Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining 2025-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisida (826-V-son)
28.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2025-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashi taʼkidlaydiki, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va bank-moliya sohasini liberallashtirishning huquqiy poydevorini mustahkamlashga, davlat budjeti ijrosini nazorat qilishga Qoʻmita tomonidan alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, oʻtgan davrda Qoʻmita 19 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlgan va ularning 14 tasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi hamda “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi yaxlit qonun loyihalari Qoʻmita tomonidan maromiga yetkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida jami 46 ta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan. Shuningdek aksariyat qonun loyihalari Qoʻmita huzurida tashkil etilgan jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muhokama qilingan.
Bundan tashqari Qoʻmita majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Markaziy banki va tijorat banklari mutasaddilarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan axboroti eshitilgan.
Qoʻmita eshituvlarida iqtisodiyotga investitsiyalarni keng jalb etish, eksport hajmini oshirish, mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish hamda xizmatlar sektorini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan vazifalar ijrosi koʻrib chiqilgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2024-yil 18 — 20-noyabrda boʻlib oʻtgan majlislaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha tegishli ishlar olib borilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qaroriga muvofiq ijro hokimiyati bilan qonun ijodkorligi va parlament nazorati doirasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida qator vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar, inspeksiyalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari va boshqa tashkilotlar Qoʻmitaga biriktirildi.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq ilmiy tadqiqotlar instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan va hamkorlikdagi ish rejalari tasdiqlangan.
Koʻrib chiqilayotgan davrda, Qoʻmita tomonidan kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada kuchaytirishga, davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari ijrosining nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga, uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilishga, bank mijozlarining takroriy kredit olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator qonun loyihalariga takliflar ishlab chiqilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish hamda ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shunga koʻra, oʻtgan davrda fuqarolardan Qoʻmita nomiga kelib tushgan jami 99 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻmitaning hisobot davridagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 421 marotaba yoritilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining 2025-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi:
iqtisodiyot sohasida belgilangan vazifalarning ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish va uning yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning natijadorligini doimiy ravishda monitoring qilib borishga;
tegishli qonun loyihalarini qoʻmita huzuridagi jamoatchilik kengashi yigʻilishlarida muntazam ravishda muhokama qilishga;
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda iqtisodiyot sohasiga doir boshqa dasturlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borishga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz muddatida koʻrib chiqishga hamda fuqarolardan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha kelib tushgan takliflarni ular ishtirokida qoʻmita majlislarida muhokama qilishga;
Budjet dan eng koʻp mablagʻ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillarni oʻrganish va aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. Xakimov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-aprel,
826-V-son
