Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida (2373-2-son)
06.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 6-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2373-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi 736-son “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligining 2012-yil 18-maydagi 5, 18-son qarori (roʻyxat raqami 2373, 2012-yil 21-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 25-son, 282-modda) bilan tasdiqlangan Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalariga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-aprel,
2373-son
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-aprel,
21-son
Kelishildi:
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 28-mart
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2025-yil 20-mart
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. AYUPOV
2025-yil 18-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining 2025-yil 10-apreldagi 2373-son, Ichki ishlar vazirligining 2025-yil 8-apreldagi 21-son qaroriga ILOVA
Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Quyidagi mazmundagi 11-band bilan toʻldirilsin:
“11 . Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi 736-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxatiga kiritilgan hayvonlarni (yirtqich, zaharli va inson sogʻligi va hayoti uchun xavfli hayvonlar) saqlashga nisbatan tadbiq etilmaydi.”.
2. 5-bandning birinchi xatboshisidagi “zooparklardan” degan soʻz “hayvonot bogʻlaridan, pitomniklardan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Yovvoyi hayvonlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib- taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomning 18-ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladigan guvohnomalar asosida pitomnikda saqlanishi mumkin.”.
4. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Yovvoyi hayvonlar hisobi har yili 1-yanvar hamda 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmasi tomonidan yuritiladi va bu toʻgʻrisida dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Bunda dalolatnoma uch nusxada tuzilib, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmasi va pitomnik egasi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi hududiy boʻlinmada qoldirilib, ikkinchi va uchinchi nusxalari pitomnik egasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga taqdim etiladi.”.
5. 11-banddagi “sharoitlar,” degan soʻz “minimal talablar,” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 12-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmasi vakillari ishtirokisiz pitomniklarda saqlanayotgan Oʻzbekiston faunasiga mansub yovvoyi hayvonlarni, shuningdek, kasal va jismoniy nuqsonga ega hayvonlarni oʻzboshimchalik bilan tabiatga chiqarib yuborish;”;
oltinchi xatboshidagi “undash.” degan soʻz “undash;” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston faunasiga begona (invaziv) boʻlgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiatga qoʻyib yuborish;
bir-biriga xavf soladigan hayvonlar turlarini bitta yoki yaqin joyga joylashtirish;
yovvoyi hayvonlarni jamoat joylarida olib yurish va ularni sayr qildirish, shuningdek, maxsus qafassiz boshqa joylarga tashish.”.
7. 16-bandda:
“v” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) yovvoyi hayvonlarni oʻzining turi bilan urchitish;”;
“g” kichik banddagi “boshqarish.” degan soʻz “boshqarish;” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi “d” va “e” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“d) Oʻzbekiston faunasiga begona (invaziv) boʻlmagan turlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmasi vakillari ishtirokida tabiatga qoʻyib yuborish;
e) yovvoyi hayvonlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish”.
8. Ilova mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga ILOVA
“Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalariga ILOVA
Yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash boʻyicha minimal talablar
Izoh. Yovvoyi hayvonlarni saqlashda quyidagi talablarga rioya qilish talab etiladi:
yovvoyi hayvonlar saqlanadigan joylar ularning hayotiy faoliyatini taʼminlaydigan qurilmalar (uyalar, boshpanalar) bilan jihozlanishi va barcha jihozlar, shu jumladan elektr jihozlari hayvonlarga shikast yetkazmasdan oʻrnatilishi;
yovvoyi hayvonlarni saqlash joylari yomgʻir, qor, shamol yoki quyosh nurlari tushishidan boshpana bilan taʼminlangan boʻlishi;
yovvoyi hayvonlar saqlanadigan joylarning harorat rejimi, ventilyatsiyasi va yoritilishi hayvonlarning turiga muvofiq taʼminlanishi;
qafaslar, volyerlar, terrariumlar tabiiy atrof muhit vositalari (toshlar, shohlar, daraxt toʻsinlari va hokazo) bilan jihozlanishi;
qafas, volyer osti betonlangan yoki metallanmagan boʻlmasligi;
hayot tarzi suv bilan bogʻliq hayvonlar (suvda suzuvchi qushlar va hokazo) uchun suv havzalari moʻljallangan boʻlishi;
qafaslar, volyerlar, terrariumlar tabiiy atrof muhit vositalari (toshlar, shoxlar, daraxt toʻsinlari va hokazo) bilan jihozlanishi.
Maydon va hajm oʻlchovlari volyerning eng kichik ruxsat etilgan oʻlchamlarini belgilaydi. Agar volyerda yuqoridagi jadvallarda koʻrsatilganidan kamroq hayvon saqlansa ham, uning oʻlchamlari koʻrsatilgan miqdordan kichik boʻlmasligi shart.”.
