Iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
23.09.2024
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Portugaliya Respublikasi oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2024-yil 3-oktabrda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4574-PT-2024-D]
Oʻzbekiston Respublikasi va Portugaliya Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda iqtisodiy hamkorlikning muhimligini anglagan holda;
Tenglik, oʻzarolik va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirish istagida;
Tomonlarning ichki qonunchiligi hamda xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan tamoyillari va qoidalariga amal qilgan holda,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Maqsad
Tomonlar oʻzlarining tegishli ichki qonunchiligi va qoʻllaniladigan xalqaro huquq doirasida iqtisodiy rivojlanishga taalluqli barcha sohalarda, shu jumladan, turizm, energetika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat, atrof-muhit, transport va infratuzilma, sanoat, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, fan va texnologiya hamda boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish va diversifikatsiya qilishni ragʻbatlantiradilar.
2-modda Hamkorlik mexanizmlari
Tomonlar oʻz hamkorliklarini tegishli vositalar orqali quyidagi tarzda kengaytirish va faollashtirishga intiladilar:
a) Ikki davlat fuqarolari va tashkilotlari, davlat idoralari, tadbirkorlik birlashmalari, savdo palatalari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli iqtisodiy axborot almashinuvini rivojlantirish;
b) Hamkorlikning aniq imkoniyatlari toʻgʻrisida biznes maʼlumotlarini almashish, ikkala davlatning biznes hamjamiyati delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish, ularning savdo yarmarka va koʻrgazmalarida ishtirokini ragʻbatlantirish, biznes tadbirlar, seminarlar, simpoziumlar va konferensiyalar tashkil etish;
c) Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarda kichik va oʻrta xususiy korxonalarning kuchliroq ishtirokini ragʻbatlantirish;
d) Oʻzaro manfaatli sohalarda, shu jumladan, texnologiya va innovatsiya sohalarida ekspertiza bilimlari bilan taʼminlashda hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
e) Investitsiya faoliyatini, qoʻshma korxonalar va kompaniyalarning filiallarini tashkil etish hamda Tomonlar tarafidan kelishilgan boshqa hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash;
f) Uchinchi mamlakat bozorlarida hamkorlik qilish;
g) Tomonlar tarafidan kelishilishi mumkin boʻlgan boshqa hamkorlik sohalari.
3-modda Intellektual mulk
Ikkala Tomon oʻzlarining ichki qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq intellektual mulk huquqlarining, shu jumladan, geografik koʻrsatkichlarga boʻlgan huquqlarning himoyasini taʼminlaydilar va mustahkamlaydilar.
4-modda Xarajatlar
Har bir Tomon, basharti boshqacha kelishilmagan boʻlsa, ushbu Bitim doirasida faoliyatlarda oʻzlarining ishtiroki uchun sarf-xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
5-modda Qoʻshma komissiya
1. Mazkur Bitimning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida, Tomonlar ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar uchun javobgar boʻlgan ikkala davlat hukumat vakillaridan iborat Qoʻshma komissiyani tuzadilar.
2. Qoʻshma komissiya har bir Tomonning soʻroviga binoan, oʻzaro kelishuv asosida, yigʻilish sanasi va joyi diplomatik kanallar orqali kelishilgan holda, navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Portugaliya Respublikasida uchrashadi.
3. Qoʻshma komissiyaning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) Mazkur Bitimning amalga oshirilishini nazorat qilish;
b) Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni oshirish va diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqish.
6-modda Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Mazkur Bitim qoidalari ikkala Tomon uchun boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan, majburiy boʻlgan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
7-modda Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
8-modda Oʻzgartirish
1. Mazkur Bitimga Tomonlardan birining soʻroviga muvofiq, Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro rozilik asosida yozma ravishda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
2. Oʻzgartirishlar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladi hamda ushbu Bitimning 10-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
9-modda Muddat va tugatilishi
1. Mazkur Bitim besh (5) yil muddatda amalda boʻladi va basharti har qaysi Tomon mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida ushbu tugatilishdan olti (6) oy oldin yozma ravishda va diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh (5) yil muddatga uzaytiriladi.
2. Mazkur Bitimning tugatilishi ushbu Bitim doirasida amalga oshirilgan loyihalar yoki tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha har qanday aniq kelishuvlarning, ushbu kelishuvlar bajarilgunga qadar, amal qilishi yoki muddatiga daxl qilmaydi.
10-modda Kuchga kirishi
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki huquqiy protseduralarini bajarganliklari haqida soʻnggi xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingandan boshlab 30-(oʻttizinchi) kunda kuchga kiradi.
11-modda Roʻyxatga olish
Mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng, u qaysi Tomonning hududida imzolangan boʻlsa, ushbu Tomon Bitimni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kotibiyatiga mazkur Tashkilot Nizomining 102-moddasiga muvofiq roʻyxatga olish uchun taqdim etadi hamda boshqa Tomon ushbu protseduraning tugallanishi va roʻyxatga olish raqami haqida xabardor qiladi.
Nyu-York shahrida, 2024-yil 23-sentabrda ikki asl nusxada oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
