7-modda. Tadbirkorlik huquqlari
Oʻzbekiston respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida (207-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
Har bir fuqaro (bir guruh fuqarolar) xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlar bilan teng asoslarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shartlarga rioya qilgan holda:
korxonalar va tashkilotlarni vujudga keltirish, taʼsis etish, sotib olish va qayta tuzish yoʻli bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va davom ettirish;
tadbirkor turli darajada mulkiy javobgar boʻladigan oʻz tadbirkorlik tashkilotini taʼsis etish;
bu faoliyatni bajarish uchun boshqa yuridik shaxslar va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda pul mablagʻlarini ixtiyoriy asoslarda jalb etish;
mustaqil tarzda xodimlarni yollash va ishdan boʻshatish;
tadbirkorlik orqali chegaralanmagan miqdorda, lekin soliq solinadigan shaxsiy daromad orttirish;
ijtimoiy taʼminlash va ijtimoiy sugʻurta qilish huquqiga egadir.
Tadbirkor yoki u vakil qilgan shaxslar xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektlarning har qanday xatti-harakatlari va tadbirkorga qilayotgan daʼvolari hamda belgilangan tartibda beriladigan jazo choralari xususida bahslashishga haqli, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq hech soʻzsiz qoʻllanadiganlari bundan mustasnodir.
