9-modda. Patent egasi
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Sanoat mulkining obyektiga patent yoki dastlabki patent quyidagilarga beriladi:
sanoat mulki obyektining muallifiga (mualliflariga) yoki uning (ularning) merosxoʻriga (merosxoʻrlariga) ;
muallif yoki uning huquqiy vorisi tomonidan patent yoki dastlabki patent berish toʻgʻrisidagi talabnomada yoki sanoat mulki obyekti roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar Patent idorasiga topshirilgan arizada koʻrsatilgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarga (ular rozi boʻlgan taqdirda);
ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda ish beruvchiga.
Xizmatchi oʻz xizmat vazifasini yoki ish beruvchidan olgan aniq bir topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratgan sanoat mulki obyektiga patent yoki dastlabki patent olish huquqiga, agar bu hol ular oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchi ega boʻladi.
Basharti ish beruvchi bilan muallif oʻrtasida ushbu modda ikkinchi qismidagi qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, muallif talabnoma topshirish va patent yoki dastlabki patentni oʻz nomiga olish huquqiga ega boʻladi. Bunda ish beruvchi sanoat mulkining tegishli obyektidan oʻz korxonasida patent egasiga shartnomada belgilanadigan haqni toʻlagan holda foydalanish huquqiga ega boʻladi.
Ish beruvchi tomonidan sanoat mulki obyekti maxfiy saqlanadigan boʻlsa, u muallifga mutanosib miqdorda haq toʻlashi shart, bu haq miqdori shartnoma asosida belgilanib, mutlaq litsenziyaning bozor narxidan kam boʻlmasligi lozim.
Sanoat mulki obyektiga patent yoki dastlabki patent, shuningdek uni olish huquqi meros boʻlib oʻtadi.
