Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-197-son)
30.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublikada oʻrmon fondi resurslaridan samarali foydalanish, oʻrmon bilan qoplangan hududlarni kengaytirish va oʻrmon plantatsiyalarini barpo etishni yanada jadallashtirish hamda choʻllanishga qarshi kurashish choralarini takomillashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda oʻrmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-90-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar oʻrmon fondi resurslaridan samarali foydalanishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) 2030-yilgacha 1,5 million gektarda oʻrmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda 3,8 ming gektar oʻrmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish;
(b) 2030-yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urugʻlarini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va koʻchatlarni yetishtirish;
(v) 2030-yilgacha 47,7 ming gektar oʻrmon fondi yerlarini oʻzlashtirish, 18,7 ming gektarda himoya oʻrmonzorlarini barpo etish hamda yiliga 31 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish;
(g) 2025-2026-yillarda togʻ va togʻoldi hududlardagi 500 gektarda “terrasa” usulida daraxt va buta koʻchatlari ekish.
II. Oʻrmonlarni koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanish
2. Oʻrmon xoʻjaligi sohasini toʻliq raqamlashtirish, “aqlli” oʻrmon xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish maqsadida Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon agentligi) huzuridagi “Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasi negizida “Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
3. Belgilansinki:
(a) Markaz quyidagilarni nazarda tutuvchi “Aqlli oʻrmon xoʻjaligi” (Smart forestry) axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi:
(i) oʻrmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish;
(ii) oʻrmon xoʻjaligi sohasi faoliyatini zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarishni taʼminlash;
(b) zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Jizzax davlat oʻrmon xoʻjaligining Mirzachoʻl oʻrmon boʻlimi choʻllanishga qarshi kurashish va himoya oʻrmonzorlari barpo etishga ixtisoslashtiriladi;
(v) Saksonota davlat oʻrmon xoʻjaligi dorivor, ziravor, rezavor oʻsimliklar (xoʻjagʻat, maymunjon, qoragʻat, naʼmatak va boshqalar) hamda buta koʻchatlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
(g) ixtisoslashtiriladigan davlat oʻrmon xoʻjaliklarida ilm-fan-loyiha-amaliyot zanjirida ish faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(d) Oʻrmon agentligi tizimidagi budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmalariga tushadigan tushumlarning tegishli qismi Ekologiya jamgʻarmasiga oʻtkaziladi hamda har bir oʻrmon xoʻjaligi tashkiloti uchun daromadni taqsimlash maqsadida alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi;
(e) Oʻrmon agentligining markaziy apparati hamda Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
(j) togʻ-kon sanoati va boshqa sanoat maqsadida olingan oʻrmon fondi yerlari foydalanishdan keyin oʻrmon xoʻjaligiga qaytarilganda u foydalanuvchilar hisobidan toʻliq rekultivatsiya qilinadi.
4. Oʻrmon agentligi 2025-yil 1-noyabrga qadar yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmon fondi yerlari berilayotganda (oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish bundan mustasno) quyidagi majburiyatlarni belgilashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqsin:
(a) oʻrmon bilan qoplangan yerlar oʻrniga 2 baravar koeffitsiyent bilan boshqa yer uchastkalarida oʻrmon yaratib berish;
(b) oʻrmon bilan qoplanmagan yerlar oʻrniga 1,5 baravar koeffitsiyent bilan boshqa yer uchastkalarida oʻrmon yaratib berish.
5. Quyidagilar:
(a) “Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2025 — 2030-yillarda oʻrmonlar barpo etish va ularni qayta tiklash boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2025 — 2030-yillarda choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarda choʻllanish va qum koʻchishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonzorlari barpo etish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 2a-ilovaga muvofiq;
(g) 2025 — 2030-yillarda daraxt va butalar urugʻlarini tayyorlash boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq;
(d) 2025 — 2030-yillarda nihol va koʻchatlarni yetishtirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq;
(e) 2025 — 2030-yillarda oʻrmon fondi yerlarida dorivor, oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 5-ilovaga muvofiq;
(j) 2025 — 2030-yillarda oʻrmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 5a-ilovaga muvofiq;
(z) 2025 — 2030-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 6-ilovaga muvofiq;
(i) 2025 — 2030-yillarda xususiy sektor subyektlari bilan birgalikda asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 7-ilovaga muvofiq;
(k) 2025 — 2030-yillarda foydalanishga kiritiladigan oʻrmon fondi yerlarining prognoz koʻrsatkichlari 8-ilovaga muvofiq;
(l) Koʻchat yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan davlat oʻrmon xoʻjaliklari roʻyxati 9-ilovaga muvofiq;
(m) 2025 — 2026-yillarda “terrasa” usulida daraxt-buta koʻchatlari ekiladigan togʻ va togʻoldi hududlari roʻyxati 10-ilovaga muvofiq;
(n) “In-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladigan ilmiy-tajriba stansiyalari va davlat oʻrmon xoʻjaligi roʻyxati 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻrmon agentligi direktori:
(a) Oʻrmon agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasini tasdiqlash hamda ularga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, mol-mulklarini qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz vakolatlari doirasida samarali boshqarishni amalga oshiradi;
(b) xalqaro moliya institutlari, xorijiy davlatlardan grant va qarz mablagʻlari jalb qilinishini tashkil etadi hamda ularning samarali oʻzlashtirilishini muvofiqlashtiradi;
(v) budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan xorijiy konsultant va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb qiladi.
7. Oʻrmon agentligining davlat oʻrmon xoʻjaliklarida ekologik mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi va xizmatlar turini kengaytirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Andijon, Namangan va Samarqand davlat oʻrmon xoʻjaliklarida yogʻoch materiallari qoldiqlaridan (qurigan shox-shabbalar, ildizlar, qipiq, somon, poxol) pillet bioyoqilgʻisini ishlab chiqarish;
(b) Qoʻqon va Andijon davlat oʻrmon xoʻjaliklarida yogʻoch materiallari qoldigʻidan suvenir mahsulotlar tayyorlash;
(v) Boʻstonliq, Kosonsoy, Kitob davlat oʻrmon xoʻjaliklarida asal ishlab chiqarish va qadoqlash;
(g) Pop, Yakkabogʻ, Baxmal, Hisor, Shahrisabz, Urgut, Gʻallaorol, Qorakoʻl, Quyi Chirchiq davlat oʻrmon xoʻjaliklarida dorivor va rezavor oʻsimliklar yetishtirish;
(d) Bobotogʻ, Gʻallaorol, Saroyqoʻrgʻon, Kattaqoʻrgʻon, Qamashi, Baxmal davlat oʻrmon xoʻjaliklarida pista va bodom yetishtirish;
(e) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlari hududidagi davlat oʻrmon xoʻjaliklarida ov va ekoturizmni rivojlantirish uchun noyob hayvonlar (qirgʻovul, tuvaloq va boshqalar) pitomniklarini tashkil etish;
(j) Ohangaron, Saksonota, Urgut, Burchmulla, Kitob, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Boysun, Uzun, Andijon davlat oʻrmon xoʻjaliklarida ekoturizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish;
(z) yogʻochni qayta ishlash uchun xomashyo zaxirasini yaratish maqsadida:
(i) Andijon, Jomboy, Namangan, Qamashi davlat oʻrmon xoʻjaliklarida terak, pavlovniya va shumtol;
(ii) Uzun, Toshkent davlat oʻrmon xoʻjaliklarida chinor, Xorazm davlat oʻrmon xoʻjaligida qayrogʻoch, tut, jiyda va aylant daraxt turlaridan plantatsiyalar tashkil etish;
(i) Kitob, Baxmal, Boysun davlat oʻrmon xoʻjaliklarida sanoat va mebelbop daraxt turlaridan plantatsiyalar tashkil etish.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻrmon agentligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ekspertlar va jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda, oʻrmonchilik sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmuni va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
10. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-may,
PQ-197-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari
1. Markazning asosiy vazifalari:
a) oʻrmonchilik sohasini raqamlashtirish va “Aqlli oʻrmon xoʻjaligi” axborot platformasini joriy etish;
b) oʻrmonchilik sohasida oʻzaro idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish, yagona elektron reyestrlar va maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va takomillashtirish;
v) Oʻrmon agentligi elektron tizimining markazlashtirilgan elektron arxivini yaratish va doimiyligi taʼminlash;
g) oʻrmonchilik sohasida yetishtirilayotgan oʻrmon mahsulotlarini sotish jarayoniga elektron tijorat amaliyotini joriy etish;
d) oʻrmonchilik sohasida axborot xavfsizligini taʼminlab beruvchi texnik va dasturiy vositalarni joriy etish;
e) oʻrmon fondi yer maydonlarini uchuvchisiz aviatsiya tizimlari (UAT) orqali monitoring qilish.
2. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari:
a) xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
b) oʻrmon fondining yaylov yerlarida chorva mollarini oʻtlatish va pichan oʻrish uchun onlayn bilet (ruxsatnoma) berishdan undiriladigan toʻlovlarning 1 foizi;
v) bank va boshqa kreditorlarning mablagʻlari;
g) qimmatli qogʻozlardan olinadigan daromadlar;
d) uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish orqali oʻrmon fondi yerlarini monitoring qilish va noqonuniy holatlarni aniqlash orqali tushadigan tushumlar;
e) jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
j) qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 2-ILOVA
2025 — 2030-yillarda oʻrmonlar barpo etish va ularni qayta tiklash boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Izoh.
Ushbu koʻrsatkichlar taqsimot asosida Ekologiya vazirligi tizimidagi davlat oʻrmon xoʻjaliklari, davlat oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 2a-ILOVA
2025 — 2030-yillarda choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarda choʻllanish va qum koʻchishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonzorlari barpo etish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 3-ILOVA
2025 — 2030-yillarda daraxt va butalar urugʻlarini tayyorlash boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Izoh.
Ushbu koʻrsatkichlar taqsimot asosida Ekologiya vazirligi tizimidagi davlat oʻrmon xoʻjaliklari, davlat oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari, ilmiy-tajriba stansiyalari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 4-ILOVA
2025 — 2030-yillarda nihol va koʻchatlarni yetishtirish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Izoh.
Ushbu koʻrsatkichlar taqsimot asosida Ekologiya vazirligi tizimidagi davlat oʻrmon xoʻjaliklari, davlat oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari, ilmiy-tajriba stansiyalari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 5-ILOVA
2025 — 2030-yillarda oʻrmon fondi yerlarida dorivor, oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 5a-ILOVA
2025 — 2030-yillarda oʻrmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 6-ILOVA
2025 — 2030-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 7-ILOVA
2025 — 2030-yillarda xususiy sektor subyektlari bilan birgalikda asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKICHLAR
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 8-ILOVA
2025 — 2030-yillarda foydalanishga kiritiladigan oʻrmon fondi yerlarining
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 9-ILOVA
Koʻchat yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan davlat oʻrmon xoʻjaliklari
ROʻYXATI
Izoh.
Yaproqbarglilar — shumtol, qayragʻoch, zarang, katalpa, yapon saforasi, terak, tol, eman, kashtan, akatsiya.
Ignabarglilar — sharq tuyasi, kompakt tuya, virgin archasi, eldor qaragʻayi, qrim qaragʻayi.
Mevalilar — olma, oʻrik, gilos, bodom, yongʻoq.
Butalar — forzitsiya, amorfa, shamshod, siren, Suriya atirguli kabi asosiy va ularga turdosh boshqa daraxt-butalar koʻchatlarini yetishtirish nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 10-ILOVA
2025-2026-yillarda “terrasa” usulida daraxt va buta koʻchatlari ekiladigan togʻ va togʻoldi hududlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi PQ-197-son qaroriga 11-ILOVA
“In-vitro” laboratoriyalari tashkil etiladigan ilmiy-tajriba stansiyalari va davlat oʻrmon xoʻjaligi
ROʻYXATI
