“Yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (371-son)
18.06.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek davlat xaridlarida atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining davlat xaridlarini amalga oshirishda “yashil” davlat xaridlari tizimini joriy etish va davlat xaridlaridagi “yashil” davlat xaridlari ulushini 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich 30 foizga yetkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki, “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimining yoki xalqaro ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimlarining ekologik mezonlarga muvofiqlikni tasdiqlovchi tegishli hujjatiga (keyingi oʻrinlarda — ekologik markirovkalash hujjati)ga ega tadbirkorlik subyektlaridan amalga oshirilgan davlat xaridlari va/yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi “yashil” davlat xaridi hisoblanadi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
a) davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik mezonlar eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderlardagi xarid qilish hujjatlariga majburiy tartibda kiritiladi.
Bunda:
ekologik markirovkalash hujjatining har bir turi uchun toʻplangan ballarning besh foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi;
ishtirokchi taklifining ushbu mezonlarga mos kelmasligi ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilidan chetlatish uchun asos boʻlmaydi;
b) ekologik markirovkalash hujjatiga ega boʻlgan va/yoki tovarlari (ishlari, xizmatlari) ekologik markirovkalash hujjatiga ega davlat xaridlari ishtirokchilariga vositachilik yigimi miqdoriga nisbatan 30 foiz chegirma beriladi hamda ular tomonidan qoʻshimcha zakalat mablagʻlari kiritish talab etilmaydi;
v) davlat buyurtmachilari elektron kooperatsiya portali, elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion savdolari orqali xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) birinchi navbatda ekologik markirovkalash hujjatiga ega ishtirokchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi.
Bunda zarur boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha ekologik markirovkalash hujjatiga ega boʻlgan ishtirokchilar mavjud boʻlmagan taqdirdagina, ularni boshqa ishtirokchilardan xarid qilishga ruxsat etiladi.
4. Ayrim tovar guruhlarining davlat xaridlarida qoʻllanadigan namunaviy ekologik mezonlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, davlat buyurtmachilari oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2026-yil uchun davlat xaridi bilan bogʻliq xarajatlarda “yashil” davlat xaridlari ulushini kamida 15 foizga yetkazadi. Bunda ushbu koʻrsatkichni har yili kamida 5 foizga oshirib borish boʻyicha choralar koʻradi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik subyektlari ekologik markirovkalash hujjatlarini olishini ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish, shuningdek, ekologik markirovkalash hujjatlarini olish uchun toʻlov miqdorini keskin kamaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar davlat xaridlari maxsus axborot portalidagi “Yashil” davlat xaridlari sahifasiga quyidagi maʼlumotlarni joylashtirish choralarini koʻrsin:
davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan “yashil” davlat xaridlari;
“Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimida (keyingi oʻrinlarda — ekologik markirovkalash tizimi) avtorizatsiyadan oʻtgan mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini baholovchi yuridik shaxslar roʻyxati;
ekologik markirovkalash hujjatiga ega boʻlgan va/yoki tovarlari (ishlari, xizmatlari) ekologik markirovkalash hujjatiga ega tadbirkorlik subyektlari;
tovarlarning sifati, texnik tavsiflari hamda ishlab chiqarish jarayonlariga nisbatan belgilangan ekologik mezonlar roʻyxati;
b) har yili xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xaridlari subyektlari uchun “yashil” davlat xaridlari sohasida xabardorlikni oshirish boʻyicha qisqa muddatli bepul oʻqitish kurslarini tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan birgalikda:
uch oy muddatda davlat buyurtmachilarining masʼul xodimlari uchun “yashil” davlat xaridlari boʻyicha maxsus oʻquv dasturi ishlab chiqilishini;
har yili 1-martga qadar ushbu qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan namunaviy ekologik mezonlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda toʻrt oy muddatda ekologik markirovkalash tizimini “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi hamda davlat xaridlari maxsus axborot portaliga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
Mazkur band qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan soʻng kuchga kiradi.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-iyun,
371-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 371-son qaroriga 1-ILOVA
Ayrim tovar guruhlarining davlat xaridlarida qoʻllanadigan
NAMUNAVIY EKOLOGIK MEZONLAR
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-iyundagi 371-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-yanvardagi 55-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash tartibiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 10-bandning “v” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ekologik markirovkalash sertifikatining mavjudligi”.
2. Quyidagi tahrirdagi 342-band bilan toʻldirilsin:
“342. Ekologik markirovkalash sertifikatining mavjudligini baholashda tadbirkorlik subyekti mazkur sertifikatga ega boʻlsa — 2 ball beriladi”.
3. 2-ilova quyidagi tahrirdagi 25-band bilan toʻldirilsin:
