“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga jamiyat ijro organi, kuzatuv kengashi hamda majoritar aksiyadorining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida”gi QL-52-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi toʻgʻrisida (“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xoʻjalik jamiyatlarining ijro organi, kuzatuv kengashi hamda majoritar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) masʼuliyatini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”) (731-V-son)
14.04.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 18-fevralda birinchi oʻqishda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xoʻjalik jamiyatlarining ijro organi, kuzatuv kengashi hamda majoritar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) masʼuliyatini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi QL-52-sonli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga jamiyat ijro organi, kuzatuv kengashi hamda majoritar aksiyadorining masʼuliyatini oshirishga qaratilgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida” degan yangi nom bilan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqishga doir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasining taklifi maʼqullansin.
2. Mazkur qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-aprel,
731-V-son
