Hududlarda mikrosanoat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (308-son)
08.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-son qaroriga muvofiq 2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida mikrosanoat markazlarini (keyingi oʻrinlarda — Mikrosanoat markazlari) barpo etish loyihalarining manzilli roʻyxati tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Mikrosanoat markazlari hududlarning ixtisoslashuvi va tadbirkorlik anʼanalarini (hududlarning drayveri), yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratishni, shuningdek, xorijiy davlatlar (Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya) tajribasi asosida qurish inobatga olingan holda ishlab chiqiladigan alohida konsepsiyaga muvofiq barpo etiladi;
Mikrosanoat markazlarida hunarmandchilik, tikuvchilik, poyabzalchilik, qandolatchilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlari bilan shugʻullanadigan kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari (keyingi oʻrinlarda — tadbirkorlik subyektlari) joylashtiriladi;
Mikrosanoat markazlariga ishlab chiqarishlarni joylashtirishda tabiiy gazga muqobil boʻlgan yoqilgʻi turlaridan va energiya tejamkor texnologiyalardan (geliokollektor, issiqlik nasosi, quyosh panellari, issiqlikni qayta tiklash-rekuperatsiya qilish va boshqalar) foydalanishga ustuvorlik beriladi;
Mikrosanoat markazlarining loyiha konsepsiyasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan loyiha tashkilotlarini jalb qilish orqali ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
Mikrosanoat markazlarini qurish uchun yer uchastkalari tasdiqlangan loyiha konsepsiyasi asosida ishlab chiqarish bino va inshootlarini tayyor holda qurish va keyinchalik ularga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish uchun tashabbuskor pudrat tashkilotlariga elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotiladi;
elektron onlayn-auksion savdolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-son qarori bilan tasdiqlangan 2025-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalarining manzilli roʻyxati asosida oʻtkaziladi;
elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi boʻlgan pudrat tashkilotlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda tuman (shahar) hokimliklari oʻrtasida Mikrosanoat markazlarini tasdiqlangan loyiha konsepsiyasi asosida qurish va ularga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish shartlari (ijaraga (lizingga) berish, kredit, toʻliq yoki boʻlib-boʻlib toʻlash orqali sotish) toʻgʻrisida uch tomonlama bitim tuziladi;
Mikrosanoat markazlarida yaratiladigan ishlab chiqarish maydonlari tadbirkorlik subyektlariga pudrat tashkilotlari tomonidan uch tomonlama bitimda koʻrsatilgan shartlar asosida taklif etiladi;
Mikrosanoat markazlarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlar mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari, shu jumladan, mahalliy budjetlarga ushbu qarorga muvofiq yerlarni elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushgan mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Hududlarda mikrosanoat markazlarini barpo etish hamda ularga kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishchi guruhlarning namunaviy tarkibi (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruhlar) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar ishchi guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-son qaroriga muvofiq mikrosanoat markazlarini barpo etish uchun belgilangan hududlardan tuman (shahar) hokimliklari zaxirasidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer uchastkalarini (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkalari) tanlash;
Mikrosanoat markazlarini loyiha konsepsiyasi asosida qurish uchun tanlangan yer uchastkalarining belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini tashkil etish;
Mikrosanoat markazlari pudrat tashkilotlari tomonidan belgilangan muddatlarda qurilishi ustidan doimiy monitoring yuritish;
Mikrosanoat markazlariga tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish va ularning faoliyatini tashkil etishda yordam koʻrsatish;
Mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalari doirasida yangi ish oʻrinlari yaratilishini nazorat qilish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
a) ishchi guruhlar bilan birgalikda:
hududlarning imkoniyatidan kelib chiqqan holda, Mikrosanoat markazlari ixtisoslashuvini belgilash va Mikrosanoat markazlari loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Mikrosanoat markazlarining loyiha konsepsiyasida ishlab chiqarish maydonlari bilan bir qatorda shourum, omborxona, ofis va oʻquv-ishlab chiqarish xonalari tashkil etilishini inobatga olish;
Mikrosanoat markazlarining ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularga tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini joylashtirish uchun tajribali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy konsultantlarni Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda jalb qilish;
mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari koʻmagida tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqargan mahsulotlarni onlayn platformalar orqali sotishga koʻmaklashish;
zarur hollarda Mikrosanoat markazlari hududida tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda ularning ixtisoslashuvi boʻyicha Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan dual taʼlim tizimini tashkil etish orqali kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish hamda ishga joylashtirish;
b) Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
Mikrosanoat markazlariga tadbirkorlarni jalb qilish, ularning biznes-rejalari asosida yangi loyihalarni ishlab chiqish, loyihalarga tijorat banklari tomonidan kredit ajratish va loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
mahalla bankirlari orqali bank xizmatlarini targʻib qilish, tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va yangi mijozlarni jalb qilish;
Mikrosanoat markazlarining ixtisoslashuvi va shart-sharoitlaridan kelib chiqib, boshqa hududlardagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Mikrosanoat markazlarining loyiha konsepsiyasi tasdiqlanganidan soʻng:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Mikrosanoat markazlarini loyiha konsepsiyasi asosida qurish uchun tanlangan yer uchastkalarining belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin. Bunda elektron onlayn-auksion savdolari ishchi guruh xulosasiga asosan salohiyatli pudrat tashkilotlari oʻrtasida yopiq shaklda oʻtkazilishi mumkin;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda ikki hafta muddatda Mikrosanoat markazlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash boʻyicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda Mikrosanoat markazlarida bajariladigan qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
har chorakda Mikrosanoat markazlari faoliyatini tashkil etishda yuzaga keladigan muammolarni joylarga chiqqan holda oʻrganib borsin va ularni bartaraf etish boʻyicha ishchi guruhlar hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan tegishli choralar koʻrsin;
2025-yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash dasturlari doirasida Mikrosanoat markazlarini barpo etish loyihalarini yanada kengaytirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-may,
308-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-maydagi 308-son qaroriga ILOVA
Hududlarda mikrosanoat markazlarini barpo etish hamda ularga kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish boʻyicha ishchi guruhlarning namunaviy
TARKIBI
1.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshliqlari, ishchi guruh rahbari2.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, ishchi guruh rahbari oʻrinbosari3.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosari — viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari boshliqlari4.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari5.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari boshliqlari6.Lavozimiga koʻra—Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari boshliqlari7.Lavozimiga koʻra—Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari8.Lavozimiga koʻra—Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari boshliqlari9.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari direktorlari
