13-modda. Patent egasi mutlaq huquqlarining buzilishi
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Patent yoki dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektlaridan ushbu Qonun 11 va 31-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga xilof ravishda foydalanuvchi har qanday shaxs patent egasining mutlaq huquqlarini buzuvchi hisoblanadi.
Patentlangan ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasidan foydalangan holda ruxsatsiz mahsulot tayyorlash, uni qoʻllash, import qilish, sotuvga taklif etish, sotish, fuqaro muomalasiga oʻzga tarzda kiritish yoki shu maqsadlarda uni saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan qoʻriqlanadigan usulni qoʻllash yoki ixtiro patenti bilan qoʻriqlanadigan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqaro muomalasiga kiritish yoxud shu maqsadlarda saqlab turish patent egasining mutlaq huquqini buzish deb eʼtirof etiladi.
Sanoat mulki obyektidan patent egasining huquqlariga xilof ravishda foydalanayotgan shaxslar patent egasi talabiga binoan:
patent egasining mutlaq huquqini buzayotgan harakatlarni toʻxtatishlari;
patent egasiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashlari shart. Zarar oʻrniga patent egasi huquqbuzardan shu harakati orqasidan olgan daromadini undirib olishga haqlidir.
