27-modda. Referendumda qabul qilingan qarorni eʼlon etish va uning kuchga kirishi
Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida (417-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Referendum natijalarini referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiya ovoz berish tugaganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalari orqali Oʻzbekiston Respublikasining aholisiga maʼlum qiladi.
Biron bir okrug yoki uchastkada ovoz berish natijalari haqiqiy emas deb topilgan takdirda referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiya referendum oʻtkazuvchi tegishli komissiyaga mazkur okrugda yoki uchastkada ikki hafta ichida ovoz berishni takror oʻtkazishni topshirishga yoki referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiya oʻz qarori bilan bunday okruglar, uchastkalar boʻyicha ovoz berish natijalarini, ularsiz referendum umuman boʻlib oʻtgan deb eʼtirof etilishi mumkin boʻlgan takdirda, referendumning umumiy natijalaridan chiqarib tashlaydi. Referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiyaning qarorlari ustidan bu qarorlari qabul qilingan kundan boshlab bir hafta ichida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Referendumda qabul qilingan qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan referendum natijalari haqida rasman xabar qilinganidan keyin kechi bilan yetti kun ichida matbuotda bosib chiqariladi va agar referendum qarorining oʻzida boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, eʼlon qilingan kuni kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 18-noyabr,
417-XII-son
