2025-2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-87-son)
15.05.2025
Oʻzbekiston respublikasi prezidentining
Farmoni
[Koʻchirma]
Mamlakatimizda turizm sohasini iqtisodiyotning muhim strategik tarmogʻi sifatida yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish, yangi turizm obyektlarini tashkil etish, sohadagi tadbirkorlarni qoʻshimcha ravishda qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda mavjud ish oʻrinlarini saqlab qolish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2025-yil yakuniga qadar turizm sohasining asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) respublika hududlariga 15,8 million nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 milliard AQSH dollariga yetkazish;
(b) ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 millionta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qoʻshimcha 378 ta turoperator faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
(v) respublika hududlarida yangi 108 ta mehmonxona, 375 ta oilaviy mehmon uyi va 123 ta xostel qurish, 745 ta kapsula va oʻtov uylari, apart-otel, modulli mehmonxonalar hamda 12 ta turizm qishlogʻi va turizm mahallasini tashkil etish.
II. Respublika hududlariga turistlar oqimini koʻpaytirish
2. 2025-yil 1-iyundan boshlab Bahrayn Qirolligi, Kuvayt Davlati va Oʻmon Sultonligi fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi uch oy muddatda:
(a) Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Ozarbayjon davlatlari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarga “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish;
(b) Amerika Qoʻshma Shtatlari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Amerika Qoʻshma Shtatlari hududiga kirish uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlasin va yakuni boʻyicha taklif kiritsin.
4. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Indoneziya, Malayziya va Koʻrfaz arab davlatlaridan xorijiy turistlarni koʻpaytirish maqsadida tegishli hududlarga biriktirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda oʻzlariga biriktirilgan hududlar bilan turizm sohasida aloqalarni kengaytirish boʻyicha quyidagi ishlarni tashkil qilsin:
(a) turizm taqdimotlarini tashkil etish orqali biriktirilgan hududlardan turistlar oqimini oshirish hamda Oʻzbekistonda zamonaviy turizm namoyishi obyektlarini barpo qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish;
(b) har yili mazkur davlatlardan ommaviy axborot vositalari vakillari, taniqli bloger va vlogerlar uchun respublikamiz hududlariga kamida ikkita mediatur tashkil qilish;
(v) turizm yarmarka va koʻrgazmalari, taqdimotlar (roadshow), biznes forumlarda Oʻzbekiston turizm sohasi vakillari va tadbirkorlik subyektlari ishtirokini tashkil etishga koʻmaklashish;
(g) hududlararo biznes forumlar, ishbilarmonlar oʻrtasida delegatsiyalar almashinuvi kun tartibiga turizm masalalarini kiritib borish.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yildan boshlab, har yili 30-noyabrga qadar kelgusi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari quyidagilarni nazarda tutuvchi turizmni rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni (keyingi oʻrinlarda — hududiy dasturlar) ishlab chiqib, ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi:
(a) hududning turistik salohiyatini targʻib qilish va xorijiy turistlarni jalb etish;
(b) turistik yoʻnalishlarni kengaytirish, turistlarni himoya qilish va ularning xavfsizligini taʼminlash, hududda transport logistikasi va infratuzilmasini rivojlantirish, transport xizmatlari sifatini oshirish;
(v) hududda turizmni kompleks rivojlantirish va turizm infratuzilmasini takomillashtirish va lozim darajadagi holatda saqlash hamda sanitariya-gigiyenik holatini yaxshilash, uni rivojlantirishga investitsiyalar jalb qilish;
(g) joylashtirish vositalarini bosqichma-bosqich rivojlantirish, yirik, oʻrta, kichik mehmonxonalar va boshqa turizm obyektlarini qurish loyihalarini amalga oshirish, tadbirkorlarga oʻz xizmatlarining sifatini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish;
(d) turizm navigatsiyasi tizimini rivojlantirish, koʻchalarda, transport vositalari hamda avtomobil yoʻllarida turizm yoʻl koʻrsatkichlarini oʻrnatish.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari 2025-yil 1-iyulga qadar 2025-yil uchun hududiy dasturlarni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
8. Belgilansinki:
(a) hududiy dasturlar tegishli xalq deputatlari mahalliy kengashlari va turizmni rivojlantirish boʻyicha mahalliy jamoatchilik kengashlarida muhokama qilingandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan Turizm qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
(b) hududiy dasturlar turizm sohasida davlat dasturlari, turizmni rivojlantirish strategiyasi (konsepsiyasi) va boshqa davlat dasturlariga muvofiqlashtirilgan holda ishlab chiqiladi.
9. 2025-yildan boshlab har yili noyabr oyining uchinchi haftasida Xalqaro turizm haftaligi va uning doirasida mazkur Farmonga 1-ilovada belgilangan xalqaro tadbirlar tashkil etilsin va oʻtkazilsin.
III. Ichki turizmni yanada ommalashtirish
10. 2025-yil iyun oyidan boshlab “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun har oyning ikkinchi haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilansin.
11. Vazirlar Mahkamasi oʻn besh kun muddatda 2025-yil iyun — dekabr oylarida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar, sugʻurta tashkilotlari hamda tijorat banklari xodimlarining Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish reja-jadvalini tasdiqlasin.
12. Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar, sugʻurta tashkilotlari hamda tijorat banklari har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil uchun xodimlarining sayohat reja-jadvalini tasdiqlasin.
13. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini targʻib qilishga qaratilgan quyidagi yangi mexanizmlar joriy qilinsin:
(a) har yili Turizm qoʻmitasining Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga turistik yigʻimdan kelib tushadigan tushumlarning 10 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlar ichki turizm imkoniyatlarini targʻib qilishga yoʻnaltiriladi;
(b) Turizm qoʻmitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga har yili 15-dekabrga qadar kelgusi yil uchun “Oʻzbekistonni tanitamiz” mediarejasi kiritiladi.
Bunda mediaturlar 20 nafardan kam boʻlmagan tarkibda OAV vakillari, bloger va vlogerlardan iborat mediaguruh bilan shartnoma, shu jumladan, autsorsing asosida amalga oshiriladi.
14. Respublika miqyosida yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan sport musobaqalari gʻoliblarini qoʻshimcha ravishda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasi bilan taqdirlash amaliyoti joriy etilsin.
IV. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash
15. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar har yil ajratiladigan 50 milliard soʻm mablagʻ doirasida Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan:
(a) mehmonxona, umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlarning oʻz faoliyatini targʻib qilishga qaratilgan audiovizual mahsulotlar (videofilm, videorolik, klip va anime roliklar) yaratish va targʻib qilish xarajatlarining 50 foizi, lekin 50 million soʻmdan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda ushbu maqsadlar uchun har yili 20 milliard soʻm ajratiladi;
(b) Turizm qoʻmitasi tomonidan belgilangan yetakchi xorijiy davlatlarda mahalliy tadbirkorlar tomonidan har yili 50 ta oʻzbek milliy taomlariga ixtisoslashtirilgan umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlar tashkil etilganda ularning quyidagi xarajatlari subsidiyalanadi:
(i) faoliyatni yoʻlga qoʻyish uchun roʻyxatdan oʻtish yoki ruxsatnoma olish, ijara, dizayn, zarur uskuna va anjomlarni sotib olish bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizi, biroq 25 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya;
(ii) taomlar tayyorlash uchun bir yilda 300 kilogramm mahsulotni Oʻzbekistondan yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarining 50 foizi, biroq bitta tadbirkorlik subyekti uchun 100 million soʻmgacha miqdorda.
Bunda ushbu maqsadlar uchun har yili 30 milliard soʻm ajratiladi;
(v) joylashtirish vositalari, yirik savdo majmualari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan oʻzlarining hududlarida zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 million soʻmdan oshmagan qismi qoplab beriladi (dastlabki 100 ta basseyn uchun).
16. 2025-yil 1-iyuldan boshlab Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
(a) 2027-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan modulli mehmonxonalar uchun bir martalik subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 10 million soʻm;
II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 7 million soʻm;
III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 5 million soʻm;
(b) 2028-yil 1-yanvarga qadar tibbiy turizm klasterlarining turizm yoʻnalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
(v) 2030-yil 1-yanvarga qadar tibbiy turizm klasterlarining xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda koʻrgazmalarida targʻib qilinadi.
17. 2025-yilda turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman va shaharlarda apart-otel, kapsula uylar va shu kabi joylashtirish vositalaridan iborat zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
V. Turizm xizmatlarini raqamlashtirish va diversifikatsiya qilish
18. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-iyundan boshlab turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) doirasida ishlab chiqiladi. Bunda:
(a) Platforma orqali joylashtirish vositalarini onlayn band qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MyID tizimi orqali identifikatsiyadan oʻtishga ruxsat beriladi;
(b) Platformaga ulangan joylashtirish vositalarining shaxsiy kabinetida mehmonni QR kod yoki yuz orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
19. 2025-yil 1-sentabrga qadar Platforma orqali axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi lozim boʻlgan vazirlik va idoralarning roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. Turizm qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar Samarqand shahrida “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisini tashkil etish choralarini koʻrsin. Bunda “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisini tashkil etish va faoliyatini moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlar 2025-yilda turizm sohasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan, 2026-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
21. Belgilansinki, 2026-yilning 1-yanvariga qadar Turizm qoʻmitasi balansida boʻlgan davlat koʻchmas mulki obyektlarida uning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish
22. Quyidagilar:
(a) 2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2025-yilda xorijiy turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha reja-jadval 5-ilovaga muvofiq;
(v) Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash va targʻibot ishlarini kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq;
(g) 2025-yilda maqsadli bozorlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida turizm biznesi vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan taqdimotlar (roadshow) roʻyxati 7-ilovaga muvofiq;
(d) Turizm infratuzilmasini xorijiy sayyohlarga moslashtirish maqsadida “Tourist friendly” (Turistlarga mehmondoʻstlik) tizimini joriy qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
23. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Turizm qoʻmitasi tomonidan tashkil etiladigan mamlakatning turizm imkoniyatlarini targʻib etishga qaratilgan barcha tadbirlar (festivallar, ichki turizm yarmarkalari, info-tur va press-turlar), xorij mamlakatlarida tashkil etiladigan xalqaro turizm yarmarkalari, taqdimotlar (roadshow), madaniy tadbirlar keng targʻib etib borilishini taʼminlasin.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-may,
PF-87-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 1-ILOVA
Xalqaro turizm haftaligi doirasida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar
ROʻYXATI
T/rTadbir nomiMuddatiMasʼul ijrochilar1.“Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiHar yili noyabr oyining uchinchi haftasiEkologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari2.“Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum” xalqaro aviatsiya forumiTransport vazirligi,Fuqaro aviatsiyasi agentligi,Ekologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi, “Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, barcha rezident aviakompaniyalar3.“Delicious Uzbekistan” (“Lazzatli Oʻzbekiston”) xalqaro gastronomik festivaliTurizm qoʻmitasi,turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlar,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari4.Hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasiSavdo-sanoat palatasi,“Hunarmand” uyushmasi,Turizm qoʻmitasi5.Turizm taʼlimi forumiEkologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi,Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi6.“Silk Road Tourism Awards” tadbiriEkologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi, turizm sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlar7.Global sayyohlik mediakampusiEkologiya vazirligi, Turizm qoʻmitasi,Tashqi ishlar vazirligi8.Etnooʻyinlar festivaliEkologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi,Oʻzbekiston etnosport assotsiatsiyasi9.“Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatida birinchi turizm forumi2025-yil noyabr oyining uchinchi haftasiEkologiya vazirligi,Turizm qoʻmitasi,Tashqi ishlar vazirligi10.Islom hamkorlik tashkiloti turizm vazirlari konferensiyasiga raislik doirasida IHT turizm forumi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 2-ILOVA
2025-yilda turizm salohiyati yuqori boʻlgan tuman va shaharlarda apart-otel, kapsula uylar va shu kabi joylashtirish vositalaridan iborat zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 3-ILOVA
Milliy turizm yagona platformasi orqali axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi lozim boʻlgan vazirlik va idoralar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 4-ILOVA
2025-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun masʼul hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2025-yilda xorijiy turistlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha
REJA-JADVAL
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 6-ILOVA
Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini yanada oshirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash va targʻibot ishlarini kengaytirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 7-ILOVA
2025-yil maqsadli bozorlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida turizm biznesi vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan taqdimotlar (roadshow)
ROʻYXATI
* Turizm qoʻmitasi turistik kompaniyalar talabidan kelib chiqib, mazkur roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 8-ILOVA
Turizm infratuzilmasini xorijiy sayyohlarga moslashtirish maqsadida “Tourist friendly” (Turistlarga mehmondoʻstlik) tizimini joriy qilish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-son Farmoniga 9-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5490-son Farmoniga 3-ilovaning 1-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-noyabrdagi “Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish uchun toʻlovlarni toʻlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5580-son Farmonida:
2-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
1-ilovaning 4-bosqich “Chora-tadbirlar” ustuni 1-bandida “aholi” soʻzidan keyin “, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi “Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6053-son Farmonining 1-bandidagi “2024-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari “2030-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-son Farmonining 15-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoniga 2-ilovaning 187-pozitsiyasida:
“Muddati” ustuni 1-bandidagi “2022-yil davomida” soʻzlari “2022 — 2026-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼul ijrochilar” ustuni 1-bandidagi “Turizm va sport vazirligi U. Azamov, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi A. Voitov, Toshkent viloyati hokimligi Z. Mirzayev” soʻzlari “Toshkent viloyati hokimligi Z. Mirzayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi N. Xolmurodov, Turizm qoʻmitasi U. Shadiyev, “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi DUK” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5-son Farmonida:
a) 3-bandda:
“b” kichik band “aholi” soʻzidan keyin “, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“v” kichik band quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“jismoniy shaxslarga qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini ommaviy shartnoma asosida koʻrsatish va bunda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuman (shahar) hududlari biriktirilganidan keyin besh ish kuni ichida xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan ommaviy shartnoma havolasini qisqa xabar (SMS) orqali isteʼmolchilarga yuborish”;
b) 4-band quyidagi mazmundagi “v” va “g” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“v) 2025-yil 1-iyulga qadar Agentlikning yagona elektron billing tizimi hamda “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi oʻrtasida oʻzaro axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
g) qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlaridan qarzdorligi mavjud boʻlgan abonentlarning qarzdorligi soʻndirilmaguniga qadar elektr energiyasi uchun toʻlovlarni cheklash tizimi faqatgina aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun maxsus texnikalarga oʻrnatilgan GPS uskunalari hisobga olishning yagona elektron billing tizimiga ulangan holda toʻlovlarni hisoblash yoʻlga qoʻyilgan hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi”;
v) 5-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “2023-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari “2025-yil 30-iyunga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 8-bandning “v” kichik bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-9-son Farmonining 10-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda turizm markazlari uchun yer maydonlari ajratilgandan soʻng 6 oy muddatda ularning master rejalari ishlab chiqilishini taʼminlasin”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi PF-80-son Farmonida:
a) 1-ilovaning 6-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
b) 6-ilovaning 14-pozitsiyasida:
“Amalga oshirish mexanizmi” ustunida:
sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar tegishincha sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
“Masʼul ijrochilar” ustunidan “Turizm qoʻmitasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-102-son Farmoniga 3-ilovaning 30-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2024-yil davomida” soʻzlari “2025-yil davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-16-son Farmoniga 18-ilovaning 1-pozitsiyasi “Chora-tadbir nomi” ustunidagi “Yashil mehmonxona” yulduz toifasini joriy etish” soʻzlari “Yashil mehmonxona” mexanizmini joriy etish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4229-son qarorining 5-bandida:
a) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar”;
b) beshinchi — oʻn uchinchi xatboshilar tegishlicha oltinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) toʻqqizinchi xatboshidagi “xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari uchun” soʻzlari “Departament boshligʻi hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari uchun” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-232-son qaroriga 1-ilovada:
a) 6-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “har yili” soʻzlari “2025-yil noyabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 20-pozitsiyada:
“Chora-tadbir nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Boʻstonliq tumanining bosh rejasi va hududlarning master rejalari asosida Boʻstonliq tumani “Novobod”, “Gʻazalkent” va “Chimyon” MFYlar hududida jahon standartlariga mos 5 ta zamonaviy osma dor yoʻlini barpo etish.
Bunda:
1 ta dor yoʻli Xoʻjakent massivida “Chinorkent” majmuasi hududida;
1 ta dor yoʻli xususiylashtirilgan Beldirsoy oromgohi hududidagi eski dor yoʻlini rekonstruksiya qilish orqali;
3 ta dor yoʻli barcha mavsumlarda faoliyat koʻrsatuvchi “Chimyon” xalqaro kurortini qurish doirasida barpo etilishi nazarda tutiladi.
Amalga oshirish shakli: amaliy chora-tadbirlar”;
“Ijro muddati” ustunidagi “2022 — 2025-yillarda” soʻzlari “2022 — 2030-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-338-son qarorining 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Fargʻona viloyati hokimligi, Turizm qoʻmitasi va Sport vazirligi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil yakuniga qadar Fargʻona viloyatida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini aks ettiruvchi “Turkiy dunyo bogʻi”, “Askiyachilar bogʻi” va “Shaxmat bogʻi” nomli tematik bogʻlarni barpo etsin”.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi”gi PQ-102-son qaroriga 1-ilovaning 408, 409, 412, 413-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qaroriga 1-ilovaning 14-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-19-son qaroriga 2-ilovaning 3-pozitsiyasi “Ijro uchun masʼullar” ustunidan “Turizm qoʻmitasi (U. Shadiyev),” soʻzlari chiqarib tashlansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-sentabrdagi “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-338-son qaroriga 2-ilovaning 16-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
