Respublikada nodavlat taʼlim xizmatlari sifatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (403-son)
30.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 5-maydagi PF-76-son Farmoniga muvofiq zamonaviy mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish hamda taʼlim sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq nodavlat oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun litsenziyalash sohasidagi vakolatli organ sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) belgilanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 5-maydagi PF-76-son Farmoniga muvofiq 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
yangi tashkil etiladigan taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish ikki bosqichda — litsenziyalash asosida tashkil qilish hamda taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish orqali amalga oshirilishi;
maxsus davlat akkreditatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshirilishi hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtmagan taʼlim dasturlari boʻyicha qabulni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari sifatida quyidagilar belgilansin:
a) talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining konsepsiyasini Vazirlikka taqdim etish.
Bunda konsepsiyada taʼlim tashkilotining nomi, boshqaruv tizimi va kadrlari, asosiy taʼlim va ilmiy faoliyat yoʻnalishlari, qabul parametrlari, taʼlim sifatini taʼminlash tizimi va vositalari, toʻlov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi, taʼlim tashkilotini rivojlantirish boʻyicha 5 yillik strategik rejasi hamda taʼlim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar koʻrsatiladi;
b) talabgor tomonidan nodavlat oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan moddiy-texnik baza, dasturiy taʼminotni oʻz ichiga olgan dastlabki ustav fondini (ustav kapitalini) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantirish hamda keyinchalik talabalar sonining koʻpayib borishiga mutanosib ravishda ushbu ustav fondini oshirib borish;
v) talabgor tomonidan 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlarni tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtirish va uning miqdorini doimiy taʼminlab borish;
g) tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoniga moʻljallangan bino va inshootlarining maydoni 5 000 kv metrdan kam boʻlmasligini taʼminlash;
d) oliy taʼlim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizini, keyingi yillarda esa kamida 50 foizini mazkur taʼlim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirish.
3. 2025-yil 1-avgustdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari oʻqishga qabul qilingan shaxslar toʻgʻrisidagi buyruqni yangi oʻquv yilining 1-oktabridan kechiktirmagan holda Vazirlikning taʼlim jarayonlarini boshqarish yagona axborot tizimi (HEMIS)da roʻyxatdan oʻtkazadi;
b) Vazirlik nodavlat oliy taʼlim tashkilotining murojaatiga asosan uning moddiy-texnik bazasi, pedagogik salohiyati, oʻquv-dasturiy taʼminotini hisobga olgan holda, qabul boshlanishidan oldin yangi oʻquv yili uchun qabul parametrining eng yuqori koʻrsatkichini belgilaydi hamda Agentlikni xabardor qiladi.
Bunda yangi oʻquv yili uchun qabul parametriga oʻzgartirish kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi;
v) nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining oʻqishini koʻchirib oʻtkazish (mahalliy va xorijiy), qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish hamda bitiruvchilarni yakuniy attestatsiyadan oʻtkazish davlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi;
g) nodavlat oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlarida oʻquv, ilmiy va maʼmuriy jarayonlarni boshqaruvchi hamda taʼlim sifatini nazorat qiluvchi axborot tizimining mavjud boʻlishi talab etiladi.
Bunda nodavlat kasbiy va oliy taʼlim tashkiloti oʻz axborot tizimini Vazirlikning taʼlim jarayonlarini boshqarish yagona axborot tizimi (HEMIS)ga integratsiya qilishi shart;
d) nodavlat oliy taʼlim tashkiloti rektoriga davlat oliy taʼlim tashkiloti rektoriga qoʻyilgan malaka talablari qoʻllaniladi.
Vazirlik ikki oy muddatda oliy taʼlim tashkiloti rektoriga qoʻyilgan malaka talablarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Vazirlik bilan birgalikda “Litsenziya” axborot tizimini mazkur qaror talablariga moslashtirsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi;
mazkur qaror kuchga kirgunga qadar nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar oʻz faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
7. Vazirlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-iyun,
403-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 403-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash PASPORTI
