Sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarida ichimlik suvi hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan “Toza qoʻllar” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (297-son)
06.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni hamda “2025 — 2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 24-dekabrdagi PQ-454-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoniga muvofiq 2025-yil 1-maydan boshlab barcha sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarida “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshirilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 — 2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 24-dekabrdagi PQ-454-son qaroriga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining barqaror sanitariya-gigiyena infratuzilmalarini rivojlantirish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Toza qoʻllar” dasturi doirasida sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarida:
a) sanitariya-gigiyena vositalari (suyuq sovun, hojatxona qogʻozi va antiseptik) bilan Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan yetarli miqdorda taʼminlanadi;
b) ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya-gigiyena obyektlari (hojatxona) infratuzilmasi yaxshilanadi, ular binoning ichki qismida joylashtiriladi;
v) aholi, jumladan, bolalar oʻrtasida shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish va unga rioya qilish boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshiriladi;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilar uchun masʼul hisoblanadi:
tasdiqlangan normativlarga asosan barcha sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarida talab etiladigan sanitariya-gigiyena vositalari xaridini amalga oshirish va foydalanish;
hojatxonalarga axlat qutisi va hojatxona qogʻozini qoʻyish vositalarini oʻrnatish, shuningdek, suv mavjud boʻlmagan sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash.
Bunda ichimlik suvini vaqtincha saqlash bilan bogʻliq infratuzilmani yaratish hamda tashish xizmatlari joriy etiladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etilgan hisob-kitoblarga asosan 2025-yilda sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari hamda ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun talab etiladigan mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlari doirasida, jumladan, ayrim xarajatlarni maqbullashtirish hisobidan moliyalashtirsin, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, oliy taʼlim tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2025-yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan manzilli roʻyxat asosida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining sanitariya-gigiyena infratuzilmasini yaxshilash choralarini koʻrsin.
Bunda quriladigan sanitariya-gigiyena obyektlari (hojatxona) mavjud binolar ichiga joylashtiriladi, ichimlik suvi va oqova suv tizimiga toʻliq ulanadi hamda tegishli jihozlar bilan taʼminlanadi, sanitariya-gigiyena obyektlarini bino ichiga joylashtirish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, ular mavjud binoga ulangan holda quriladi.
5. Strategik islohotlar agentligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2025-yil yakuniga qadar Davlat sarmoyalarini boshqarish geoportalida (keyingi oʻrinlarda — geoportal) maʼlumotlarni tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqish, tasdiqlash hamda vazirlik va idoralarning tizimlari bilan toʻliq integratsiya qilinishini taʼminlash;
geoportal orqali “Toza qoʻllar” dasturining amalga oshirilishini monitoring qilish va baholab borish tavsiya etilsin.
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda geoportal maʼlumotlaridan foydalangan holda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining sanitariya-gigiyena infratuzilmalarini yaxshilash boʻyicha manzilli dasturni shakllantirsin.
Bunda geoportalga maʼlumotlarning toʻgʻri va muntazam kiritib borilishi uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari masʼul hisoblanadi.
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar xorijiy ekspertlarning tavsiyalari asosida sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarning sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash maqsadida ularni toza va zararsiz suv bilan taʼminlash, ushbu tashkilotlardagi hojatxonalarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish boʻyicha tegishli shaharsozlik normalari va qoidalari hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro normativlarga muvofiqlashtirish choralarini koʻrsin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini xalqaro tajriba asosida suv taʼminoti, sanitariya va gigiyenaning “Uch yulduzli yondashuv” metodikasi asosida baholash tizimini yoʻlga qoʻysin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi Strategik islohotlar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qoʻshma chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:
sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlari uchun shaxsiy gigiyena, sanitariya-gigiyena jihozlari va vositalaridan toʻgʻri foydalanish yuzasidan namunaviy targʻibot materiallari (plakat) ishlab chiqish va har bir tashkilotning sanitariya-gigiyena obyektlarida joylashtirilishini taʼminlash;
video- va promoroliklarni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda namoyish qilib borish;
mashhur shaxslar (sportchilar, sanʼatkorlar va boshqalar) tomonidan shaxsiy namuna koʻrsatish boʻyicha videoroliklar tayyorlash va ularni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish.
Bunda ushbu bandda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Quyidagilar:
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida “Uch yulduzli yondashuv” metodikasini joriy qilish boʻyicha dastur 1-ilovaga muvofiq;
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini “Uch yulduzli yondashuv” metodikasi boʻyicha baholash mezonlari 2-ilovaga muvofiq;
Suv taʼminoti mavjud boʻlmagan sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashning manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining barqaror sanitariya-gigiyena infratuzilmalarini 2025-yilda rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2025-yildan boshlab umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida sanitariya-gigiyena xonalarini qurish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
13. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.Oʻ. Umarova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-may,
297-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi 297-son qaroriga 1-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida “Uch yulduzli yondashuv” metodikasini joriy qilish boʻyicha
DASTUR
Izoh. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu dasturga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi 297-son qaroriga 2-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini “Uch yulduzli yondashuv” metodikasi boʻyicha
BAHOLASH MEZONLARI
Izoh.
1. 1-bosqich mezonlari bajarilganda, ushbu umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti — bir yulduzli umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
2. 1 va 2-bosqichlar mezonlari bajarilganda, ushbu umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti — ikki yulduzli umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
3. 1, 2 va 3-bosqichlar mezonlari bajarilganda, ushbu umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti — uch yulduzli umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi 297-son qaroriga 3-ILOVA
Suv taʼminoti mavjud boʻlmagan sogʻliqni saqlash va taʼlim tashkilotlarini ichimlik suvi bilan taʼminlashning
MANZILLI ROʻYXATI
Izoh.
1. Zaruratga koʻra ushbu manzilli roʻyxatdagi koʻrsatkichlarga tegishliligi boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Suv tashib keltiriladigan taʼlim tashkilotlarida suv saqlash bakini sotib olish va oʻrnatish bilan bogʻliq bir martalik xarajatlar hamda tashish xizmatlari uchun har oylik toʻlovlar ularning xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-maydagi 297-son qaroriga 4-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining barqaror sanitariya-gigiyena infratuzilmalarini 2025-yilda rivojlantirish
DASTURI
