Ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (329-son)
27.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi iqtidorli yoshlarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2024-yilda yoʻnalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxatining 26-bandiga muvofiq iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan yangilash va yangi bosqichga olib chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Madaniyat va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangilash va yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ijodkor yoshlarni aniqlash, isteʼdodlarini yuzaga chiqarish, shuningdek, qiziqishlarini yanada oshirish orqali madaniyat va sanʼat sohasiga jalb qilish;
ijodkor yoshlarni tanlash va saralash, ushbu jarayonga raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy, innovatsion va integratsiya usullarini joriy etish;
“ustoz-shogird” anʼanalariga muvofiq professional ijodkorlarni shakllantirish va yosh kadrlar tajribasini oshirish;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish hamda ularga munosib ijodiy muhit yaratish;
isteʼdodli yoshlarning ijodini keng ommaga, shu jumladan, xalqaro miqyosda tanitish va targʻib qilish choralarini koʻrish.
3. Belgilansinki, madaniyat va sanʼat sohasida iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangilash va yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
ijodkor yoshlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona platforma joriy etiladi hamda “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilinadi;
sohaga oid tanlov va festivallarning samarasi hamda natijadorligini oshirish maqsadida yoʻnalishi bir xil va oʻxshash boʻlgan tanlovlar maqbullashtiriladi;
madaniyat sohasida sunʼiy intellektdan hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish boʻyicha “Ijodiy texnolaboratoriya” tashkil etiladi;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida madaniyat va sanʼatga qiziquvchi yoshlardan iborat “Ijodkor yoshlar klubi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
madaniyatshunoslik va sanʼatshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy ish olib borayotgan yoshlarga xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiyalarda ishtirok etish, malakasini oshirish va tajriba almashishlariga koʻmaklashiladi;
“Madaniyat volontyorlari” ijtimoiy harakati faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
har yili jahonning kamida 4 nafar yetakchi mutaxassislari va taniqli sanʼatkorlari shartnoma asosida oʻquv jarayonlariga jalb etiladi hamda kamida 4 nafar ijodkor yoshlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun yuboriladi;
madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi “Start-Up” loyihalari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorida ijodiy grantlar ajratish choralari koʻriladi.
4. Quyidagilar:
2025 — 2030-yillarda ijodkor yoshlarni tanlash, saralash va ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2030-yilgacha yoshlar oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasiga oid oʻtkaziladigan tanlov va festivallarning natijadorligini oshirishga erishish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ijodkor yoshlarni tanlash va saralashda raqamli texnologiyalar, zamonaviy, innovatsion va integratsiya usullaridan foydalanish, iqtidorli yoshlarni kreativ industriya subyektlariga aylantirish hamda ularning erkin ijod mahsulotlarini monetizatsiya qilish boʻyicha “Kreativ xab” vazifasini bajarish;
ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan, ularni tanlash hamda saralash boʻyicha qisqa hamda uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari hamda mahalliy korxonalarning homiylik xayriyalari va grantlarini jalb qilish;
ijodkor yoshlarga tegishli kreativ industriya subyektlarining intellektual mulkini himoya qilish, ularning asarlarini yoki turdosh huquqlar obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishda koʻmaklashish;
yosh avlod oʻrtasida turli madaniy tadbirlar, tanlov va festivallarni tizimli oʻtkazish;
ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro darajadagi mutaxassislarni jalb qilish.
6. Belgilansinki, 2026-yildan boshlab davlat organlari va tashkilotlari Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yillik kalendar-reja asosida yoshlar uchun madaniyat va sanʼat sohasida tanlov va festivallarni tashkil etadi. Bunda:
har yili 20-noyabrga qadar davlat organlari va tashkilotlari keyingi yilda oʻtkaziladigan tanlov va festivallarning roʻyxatini tasdiqlash uchun Madaniyat vazirligiga taqdim etadi;
har yili 1-dekabrga qadar Madaniyat vazirligi davlat organlari va tashkilotlarining keyingi yil uchun tanlov va festivallarning kalendar-rejasini tasdiqlaydi;
har yili 10-dekabrga qadar tasdiqlangan kalendar-reja Madaniyat vazirligi, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi va ijodkor yoshlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona platformaga joylashtiriladi.
7. Madaniyat vazirligi bir oy muddatda:
“Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazi” davlat muassasasi toʻgʻrisidagi nizomni qayta tasdiqlash va uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
yoshlar oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasida oʻtkaziladigan tanlov va festivallarning reglamentini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Bunda tanlov va festivallarda ishtirok etish shartlari, yoʻnalishlari, ijodkor yoshlarni tanlash va saralashning aniq mexanizmlari, saralash bosqichlari hamda ishtirokchilarni baholash mezonlari nazarda tutiladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
bir oy muddatda moliyalashtirish hajmi va manbalarini nazarda tutgan holda 1-ilovaga muvofiq chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha hududiy rejalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
har oyning soʻnggi chorshanba kuni ijodkor yoshlarning mavjud muammolari va takliflarini oʻrganish, shuningdek, ularga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida qabullar tashkil etsin;
Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2-ilovaga muvofiq maqsadli koʻrsatkichlarda belgilangan natijalarga oʻz vaqtida erishish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda:
madaniyat va sanʼat sohasiga oid xalqaro tashkilotlar, xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish choralarini koʻrsin;
har yili kamida 4 nafar jahonning yetakchi mutaxassislari va taniqli sanʼatkorlarini shartnoma asosida oʻquv jarayonlariga jalb etish hamda tajriba almashish maqsadida kamida 4 nafar ijodkor yoshlarni xorijiy mamlakatlarga yuborishda koʻmaklashsin.
Bunda ushbu tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamda “Dunyo” axborot agentligiga ushbu qarorga muvofiq ijodkor yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, oʻtkaziladigan madaniy tadbirlar va ularning yutuqlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-may,
329-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-maydagi 329-son qaroriga 1-ILOVA
2025 — 2030-yillarda ijodkor yoshlarni tanlash, saralash va ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-maydagi 329-son qaroriga 2-ILOVA
2030-yilgacha yoshlar oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasiga oid oʻtkaziladigan tanlov va festivallarning natijadorligini oshirishga erishish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
