14-modda. Yer osti boyliklarini foydali qazilmalar qazib olish va boshqa maqsadlar uchun foydalanishga berib qoʻyish
Yer osti boyliklari toʻgʻrisida (2018-XII-son) · Sana: 23.09.1994 · Kuchini yo'qotgan
Yer osti boyliklari foydali qazilmalarni qazib olish va boshqa maqsadlar uchun, shuningdek texnogen hosilalar foydalanishga litsenziyalar asosida beriladi.
Qazib chiqarilishi litsenziya asosida amalga oshirilishi kerak boʻlgan mineral resurslar turlarining roʻyxati, yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarni berish tartibi, shuningdek kon ajratmalarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Litsenziya uning egasining yer osti boyliklaridan foydalanish, kon joylashgan maydon — kon ajratmasini olish va uning zaminida foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen hosilalardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan korxonalarni loyihalashtirishga, foydali qazilma qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanishga litsenziyada nazarda tutilgan shartlar va talablarga rioya etgan holda, zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini yer qaʼrining maʼlum qismida koʻmishga huquqi borligini tasdiqlaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga yer osti boyliklaridan foydalanishning bir yoʻla bir necha turi uchun litsenziyalar berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziya yer osti boyliklaridan foydalanish uchun asosdir.
Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyaning taqdim etilishi yer ajratmasi berilishi uchun asos boʻladi. Yer ajratmasi berish yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Kon ajratmalari Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi tomonidan beriladi.
Foydali qazilma konlarini tajriba-sanoat yoʻsinida ishlatish (neft va gaz konlari bundan mustasno), yer osti chuchuk suvlarini chiqarib olish, nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa kolleksiyabop geologik materiallarni toʻplash uchun litsenziyaga muvofiq berib qoʻyiladigan yer osti boyliklari uchastkalariga kon ajratmasi talab qilinmaydi.
Geologiya-qidiruv ishlarini moliyaviy taʼminlagan yuridik va jismoniy shaxslar qidirib topilgan konni ishlatish uchun litsenziyalar olishda mutlaq huquqqa egadirlar.
