3-modda. Asosiy tushunchalar
Turizm toʻgʻrisida (830-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
turizm — jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sogʻlomlashtirish, maʼrifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq toʻlanadigan faoliyat bilan shugʻullanmagan holda uzogʻi bilan bir yil muddatga joʻnab ketishi (sayohat qilishi);
turist — Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (doimiy istiqomat joyidan turizm maqsadida joʻnab ketgan) jismoniy shaxs;
turistik faoliyat — ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq sayohatlarni va ular bilan bogʻliq xizmatlarni tashkil etish borasidagi faoliyat;
ekskursiya faoliyati — turistik faoliyatning madaniy meros obyektlari va boshqa obyektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yoʻnalishlar boʻyicha ekskursiya yetakchisi hamrohligidagi 24 soatdan oshmaydigan ekskursiyalarni tashkil etishga doir qismi;
turistik resurslar — tegishli hududning tabiiy-iqlim, sogʻlomlashtirish, tarixiy-madaniy, maʼrifiy va ijtimoiy-maishiy obyektlari majmui;
turistik faoliyat subyektlari — belgilangan tartibda roʻyxatga olingan va turistik xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi boʻlgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar;
turistik industriya — turistik faoliyatning turistlarga xizmat koʻrsatishni taʼminlovchi turli subyektlari (mehmonxonalar, turistik komplekslar, kempinglar, motellar, pansionatlar, umumiy ovqatlanish, transport korxonalari, madaniyat, sport muassasalari va boshqalar) majmui;
tur — muayyan yoʻnalish boʻyicha turistik xizmatlar majmui (joy bandlash, joylashtirish, ovqatlantirish, transport, rekreatsiya, ekskursiya xizmatlari va boshqa xizmatlar) bilan taʼminlangan aniq muddatlardagi turistik sayohat;
turistik xizmatlar — turistik faoliyat subyektlarining joylashtirish, ovqatlantirish, transport, axborot-reklama xizmatlari koʻrsatish borasidagi, shuningdek turistlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan boshqa xizmatlari;
turistik guruh rahbari — turistik faoliyat subyektining vakili boʻlgan va uning nomidan ish koʻrib, turistlarga hamrohlik qiluvchi, turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi shartlarining bajarilishini taʼminlovchi jismoniy shaxs;
gid (ekskursiya yetakchisi) — tur qatnashchilariga turistik xizmatlar koʻrsatish shartnomasi doirasida ekskursiya-axborot, tashkiliy yoʻsindagi xizmatlar va malakali yordam koʻrsatuvchi jismoniy shaxs;
