Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0092-25-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida (10-son)
22.05.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI HUZURIDAGI SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK OSOYISHTALIK VA JAMOAT SALOMATLIGI QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 24-iyunda hisobga olindi, hisob raqami 356]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi va “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyuldagi PF-6035-son “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0092-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi hamda Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-may,
10-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri D. KUCHKAROV
2025-yil 20-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 20-may
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 14-may
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2025-yil 13-may
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 14-aprel
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2025-yil 11-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 22-maydagi 10-son qaroriga ILOVA
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0092-25-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
goʻdak — bir yoshgacha boʻlgan bola;
kichik yoshdagi bolalar — bir yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolalar;
ona suti bilan oziqlantirish — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan boqish;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona suti oʻrnini bosadigan oziq-ovqat mahsulotlari;
sunʼiy oziqlantirish — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan oziqlantirish.
2-bob. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
2. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida, madaniy-koʻngilochar muassasalarda maxsus joylar tashkil etilishi lozim.
Bunda, davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida, madaniy-koʻngilochar muassasalarda maxsus joylar nazarda tutilmagan boʻlsa yoki maxsus joylarni ajratish uchun xonalar yetarli boʻlmasa, maxsus joylarni tashkil etish uchun ushbu sanitariya qoidalarida keltirib oʻtilgan talablarga javob beradigan alohida joy ajratilishi lozim.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus ajratilgan joylar boshqa tashkilotlarda ham tashkil etilishi mumkin.
3. Maxsus joylarning maydonini kengligi kamida 3-4 m2, balandligi esa kamida 2,8 — 3 m boʻlishi zarur.
4. Maxsus joylarda ovoz va tovush izolyatsiyasi taʼminlanishi kerak.
5. Maxsus joylarning devorlari, pollari va shiftlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
devorlari — namlikka chidamli, dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazishga qulay boʻlishi hamda devordagi boʻyoqlar yoki plitkalar yuvishga oson boʻlishi;
pollari — bakteriyalarga chidamli hamda tozalash va yuvishga chidamli materiallardan (linoleum, keramik plitka yoki antibakterial vinil qoplamalar) tayyorlangan boʻlishi;
shiftlari — chang toʻplanmasligi uchun tekis va oson tozalanadigan materiallardan ishlangan boʻlishi kerak.
3-bob. Maxsus joylarda isitish, sovutish, yoritish hamda suv taʼminotiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
6. Maxsus joylarda isitish tizimi mavjud boʻlishi kerak. Bunda, isitish moslamalari goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar hamda ularning onalariga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan joylarga oʻrnatilishi lozim.
7. Maxsus joylarda havo harorati +22 — 24°C hamda havo namligi 40 — 60% oraligʻida boʻlishi kerak.
8. Maxsus joylarda havo almashtirish tabiiy va sunʼiy ventilyatsiya orqali amalga oshirilishi zarur.
9. Maxsus joylar yoritish va shamollattirishga qulay joylashtirilishi hamda unga tabiiy yorugʻlik tushishi taʼminlangan boʻlishi lozim.
10. Maxsus joylarda yorugʻlik 150 — 200 lx dan kam boʻlmasligi lozim.
11. Maxsus joylar issiq va sovuq suv taʼminoti bilan taʼminlangan boʻlishi hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulangan boʻlishi lozim.
4-bob. Maxsus joylarni jihozlash va xonalarning sanitariya-gigiyena holatiga qoʻyiladigan talablar
12. Maxsus joylarda quyidagi jihozlar boʻlishi kerak:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirish uchun yumshoq kreslo;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni uxlashi va parvarishi uchun oʻtkir qirrasiz stol va tibbiy kushetka;
qoʻl yuvish uchun rakovina;
shkaf va sovutgich.
13. Maxsus joylardagi jihozlar dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazishga qulay va oson, namlikka chidamli materiallardan tayyorlangan boʻlishi zarur.
14. Maxsus joylardagi yumshoq kreslo hamda oʻtkir qirrasiz stol va tibbiy kushetkalarda tutqichlar mavjud boʻlishi lozim.
15. Maxsus joylar bir martalik salfetka, sochiqlar va sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
16. Maxsus joylarda tozalikka rioya etilishi hamda muntazam ravishda tozalash ishlari olib borilishi zarur.
Bunda, haftada bir marta maxsus joylar toʻliq dezinfeksiyalovchi vositalar bilan tozalanishi lozim.
17. Tozalash va dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishda quyidagilarni inobatga olish zarur:
maxsus joylarni hamda ulardagi jihozlarni kunlik tozalash uchun 1-2%li soda eritmasi yoki sovunli suv bilan yuvish va toza suv bilan chayish;
maxsus joylar har kuni 3-4-marta shamollattirilishi hamda zarur hollarda kvars lampa yoki bakteritsidli retsirkulyatorlar ishlatish orqali zararli mikroogarnimzlardan zararsizlantirilishi;
maxsus joylarni hamda ulardagi jihozlarni haftada bir martda 0,5 %li gipoxlorit natriy, 0,5 %li xlorgeksidin eritmasidan foydalanish orqali dezinfeksiyalash.
5-bob. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
18. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan maxsus joylarda ushbu sanitariya qoidalarida keltirib oʻtilgan talablarni oʻz ichiga oluvchi eslatmalar joylashtirilishi kerak.
19. Ona sutini qoʻl bilan yoki sut soʻrgʻich yordamida sogʻib olishga yoʻl qoʻyiladi.
20. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning onasi ona sutini sogʻib olish uchun shaxsiy sut soʻrgʻichlaridan foydalanishi lozim.
21. Ona suti 60 — 120 ml hajmdagi bisfenol A boʻlmagan materiallardan tayyorlangan idishlarga sogʻib olinishi kerak.
Bunda, ona sutini sogʻishdan oldin idishlarning sterilligi va germetikligiga ishonch hosil qilinishi lozim.
22. Sogʻib olingan ona sutini maxsus joylarda +23 — 25°C harorat ostida 2 soatdan ortiq saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sogʻib olingan ona suti 2 soatdan ortiq saqlanishi kerak boʻlib qolgan taqdirda, sovutgichga joylashtirilishi kerak.
23. Sogʻib olingan ona suti sovutgichda +2 — 4°C harorat ostida 24 soatdan ortiq saqlanmasligi lozim.
24. Sovutgichda saqlangan sogʻib olingan ona suti +36-37°C isitilgandan keyin darhol ishlatilishi lozim.
25. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni sunʼiy oziqlantirganda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
sunʼiy ozuqa ochilganda qadoqlarga ochilgan sana va vaqtini belgilab qoʻyish;
sunʼiy ozuqani tayyorlash va ularni aralashtirishda steril idishlardan foydalanish.
26. Tayyorlangan sunʼiy ozuqalar usti yopiq idishlarda saqlanishi kerak.
27. Tayyorlangan sunʼiy ozuqalar qoldiqlari ishlatilgandan soʻng darhol toʻkib tashlanishi lozim.
28. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziqlantirishda foydalanilgan idishlar iliq sovunli suvda yuvilishi va qaynoq suvda chayilishi, soʻng havoda yoki bir martalik qogʻoz sochiqlar yordamida yaxshilab quritilishi lozim.
29. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati ushbu sanitariya qoidalarining ilovasida keltirilgan.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylarga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziqlantirishga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0092-25-son SanQvaN) ILOVA
