8-modda. Fuqarolarni qabul qilish
“Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (446-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tashkil etiladi. Fuqarolarni qabul qilish rahbar yoki boshqa mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida alohida boʻlinmalar tuzilishi mumkin, fuqarolarni qabul qilish uchun masʼul mansabdor shaxslar belgilab qoʻyiladi.
Qabul belgilangan kun va soatlarda, fuqarolar uchun qulay vaqtda oʻtkaziladi. Qabul jadvali fuqarolar eʼtiboriga yetkaziladi.
Fuqaro ogʻzaki murojaat etayotganda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatishi kerak.
Fuqaroni qabul qilish, agar uning bir necha bor qilgan murojaati asossiz, qonunga xilof xususiyatda boʻlsa yoki uning murojaati boʻyicha qaror qabul qilib boʻlingan boʻlsa, rad etilishi mumkin.
Davlat organlarida fuqarolarni qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
