19-modda. Turistlarning xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari
Turizm toʻgʻrisida (830-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
turistlarning safarda xavf-xatardan xoli boʻlishlari uchun shart-sharoitni, safar, sayr, ekskursiya yoʻllari, musobaqalar oʻtkaziladigan joylarning obodligini taʼminlashlari;
turistlarga jarohatlanish va baxtsiz hodisalardan saqlanish hamda ularning oldini olish usullarini oʻrgatishlari, birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish yuzasidan yoʻl-yoʻriq berishlari, shuningdek belgilangan yoʻnalishning xususiyati va turistlarning xatti-harakatiga bogʻliq holda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf manbalari haqida ularning oʻzini xabardor qilishlari;
turistlarning sayohatlar, safarlar, musobaqalar, boshqa turistik tadbirlarga tayyorgarligi ustidan nazoratni amalga oshirishlari;
falokatga uchragan turistlarga tezkor yordam koʻrsatishlari;
avtomobil, togʻ changʻi, velosiped, suv, mototsikl, piyoda safar, gʻor turizmi va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish va oʻtkazishda xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari shart.
Turistik sayohatlarni turistlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turistik faoliyat subyektlari turistlarning xavfsizligini taʼminlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish maqsadida xizmat koʻrsatishni koʻzlab qidiruv-qutqaruv xizmatlari bilan shartnomalar tuzadilar. Qidiruv-qutqaruv xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
