Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaning “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (660-V-son)
18.03.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaning “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda mamlakatimizda oila institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeyini yanada mustahkamlash, ularni kasbga oʻrgatish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ularga koʻmaklashish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida 49 foizga yetgan.
Xotin-qizlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijiga, xalqaro reyting va indekslardagi oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 2024-yilda sohaga doir jami 14 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmon va qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 9 ta qarori qabul qilindi.
Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish toʻgʻrisidagi 95-sonli, Haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi 132-sonli, Mehnat gigiyenasi, ishlab chiqarishdagi gigiyenik xavfsizligi toʻgʻrisidagi 155-sonli, Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar toʻgʻrisidagi 156-sonli va Toʻliqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash toʻgʻrisidagi 175-sonli konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
Xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,2 foizni (772 469 nafar), magistratura bosqichida jami talabalar soniga nisbatan 62,70 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichida 2017-yilga nisbatan 23 foizga, magistraturada 2018-yilga nisbatan 3,8 barobarga ortgan.
Bugungi kunda magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilingan 15 ming nafardan ziyod talaba qizga 190 mlrd. soʻm kontrakt toʻlovlari toʻlab berilgan.
2022 — 2024-yillar davomida xotin-qizlarning 397 ming nafariga foizsiz taʼlim krediti ajratilgan, 6 ming nafarining kontrakt toʻlovi mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplab berilgan, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasi asosida 8 653 nafar ehtiyojmand xotin-qiz davlat granti va 500 nafar xotin-qizlar toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan.
Bundan tashqari xotin-qizlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida 6 ta tuman tajribasi respublika boʻyicha ommalashtirilgan.
Xonadonlarda uchtadan ortiq daromad manbaini yaratish boʻyicha Sayxunobod tajribasi, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali ayollar bandligini taʼminlash boʻyicha Jondor tajribasi, aholi daromadlarini oshirish — xonadonda moliyaviy paketlar joriy qilish boʻyicha Nishon, Shofirkon tajribasi, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan kooperatsiyalar tashkil etish boʻyicha Bogʻdod tajribasi, kashtachilik maktabi va qoʻy junini qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Shahrisabz tajribasi shular jumlasidandir.
Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilgan. 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan jami 34 845 ta oʻrganish oʻtkazilgan. Nazorat tadbirlari davomida mehnat munosabatlarida ayollarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan 5 102 ta yozma koʻrsatma, 130 ta taqdimnoma kiritilgan va 3 389 ta maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Shu bilan birga tahlillar sohada hali yechilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar va muayyan kamchiliklar ham saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, mehnat munosabatlarida xotin-qizlarga nisbatan oilaviy kamsitish hollari yildan yilga koʻpaymoqda.
Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokama qilinayotgan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik holatlari, ularda koʻpincha xotin-qizlar jabrlanayotganligi ham bu borada olib borilayotgan ishlar natijadorligini oshirish, profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaning “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targʻib qilish;
oila aʼzolarining huquqiy madaniyatini oshirish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish;
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ifodalash;
xotin-qizlarning kasbiy koʻnikmalarini oshirish, tadbirkorligini rivojlantirish, ularga munosib ish topishida koʻmaklashish;
mahallalardagi xotin-qizlar faollari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga biriktirilgan jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirish choralarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi:
oila va xotin-qizlarga taalluqli qonun hujjatlarini xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;
oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish borasidagi ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-mart,
660-V-son
