Xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan Kengash tekshiruvi oʻtkazish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida (KQ-173-V-son)
06.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 3-dekabrdagi KQ-9-V-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2024-yil 19-noyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Senatning Harakatlar dasturi 21-bandining ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 16-moddasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan Kengash tekshiruvi oʻtkazish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari ushbu Qaror bilan tasdiqlangan Tartibga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi (Q. Muqumov) ushbu Qaror ijrosini taʼminlashda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari kotibiyatlariga amaliy yordam koʻrsatib borsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (A. Tuychiyev) zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 6-may,
KQ-173-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 6-maydagi KQ-173-V-sonli Qaroriga ILOVA
Xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan Kengash tekshiruvi oʻtkazish
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan Kengash tekshiruvi oʻtkazish tartibi (bundan buyon matnda Tartib deb yuritiladi) xalq deputatlari viloyat (Toshkent shahar), tuman, shahar Kengashlari (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) tomonidan Kengash tekshiruvi oʻtkazish tartib-taomillarini belgilaydi.
2. Tartib Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
3. Kengash tekshiruvi — tegishli hududning xavfsizligiga, barqaror rivojlanish asoslariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar hamda voqealarni oʻrganish maqsadida oʻtkazilishi mumkin boʻlgan mahalliy Kengashning alohida tekshiruvi shaklidir.
4. Kengash tekshiruvi oʻtkazish qonuniylik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish prinsiplariga asoslanadi.
5. Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv va tergov organlarining, sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarni, shuningdek ijro ishi yuritish hamda notarial ish yuritishning muayyan materiallarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyat Kengash tekshiruvining obyekti boʻlishi mumkin emas.
2-bob. Kengash tekshiruvini oʻtkazish tartib-taomillari
6. Kengash tekshiruvini oʻtkazish uchun asoslar:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
ommaviy axborot vositalarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida eʼlon qilingan maʼlumotlar;
nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maʼlumotlari;
deputatlarning takliflari.
7. Quyidagilar mahalliy Kengashga Kengash tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida taklif kiritishi, tavsiya berishi mumkin:
deputat (yoki deputatlar guruhi) — mahalliy Kengash deputatlarining kamida uchdan bir qismi qoʻllab-quvvatlangan taqdirda;
mahalliy Kengashning doimiy komissiyasi;
mahalliy Kengashdagi partiya guruhi;
viloyat, tuman, shahar hokimi;
Oliy Majlis palatalari;
Vazirlar Mahkamasi.
8. Kengash tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif va tavsiyalar asoslantirilgan holda yozma shaklda kiritiladi.
Bunda mahalliy Kengash kotibiyati deputat, mahalliy Kengashning doimiy komissiyasi, partiya guruhiga Kengash tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklif bilan bogʻliq zarur materiallar va hujjatlar loyihalari tayyorlanishiga koʻmaklashadi.
9. Mahalliy Kengash Kengash tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida taklif yoki tavsiyani koʻrib chiqib, deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Kengash tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifni yoki tavsiyani maʼqullash;
Kengash tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifni yoki tavsiyani takomiliga yetkazish uchun tashabbuskorga qaytarish;
Kengash tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifni yoki tavsiyani rad etish.
10. Kengash tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda unda Kengash tekshiruvi oʻtkazish uchun asoslar hamda Kengash tekshiruvining maqsad va vazifalari nazarda tutiladi.
11. Mahalliy Kengash Kengash tekshiruvini oʻtkazish uchun Kengash deputatlari orasidan Kengash tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha komissiya tashkil qiladi va uning tarkibini tasdiqlaydi.
12. Komissiya, qoida tariqasida, kamida 7 nafar deputatdan iborat boʻladi. Komissiya rais, kotib va aʼzolardan iborat boʻladi.
Kengash tekshiruvi natijalaridan manfaatdor boʻlgan deputat komissiya tarkibiga kiritilishi mumkin emas.
13. Zarur hollarda komissiya ishiga quyidagilar jalb qilinishi mumkin:
ilmiy doiralar vakillari, ekspert va mutaxassislar;
huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari vakillari;
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari.
14. Komissiya Kengash tekshiruvini oʻtkazishda quyidagilarga haqli:
davlat organlari va tashkilotlarining vakillarini, mutaxassislarni, ekspertlarni komissiya ishiga jalb etishga;
davlat organlari va tashkilotlaridan, jismoniy va yuridik shaxslardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olishga;
davlat organlari va tashkilotlarining, nodavlat tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, shuningdek fuqarolarni tushuntirishlar berish uchun taklif qilishga;
voqea va hodisalarni joyiga chiqib oʻrganishga.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Komissiya oʻz faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga qatʼiy rioya qilishi, davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan vazifalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilmasligi, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qilishi shart.
16. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, mansabdor shaxslar va tashkilotlarning rahbarlari komissiya ishiga koʻmaklashishlari, zarur maʼlumotlarni taqdim etishlari va chaqirilganda hozir boʻlishlari shart.
Kengash tekshiruvini oʻtkazishga toʻsqinlik qilish, bila turib yolgʻon maʼlumot berish yoki maʼlumot berishdan boʻyin tovlash Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
17. Komissiya ish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
18. Komissiya majlislari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Har bir tadbir (tekshiruv, soʻrov, tashrif) natijalariga koʻra hisobotlar yoki maʼlumotnomalar tayyorlanadi.
19. Komissiya tomonidan tekshiruv yakunlari boʻyicha yakuniy xulosa tuziladi. Xulosada quyidagilar nazarda tutiladi:
tekshiruv predmetining tavsifi;
hujjatlar yoki boshqa vositalar bilan tasdiqlangan faktlar;
boʻlib oʻtgan voqea, hodisa yoki harakatda (harakatsizlikda) qonunchilik buzilishi holati mavjudligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisidagi xulosalar;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar;
normativ-huquqiy yoki boshqa meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirish yoxud qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar;
tegishli shaxslarga nisbatan intizomiy yoki boshqa choralar koʻrish boʻyicha takliflar.
20. Xulosa Komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va mahalliy Kengashga taqdim etiladi.
Komissiyaning aʼzosi umumiy xulosaga yoki unda nazarda tutilgan ayrim masalalarga qoʻshilmasa, uning eʼtirozlari umumiy xulosaga ilova qilinadi.
21. Mahalliy Kengash komissiyaning Kengash tekshiruvi yakunlari boʻyicha xulosasini navbatdagi sessiyada koʻrib chiqadi.
22. Sessiya mahalliy Kengash reglamentida belgilangan umumiy tartib asosida oʻtkaziladi.
23. Mahalliy Kengash xulosani koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi.
Mahalliy Kengash qarori qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun ichida tegishli mansabdor shaxsga yuboriladi.
24. Mahalliy Kengash Kengash tekshiruvi yakunlari boʻyicha:
mansabdor shaxsni javobgarlikka tortish, ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga, Vazirlar Mahkamasi yoki Oliy Majlis Senatiga taklif va tavsiyalar kiritishi;
tegishli davlat organlariga hamda tashkilotlariga qonunchilik hujjatlarining, davlat dasturlarining ijrosi, oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning amalga oshirilishi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan taklif va tavsiyalar kiritishi;
Kengash tekshiruvi yakunlari boʻyicha tayyorlangan materiallarni vakolatli davlat organlariga oʻz vakolatlariga muvofiq koʻrib chiqish uchun yuborishi;
fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonun hujjatlarini buzishning boshqa hollari maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli davlat organlariga hamda tashkilotlariga hamda mansabdor shaxslarga murojaat qilishi;
Kengash tekshiruvi natijalarini eʼlon qilishi mumkin.
25. Kengash tekshiruvi natijalariga koʻra qabul qilingan qarorlarning bajarilishi ustidan nazorat mahalliy Kengashning tegishli doimiy komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
26. Masʼul mansabdor shaxslar mahalliy Kengash qarorining ijro etilishi boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida mahalliy Kengash qarorida belgilangan muddatda axborot kiritib boradi.
27. Kengash tekshiruvi natijalariga koʻra qabul qilingan qarorning ijro etilishi holati boʻyicha amalga oshirilgan ishlar har oyda kamida bir marta mahalliy Kengashning tegishli doimiy komissiyasida muhokama qilinadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
28. Kengash tekshiruvi davomida olingan maʼlumotlar qonun bilan qoʻriqlanadigan axborot turiga taalluqli boʻlsa, Komissiya aʼzolari uning maxfiyligini saqlashi shart.
Bunday axborotni oshkor qilish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
29. Kengash tekshiruvi yakunlari boʻyicha tayyorlangan xulosadagi materiallarning qonunchilikka muvofiqligi, unda koʻrsatilayotgan maʼlumotlarning asosliligi uchun komissiya aʼzolari shaxsan javobgar hisoblanadi.
30. Tartib buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy yoki boshqa javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.
31. Tartibga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, uni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarori asosida amalga oshiriladi.
