Xiva shahrida birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish toʻgʻrisida (KQ-196-V-son)
10.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2024-2025-yillarga moʻljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi (“yoʻl xaritasi”)ning 7-bandi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, strategik sheriklikni kengaytirish, parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish hamda ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va anglashuvni yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumi 2025-yilning 30-iyunidan 2-iyuliga qadar Xiva shahridagi “Farovon” mehmonxonasida oʻtkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (bundan buyon matnda Tashkiliy qoʻmita deb yuritiladi) tarkibi 1-ilovaga;
birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga;
birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini yoritish boʻyicha media-reja 3-ilovaga;
birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumining konsepsiyasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ushbu Qarorning 2- va 3-ilovalarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirib borish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasiga va Senat devonining Axborot xizmatiga yuklatilsin.
4. Tashkiliy qoʻmita:
ushbu Qarorning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasin;
birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumi ishtirokchilarining kelib-ketishi, transport bilan taʼminlanishi va ularga tibbiy xizmat koʻrsatilishi masalalarini muvofiqlashtirib borsin;
tadbir oʻtkaziladigan joylarning texnik va telekommunikatsiyalar bilan jihozlanishini, obodonlashtirish va yoʻl taʼmirlash ishlari olib borilishini tashkil etish, shuningdek, Xiva shahrida zarur mehmonxonalarning tayyor boʻlishi va band qilinishini taʼminlasin;
anjumanni oʻtkazish bilan bogʻliq axborot-tahliliy va boshqa hujjatlarning oʻz vaqtida hamda sifatli tayyorlanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari:
2025-yilning 20-iyuniga qadar Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda parlamentlararo munosabatlarning yangi ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etsin;
xalqaro parlament tuzilmalari (Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi va boshqalar) doirasida ilgari suriladigan yangi tashabbus va takliflar loyihalarini ishlab chiqsin hamda Ozarbayjon parlamenti bilan birgalikda yagona pozitsiyani shakllantirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi:
ikki hafta muddatda Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasi aʼzolari uchun mamlakatimizning boy turistik salohiyatini, xususan, uning tarixi va madaniy merosini aks ettiruvchi tarqatma materiallarni tayyorlash va tarqatish, shuningdek, anjuman doirasida turizm yoʻnalishida alohida koʻrgazma tashkil etish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda anjuman ishtirokchilarining tarixiy-madaniy meros obyektlariga bepul kirishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumining ochilish marosimida, tanaffus va tushlik, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nomidan forum ishtirokchilari uchun tashkil etiladigan rasmiy kechki qabul davomida konsert dasturi taqdimotini tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Xiva va Urganch shaharlarida, tadbir oʻtkaziladigan joylarda anjuman ishtirokchilari xavfsizligini, shuningdek, forum ishtirokchilari uchun ajratilgan avtobuslarning harakatlanishi xavfsizligini taʼminlasin.
9. “Uzbekistan airways”, “Uzbekistan airports” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatlari tegishincha Urganch xalqaro aeroportini, undagi VIP va CIP zallarini anjuman ishtirokchilarini kutib olish, kuzatish hamda ularga xizmat koʻrsatish uchun tayyorlash choralarini koʻrsin hamda VIP va CIP zallaridan yigʻim va bojlar, shuningdek, zal xizmati uchun toʻlovlar undirilmay foydalanilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Axborot xizmati bilan birgalikda 2025-yilning 20-iyuniga qadar birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini keng yoritish boʻyicha faol jurnalist va blogerlardan iborat Matbuot-shtabini tashkil etish tavsiya etilsin.
11. Matbuot-shtabining asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilansin:
forumdan oldi, forum vaqti va undan keyingi jarayonlarni keng yoritib borish choralarini koʻrish;
anjumanning mazmun-mohiyati va ahamiyatini milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻida oʻzbek tilida va xorijiy tillarda keng yoritish maqsadida forum boʻlib oʻtadigan joyda Matbuot markazini tashkil etish;
anjumanning ochilishi marosimini ommaviy axborot vositalari orqali jonli namoyish etish va ish jarayonini yoritib borishni tashkil etish;
forum ishtirokchilari, jumladan, Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasi aʼzolari bilan intervyular, maxsus reportajlar, brifing, press-klub koʻrsatuvlarini tashkil etish;
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlarni, jumladan, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini aks ettiruvchi videorolik tayyorlash.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi 2025-yilning 15-iyuniga qadar birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumi yakuni boʻyicha qabul qilinadigan Xiva deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Ozarbayjon tomoni bilan kelishsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilning 25-iyuniga qadar birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumining xarajatlar smetasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
15. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 10-iyun,
KQ-196-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 10-iyundagi KQ-196-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 10-iyundagi KQ-196-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini oʻtkazish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 10-iyundagi KQ-196-V-sonli qaroriga 3-ILOVA
Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumini yoritish boʻyicha
MEDIA-REJA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 10-iyundagi KQ-196-V-sonli qaroriga 4-ILOVA
Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumining
KONSEPSIYASI
Kirish
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi, bunga Prezidentlar Sh. Mirziyoyev va I. Aliyev oʻrtasidagi amaliy, ishonchli va doʻstona munosabatlar yordam berdi.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli Oliy Majlis va Milli Majlis oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.
Oʻtgan yillar davomida Oliy Majlis Senati va Milli Majlis yuqori darajadagi sheriklikni va parlamentlararo diplomatiyani rivojlantirishdan manfaatdorlikni namoyon etdi.
Tasdiqlangan 2022-2023 va 2024-2025-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritalari” doirasidagi oʻzaro tashriflar, ikki tomonlama uchrashuvlar va qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakatni barqaror rivojlantirish manfaatlari yoʻlida parlamentlararo muloqotni mustahkamlash va ilgʻor tajriba almashish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu munosabat bilan 2025-yil 1-2-iyul kunlari Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston — Ozarbayjon parlamentlararo forumi (keyingi oʻrinlarda Forum deb yuritiladi) oʻtkazilishi nafaqat parlamentlararo muloqotning muhim maydoni, balki ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirishning samarali mexanizmi boʻlib xizmat qiladi.
Forumdan koʻzlangan maqsad — parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish, yuksak darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashishdir.
Forumni tashkil etish uchun asos:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2023-yil 22-23-avgust kunlari Bokuga tashrifi yakunlari boʻyicha tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida 2023-2024-yillarga moʻljallangan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”).
2. 2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”.
Forum tashkilotchilari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisi.
Forum ishtirokchilari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Ozarbayjon Respublikasi Milli Majlisining senatorlari, deputatlari va yosh parlament aʼzolari.
Forum vazifalari:
Oliy Majlis palatalari va Milli Majlis aʼzolari oʻrtasida parlamentlararo muloqotning barqaror mexanizmini shakllantirish;
Oliy Majlis va Milli Majlis oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha doʻstlik guruhi maqomini oshirish, uni vakolatlari kengaytirilgan parlamentlararo komissiyaga aylantirish;
ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga koʻmaklashuvchi qoʻshma parlament tashabbuslari va qonunchilik takliflarini ishlab chiqish;
parlamentlararo komissiya va ixtisoslashtirilgan qoʻmitalar oʻrtasida qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish;
yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ikki mamlakat yoshlar parlamentlari aʼzolari oʻrtasida iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, raqamlashtirish va bandlik sohalarida hamkorlikni faollashtirish.
Forumning tarkibiy qismi:
Forum quyidagi panel sessiyalar doirasida boʻlib oʻtadi.
1-panel sessiya.
“Parlamentlar — strategik sheriklikning harakatlantiruvchi kuchi: qonunchilik tashabbuslari va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat”
Ushbu sessiyada quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
yuksak darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashish;
huquqiy davlat, qonun ustuvorligi va demokratik institutlar sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash;
milliy va xalqaro dastur hamda strategiyalar, shu jumladan, ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi strategiyalar amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
parlament qoʻmitalari va komissiyalarining ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilishda institutsional rolini oshirish;
ochiqlik va hisobdorlikni oshirish uchun parlamentlarning fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;
budjet ijrosi va davlat mablagʻlarining sarflanishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha tajriba almashish;
davlat boshqaruvida va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ustidan nazoratning samarali parlament mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
inson huquqlariga rioya etilishini va ijtimoiy adolatni taʼminlashni nazorat qilish;
qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida ilgʻor tajriba almashish boʻyicha parlamentlararo platformalarni qoʻllab-quvvatlash;
ishonchni mustahkamlash, ziddiyatlarning oldini olish va muloqotni rivojlantirishning muhim vositasi sifatida parlament diplomatiyasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
xalqaro bitimlar doirasida davlatning majburiyatlariga rioya etilishini nazorat qilish;
umumiy manfaatlarni ilgari surish uchun parlament aʼzolarining xalqaro va mintaqaviy birlashmalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish.
2-panel sessiya.
“Iqtisodiy taraqqiyotni parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash: biznes va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar”
Ushbu sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlik va raqamli texnologiyalar sohasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash;
kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun ragʻbatlantirish choralarini, shu jumladan soliq imtiyozlarini, kredit resurslaridan foydalanishni va soddalashtirilgan maʼmuriy tartib-taomillarni qabul qilish;
oʻzaro savdoni osonlashtirish uchun standartlarni uygʻunlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalarida parlament hamkorligini kengaytirish;
biznes va investorlar uchun oʻzaro manfaatlarni taʼminlovchi savdo bitimlarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, shuningdek, savdo va logistika sohasidagi toʻsiqlarni bartaraf etish;
investitsiya muhitining barqarorligi va prognoz qilinishini taʼminlash, shu jumladan oʻzaro savdo va investitsiyalarni soddalashtirish boʻyicha qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish;
xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qiluvchi sanoat-iqtisodiy zonalar, erkin iqtisodiy hududlarni rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qoʻshma korxonalar tashkil etish va mamlakatlar oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashning huquqiy doiralarini ishlab chiqish;
eksport va milliy kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha parlament tashabbuslarini kengaytirish;
raqamli platformalarni kengaytirish, raqamli iqtisodiyot va mobil startaplarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning xalqaro savdo va moliyaviy tarmoqlarga integratsiyalashuvi uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishda parlamentlarning rolini oshirish;
infratuzilma, sogʻliqni saqlash, taʼlim va qishloq xoʻjaligi kabi muhim tarmoqlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish dasturlarini ishlab chiqishda koʻmaklashish;
yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va innovatsion ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish dasturlarini parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
investitsiyalardan foydalanish samaradorligi ustidan parlament nazorati mexanizmlarini yaratish, davlat va xususiy moliyaviy oqimlarni taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash;
“aqlli” (smart) infratuzilma, raqamli moliyaviy xizmatlar va moliyaviy texnologiyalarni ilgari surishda parlamentlarning rolini kuchaytirish;
investorlar va tadbirkorlar manfaatlarini inobatga oluvchi kompleks qonunchilik yechimlarini ishlab chiqish uchun tadbirkorlar hamjamiyatlari, investitsiya fondlari va ekspertlar bilan muloqotni boshlash;
jalb qilingan investitsiyalar va yirik iqtisodiy loyihalarning ijtimoiy-iqtisodiy samarasini parlament tomonidan baholash mexanizmlarini shakllantirish.
3-panel sessiya.
“Intellektual kapital va raqamli transformatsiya: parlamentlararo hamkorlikning yangi imkoniyatlari”
Ushbu sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
taʼlim tizimini modernizatsiya qilishni, maktab va oliy oʻquv yurtlarida zamonaviy taʼlim standartlari, STEAM-taʼlim, raqamli texnologiyalarni joriy etishni qonunchilik bilan qoʻllab-quvvatlash;
uzluksiz taʼlim va malaka oshirishni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish;
mamlakatlar oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalari, laboratoriyalar, olimlar va talabalar almashinuviga qonunchilik yoʻli bilan yordam koʻrsatish;
ikki tomonlama grant dasturlari va akademik mobillikni qoʻllab-quvvatlash;
yosh olimlar va innovatsion startaplarni qoʻllab-quvvatlash, yosh tadqiqotchilar uchun ragʻbatlantirish choralarini koʻrish (grantlar, soliq imtiyozlari, infratuzilmalardan foydalanish va hokazolar);
universitet startaplarini, texnoparklar va ilmiy inkubatorlarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish;
mualliflik huquqlari, patentlar, texnologiyalarni himoya qilish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va bozorga chiqarishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
masofaviy oʻqitishni, onlayn platformalarni, ochiq taʼlim resurslarini qonunchilik bilan tartibga solish;
oliy oʻquv yurtlarining sanoat bilan aloqalarini mustahkamlash, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlimni ragʻbatlantirish, dual taʼlimni qoʻllab-quvvatlash va kadrlar tayyorlashda korxonalarning ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrish;
milliy universitetlarning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ragʻbatlantirish, chet ellik oʻqituvchilar va tadqiqotchilarni jalb qilish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishga koʻmaklashish;
xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va qishloq aholisining teng taʼlim olishini taʼminlash choralarini koʻrish.
4-panel sessiya.
“Madaniyat, turizm va sogʻliqni saqlash sohalarida parlamentlararo hamkorlik”
Ushbu sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
a) madaniyat sohasida:
madaniy almashinuvlar, festivallar, koʻrgazmalar va gastrollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonunchilik bazasini takomillashtirish;
qoʻshma madaniyat markazlari, muzeylar, kutubxonalar tashkil etish;
moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish sohasida tajriba almashish;
madaniy diplomatiya vositasi sifatida kinematografiya, musiqa va teatrni parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
oʻzbek va ozarbayjon tillarini oʻrganishni targʻib qilish, oʻzaro taʼlim dasturlarini qoʻllab-quvvatlash;
b) turizm sohasida:
viza rejimini soddalashtirish, turistlar almashinuvi, turistik yoʻlaklarni yaratish boʻyicha qonunchilikni uygʻunlashtirish;
tarixiy, madaniy, gastronomik, ekologik va tibbiy turizmni birgalikda rivojlantirish;
sayyohlik yoʻnalishlari, mehmonxona biznesi, xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
soliq va moliyaviy chora-tadbirlar orqali turizm sohasiga investitsiyalarni ragʻbatlantirish;
xalqaro bozorlarda qoʻshma turistik brendlarni ilgari surish;
v) sogʻliqni saqlash sohasida:
tibbiyot kadrlari, ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalar almashinuvi sohasida hamkorlikni mustahkamlash;
kasalliklarning oldini olish, ona va bola salomatligi, reproduktiv salomatlik sohasidagi tashabbuslarni parlament tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
yuqumli kasalliklarga qarshi birgalikda kurashish, shu jumladan sanitariya-epidemiologiya xavfsizligini mustahkamlash;
tibbiy turizm va teletibbiyot sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, qishloq aholisining tibbiy xizmatlardan foydalanishini soddalashtirish;
tibbiy sugʻurta va tibbiy xizmatlardan foydalanishni tashkil etish boʻyicha tajriba almashish;
“sogʻlom turizm”ni rivojlantirishda, jumladan sport oromgohlari, sanatoriylar, reabilitatsiya markazlari tashkil etishda parlamentlarning roli;
inklyuziv sayyohlik sohasidagi tashabbuslarni va nogironligi boʻlganlar uchun madaniy dasturlarni qoʻllab-quvvatlash;
madaniy, sport va taʼlim tashabbuslari orqali sogʻlom turmush tarzini birgalikda targʻib qilish.
5-panel sessiya.
“Yashil kelajak: atrof muhit va iqlim oʻzgarishini himoya qilishda parlamentlarning roli”
Ushbu sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik tashabbuslari orqali barqaror rivojlanishga koʻmaklashish;
iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani mustahkamlash;
issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, “yashil” energetikaga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash va qayta tiklanadigan energiya manbalariga investitsiyalar kiritilishini ragʻbatlantirish boʻyicha milliy strategiyalarni ishlab chiqishda koʻmaklashish;
suv resurslarini boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini rivojlantirish, suvni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
chiqindilarni boshqarish masalalarini tartibga solish, plastmassani qayta ishlash, alohida yigʻish va undan foydalanishni kamaytirish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish;
biologik xilma-xillikni asrash, noyob turlarni muhofaza qilish, ovchilikni tartibga solish, ekotizimlarni saqlash boʻyicha qonunchilik bazasini yaratish;
qonunchilikda ekologik taʼlim va madaniyatni rivojlantirishga koʻmaklashish, maktab oʻquv dasturlariga ekologik standartlarni joriy etish choralarini koʻrish, yoshlar oʻrtasida ekologik tashabbuslarni ommalashtirish;
“sogʻlom shaharlar” va sogʻlom turmush tarzi uchun infratuzilmani yaratishni ragʻbatlantirish: velosiped yoʻllari, sport maydonchalari, yashil hududlar, ommaviy sport tadbirlari dasturlari.
6-panel sessiya.
“Jamiyat va davlat taraqqiyotida xotin-qizlar va yoshlar ovozi: parlament istiqboli”
Ushbu sessiya doirasida quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
xotin-qizlar va yoshlarning deputatlik va siyosiy faoliyatdagi rolini kuchaytirish, ularning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlarini muhokama qilish;
xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini himoya qilishning samarali qonunchilik mexanizmlarini yaratish: kamsitishlarga qarshi kurashish, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, ishga joylashishda teng imkoniyatlarga ega boʻlishni taʼminlash;
huquqiy va iqtisodiy ragʻbatlantiruvchi omillar (soliq imtiyozlari, grantlar bilan qoʻllab-quvvatlash, kredit resurslaridan foydalanishni osonlashtirish) orqali xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash;
xotin-qizlarning kasbiy malakasini oshirish va oilaviy hayot oʻrtasidagi mutanosiblikni qonunchilik bilan taʼminlash, dekret taʼtillari, qulay ish vaqti, masofadan ishlash imkoniyati masalalari boʻyicha huquqiy bazani rivojlantirish;
gender tenglik va yoshlar siyosati masalalarini milliy strategiya va dasturlarga kiritish, parlament ishini hukumat tashabbuslari bilan muvofiqlashtirish;
yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlarining tashabbuslarini qonunchilik darajasida qoʻllab-quvvatlash, qarorlar qabul qilish, jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etishlari uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish;
xotin-qizlar va yoshlar xavfsizligini taʼminlash, zoʻravonlik, bulling (masxaralash), onlayn tahdidlarning oldini olish boʻyicha qonunchilik choralarini kuchaytirish;
yoshlar parlamentlari, parlamentlar huzuridagi maslahat kengashlari orqali qaror qabul qilish jarayonida yoshlar ishtirokini ragʻbatlantirish;
xotin-qizlar va yoshlar uchun kasbiy tayyorgarlik va taʼlim dasturlarini qonunchilikda qoʻllab-quvvatlash, texnik, muhandislik va IT mutaxassisliklaridan foydalanishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish;
iqtisodiyot, fan, taʼlim va siyosatda yetakchi ayollarni qoʻllab-quvvatlashning qonunchilik bazasini shakllantirish;
mintaqalararo va xalqaro miqyosda xotin-qizlar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha parlamentlarning eng ilgʻor tajriba almashishiga koʻmaklashish.
Kutilayotgan natijalar:
strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ustuvor sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qoʻshma tashabbuslarni yanada samarali amalga oshirish uchun huquqiy bazani takomillashtirishga intilishni aks ettiruvchi Xiva deklaratsiyasini qabul qilish;
qonun ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish, tajriba almashish va hududlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari boʻyicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratgan holda, Oliy Majlis va Milli Majlisning ixtisoslashgan qoʻmitalari, komissiyalari va fraksiyalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish orqali parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish;
Oliy Majlis va Milli Majlis oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha doʻstlik guruhi maqomini oshirish, uni ikki tomonlama bitimlar ijrosini tizimli monitoring qilish, qoʻshma qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish, parlamentlararo almashinuv dasturlarini muvofiqlashtirish va qoʻshma ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyihalarni ilgari surish uchun vakolatlari kengaytirilgan parlamentlararo komissiyaga aylantirish;
yuksak darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazorati mexanizmlarini ishlab chiqish, shu jumladan, ijro hokimiyatining muntazam hisobotlari va qoʻshma monitoring tadbirlarini oʻtkazish;
parlamentarizmning raqamli transformatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, raqamli qonun ijodkorligi, elektron hujjat almashish, fuqarolarning onlayn ishtiroki va parlament faoliyatining ochiqligi boʻyicha tajriba almashish;
Oʻzbekiston va Ozarbayjon yoshlar parlamentlari aʼzolari oʻrtasida barqaror muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda muntazam fikr, tajriba va tashabbuslar almashish uchun platforma yaratish;
umumiy manfaatlarni himoya qilish, barqaror rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, shu jumladan, parlamentlararo tashkilotlar (PI, YEXHT PA, MDH PA, OPA, TurkPA va boshqa tashkilotlar) va forumlarda tashabbuslarni birgalikda ilgari surish.
