Nogironlik pensiyasi va kompensatsiyalarni proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilash toʻgʻrisida (398-son)
30.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish toʻgʻrisida” 2025-yil 27-maydagi PQ-194-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlik pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashda proaktiv xizmatlarni joriy etish toʻgʻrisida” 2025-yil 27-maydagi PQ-194-son qaroriga muvofiq 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan pensiyalarni alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash;
koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash;
nogironlik pensiyasi tayinlangandan soʻng kamida bir yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning pensiya miqdorini har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish sxemasi 1-ilovaga muvofiq;
Nogironlik pensiyasini kamida bir yil ish stajiga ega boʻlganda har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
Koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish sxemasi 3-ilovaga muvofiq;
Yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovlarini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
a) proaktiv shaklda pensiya tayinlangani yoki tayinlash rad etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar fuqarolarning mobil aloqa vositalariga SMS-xabar koʻrinishida yuboriladi. Bunda SMS-xabarni yetkazish imkoni boʻlmaganda xabarlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan pochta aloqasining milliy operatori hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi) oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq fuqaroning yashash manziliga yetkazib beriladi;
b) pensiyani hisoblashda va nafaqalarni tayinlashda fuqarolarning oliy taʼlim tashkilotlaridagi oʻqish davri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlar bazasidan “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali Pensiya jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy himoya milliy agentligi) tomonidan aniqlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar fuqaroning oila aʼzolari haqidagi maʼlumotlarni jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (keyingi oʻrinlarda — JSHSHIR) koʻrsatgan holda, shuningdek, fuqaroning oila aʼzolari sonidagi oʻzgarishlarni real vaqt rejimida “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan “Elektron hukumat” tizimi orqali Pensiya jamgʻarmasining “Pensiya” hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga yuborish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi va Pensiya jamgʻarmasi bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar Pensiya jamgʻarmasining “Pensiya” axborot tizimida fuqarolarning JSHSHIR maʼlumotlari asosida ularning nomiga rasmiylashtirilgan mobil aloqa abonent raqamlariga qoʻngʻiroq qilish imkoniyatini yaratsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-iyun,
398-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 398-son qaroriga 1-ILOVA
Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 398-son qaroriga 2-ILOVA
Nogironlik pensiyasini kamida bir yil ish stajiga ega boʻlganda har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 398-son qaroriga 3-ILOVA
Koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 398-son qaroriga 4-ILOVA
Yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiya pul toʻlovlarini proaktiv shaklda tayinlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
