Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida
23.08.2024
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4567-AZ-2024-D tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 27-maydagi Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnoma, 1997-yil 18-iyundagi Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida har tomonlama hamkorlik va sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya, 2004-yil 23-martdagi Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida strategik sherikchilikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisidagi Deklaratsiya, 2022-yil 21-iyundagi Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisidagi Deklaratsiya va 2023-yil 22-avgustdagi Ozarbayjon Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi Shartnomaning ozarbayjon-oʻzbek munosabatlaridagi muhim ahamiyatini eʼtirof etgan holda,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsadlari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
doʻstlik, birodarlik va oʻzaro hurmatning buzilmas prinsiplariga asoslangan ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik tarixiy, maʼnaviy va madaniy mushtarakligidan kelib chiqib,
oʻz qonunchiligining qoidalariga asoslanib,
bir-birlarining mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro tan olingan chegaralarining buzilmasligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqlab,
ikki tomonlama munosabatlarni siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, mudofaa, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarida yanada kompleks rivojlantirish istagida,
davlatlararo muloqotda erishilgan yuqori daraja, shuningdek, keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani qayd etib,
umumiy manfaatni nazarda tutadigan mintaqaviy va xalqaro strategik masalalarda oʻzaro muvofiqlashtirilgan faoliyatning zarurligini ifoda etib,
ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda uni Tomonlar milliy manfaatlariga toʻliq ravishda muvofiq keladigan ittifoqchilik xususiyatiga ega yangi koʻp qirrali mazmun bilan toʻldirish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Shartnomaga muvofiq Tomonlar uzoq muddatli asosda ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatadilar va rivojlantiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari har tomonlama hamkorlik, ishonch, tenglik va milliy manfaatlarni oʻzaro hisobga olish, Tomonlarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro tan olingan chegaralarining buzilmasligini hurmat qilish, shuningdek, oʻzaro majburiyatlarni vijdonan bajarish asosida oʻrnatiladi.
2-modda
Tomonlar birodarlik, ittifoqchilik va strategik sheriklik ruhida ozarbayjon-oʻzbek koʻp qirrali hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida davlatlar rahbarlari tarafidan boshqariladigan, 2023-yil 22-avgustdagi Nizomiga muvofiq ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini belgilaydigan va Tomonlarning umumiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan eng muhim masalalarni koʻrib chiqadigan Oliy davlatlararo kengashni taʼsis etdilar.
3-modda
Tomonlar bir-birlariga qarshi qaratilgan hech qanday bloklar yoki ittifoqlarda qatnashmaslik majburiyatini tasdiqlaydilar, shuningdek, Tomonlardan birining fikri boʻyicha ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchilik munosabatlariga zarar yetkazadigan har qanday harakatlarda ishtirok etishdan saqlanadilar.
Hech bir Tomon oʻz hududi, manbalari, kommunikatsiya tizimlari va boshqa infratuzilmalari boshqa Tomonga qarshi tajovuz yoki boshqa dushmanona harakatlarni tayyorlash yoxud amalga oshirish maqsadida, shuningdek, boshqa Tomonning davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazishda foydalanilishiga ruxsat bermaydi.
Ushbu maqsadlarda Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari yoʻnalishida maslahatlashuvlarning doimiy amal qiluvchi mexanizmini tashkil etadilar.
4-modda
Tomonlardan birining fikriga koʻra, uchinchi davlatlar tarafidan qurolli hujum xavfini tugʻdiruvchi vaziyat yuzaga kelgan holda, Tomonlar bir-birlari bilan ham ikki tomonlama asosda, ham ular ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlar doirasida uni tinch yoʻl bilan hal etishga koʻmaklashuvchi choralarni koʻrish maqsadida zudlik bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazadilar hamda mavjud xalqaro-huquqiy majburiyatlar va oʻz qonunchiliklari qoidalarini hisobga olgan holda bir-birlariga zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
5-modda
Tomonlar tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik sohalarida yaqindan hamkorlik qiladilar.
Tomonlar tashqi siyosatni muvofiqlashtirish manfaatlarini nazarda tutib, birinchi navbatda, oliy va yuqori darajalarda, jumladan, ikki davlat xavfsizlik kengashi kotiblari va tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi muntazam uchrashuvlar mexanizmidan foydalanadilar va takomillashtiradilar.
Tomonlar manfaatlariga daxldor milliy mudofaa, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama etish maqsadida Tomonlar xavfsizlik kengashlari yigʻilishlarini doimiy tarzda oʻtkazadilar.
Tomonlar ikki davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash maqsadida harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik aloqalarini, shu jumladan, shaxsiy tarkib almashinuvi, qoʻshma mashgʻulot va oʻquvlarni oʻtkazish, ikki mamlakat qurolli kuchlari hamkorligi salohiyatini oshirish hamda ushbu maqsadda vakolatli tuzilmalar va muassasalarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini taʼminlash orqali mustahkamlaydilar.
6-modda
Tomonlar ozarbayjon-oʻzbek koʻp qirrali hamkorligini yanada mustahkamlash maqsadida “parlament diplomatiyasi”ni, ikki davlat parlamentlarining doʻstlik guruhlari yoʻnalishida, shuningdek, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Tomonlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma korxonalar tashkil etish orqali oʻzaro iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun shart-sharoit yaratadilar, shuningdek, sanoat, transport va logistika, energetika kabi sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni, jumladan, zarur shart-sharoitlarni yaratish va banklararo hamkorlikni rivojlantirish orqali mustahkamlaydilar va yuksaltiradilar.
Tomonlar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot hamda elektron savdo, axborot-kommunikatsiyaviy va kosmik texnologiyalar, IT-xavfsizlik va sunʼiy intellekt sohasida yaqindan hamkorlikni rivojlantirishda davom etadilar.
8-modda
Tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki davlatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshuvchi milliy iqtisodiyotlarning energiya samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida energetika sohasida, jumladan, neft-gaz, elektroenergetika sohalari tarmoqlarida, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli munosabatlar asosida hamkorlikni davom ettiradilar.
9-modda
Tomonlar investitsiya faoliyati, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar, birlashmalarning turli tashkiliy-huquqiy shakllari hamda yuridik shaxslar va iqtisodiy hamkorlikning boshqa subyektlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
10-modda
Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq harakat qilgan holda, ekologik xavfsizlikni taʼminlashda yaqindan hamkorlik qiladilar, ekologik ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlaydilar.
Tomonlar oʻz hududlarida aholi hayoti va hududlarga xavf tugʻdiruvchi tabiiy va texnogen xususiyatga ega boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf qilishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
11-modda
Tomonlar oʻzlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq agrosanoat majmui samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish, shuningdek, oʻz hududlarida qulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, Tomonlardan birining hududidan oʻtuvchi qishloq xoʻjaligi tovarlarini tranzit tashish uchun tartib-qoidalarni soddalashtirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida yaqindan hamkorlik qiladilar.
12-modda
Tomonlar qulay va oʻzaro manfaatli yuklarni tashish hamda yoʻlovchilarni maqbul va oʻzaro manfaatli tashishni taʼminlash, shuningdek, transport koridorlarining tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq transport tizimini yanada rivojlantirish uchun zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratadilar.
Tomonlar xalqaro avtomobil qatnovlari sohasida yaqindan hamkorlik qiladilar, milliy avtotashuvchilar, ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlarni oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlovchi transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, “Yashil koridor” va “Soddalashtirilgan bojxona koridori” mexanizmlarining faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish uchun maqbul sharoitlarni yaratadilar.
13-modda
Tomonlar ikki mamlakat xalqlarining maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy yaqinligini saqlashga, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, sport, madaniyat, madaniy meros, turizm sohasida oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirishga har taraflama koʻmaklashadilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan etnik ozarbayjonlar va Ozarbayjon Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan etnik oʻzbeklar uchun oʻz ona tili, madaniyati, anʼana va qadriyatlarini saqlab qolish hamda rivojlantirish yoʻlida qulay shart-sharoitlarni yaratadilar.
Tomonlar ijodiy uyushmalar va birlashmalar, madaniyat, adabiyot, fan, taʼlim va sanʼat arboblari oʻrtasida tarixiy shakllangan munosabatlar va aloqalar asosida umumiy madaniy-gumanitar makonni saqlash va mustahkamlash uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydilar.
14-modda
Tomonlar turli mamlakatlarda yashaydigan ozarbayjon va oʻzbek diasporalari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va ular yuzma-yuz kelayotgan umumiy muammolarni hal etish boʻyicha birgalikdagi choralarni koʻrish maqsadida oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtiradilar.
15-modda
Har bir Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning yuridik va jismoniy shaxslarining mulk huquqi va mulki himoya qilinishini kafolatlaydi.
16-modda
Tomonlar ikki mamlakat xalqining doʻstligini mustahkamlashga xizmat qiladigan mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda, hududlarining aloqalarini yanada yaqinlashtirishda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
17-modda
Tomonlar mojarolarning oldini olish va tartibga solish hamda xavfsizlik va barqarorlikning mintaqaviy va global muammolarini hal etishdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini yanada mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlaydilar.
18-modda
Tomonlar asosiy xalqaro muammolar va oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalar boʻyicha pozitsiyalarni aniqlashda tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazgan holda oʻzaro hamkorlik qiladilar.
Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda forumlar doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga boʻlgan oʻzaro intilishlarini taʼkidlaydilar.
19-modda
Tomonlar oʻzlarining qonunchiliklari va xalqaro majburiyatlariga muvofiq xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlariga, jumladan, xalqaro terrorizm, ekstremizm, separatizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, daromadlarni legallashtirish, kiberjinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, qurol, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtiradilar va birlashtiradilar.
20-modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Tomonlar ishtirokchi hisoblangan ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
21-modda
Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini amalga oshirish maqsadida, zarur hollarda, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan aniq hamkorlik sohalarida alohida xalqaro shartnomalar tuzadilar.
22-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Shartnomaga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Shartnomaning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
23-modda
Mazkur Shartnomani amalga oshirishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
24-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma nomuayyan muddatga tuziladi.
Mazkur Shartnoma Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab oʻn ikki oy oʻtgunga qadar oʻz kuchida qoladi.
Toshkent shahrida, 2024-yil 23-avgustda, ikki asl nusxada, har biri ozarbayjon, oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
