Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (313-son)
13.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarga quyidagi taʼsir choralarini qoʻllash:
deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarni ushbu fuqarodan undirib olish;
Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalarini qaytarib undirish;
bir yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatmaslik;
b) tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborish boʻyicha xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada shartnoma shartlari bajarilmagani uchun jarima va uchinchi shaxslarning kafilligini belgilash;
v) xususiy bandlik agentliklari faoliyatining litsenziya talablari va shartlaridan biri sifatida chet elga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilayotgan shaxslarni ushbu davlatning qonunchiligi va unda boʻlish qoidalari boʻyicha majburiy oʻqitishni kiritish.
2. Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish va ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-sentabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va obroʻ-eʼtiboriga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir maʼlumotlar Migratsiya jarayonlariga doir maʼlumotlarning yagona elektron bazasi (keyingi oʻrinlarda — Yagona maʼlumotlar bazasi) orqali yuritiladi.
Bunda Yagona maʼlumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi maʼlumotlar;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan maʼlumotlar kiritib boriladi.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 405-bandi “i” kichik bandiga muvofiq ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilmaydi. Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ushbu qaror doirasida masʼul vazirlik va idoralar bir oy muddatda tegishli axborot tizimlarining Yagona maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chet elda noqonuniy huquqiy holatda boʻlib turgan va deportatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toʻgʻrisida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan doimiy axborot almashish tizimini yoʻlga qoʻysin.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda doimiy ravishda chet elga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketayotgan va chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar oʻrtasida xorijda boʻlish qoidalari, inson uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklardan himoyalanish hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuziga va davlat obroʻ-eʼtiboriga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etmaslik boʻyicha tushuntirish va targʻibot ishlarini, shu jumladan, mobil ilovalar hamda boshqa media resurslardan foydalangan holda amalga oshirsin;
ikki oy muddatda xorijiy davlatning qonunchiligi va ushbu davlatda boʻlish qoidalariga majburiy oʻqitilgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarni “xorijda.ish” platformasiga kiritish imkonini yaratsin;
uch oy muddatda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilayotgan shaxslarni xorijiy davlatning qonunchiligi va ushbu davlatlarda boʻlish qoidalari boʻyicha oʻquv dasturini hamda zarur oʻquv metodik materiallarni ishlab chiqib, xususiy bandlik agentliklariga bepul taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ushbu davlatda ular bilan birga yashayotgan farzandlarining umumiy oʻrta taʼlim olish huquqini taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Ushbu qaror 2025-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda Migratsiya agentligi direktori B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-may,
313-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-maydagi 313-son qaroriga 1-ILOVA
Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarish va ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom chet elga tashkillashtirilgan tartibda ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini (keyingi oʻrinlarda — deportatsiya qilingan fuqarolar) Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan qaytarish va ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibini hamda deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ishtirokini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini Oʻzbekistonga qaytarib yuborish xarajatlari xorijiy davlat tomonidan qoplab beriladigan holatlarga;
xorijiy davlatlar hududida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish hamda ularni va halok boʻlganlarni evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish holatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Chet elga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mustaqil ravishda chiqib ketgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mablagʻsiz qolgan hollarda ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 201-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablagʻlarsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq moliyalashtiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
deportatsiya qilingan fuqaro — tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va boʻlib turgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolar;
konsullik mansabdor shaxsi — konsullik muassasasining rahbari, shuningdek, diplomatik vakolatxona konsullik boʻlimining mudiri yoki konsullik vazifalarini bajarish vakolati berilgan diplomatik vakolatxona xodimlaridan biri;
transport xarajatlari — deportatsiya qilingan fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelishi uchun havo, temir yoʻl transporti chiptalarini sotib olish yoki avtotransport xizmatlari haqini toʻlash uchun ajratiladigan mablagʻlar.
5. Deportatsiya qilingan fuqarolar quyidagilar asosida qaytariladi:
deportatsiya qilingan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga (keyingi oʻrinlarda — xorijdagi muassasa) murojaati;
deportatsiya qilingan fuqarolar va ularning yaqin qarindoshlarining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) xorijdagi vakolatxonalari (vakillariga), hududiy filiallariga murojaati;
xorijiy davlatlar vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan deportatsiya qilingan fuqarolar boʻyicha maʼlumotlar.
6. Deportatsiya qilingan fuqarolar ularning transport xarajatlarini (havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻli) moliyalashtirish orqali qaytariladi.
Deportatsiya qilingan fuqaroga mablagʻlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish orqali moliyaviy yordam koʻrsatish taqiqlanadi.
7. Deportatsiya qilingan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va ularning hisobi Migratsiya jarayonlariga doir maʼlumotlarning yagona elektron bazasi (keyingi oʻrinlarda — Yagona maʼlumotlar bazasi) orqali yuritiladi.
Bunda Yagona maʼlumotlar bazasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi muassasalardan olingan, shuningdek, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari taqdim etgan maʼlumotlar;
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari (vakillari) taqdim etgan maʼlumotlar kiritiladi hamda doimiy ravishda yangilab boriladi.
2-bob. Deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarishni tashkil etish
8. Deportatsiya qilingan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-son Farmoniga muvofiq Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytariladi.
9. Deportatsiya qilingan fuqaro xorijdagi muassasaga yoki Agentlik vakolatxonasiga (vakiliga) quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladi:
a) ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha Agentlik direktori nomiga ariza;
b) ushbu fuqaroning shaxsini yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
v) deportatsiya qilinishiga aloqador xorijiy davlat hududidagi vakolatli organlar va muassasalar tomonidan berilgan rasmiy hujjat (mavjud boʻlsa);
g) chet elga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat (mavjud boʻlsa).
Deportatsiya qilingan fuqaroning shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlari yoʻqotib qoʻyilgan boʻlsa yoki bunday hujjat mavjud boʻlmasa, moliyaviy yordam berish masalasi uning shaxsi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi tasdiqlanganidan soʻng koʻrib chiqiladi.
10. Agentlikning vakolatxonasi (vakillari) mavjud boʻlmagan davlatlarda deportatsiya qilingan fuqarolar ushbu davlatlarga xizmat koʻrsatuvchi xorijdagi muassasalarga murojaat qiladi.
11. Deportatsiya qilingan fuqaroning arizasi Agentlikning vakolatxonasi (vakillari) yoki xorijdagi muassasa tomonidan bir ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
12. Deportatsiya qilingan fuqaroning arizasini oʻrganish vaqtida Agentlik vakolatxonasi xodimi (vakili) yoki konsullik mansabdor shaxsi:
arizada keltirilgan asoslarning toʻgʻriligini oʻz vakolatlari doirasida tekshiradi;
fuqaroning deportatsiya qilinishi sabablarini aniqlaydi.
13. Agentlik vakolatxonasi xodimi (vakillari) yoki konsullik mansabdor shaxsi deportatsiya qilingan fuqaro tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida bir ish kuni mobaynida moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
Agentlik vakolatxonasi xodimi (vakili) bevosita, konsullik mansabdor shaxsi esa — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali xulosani Agentlikka taqdim etadi.
14. Agentlik deportatsiya qilingan fuqaroga moliyaviy yordam koʻrsatish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni va Agentlik vakolatxonasi xodimi (vakillari) hamda konsullik mansabdor shaxsining xulosasini bir ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi.
15. Deportatsiya qilingan fuqaro chet elga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborilmagani aniqlangan hollarda, Agentlik tomonidan rad javobi beriladi va bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Agentlik xorijdagi vakolatxonasi (vakili) xabardor qilinadi.
Ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa holatlarni sabab qilgan holda yordam koʻrsatishni rad etish taqiqlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi deportatsiya qilingan fuqaroga moliyaviy yordam koʻrsatish rad etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotni deportatsiya qilingan fuqaroga bir ish kuni ichida xabar qilish uchun xorijdagi muassasaga yuboradi.
Agentlikning vakolatxonasi (vakillari) tomonidan deportatsiya qilingan fuqaroni moliyaviy yordam koʻrsatish rad etilgani toʻgʻrisida Agentlikdan javob xati olgan kunning oʻzida xabardor qiladi.
17. Deportatsiya qilingan fuqaro moliyaviy yordam koʻrsatish rad etilgani toʻgʻrisida uning arizasi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda xabardor qilinishi lozim.
3-bob. Deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish
18. Deportatsiya qilingan fuqaroning moliyaviy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizasi ijobiy koʻrib chiqilganidan soʻng bir ish kunida Agentlik va fuqaro oʻrtasida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq qarz shartnomasi tuziladi.
Shartnomaga muvofiq moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablagʻlarning oʻrnini moliyaviy yordamni olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun muddatda qoplash majburiyatini oladi.
Deportatsiya qilingan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumati topshirigʻi asosida Oʻzbekistonga qaytarilgan taqdirda, ular bilan qarz shartnomasi tuzilmaydi va fuqarolarni qaytarish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Davlat budjeti hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
19. Deportatsiya qilingan fuqaroga koʻrsatilgan moliyaviy yordam summasi Agentlikning Migratsiya jamgʻarmasiga qaytariladi.
20. Tashkillashtirilgan tartibda yoki oʻzi mustaqil ravishda chet elga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketgan va xorijiy davlatda boʻlish davrida ushbu davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarga Agentlik tomonidan quyidagi cheklov va taʼsir choralari qoʻllanishi mumkin:
Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalarini qaytarishni talab qilish;
bir yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatmaslik;
tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborish boʻyicha xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlari bajarilmagani uchun nazarda tutilgan jarimani undirish.
21. Agentlik tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam, subsidiya, kompensatsiya va jarima summalari belgilangan muddat ichida toʻlanmagan taqdirda, Agentlik ushbu mablagʻlarni undirish boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qiladi.
4-bob. Deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ishtiroki
22. Deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa masʼul vazirlik va idoralar oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etadi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan vazirlik va idoralarning deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish boʻyicha faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
23. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish boʻyicha quyidagilarni amalga oshiradi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
deportatsiya qilingan fuqarolar toʻgʻrisida tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida tezkor axborot almashishni tashkil etadi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan deportatsiya qilingan fuqarolarni vatanga qaytarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish choralarini koʻradi;
deportatsiya qilingan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplaydi, umumlashtiradi, tahlil qiladi va Yagona maʼlumotlar bazasiga kiritadi;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda deportatsiya qilingan fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarishda ishtirok etadi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan deportatsiya qilingan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlash choralarini koʻradi;
deportatsiya qilingan fuqarolar oʻrtasida chet elda boʻlish qoidalarini tushuntirish va profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi deportatsiya qilingan fuqarolar va ularning oila aʼzolari oʻrtasida inson uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklardan muhofazalanish boʻyicha tushuntirish hamda profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarishda tezkor transport (havo, temir yoʻl, avtomobil yoʻli) xizmatlari koʻrsatilishini tashkil etadi;
Agentlik va xorijdagi muassasalarni havo transportining joʻnab ketish sanasi, joyi, tayyorgarlik muddati, vaqti, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Agentlik tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam summasi, subsidiya, kompensatsiya va jarima summalarini undirish boʻyicha sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra bajarilmaganda, davlat ijrochisi Agentlikning arizasi boʻyicha yoki oʻz tashabbusi bilan qarzdorning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli.
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarish va ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborilgan va borgan davlatining qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarini qaytarish va ularni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-maydagi 313-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimchalar
17-ilovada:
9-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi “d1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“d1) chet elga ishga yuborilayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda boʻlish qoidalari boʻyicha oʻqitishni tashkil etish”;
12-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Chet elga ishga yuborilayotgan shaxslarga borayotgan davlati qonunchiligi, unda boʻlish qoidalarini oʻqitish boʻyicha taʼlim tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma ilova qilinadi”.
