki rad etilish sabablarini aniq koʻrsatgan holda, oʻquvchilarning shaxsiy kabinetiga yoki telefon raqamiga SMS shaklida xabar yuboradi;
kirish imtihonlari oʻtkaziladigan joylarni talab darajasida tayyorlaydi;
oʻquvchilarni, ularning ota-onasi (qonuniy vakili)ni kirish imtihonlari shartlari bilan tanishtiradi, kirish imtihonlari oʻtkaziladigan joyi va vaqti toʻgʻrisida shaxsiy kabinet yoki bogʻlanish uchun taqdim etilgan telefon raqamiga SMS shaklida xabar yuborish orqali ogohlantiradi;
tasdiqlangan jadval asosida murojaat qiluvchilarga maslahat berib boradi;
qabul qilingan hujjatlarning kunlik monitoringini yuritadi va qabul komissiyasiga kunlik axborot kiritadi;
oʻquvchilar va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) tomonidan berilayotgan savollarga javob tayyorlash va ularni veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommaga taqdim etish choralarini koʻradi.
13. Hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 10 kalendar kun oldin qabul komissiyasi tomonidan Vazirlik va Agentlikning rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari va qabul kvotalari toʻgʻrisida eʼlon qilinadi.
14. Jasorat sinflariga kirish uchun oʻquvchilarning hujjatlari 20 kundan kam boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
15. Kirish imtihonlari barcha Jasorat sinflarida bir vaqtda oʻtkaziladi. Oʻquvchi hujjatlarini faqat bitta Jasorat sinflariga topshirishi mumkin.
16. Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining tegishli sinfida oʻqishni toʻliq tamomlagan oʻquvchilar Jasorat sinflarining shunday sinfida takroran oʻqishni talab qilish huquqiga ega emaslar.
17. Jasorat sinflariga oʻquvchilarning quyidagi hujjatlari onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinadi:
oʻquvchilarning tegishli oʻquv yili natijasiga koʻra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
086-U shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
oʻquvchilarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti (ID-karta) maʼlumotlari, bogʻlanish uchun mobil telefon raqamlari;
Hujjat topshirish jarayonida oʻquvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) kirish imtihonlari shartlari va talablari bilan tanishganligi toʻgʻrisidagi onlayn ofertani tasdiqlaydi.
18. Hujjatlarni belgilangan muddatlarda, toʻgʻri va sifatli taqdim etish boʻyicha masʼuliyat oʻquvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) zimmasiga yuklanadi.
19. Oʻquvchilarning hujjatlari ishchi guruh tomonidan (24 soat ichida) koʻrib chiqilgandan soʻng ularga hujjatlar qabul qilinganligi, tahrirlashga yuborilganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.
20. Quyidagi hollarda hujjatlar tahrirlashga yuboriladi:
ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan hujjatlar toʻliq boʻlmaganda;
taqdim etilgan hujjatlardagi, muhrdagi yozuvlar oʻqib boʻlmaydigan holda nusxalangan boʻlsa.
21. Hujjatlarni tahrirlash uchun yuborilganda, oʻquvchilarga koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar toʻgʻrilashga ruxsat beriladi.
Hujjatlarni qabul qilish muddati tugagandan soʻng maʼlumotlarni oʻzgartirishga ruxsat berilmaydi.
22. Quyidagi hollarda oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish rad etiladi:
belgilangan muddatlardan keyin kirish imtihonida ishtirok etish xohishini bildirsa;
taqdim etilgan hujjatlarning soxta ekanligi aniqlanganda;
oʻquvchilar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 5-sinfini (yoki undan yuqori) toʻliq tamomlagan oʻquvchilar Jasorat sinflarining 5-sinfida takroran oʻqish istagini bildirgan boʻlsa.
23. Oʻquvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar taqdim etilgan arizani qaytarib olish yoki bekor qilish huquqiga ega.
24. Jasorat sinflariga kirish uchun jismoniy tayyorgarlik hamda tegishli fanlar yoʻnalishi boʻyicha test sinovlari iyul oyida oʻtkaziladi. Bunda, jismoniy tayyorgarlik sinovlariga Hamkor tashkilotlarning hududdagi harbiy qismlaridan jismoniy tayyorgarlik boʻyicha mutaxassislar jalb etiladi.
25. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda umumiy oʻrta taʼlimning 4-sinf uchun moʻljallangan oʻquv dasturi doirasida har bir oʻquvchiga 5 tadan jismoniy mashqlar beriladi. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov 50 ballik tizimda mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq baholanadi.
Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov yakunlari boʻyicha 30 va undan yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar test sinovlari topshirishga ruxsat etiladi.
26. Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlarga oʻz vaqtida kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha sinovlar oʻtkazilmaydi.
27. Oʻquvchilar xohishiga koʻra uch tilda — oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birida test sinovlarini topshiradilar.
28. Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻquvchilar, ularning ota-onasi (qonuniy vakili) test sinovlarini oʻtkazish sanasi, joyi va vaqti toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
29. Test sinovlari oʻtkaziladigan fanlar boʻyicha imtihon materiallari spetsifikatsiyasi Vazirlik tomonidan har yili imtihon boshlanishidan bir oy oldin eʼlon qilinadi.
Test sinovlari umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf dasturlariga muvofiq ravishda, ona tili va matematika fanlaridan tashkil etiladi.
Bunda, matematika fani topshiriqlariga mantiqiy savollar ham kiritiladi.
Test topshiriqlari kitobida matematika uchun 30 ta, ona tili uchun 20 ta topshiriq belgilanadi. Umumiy 50 ballik tizimda baholanadi hamda har bir toʻgʻri javob uchun 1 balldan qoʻyiladi.
Test topshiriqlarini bajarish boʻyicha har bir savol uchun 2 daqiqa vaqt beriladi.
Javoblar varaqasini toʻldirish uchun oʻquvchilarga belgilangan vaqt meʼyoridan tashqari qoʻshimcha 10 daqiqa vaqt ajratiladi.
30. Test sinovlariga oʻz vaqtida kelmagan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha test sinovlar oʻtkazilmaydi.
31. Oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalari boʻyicha teng ball toʻplagan taqdirda, ishchi guruh tomonidan mazkur Nizomning 25-bandiga muvofiq oʻquvchilar qoʻshimcha jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi.
4-bob. Kirish imtihonlari natijalarini eʼlon qilish
32. Kirish imtihonlarining yakuniy natijalari test sinovlari oʻtkazilgan kundan keyin 20 kun ichida Vazirlik va Agentlikning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
33. Kirish imtihonlarining (jismoniy tayyorgarlik va test sinovlari) natijasiga koʻra eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchilar belgilangan qabul kvotasi doirasida ballar ketma-ketligida oʻquvchilar safiga qabul qilinadi.
34. Oʻquvchilar kirish imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda natija eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya komissiyasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
35. Kirish imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan oʻquvchilarning murojaatlari Agentlikda tegishli mutaxassislardan tuzilgan apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasiga Agentlik direktori oʻrinbosari raislik qiladi.
36. Apellyatsiya komissiyasi oʻquvchilarning murojaatini 10 kun muddatda koʻrib chiqadi va arizani qanoatlantirish yoki rad qilish toʻgʻrisida xulosa beradi.
37. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga jismoniy tayyorgarlik va test sinovida qatnashgan xodimlar kiritilmaydi.
38. Apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish;
apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish.
39. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi holatlarda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qiladi:
apellyatsiya berish muddatlarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
apellyatsiyada koʻrsatilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topmasa.
40. Oʻquvchi tomonidan apellyatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar va dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda, jismoniy tayyorgarlik va (yoki) test sinovlari natijasida oʻquvchining toʻplagan ballarini oʻzgartirish toʻgʻrisida Apellyatsiya komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinadi.
41. Oʻquvchilar va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) Apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat etish huquqiga ega.
42. Yangi oʻquv yili boshlangunga qadar kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar toʻplagan ballari asosida ketma-ketlik boʻyicha maktab direktorining tegishli buyrugʻi bilan Jasorat sinflariga qabul qilinadi.
43. Jasorat sinflariga oʻquvchilar qabuli natijalari boʻyicha maʼlumotlar Vazirlik tomonidan har yili 10-sentabrga qadar umumlashtirilib, Jasorat sinflari biriktirilgan Hamkor tashkilotlarga maʼlumot uchun taqdim etiladi.
44. Jasorat sinfida taʼlim olayotgan oʻquvchilarni boshqa (oddiy) sinfga yoki boshqa umumiy oʻrta taʼlim maktabiga oʻqishni koʻchirish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish hamda oʻquvchilarni bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
45. Jasorat sinflari tashkil etilgan maktabda boʻshab qolgan oʻrinlarga kirish imtihonlarida ishtirok etib, lekin qabul qilinmay qolgan oʻquvchilar ballar reytingi boʻyicha ketma-ketlikda qabul qilinadi.
Agar oʻquvchining ota-onasi (qonuniy vakili)dan rad javobi olinsa, ballar reytingi boʻyicha navbatdagi yuqori ball toʻplagan oʻquvchi chaqirib olinadi.
Mazkur bandda belgilangan talablar faqatgina Jasorat sinflari tashkil etilgan umumtaʼlim maktablarining 5-sinf oʻquvchilari uchun joriy oʻquv yilining birinchi yarim yilligida tatbiq etiladi.
5-bob. Jasorat sinflarida oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish
46. Jasorat sinflarida umumiy oʻrta taʼlim fanlari soatlarini maqbullashtirish hisobiga matematika, fizika, tarix, chet tili, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (bundan buyon matnda CHQBT deb yuritiladi) va jismoniy tarbiya fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.
Vazirlik CHQBT fani oʻquv dasturlarini Mudofaa vazirligi bilan kelishilgan holda, matematika, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili hamda fizika fanlari oʻquv dasturlari esa Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
47. Jasorat sinflarida taʼlim 5 — 11-sinflarda kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshiriladi. Taʼlim oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birida olib boriladi.
48. Jasorat sinflarida oʻquvchilar bilan dars va darsdan tashqari mashgʻulotlar oʻtkazishda turli zamonaviy shakllar va usullardan, jumladan oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha fakultativ va toʻgarak mashgʻulotlari hamda oʻquvchilarni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalash tadbirlaridan foydalaniladi.
49. Jasorat sinflari oʻquvchilari uchun oʻqish, dam olish va turli tadbirlarni qoʻshib olib borishga qaratilgan kun tartibi tuziladi.
50. Oʻquv yili yakuni boʻyicha tarix, matematika, ona tili fanlaridan qoniqarsiz natija koʻrsatgan Jasorat sinflarining oʻquvchilari maktab pedagogik kengashining qarori bilan maktabning umumiy sinflariga oʻqishni davom ettirish uchun oʻtkaziladi.
51. Jasorat sinflarining 9-sinfini yakunlagan oʻquvchilarga tayanch oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma, 11-sinfini tamomlagan oʻquvchilarga umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi.
52. Jasorat sinflarini yakunlaganlik toʻgʻrisida shahodatnoma boshqa taʼlim muassasalariga kirishda qoʻshimcha imtiyoz bermaydi.
53. Jasorat sinflarini aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi boʻlgan bir nafar oʻquvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
54. Oʻquv jarayonini tashkil etish va uning mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
55. Jasorat sinflari mavjud maktablarning faoliyatini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
56. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
“Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish va oʻquv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov natijalarini baholash
MEZONLARI (4-sinf oʻquvchilari uchun)
