“271-modda. Qamoqqa olinganlarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
“Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha kiritish haqida (O‘RQ-1072-son) · Sana: 26.06.2025 · Amalda
Qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin tergov hibsxonasining oʻzida majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Majburiy tibbiy koʻrik qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan eʼtiboran ikki soat ichida tibbiy xodim tomonidan oʻtkaziladi.
Qamoqqa olinganni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda boʻlgan xodimi ishtirok etadi.
Majburiy tibbiy koʻrikni oʻtkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.
Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha belgilangan namunadagi tibbiy maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy maʼlumotnomaning bir nusxasi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan qamoqqa olingan u bilan imzo qoʻydirib tanishtirilganidan keyin uning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga qoʻshib qoʻyiladi, ikkinchi nusxasi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan qamoqqa olinganni olib kelgan xodimlarga topshiriladi.
Tibbiy maʼlumotnomaning koʻchirma nusxasi qamoqqa olinganning yoki uning advokatining talabiga asosan tegishincha qamoqqa olinganga yoki uning advokatiga taqdim etiladi.
Majburiy tibbiy koʻrik chogʻida qamoqqa olinganning tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga maʼlum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.
Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga oʻtkazilganda yoki protsessual harakatlar oʻtkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
