2025-yil hosilidan bugʻdoy xarid qilish va ichki bozorni don bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (345-son)
31.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Gʻalla bozorini erkinlashtirish boʻyicha islohotlarni izchil davom ettirish, ichki bozorni bugʻdoy va un mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash hamda ularning narxlari barqarorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining 2025-yil hosilidan jami 2 850 ming tonna bugʻdoyning:
1 650 ming tonnasini fermer xoʻjaliklari hamda boshqa bugʻdoy yetishtiruvchilar (keyingi oʻrinlarda — bugʻdoy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tijorat vakillari (keyingi oʻrinlarda — tijorat vakillari) omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilish;
1 000 ming tonna tovar bugʻdoyni davlat resursi sifatida;
200 ming tonnasini urugʻlik uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
respublika tijorat banklari bugʻdoy yetishtiruvchilar kesimida 2025-yil gʻalla hosilini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hamda urugʻlik bugʻdoydan yuzaga kelgan qarzdorliklarni soʻndirishga talab etiladigan boshoqli don hajmlari boʻyicha hisob-kitoblarni uch kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan bugʻdoy yetishtiruvchilar kesimida bugʻdoy topshirish hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga yuboradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu hisob-kitoblarga asosan bugʻdoy keyinchalik birja savdolarida sotish uchun tijorat vakillari omborlarida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinishini taʼminlaydi.
3. Quyidagilar:
2025-yil hosilidan vaqtincha saqlash, davlat resursi va urugʻlik uchun bugʻdoyni qabul qiladigan omborlar dislokatsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
2025-yil hosilidan davlat resursiga xarid qilinadigan bugʻdoyning sinflar kesimidagi narxlarini aniqlash koeffitsiyentlari 2-ilovaga muvofiq;
2026-yil hosili uchun tayyorlanadigan urugʻlik bugʻdoyni vernalizatsiya qilish uchun sovitkichli omborxonalarda saqlash hajmlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) 2025-yil gʻalla hosilidan boshlab, davlat resursiga xarid qilinadigan bugʻdoy boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — birja) har yili 1-iyunga qadar tegishli yilning yanvar — aprel oylarida 3-sinf bugʻdoy uchun birjada shakllangan oʻrtacha narxdan kelib chiqib, 3-sinf bugʻdoy uchun oʻrtacha narxni oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi;
b) davlat resursiga xarid qilinadigan bugʻdoy uchun hisob-kitoblar birjaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan narxlarga bugʻdoyning sinflar kesimidagi narxlarini aniqlash koeffitsiyentlarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi;
v) Jamgʻarma davlat resursiga xarid qilingan bugʻdoy tijorat vakiliga topshirilgan kundan eʼtiboran ikki hafta muddatda bugʻdoy uchun toʻlovlarni bugʻdoy yetishtiruvchining 23210 maxsus hisobvaraqlariga oʻtkazib beradi;
g) vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadigan tovar bugʻdoyning:
saqlash xarajatlari Jamgʻarmaning tijorat vakili va bugʻdoy yetishtiruvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq 2026-yil 1-yanvarga qadar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan;
tashib keltirish bilan bogʻliq transport xarajatlari, qabul qilish va xaridorlarga yuklab joʻnatish xarajatlari tijorat vakili hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq naqd va oʻzaro hisob-kitob orqali bugʻdoy yetishtiruvchilar hisobidan toʻlab beriladi;
d) vaqtincha saqlash uchun qabul qilinib, tijorat vakilining don saqlash sigʻimida saqlanayotgan bugʻdoy hajmida kamomad yoki meʼyordan ortiqcha yoʻqotishlar (kamayish) aniqlanganda, yuzaga kelgan kamomad qiymati kamomad aniqlangan kundagi bugʻdoyning birja savdolaridagi narxiga 100 foiz ustama qoʻllagan holda tijorat vakilidan bugʻdoy yetishtiruvchilar foydasiga undiriladi;
e) bugʻdoy yetishtiruvchilar tomonidan respublika hududida ekishga tavsiya etilmagan bugʻdoy navlaridan, sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan urugʻlardan ekish uchun foydalanish holatlari aniqlanganda, ularga ushbu yil hosili uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi va yetishtirilgan hosilning davlat resurslariga sotilishi taqiqlanadi;
j) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi, Jamgʻarma va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi bilan birgalikda har chorakda va har kalendar yilning 1-may holatiga oʻtgan yillarda davlat zaxirasi, davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urugʻlik uchun qabul qilingan bugʻdoy qoldigʻini toʻliq geometrik oʻlchovdan oʻtkazadi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan davlat resursiga xarid qilingan, shuningdek, vaqtincha saqlashga qabul qilingan tovar bugʻdoyni barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotishga;
Jamgʻarmaning tijorat vakili boʻlgan donni qayta ishlash quvvatiga ega bugʻdoy yetishtiruvchilarga oʻzlari yetishtirgan tovar bugʻdoyni oʻz omboriga vaqtincha saqlashga qabul qilib, ushbu bugʻdoydan 75 foizidan kam boʻlmagan miqdorda un ishlab chiqarib, birja savdolari orqali sotish majburiyatini olganda, tovar bugʻdoyni grafik asosida qayta ishlab sotishga;
bugʻdoy yetishtiruvchilarga urugʻlik bugʻdoy uchun urugʻlik tayyorlash korxonalari oldidagi, shuningdek, bugʻdoyni tashish, qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab joʻnatish xarajatlari boʻyicha tijorat vakillari oldidagi qarzdorliklarini vaqtincha saqlashdagi tovar bugʻdoy hisobidan urugʻlik tayyorlash korxonalari hamda tijorat vakillari bilan oʻzaro shartnomalar asosida qoplashga ruxsat beriladi.
Ushbu hisob-kitoblarda bugʻdoyning qiymati joriy yil uchun birjada eʼlon qilingan 3-sinf bugʻdoyning oʻrtacha narxidan past boʻlmasligi lozim.
Urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalari, tijorat vakillari va Jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomaga asosan debitor qarzdorliklar undiriladi.
6. Tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bugʻdoyni birja savdolarida sotishdan tushgan mablagʻlar, birinchi navbatda, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlar hamda urugʻlik bugʻdoydan yuzaga kelgan qarzdorliklarni soʻndirishga yoʻnaltirilsin.
7. Urugʻlik tayyorlash korxonalari qabul qilingan urugʻlik bugʻdoy uchun hisob-kitoblarni Jamgʻarma tomonidan tijorat banklariga joylashtiriladigan kredit resurslari hisobidan ikki bosqichda amalda oshiradi:
birinchi bosqichda — urugʻlik bugʻdoyning har tonnasiga joriy yil hosili 3-sinf bugʻdoyi uchun birjada eʼlon qilingan oʻrtacha narxda;
ikkinchi bosqichda — urugʻlik sifatida amalda sotilgan (elektron hisob-faktura asosida) bugʻdoyning har tonnasi uchun Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 12-oktabrdagi 641-son qarorida boshoqli don urugʻlarining avlodlari uchun belgilangan ustamalarni qoʻllagan holda qayta hisob-kitob qilinadi.
Bunda:
barcha urugʻlik yetkazib bergan xoʻjaliklar bilan hisob-kitoblar tayyorlangan umumiy urugʻlik hajmi va amalda sotilgan urugʻlik nisbatida aniqlanadigan ulushga muvofiq miqdorda amalga oshiriladi;
Jamgʻarma urugʻlik bugʻdoyni xarid qilish, tayyorlash va sugʻurtalash xarajatlarini kreditlash uchun 12 oy muddatga (shundan 6 oy imtiyozli davr bilan), Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridan 4 foiz bandga past stavkada kredit resurslarini urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalariga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklariga joylashtiradi;
tijorat banklari ushbu kredit resurslari hisobidan urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalariga sugʻurta polisi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 12 oy muddatga (shundan 6 oy imtiyozli davr bilan) kredit ajratadi;
urugʻlik tayyorlash korxonalarining bank hisobvaraqlariga urugʻlik bugʻdoyni sotishdan tushgan mablagʻlar, birinchi navbatda, Jamgʻarma resurslari hisobidan ajratilgan kreditlarni soʻndirishga yoʻnaltiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalari tomonidan yetkazib berilgan urugʻlik bugʻdoy uchun qarzlarni 2026-yil hosili uchun bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan ustuvor ravishda toʻlab berilishini tashkil etadi;
urugʻlik bugʻdoy hisob-kitobini amalga oshirish uchun tijorat banklari Jamgʻarmaga alohida kredit buyurtmalari taqdim etadi hamda ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarning boshqa yoʻnalishlarga sarflanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda urugʻlik tayyorlash korxonalari qabul qilingan urugʻlik bugʻdoy uchun bugʻdoy yetishtiruvchilar bilan hisob-kitoblarni yuritish tartibini tasdiqlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, tijorat vakillari, gʻallachilik klasterlari bilan birgalikda:
hududlarning ichki imkoniyatini inobatga olgan holda 2025-yil hosilidan tayyorlangan urugʻlik bugʻdoyni sovitkichli omborxonalarda saqlab, ularning tinim davrini oʻtagan holda ekish amaliyotini joriy etsin;
urugʻlik bugʻdoy tayyorlash korxonalarida 2026-yil hosili uchun jamgʻarilgan urugʻlik bugʻdoy toʻdalarini nav va avlodlar boʻyicha tozalash, saralash, dorilash va qadoqlash ishlarini 2025-yil 15-avgustga qadar yakunlasin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki hafta muddatda tayyorlangan urugʻliklarni sovitkichli omborxonalarda saqlash tartibini tasdiqlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir hafta muddatda urugʻlik toʻdalarini (partiya) sovitkichli omborxonalarda saqlanishi boʻyicha tasdiqlangan manzilli roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) oʻn kun muddatda:
Transport vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2025-yil bugʻdoy hosilini tashishning tavsiyaviy tariflarini;
tijorat vakillari hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda bugʻdoyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab joʻnatish boʻyicha xizmatlar tarifining cheklangan darajasini tasdiqlasin va joylarga yetkazilishini taʼminlasin;
b) Jamgʻarma va birja bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari tomonidan bugʻdoy yetishtiruvchilar kesimida tasdiqlangan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyish boʻyicha oylik grafiklarni umumlashtirgan holda tasdiqlasin va kelgusi oyda birja savdolariga qoʻyiladigan bugʻdoy hajmlarini joriy oyning 30-sanasiga qadar birjaning rasmiy veb-sahifasiga joylashtirib borsin;
v) Jamgʻarma bilan birgalikda:
davlat resursiga xarid qilingan bugʻdoyni birja savdolariga qoʻyish boʻyicha oylik grafikni 2025-yil 30-sentabrga qadar ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
kelgusi oylarda birja savdolariga qoʻyiladigan bugʻdoy hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kalendar oy boshlanishidan ikki kun oldin birjaning rasmiy veb-sahifasiga joylashtirish uchun taqdim etib borsin;
zarur hollarda ichki bozorda bugʻdoy narxlari keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bugʻdoy tanqisligi kuzatilgan hududlar uchun birja savdolariga qoʻshimcha bugʻdoy qoʻyish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Bunda tijorat vakillari tomonidan bugʻdoy tanqisligi kuzatilgan hududlarda tovar bugʻdoyni xarid qilish va sotish jarayonida qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga olinmaydi va sotishda soliq solish bazasiga kiritilmaydi.
11. Tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga qabul qilingan bugʻdoy birja savdolariga oyma-oy grafik asosida qoʻyilishini inobatga olib:
2024-yil hosili uchun bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2025-yil 1-sentabrga qadar;
2025-yil hosili uchun bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati, istisno tariqasida, 2026-yil 1-aprelga qadar uzaytirilsin.
Bunda Jamgʻarma tomonidan bugʻdoy yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga joylashtirilgan kredit resurslarini qaytarish muddati mutanosib ravishda uzaytiriladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq bugʻdoyni qayta ishlashga yoʻnaltirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarining birja savdolariga grafik asosida chiqarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
13. Jamgʻarma tomonidan tijorat vakillariga oʻtkazib beriladigan va qaytariladigan mablagʻlar hamda tijorat vakillari omborlarida vaqtincha saqlashga bugʻdoy topshirgan bugʻdoy yetishtiruvchilarning mahsulot sotishdan tushgan mablagʻlari harakati qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiruvga qaratilmaydigan maxsus maqsadli hisobvaraqlarda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
14. Jamgʻarmaga donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayonini, shuningdek, Jamgʻarma, tijorat vakili va bugʻdoy yetishtiruvchilar oʻrtasidagi moliyaviy hisob-kitoblarning tezkor va shaffof amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “d-xarid.uz” axborot tizimini “Realsoft” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berilsin.
Bunda “d-xarid.uz” axborot tizimini xarid qilish bahosi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Jamgʻarma hamkorligida oʻtkaziladigan ekspertiza yakunlari boʻyicha aniqlanadi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga va Markaziy bankka 2025-yil hosilidan bugʻdoy xarid qilish va sotishda shaffoflikni taʼminlash, toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi hamda ajratilgan kreditlar soʻndirilishi ustidan kunlik nazorat oʻrnatish tavsiya etilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda yoʻllarda gʻalla oʻrish va don tashish texnikalarining harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, gʻalla maydonlarida yongʻin kelib chiqishining oldini olish, shuningdek, yetishtirilgan hosilning talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
17. Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga asosan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tayyor holda import qilingan yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombayni va paxta terish mashinasi hamda ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorlarni qishloq xoʻjaligi korxonalariga imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berish uchun Jamgʻarma tomonidan 2025-yilda moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
Bunda 2025-yilda ushbu resurslar asosida xarid qilingan texnikalarga Jamgʻarma tomonidan texnikalar uchun qonunchilikda belgilangan subsidiya va kompensatsiyalar ajratilmaydi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
19. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 31-may,
345-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-maydagi 345-son qaroriga 1-ILOVA
2025-yil hosilidan vaqtinchalik saqlash, davlat resursi va urugʻlik uchun bugʻdoyni qabul qiladigan omborlar
DISLOKATSIYASI
Izoh. Bugʻdoy yetishtiruvchilar oʻz xohishiga koʻra, yetishtirilgan tovar bugʻdoyni vaqtincha saqlash uchun belgilangan dislokatsiyadan ortiqcha topshirishi mumkin. Bunda dislokatsiyadan ortiqcha topshirilgan tovar bugʻdoyni 2026-yil 1-yanvarga qadar saqlash xarajatlari Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Davlat zaxirasidagi bugʻdoyni yangilash uchun yetarli miqdordagi tovar bugʻdoy Jamgʻarmaning yozma koʻrsatmasiga asosan boshqa turdosh don korxonadan balansdan — balansga tashish orqali yangilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-maydagi 345-son qaroriga 2-ILOVA
2025-yil hosilidan davlat resursiga xarid qilinadigan bugʻdoyning sinflar kesimidagi narxlarini aniqlash
KOEFFITSIYENTLARI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-maydagi 345-son qaroriga 3-ILOVA
2026-yil hosili uchun tayyorlanadigan urugʻlik bugʻdoyni vernalizatsiya qilish uchun sovitkichli omborxonalarda saqlash hajmlari
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-maydagi 345-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarorida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu bandda nazarda tutilgan tartib mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2025-yilda tayyor holda import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga ham tatbiq qilinadi”;
b) 1-ilovaning 1-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mazkur Nizom talablari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 2025-yilda tayyor holda import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga ham tatbiq qilinadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Don va donni qayta ishlash mahsulotlari hisobini yuritish tizimini takomillashtirishga, ularning saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 25-maydagi 95-son qarorida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“vaqtincha saqlash uchun qabul qilinib Jamgʻarmaning tijorat vakilining don saqlash sigʻimida saqlanayotgan bugʻdoy hajmida kamomad yoki meʼyordan ortiqcha yoʻqotishlar (kamayish) aniqlanganda yuzaga kelgan kamomad qiymati kamomad aniqlangan kundagi bugʻdoyning birja savdolaridagi narxiga 100 foiz ustama qoʻllagan holda tijorat vakilidan bugʻdoy yetishtiruvchilar foydasiga undiriladi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiya Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi, Jamgʻarma va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi bilan birgalikda har chorakda va har kalendar yilning 1-may holatiga oʻtgan yillarda davlat zaxirasi, davlat resursi, vaqtincha saqlash va urugʻlik uchun qabul qilingan bugʻdoy qoldigʻini toʻliq geometrik oʻlchovdan oʻtkazadi”;
b) Ilovaning 183-band “a” kichik bandining oltinchi — sakkizinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat resursi va vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan bugʻdoyning tabiiy kamayish miqdori bosh korxona elevatorlari va/yoki omborlariga hamda don qabul qilish shoxobchalariga oʻrim davrida toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinganda, 2 foizdan oshishiga;
davlat resursi va vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan bugʻdoyning tabiiy kamayish miqdori don qabul qilish shoxobchalaridan bosh korxona elevatorlari va/yoki omborlariga hamda bugʻdoy tanqisligi kuzatilgan hududlarga tashib keltirilganda, 1 foizdan oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat resursi va vaqtincha saqlash uchun qabul qilinib, Jamgʻarmaning tijorat vakiliga qarashli boʻlgan saqlash sigʻimida saqlanayotgan bugʻdoy hajmida normativdan ortiqcha kamayish (yoʻqotish) aniqlanganda, kamomad deb hisoblanadi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyuldagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandi quyidagi mazmundagi 181-band bilan toʻldirilsin:
“181. Departamentga 2 ta xizmat yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratiladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyundagi 227-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki bozorda bugʻdoy narxi barqarorligini taʼminlash uchun bugʻdoyni xarid qilish va birja savdolari orqali sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“bugʻdoy — davlat resursi sifatida xarid qilinadigan hamda vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan tovar bugʻdoy”;
uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tijorat vakili — tovar bugʻdoyni xarid qilish, qabul qilish va saqlash, shuningdek, xaridorlarga yuklab joʻnatish ishlarini amalga oshiradigan bugʻdoyni saqlash quvvatiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlari”;
b) 21-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Tijorat vakili topshiriq shartnomasiga muvofiq xizmat haqini, jumladan, kelishilgan tariflarga asosan bugʻdoyni tashish, qabul qilish, saqlash va yuklash bilan bogʻliq xarajatlarni hamda tabiiy kamayish xarajatlarini qoplash uchun har oy yakunida Jamgʻarmaga hisobvaraq-faktura taqdim etadi”;
v) 24-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bugʻdoyni birja savdolarida sotishda yuzaga keladigan salbiy tafovut summasi, shu jumladan, vaqtincha saqlashga qabul qilingan tovar bugʻdoy uchun tijorat vakiliga toʻlangan xizmat haqi bilan bogʻliq toʻlovlar Jamgʻarmaning xarajatlarida aks ettiriladi.
Ushbu xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplanadi”.
5. Vazirlar Mahkamasining “2024-yil hosilidan bugʻdoy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 11-iyundagi 325-son qarori 10-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda Jamgʻarma tomonidan 2024-yil bugʻdoy hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan kredit resurslarining qaytarish muddati Jamgʻarma va tijorat banklari oʻrtasida tuzilgan bitimlarda belgilangan kredit resursini qaytarishning oxirgi muddatidan boshlab mutanosib ravishda uzaytiriladi”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 13-sentabrdagi 574-son qarori 1-bandi quyidagi mazmundagi “g) 2024-yilda paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga joylashtirilgan Jamgʻarmaning kredit resurslarini qaytarish muddati, istisno tariqasida, Jamgʻarma va tijorat banklari oʻrtasida tuzilgan bitimlarda belgilangan kredit resursini qaytarishning oxirgi muddatidan boshlab mutanosib ravishda 2025-yil 1-sentabrga qadar uzaytirilsin” kichik band bilan toʻldirilsin.
