Haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisida 132-son Konvensiya (1970-yilda qayta koʻrib chiqilgan)1
24.06.1970
Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh konferensiyasi, Xalqaro mehnat byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilgan va 1970-yil 3-iyunda uning ellik toʻrtinchi sessiyasida yigʻilgan va sessiya kun tartibidagi toʻrtinchi masala boʻlgan haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisida ayrim takliflarni qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilib, ushbu takliflar xalqaro konvensiya shaklida boʻlishini belgilab, bir ming toʻqqiz yuz yetmishinchi yilning yigirma toʻrtinchi iyun oyida Haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi konvensiya 1970-yilgi (qayta koʻrib chiqilgan) deb nomlanishi mumkin boʻlgan quyidagi Konvensiyani qabul qiladi:
1-modda
Ushbu Konvensiya qoidalari, agar ular jamoaviy kelishuvlari, arbitraj qarorlari, sud qarorlari yoki alohida organlar belgilangan ish haqini belgilash mexanizmlari yoki milliy sharoitlarga va milliy amaliyotga mos keladigan boshqa usul bilan kuchga kirmasa, milliy qonunchilik hujjatlari bilan kuchga kiradi.
2-modda
1. Konvensiya yollanib ishlaydigan barcha xodimlarga nisbatan qoʻllaniladi, dengizchilar bundan mustasno.
2. Zarur boʻlganda, agar ular mavjud boʻlsa, tegishli ish beruvchilar va xodimlarning tashkilotlari bilan maslahatlashgandan soʻng, ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan toifalarini qoʻllashdan bandligi bilan bogʻliq muhim xarakterdagi, ijro etish yoki qonunchilik yoki konstitutsiyaviy masalalar bilan bogʻliq alohida muammolar paydo boʻlgan shaxslarni chiqarib tashlash uchun vakolatli organ yoki davlatning tegishli mexanizmlari orqali choralar koʻrishi mumkin.
3. Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan har bir aʼzosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining 22-moddasiga muvofiq taqdim etiladigan Konvensiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi birinchi maʼruzasida mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq chiqarib tashlangan har qanday toifalarni, bunday chiqarib tashlash sabablarini koʻrsatgan holda sanab oʻtadi, keyingi maʼruzalarida esa chiqarib tashlangan toifalarga nisbatan oʻz qonun hujjatlari va amaliyoti haqida, shuningdek bunday toifalarga nisbatan Konvensiya qanday darajada qoʻllanilayotganligi yoki qoʻllash kutilayotganligini bayon qiladi.
3-modda
1. Mazkur Konvensiya qoʻllaniladigan har bir xodim belgilangan eng kam davomiylikda har yilgi haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqiga ega.
2. Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan har bir aʼzo davlat ratifikatsiyasiga bayonot qilingan hujjatda taʼtilning davomiyligi koʻrsatiladi.
3. Taʼtil hech qanday holatda bir ish yili uchun uch ish haftasidan kam boʻlishi mumkin emas.
4. Konvensiyani ratifikatsiya qilgan har bir aʼzo keyinchalik Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktorini ratifikatsiya vaqtida belgilanganidan koʻproq dam olishni belgilaganligi toʻgʻrisida keyingi bayonot bilan xabardor qilishi mumkin.
4-modda
1. Har qanday yildagi ish staji avvalgi moddada nazarda tutilgan toʻliq huquqni olish uchun zarur boʻlganidan kam boʻlgan xodimga oʻsha yildagi ish stajiga mutanosib ravishda haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqi beriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandidagi “yil” deganda kalendar yilni yoki davlatning vakolatli organi tomonidan tegishli qoidalarda belgilanadigan bir xil davomiylikdagi davr tushuniladi.
5-modda
1. Har qanday yillik haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqiga ega boʻlish uchun eng kam ishlagan davri talab qilinishi mumkin.
2. Bunday ishlagan davrining davomiyligi har bir davlatning vakolatli organi tomonidan tegishli tartiblar orqali belgilanadi, lekin olti oydan oshmasligi kerak.
3. Har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish vakolatli organ tomonidan tegishli tartiblar orqali belgilanadi.
4. Har bir davlatning vakolatli organi tomonidan belgilanadigan tartiblarga muvofiq, kasallik, baxtsiz hodisa yoki homiladorlik va tugʻish taʼtili kabi yollanib ishlaydigan xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra ishda boʻlmagan vaqti ish stajiga kiritiladi.
6-modda
1. Rasmiy va anʼanaviy bayramlar, ular har yilgi taʼtil davriga toʻgʻri kelish-kelmasligidan qatʼi nazar, mazkur Konvensiyaning 3-moddasi 3-bandida nazarda tutilgan eng kam har yilgi haq toʻlanadigan taʼtilning bir qismi sifatida hisobga olinmaydi.
2. Har bir davlatning vakolatli organi tomonidan belgilanadigan tartiblarga muvofiq, kasallik yoki baxtsiz hodisa oqibatida yuzaga kelgan mehnatga qobiliyatsizlik davrlari mazkur Konvensiyaning 3-moddasi 3-bandida nazarda tutilgan eng kam har yilgi haq toʻlanadigan taʼtilning bir qismi sifatida hisobga olinmaydi.
7-modda
1. Mazkur Konvensiyada nazarda tutilgan taʼtildan foydalanuvchi har bir xodim ushbu taʼtilning toʻliq davri uchun har bir davlatda vakolatli organi tomonidan belgilanadigan tartiblarga muvofiq hisoblangan, kamida oʻzining normal yoki oʻrtacha ish haqini (shu jumladan natura shaklida toʻlanadigan har qanday qismining naqd puldagi ekvivalentini ushbu xodim taʼtil olgan-olmaganidan qatʼi nazar, amalga oshiriladigan doimiy toʻlov hisoblanmaydigan ushbu haqning har qanday qismini) oladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq toʻlanishi kerak boʻlgan summalar, agar xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu xodimga taʼtilgacha toʻlanadi.
8-modda
1. Har bir davlatning vakolatli organi tomonidan tegishli tartiblar orqali har yilgi haq toʻlanadigan taʼtilni qismlarga boʻlishga ruxsat berilishi mumkin.
2. Agar ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, basharti xodimning ishlagan davri bunga boʻlgan taʼtil olish huquqini unga bersa, taʼtilning bunday qismlaridan biri hech boʻlmasa uzluksiz ikki ish haftasidan iborat boʻladi.
9-modda
1. Mazkur Konvensiyaning 8-moddasi 2-bandida nazarda tutilgan har yilgi haq toʻlanadigan taʼtilning uzluksiz qismi bir yildan kechiktirmay beriladi va olinadi, har yilgi haq toʻlanadigan taʼtilning qolgan qismi esa taʼtil beriladigan yilning oxiridan hisoblaganda oʻn sakkiz oydan kechiktirmay beriladi va foydalaniladi.
2. Har yilgi taʼtilning belgilangan eng kam davomiylikdan ortiq boʻlgan har qanday qismi xodimning roziligi bilan mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan muddatdan oshadigan, biroq muayyan chegaradan chiqmaydigan davrga kechiktirish mumkin.
3. Mazkur moddaning 2-bandida nazarda tutilgan taʼtilning eng kam muddati va kechiktirish mumkin boʻlgan muddat vakolatli organ tomonidan ish beruvchilar va xodimlarning vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashgandan soʻng yoki jamoaviy muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan yoki milliy sharoitlarga va milliy amaliyotga muvofiq keluvchi boshqa shunday usullar bilan belgilanadi.
10-modda
1. Taʼtil beriladigan davr, agar qonunchilik hujjatlari, jamoa kelishuvlari, arbitraj qarori yoki milliy amaliyotga muvofiq keluvchi boshqa usullar bilan belgilanmasa, ish beruvchi tomonidan xodim yoki uning vakillari bilan maslahatlashganidan keyin belgilanadi.
2. Taʼtil berilishi kerak boʻlgan vaqtni belgilashda mehnatga boʻlgan ehtiyoj, xodimning dam olish imkoniyatlari hisobga olinadi.
11-modda
Mazkur Konvensiyaning 5-moddasi 1-bandiga koʻra talab etilishi mumkin boʻlgan eng kam davrini ishlagan har qanday xodim, mehnat munosabatlari tugatilgan taqdirda, mehnat taʼtilining davomiyligiga mutanosib ravishda haq toʻlanadigan taʼtil beriladi yoki unga mutanosib pullik kompensatsiya toʻlanadi.
12-modda
Mazkur Konvensiyaning 3-moddasi 3-bandida nazarda tutilgan eng kam har yilgi haq toʻlanadigan taʼtil olish huquqidan voz kechish toʻgʻrisidagi yoki bunday taʼtildan kompensatsiya yoki boshqa tarzda voz kechish toʻgʻrisidagi har qanday kelishuv milliy shartlarga muvofiq haqiqiy emas deb topiladi yoki taqiqlanadi.
13-modda
Har bir davlatning vakolatli organi yoki tegishli organi xodim taʼtil vaqtida ushbu taʼtilning maqsadiga toʻgʻri kelmaydigan haq toʻlanadigan faoliyat bilan shugʻullanadigan holatlarni qamrab oladigan maxsus qoidalarni qabul qilishi mumkin.
14-modda
Ushbu Konvensiya qoidalariga taʼsir qilish uslubiga mos keladigan samarali choralar, haq toʻlanadigan taʼtillarga oid qoidalarning toʻgʻri qoʻllanilishi va bajarilishini taʼminlash uchun tegishli tekshirish yoki boshqa yoʻllar bilan amalga oshiriladi.
15-modda
1. Har qanday aʼzo ushbu Konvensiya majburiyatlarini alohida qabul qilishi mumkin:
a) qishloq xoʻjaligidan tashqari iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlgan xodimlar uchun;
b) qishloq xoʻjaligida band boʻlgan xodimlar uchun.
2. Har bir aʼzo davlat ratifikatsiya qilishda yuqoridagi 1-bandning a) kichik bandida koʻrsatilgan xodimlar yoki ushbu bandning b) kichik bandida koʻrsatilgan xodimlar uchun yoki ikkalasiga nisbatan Konvensiya majburiyatlarini qabul qilish yoki yoʻqligini belgilashi kerak.
3. Ratifikatsiya qilish chogʻida faqat mazkur moddaning 1-bandi a) kichik bandida sanab oʻtilgan xodimlarga yoki mazkur moddaning 1-bandi b) kichik bandida sanab oʻtilgan xodimlarga nisbatan mazkur Konvensiya majburiyatlarini qabul qilgan har bir aʼzo mazkur Konvensiya qoʻllaniladigan barcha xodimlarga nisbatan Konvensiya majburiyatlarini qabul qilishi haqida Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktorini keyinchalik xabardor qiladi.
16-modda
Mazkur Konvensiya bilan 1936-yilgi Haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi konvensiya, shuningdek 1952-yilgi Haq toʻlanadigan taʼtillar (qishloq xoʻjaligi) toʻgʻrisidagi konvensiya quyidagi shartlarda qayta koʻrib chiqiladi:
a) 1936-yilgi Haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchisi boʻlgan aʼzo qishloq xoʻjaligidan boshqa iqtisodiyot sektorlarida ishlaydigan xodimlarga nisbatan mazkur Konvensiya boʻyicha majburiyatlarni qabul qilishi ushbu oldingi Konvensiya avtomatik ravishda darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi;
b) Haq toʻlanadigan taʼtillar (qishloq xoʻjaligi) toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchisi boʻlgan aʼzo qishloq xoʻjaligida ishlaydigan xodimlarga nisbatan mazkur Konvensiya boʻyicha majburiyatlarni qabul qilishi ushbu oldingi Konvensiya avtomatik ravishda darhol denonsatsiya qilinishiga olib keladi;
s) mazkur Konvensiyaning kuchga kirishi Haq toʻlanadigan taʼtillar (qishloq xoʻjaligi) toʻgʻrisidagi konvensiyaning kelgusida ratifikatsiya qilish uchun yopilishini anglatmaydi.
17-modda
Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazish uchun Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktoriga yuboriladi.
18-modda
1. Mazkur Konvensiya faqat ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh Direktor tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti aʼzolari uchun majburiydir.
2. U ikki aʼzoning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh Direktor tomonidan roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Shundan soʻng ushbu Konvensiya har qanday aʼzo davlat uchun uning ratifikatsiya hujjatlari roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
19-modda
1. Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan aʼzo davlat uni birinchi marta kuchga kirgan kundan boshlab oʻn yil oʻtgandan soʻng roʻyxatdan oʻtkazish uchun Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktoriga yuborilgan hujjat bilan denonsatsiya qilishi mumkin. Denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan keyin bir yil oʻtgach, denonsatsiya qilish kuchga kiradi.
2. Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan har qanday aʼzo oldingi bandda nazarda tutilgan oʻn yillik davr oʻtgach bir yillik muddat ichida mazkur moddada koʻrsatilgan oʻz denonsatsiya qilish huquqidan foydalanmasa, keyingi oʻn yillik davrda bogʻlanadi va keyinchalik mazkur moddada belgilangan tartibda har oʻn yillik davr oʻtgach mazkur Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
20-modda
1. Xalqaro mehnat byurosining Bosh Direktori Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolarini tashkilot aʼzolari tomonidan unga yuborilgan barcha ratifikatsiya va denonsatsiya hujjatlari roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
2. Tashkilot aʼzolarini oʻziga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya hujjati roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida xabardor qilganda, Bosh Direktor Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini ushbu Konvensiya kuchga kiradigan sanaga qaratadi.
21-modda
Xalqaro mehnat byurosi Bosh Direktori oldingi moddalardagi qoidalarga muvofiq oʻzi roʻyxatdan oʻtkazgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi barcha hujjatlar va denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlar boʻyicha toʻliq maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibiga yuboradi.
22-modda
Xalqaro mehnat byurosining Maʼmuriy kengashi zarur deb topsa, u Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyani qoʻllash toʻgʻrisida maʼruzani taqdim etadi va Konferensiya kun tartibiga uni toʻliq yoki qisman qayta koʻrib chiqish masalasini kiritish maqsadga muvofiqligini koʻrib chiqadi.
23-modda
1. Agar Konferensiya ushbu Konvensiyani toʻliq yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiyani qabul qilsa va agar yangi konvensiyada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, u holda:
a) qaysidir aʼzo tomonidan qayta koʻrib chiqiladigan yangi Konvensiyani ratifikatsiya qilish, 19-moddaning qoidalaridan qatʼi nazar, yangi qayta koʻrib chiqiladigan konvensiya kuchga kirgan taqdirda, ushbu Konvensiyani darhol denonsatsiya qilishga olib keladi;
b) yangi qayta koʻrib chiqilgan konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab ushbu Konvensiya Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilish uchun yopiladi.
2. Ushbu Konvensiya har qanday holatda ham uni ratifikatsiya qilgan, lekin qayta koʻrib chiqilayotgan Konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilotning aʼzolari uchun shaklan va mazmunan kuchda qoladi.
24-modda
Mazkur Konvensiyaning ingliz va fransuz tillaridagi matni bir xil kuchga ega.
(imzolar)
